29.05.2014

OSIYO TAQDIRINI O‘ZGARTIRGAN HAFTA

Mintaqalar yoki dunyo taqdirini o‘zgartirib yuboruvchi voqealar, odatda, bir muncha uzoqroq vaqt oladi.  Lekin ba’zida bir-biriga bevosita bog’liq yoki bog‘liq bo‘lmagan voqealar zanjiri muayyan qisqa muddat davomida sodir bo‘lib, davlatlar va mintaqalarning siyosiy-ijtimoiy hayotida keskin o‘zgarishlar yasashi ham mumkin. O‘tgan hafta, ya’ni 19-25 – may kunlari bizning mintaqamiz – Osiyoda shunday keskin o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldik.




Tailand

Tarixiy haftaning ilk voqeasi Tailanddan boshlandi. 20-may, seshanba kuni o‘tgan yildan buyon norozilik to‘lqinida qolib kelayotgan mamlakatda tartib o‘rnatish maqsadida general Prayut Chan-ocha harbiy holat e’lon qildi. Poytaxtni qisqa muddat ichida harbiylar egallab, mamlakatda komendantlik soati joriy qilindi. 22-may, payshanba kuni esa general Chan-ocha milliy televidenie orqali xalqqa qilgan murojaatida harbiylar mamlakat nazoratini qo‘lga olishini ma’lum qildi. Garchi general va uning tarafdorlari ushbu harakatlarni davlat to‘ntarishi bilan tenglashtirmaslikni ta’kidlashayotgan bo‘lsa-da, aslida deyarli butun boshqaruv ularning qo‘liga o‘tib bo‘ldi.


General Chan-ocha

Tailand Janubiy-Sharqiy Osiyoning rivojlangan davlatlaridan biri bo‘lib, 67 million aholiga ega. Mamlakat 1932-yildan buyon konstitutsion monarxiya hisoblanadi. Mamlakatga tinchlik va barqarorlikni qaytarish da’vosi bilan chiqqan harbiy to‘ntarish hokimiyat uchun kurash qanday jiddiy tus olganini ko‘rsatmoqda. Tarixan, Tailandni faqat ma’lum shaxslar boshqarishgan. 68 yildan buyon mamlakatni nazorat qilib kelayotgan qirol Bumibol Adulyadej kuchdan qolar ekan, mamlakat nazoratini bo‘lib olishga intilaytgan kuchlar ancha faollashib qoldi. Hozirda Tailand boshqaruvi uchun, asosan, uchta guruh da’vogarlik qilmoqda: biznes elita va demokratlar, monarxiya tarafdorlari hamda harbiylar. Aslida ushbu guruhlar o‘rtasidagi kurash 1990-yillarning oxiridan kuchayib borgan.

2001-yilda Bosh vazirlik uchun saylovlarda g‘alaba qozongan telemagnat Taksin Chinavatra yangi davr oligarxlari uchun haqiqiy jannat yaratib berdi. Tailand iqtisodiyoti o‘sib borish bilan birga korrupsiya va aholi qatlamlaridagi moliyaviy jarlik ham kuchaya bordi. Natijada 2006-yili Taksin Chinavatra harbiylar tomonidan ag‘darilib, mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Akasini o‘rnini egallagan Yingluk Chinavatra davrida eski siyosat o‘zgarmadi. Muholifatchilar aka-singil Chinavatralar (Taksin Chinavatra siyosiy qochqin bo‘lsa-da, hukumat doirasiga ta’siri kattaligi tahmin qilinadi) mamlakatni o‘zboshimchalik bilan boshqarayotganligini da’vo qila boshladilar. 2011-yildagi mubohasali saylovlardan so‘ng hokimiyat uchun kurash avj olib ketdi. Demokratik Partiya yetakchisi Sutep Taugsuban Yingluk Chinavatra va boshqa hukumat a’zolarini noqonuniy egallashda ayblab chiqdi. Taugsuban 2013-yil noyabrida boshlangan anti-hukumat namoyishlarga boshchilik qildi. Namoyishchilar hukumatdan zudlik bilan siyosiy islohotlar o‘tkazishni talab qilishdi. Biroq aniq talablar o‘rtaga qo‘yilmadi, namoyishchilar o‘rtasida yakdillik sezilmadi. Talablar orasida adolatli saylov tizimini joriy qilish, korrupsiyaga chek qo‘yish, iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash va, hattoki, mutlaq monarxiya tizimiga o‘tish kabilar bor edi. Namoyishlarga asosan hokimiyat uchun da’vogar va o‘zini “demokratlar” deb atagan hamda iqtisodiy sektorni qaytadan bo‘lib olish niyatidagi oligarxlar bevosita-bilvosita ta’sir o‘tkazishdi. Namoyishchilarni umumiy birlashtirgan narsa esa Chinavatralar hukmronligiga chek qo‘yish bo‘ldi.

