19.10.2012

Suriya - siyosiy krizisning regional ta`sirlari

Suriyaga bag'ishlangan o'tgan maqolamizda biz Suriyaning tarixiy shakllanishi, umumiy ko'rsatkichlari va bugungi tartibsizliklarning mamlakatdagi ichki sabablari haqida ma'lumotlar bergan edik. Bugun mazkur maqolada esa Suriyadagi qo'zg'alishlarga tashqi mamlakatlarning munosabati haqidadir

Agar siz Suriyadagi qo'zg'alishlar haqida biror bir ko'pmillatli va ko'pdinli doirada suhbat olib borilayotganini tashqaridan kuzatsangiz, bu suhbatlardan kim haq va kim nohaq ekanligini va hatto gap bitta mamlakat hususida ketayotganligiga shubxa qilishingiz aniq. Buni men 21-asrdagi informatikaning insonlar dunyoqarashiga ta'siri deb baholayman. 21-asr globallashuv asri, bunga shubxa yo'q. Bugun dunyoning bir burchagida yuz bergan hodisa ertaga butun dunyoga yoyilib ketmoqda. Ho'sh bunday dunyoda millat va sivilizatsiya tushunchalarini qanday saqlab qolmoq kerak? Chunki har bir tarqatilayotgan ma'lumot davlatlar manfaatidan kelib chiqmasligi va ularning tashqi siyosatidagi "adolat" tushunchalarini "manfaat" tushunchalaridan ustun qo'ymaslikni oshkor qilib qo'yadi.

"Arab bahorlari" esa aynan shuni, ya'ni axborotni o'zimizning mafaatlarimizga bo'ysundirishimiz mumkinligni yaqqol ko'rsatib berdi. Arab diktatorlarining qulatilishidan tortib bu regiondagi G'arbning "tashkilotchilik" rolining oshishida axborotning roli eng muhimlaridan biri bo'ldi desak adashmagan bo'lamiz.
Shu o'rinda Suriya siyosiy inqirozi (Men uni shunday atadim) ham juda qiziq holat. Bu haqda Amerikalik, Rossiyalik va Saudiya Rabistonilik kishilarning fikrlari bir biridan tubdan farq qiladi. Amerikalik uchun bu "Dikataturadan charchagan xalqning ozodlik harakati" bo'lsa, Rosiiyalik uchun "G'arb tomonidan moliyalashtirilgan va qurollantirilgan kuchlar harakati", Saudiya Arabistoni vakili uchun esa bu tartibsizlik "Suriyadagi musulmonlarning Islom yo'lidagi jangi"dir. Chunki ularda bu voqealarning ko'rinishi haqida boshqa boshqa tasavvur paydo qilingan. Demak hatto globallashgan dunyoda ham ma'lum bir informatsiyani o'zimiz hohlagan yo'nalishda bir nechta ko'rinishlarda namoyon qilishimiz mumkin ekan. Lekin bir narsani unutmaslik lozim, har qanday holatda ham bunday "o'yinlarning" badali oddiy xalq gardaniga tushadi, shuning uchun men o'quvchilardan har bir ma'lumotni o'qishda unga ko'r ko'rona ishonmaslikni va har tomonlama shaxsiy mantiqqa asoslangan holda analiz qilib ko'rishni maslahat berardim.
Endi Suriyaning geopolitik ahvoliga qaytsak. Xozircha Suriyadagi siyosiy inqirozga nisbatan ikki gurux kuchlari paydo bo'ldi, hatto guruxlar ichidagi ayrim davlatlar bir birini uncha hushlamasada. Bir tomonda Suriyadagi mazkur rejimga hayrixoxlar yoki shu rejimni davom etish istagidagi davlatlar. Bular Eron, Iroq, Rossiya, Xitoy va Livan. Ikkinchi kuchlar AQSH, Yevropa Ittifoqi, Saudiya Arabistoni va boshqa Arabiston yarim orolidagi neft resurslariga boy davlatlar. Birinchi guruxdagi davlatlarning aksariyati Al-Asaad rejimini, uni o'rniga G'arbga moyil yoki radikal Islomiy hukumat kelib o'rnashishidan havfsiraganliklari uchun qo'llab quvvatlashmoqda. Rossiya uchun Suriya Yaqin Sharqdagi yagona ittifoqchidir, agar u ham qo'ldan boy berilsa Rossiya bu regiondagi o'zining ta'sirini butkul va uzoq davrga yo'qotishi aniq. Eron esa Sunniy radikallarning hukumatga kelishi oqibatida regiondagi Sunniylarning Shialar Eroniga qarshi kuchli havf tug'dirishidan havfsiramoqda. Agar Suriyada Sunniylar hukumatni qo'lga olsa Livan va Iroqdagi shialarga hayrixox hukumatlarning zaifligi oshadi, bu esa Eron uchun bir nechta ittifoqchini yo'qotish va bir nechta dushman orttirish degani.Xitoyning bu mojaroga munosabati ko'proq iqtisodiy va xalqaro aloqalardagi muvozanatni saqlash prinsiplariga asoslanadi. Agar G'arb "Demokratiya" nomi bilan butun dunyoda o'zining qoidalarni o'rnatishda va davlatlarning ichki ishlariga aralashishda davom etaversa, albatta bir kunmas bir kun navbat Xitoyning o'ziga yetib kelishi mumkin.