Taksin Chinavatra korrupsiyaga botgan bo‘lsa-da, bozor iqtisodiyotini joriy qilar ekan, mamlakat shimolidagi qishloq xo‘jaligi bilan band aholining turmush sharoiti sezilarli yaxshilandi. Shu sababli qashshoq va o‘rtahol tailandliklar o‘rtasida katta Chinavatraning o‘bro‘si hanuz yuqori. Yingluk Chinavatra tomonidan 2013-yilning dekabrida Parlament Quyi Palatasini tarqatib yuborilishi va 2014-yil fevral oyi boshiga muddatidan oldingi saylovlarni o‘tkazish rejasi ortidan hokimiyat uchun da’vogar guruhlarning havotiri keskin ortib ketdi. Ular parokanda davrda Taksin Chinavatraning mamlakatga qaytib kelishidan tashvishda edilar. Chunki u qaytib keladigan bo‘lsa, hokimiyatni qaytadan egallash uchun yetarlicha tarafdor to‘plash imkoniga ega.

2014-yil 7-mayida Yingluk Chinavatraning konstitutsion sud tomonidan hukumatga nisbatan behurmatlikda ayblanib, hokimiyatdan chetlatilishi va amalda biror ta’sirga ega bo‘lmagan muvaqqat hukumatning mamlakat nazoratini qo‘lga olishga intilishini harbiylar qulay fursat sifatida qabul qildilar. Garchi Qirollik Qurolli Kuchlari mamlakatda qonun ustivorligi, tinchlik va barqarorlikni tiklab, demokratik saylovlar uchun sharoit yaratishga harakat qilishini ta’kidlayotgan bo‘lsa-da, yaqin orada bu va’dalarning bajarilishi amri mahol. General Chan-ocha o‘zini Bosh vazir deya e’lon qildi, qirol unga rasman hokimiyatni topshirdi, va’da qilingan demokratik saylovlar borasida hozircha biror harakat sezilmayapti. Buning aksiga harbiylar boshqaruvni muvaqqat hukumatga mamlakatdagi holat shunga javob beradigan holga kelgandan so‘nggina bermoqchi. Bu holat qachon bo‘ladi, buni harbiylardan boshqa xech kim bilmaydi. Ayni vaqtda Parlament Senati tarqatib yuborildi (Quyi Palata esa o‘tgan yili tarqatib yuborilgan edi). Natijada butun hokimiyat general Chan-ocha nazoratiga o‘tdi.

Bundan tashqari qirolning hokimiyatni general Prayut Chan-ochaga rasman topshirishi ham ancha narsani biz uchun oydinlashtiradi. Garchi monarxning davlat ishlaridagi faolligi deyarli yo‘q bo‘lsa-da, uning aholi o‘rtasidagi o‘bro‘si va ta’siri anchayin baland. Qirolning yon bosishi general Chan-ochaga aholi tomondan anchayin salmoqli imtiyozlarni tuhfa etadi.

Yangi davrda asosan iqtisodiy o‘sishga e’tiborini qaratgan Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlaridan biri bo‘lmish Tailandda hokimiyatning harbiylar qo‘liga o‘tishi mintaqada o‘z ta‘srini o‘tkazmay qolmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Tailand Janubiy Xitoy dengizida davlatlararo ixtilofga ega.

Xitoy

 


Ikkinchi muhim voqea, hammamizga ma‘lum bo‘lgan, Rossiya-Xitoy gaz kelishuvi 21-may, chorshanba kuni matbuotda paydo bo‘ldi. 30 yillik, umumiy miqdori 400 milliard dollar ekanligi aytilayotgan ushbu kelishuv nainki Osiyo energetika siyosati, balki dunyo energetika tartiboti va geosiyosatida ham sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Ukain Inqirozi ortidan G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarga javob sifatida ko‘rilayotgan ushbu shartnoma yuzasidan esa dunyo tahlilchilari turlicha fikr bildirishmoqda. Ba’zilarning ta’kidlashicha, Rossiya va Xitoy ushbu harakat ortidan G‘arb, ayniqsa, AQShga kuchli zarba berishdi; ayrimlarga ko‘ra, Rossiya o‘ziga yangi bozor topib, Yevropani qiyin energetik mushkulot bilan yuzlashtirdi; boshqa bir tahlilchilarning fikricha, deyarli o‘n yildan buyon bir joyda depsinib turgan bu kelishuv shunchaki xo‘jako‘rsinga imzolangan. Albatta, hozircha bu fikrlardan qaysi biri haqiqat, bizga ma’lum emas. Chunki xech qaysi tomon shartnoma haqida batafsil ma’lumot berishga shoshilmayapti. Har ikki tomon tarqatayotgan xabarlarda gaz narxi, yetkazib berish infratuzilmasi, tomonlarning huquq va majburiyatlari haqida deyarli aniqliklar kiritilmagan. Ma’lum bo‘lgani shuki, tomonlar o‘z hududlaridagi quvurlar tarmog‘i qurilishi uchun o‘zi mas’ul. Ahamiyatlisi, “Janubiy Oqim” nomli tarmoq Qora dengiz hududigacha boradi.