Ikkinchi, y'ani Suriyadagi rejimning ag'darilishiga hayrixox mamlakatlar esa Suriyadagi mazkur hukumatni qulatish bilan u yerda o'z manfaatlarini ifodalovchi hukumat o'rnatishga harakat qilmoqdalar. Bu guruhdagilarni faqat bir manfaat birlashtirib turibdi, bu mazkur rejimni qulatishdir. Jumladan G'arb dunyosi bu hududda "Demokratiya" va "Inson Huquqlari" nomi bilan o'ziga ittifoqchi bo'lgan hukumat o'rnatishga harakat qilmoqda. Lekin bu nafaqat region uchun balki uning o'zi uchun ham juda havfli o'yindir. Suriyadagi mavjud qo'zg'olonchi kuchlar hammamizga ma'lumki demokratiya nomi bilan emas balki Islom nomi bilan rejimga qarshi kurash olib bormoqdalar. Lekin shu yerda bir savol tug'iladi, ertaga Suriyada Islomiy hukumat o'rnatilsa, G'arb "Demokratiya" nomi bilan bu mamlakatga interventsiya qilmaydi degan kafolat mavjudmi?
Shu o'rinda bu mojarolarda Tukiyaning o'rnini yana bir bor ta'kislab o'tish lozim. Turkiya "Arab bahorlari" boshlanganidan buyon o'zining "Katta Og'a" sifatida Arab davlatlariga rejim o'zgarishlariga o'zining ijobiy ta'sirini bildirib kelmoqda. Garchi bu mamlakatlarni Usmoniylar imperiyasi davridagi umumiy tarix va Islom dini birlashtirib turgan bo'lsada, biz Arab va Turk millatlari o'rtasidagi raqobatni ham unutmaslik lozim. Bu esa Turkiyaga bu davlatlarga kuchli ta'sir o'tkazishga muhim to'siqdir. Undan tashqari Turkiya bu davlatlardagi rejimlarning o'zgarishida va almashinishi natijalarida yuz beradigan oqibatlarga ma'suliyatni o'z bo'yniga olish darajasida kuchli davlat bo'lib yetishganmi degan savol tug'iladi?
Saudiya Arabistoni - so'ngi  50 yil ichida butun dunyoda Salafizm va Vahobizmni yoyilishin qo'llab quvvatlab keldi. Suriyadagi siyosiy mojarolarda ham Saudiya Arabistoni bu metodni qo'llashdan o'zini tiya olmadi. Lekin Tunis va Misrda Islomga hayrihoh bo'lgan guruhlarning hukumat tepasiga kelishi ularni Saudiya Arabistoni bilan yaqinlashishini kuchaytirmadi. Chunki bu mamlakatlarni Arab millatiga va umumiy - Islom diniga tegishlilik tuyg'usi birlashtirsa ham ulardagi iqtisodiy va ijtimoiy har hillik ularning yaqinlashishiga yo'l bermaydi. Ayniqsa Saudiya Arabistonining G'arb bilan yaqin ittifoqchilik aloqalari va boshqa tarafdan Islomiy inqiloblarni qo'llab quvvatlashi uning tashqi siyosatidagi ikkiyuzlamachiligini yaqqol ko'rsatib berib, unga bo'lgan siyosiy ishonchni susaytiradi. Undan tashqari Saudiya Arabistoni "Arab bahori" mojarolariga ehtiyotkorlik bilan yondashishga majbur, chunki o'zining ichki  siyosiy sharoitida ham Saud sulolasiga qarshi bir nechta noroziliklar yuz bergan.
Shu o'rinda regionning o'ziga hos davlatlaridan biri Isroilni ham unutmaslik kerak. Garchi Suriya va Isroil bir biriga azaldan dushman davlatlar bo'lib kelgan bo'lsada, Isroil Al-Asaad rejimini ag'darilishiga hayrihohlikni namoyish etmagan, lekin qarshilik ham bildirmagan. Chunki bu masala Isroil uchun juda nozikdir. Al-Asaad rejimining qulatilishi oqibatida regionda Islomiy radikalizm yanada avj olishi va Sunniy Arablar orasidagi birlashuv kuchayishi bu esa Isroilning milliy havfsizligiga to'g'ridan to'g'ri havf tug'dirishi mumkin.

Quyida men Fransiya va Germaniya hamkorligida asos solingan ARTE telekanalining Xaritalar Uzra deb nomlanuvchi videolavhasini Suriyaga bag'ishlangan 2-qismini tarjima qildim. Bu ko'rsatu orqali Suriyadagi hozirgi siyosiy mojarolarga tashqi kuchlarning munosabati ko'rsatib berishga harakat qilingan. O'quvchiga bu videolavha bu mavzuga chuqurroq yondashishiga turtki berishiga ishonaman.





Комментариев нет:

Отправить комментарий