Hozircha aniq tafsilotlari noma’lum qolayotgan ushbu shartnoma Janubiy-Sharqiy Osiyodagi kuchlar muvozanatiga yetarlicha ta’sir ko‘rsatadi. Uglevodorod konlari aniqlanishi ortidan Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlaridagi kuchayib ketgan davlatlararo ziddiyatlar so‘nggi paytda mintaqada jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Senkaku orollari yuzasidan Xitoy-Yaponiya o‘rtasidagi mavjud ixtilof Yaponiyada militarizmning qayta uyg‘onishiga ta‘sir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari o‘tgan hafta Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Parakel orolida Pekin tomonidan neft qazish ishlarini boshlanishi Vyetnam hukumatining kuchli noroziligiga sabab bo‘ldi. Shu bilan birga Birmada Xitoy neft kompaniylari faoliyatiga qarshi yangitdan boshlangan norozilik namoyishlari manzarasida rasmiy Pekinning energiyaga bo‘lgan ulkan ehtiyojini qondiruvchi ushbu shartnoma yuqoridagi holatlarga o‘zgarish kiritishi mumkin. Biroq, ta’kidlash lozim, balandparvoz raqamlardan tashkil topgan bu kelishuvning istiqboli qanday bo‘lishi biroz muddatdan so‘ng ayon bo‘ladi.

Hindiston

Besh hafta davomida hind xalqi mamlakat taqdirini o‘zgartiruvchi saylovlarda ovoz berdi. Bu saylovning o‘ziga xos tomoni esa unda, oldindan bashorat qilingandek, milliyatchi qarashdagi Bharatiya Janata Party (BJP) mutlaq ustunlik bilan g‘alaba qozondi. O‘tgan hafta esa partiya yetakchisi Narendra Modi Hindistonning yangi – o‘n beshinchi Bosh vaziri deb e’tirof etildi. Ushbu g‘alaba Hindiston kelajagida jiddiy o‘zgarishlar yasashini ham hind ham dunyo tahlilchilari ta’kidlashmoqda. Modi sobiq Gujarat Bosh vaziri, millatchi, avtoritar qarashlarga ega, iqtisodiy islohotchi sifatida ko‘rilmoqda. U xalq ishonchi yo‘qotgan sobiq hukumat davridagi iqtisodiy turg‘unlik, oshib borayotgan ishsizlik ko‘rsatkichlarini bartaraf etishini aytmoqda.


Narendra Modi - Hindiston yangi Bosh vaziri

Dunyodagi eng katta demokratiya (tahminan 800 milliondan ortiq saylash huquqiga ega aholi bilan) deb ataluvchi Hindistondagi saylov kampaniyalarida tashqi siyosat haqida deyarli so‘z bormaydi. Bu holni Nanendra Modi saylov kampaniyasida ham ko‘rish mumkin. Shu sababli yangi hukumat tashqi ishlarni qay yo‘sinda olib borishi hozircha noma’lum. Lekin shu narsa aniqki, yangi tashqi siyosat oldingi hukumatnikidan farqli bo‘ladi. Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning Modi qasamyod marosimida ishtirok etishi ikki mamlakat aloqalarida keskin burilish yasadi. Uzoq vaqtdan beri davom etayotgan mamlakatlararo ziddiyat ortidan aloqalarni bir qadar iliqlashishi kelajakda mintaqadagi vaziyatga ta’sir o‘tkazadi.

Bundan tashqari Hindiston BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zoligi va global gegemonlikka da’vogar davlat hisoblanadi. Modidek keskin qarashlarga ega shaxsning qudratga kelishi nafaqat Janubiy Osiyo, balki Osiyo mintaqasi va dunyodagi Hindistonning rolini keskin faollashtirishi mumkin. Ushbu faollik ortidan Hindiston va Xitoyning mintaqadagi raqobati yanada ortib, Osiyoda yangi kuchlar muvozanati shakllanishi turgan  gap.

Yaponiya


Shinzo Abe 

Xitoy bilan aloqalarni sovuqlashishi manzarasida millat deya e’tirof etilayotgan Modini g‘alaba bilan qutlar ekan, Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe o‘tgan hafta Ikkinchi Jahon Urushidan beri amal qilib kelayotgan tartibni o‘zgartirdi. Gap Yaponiya konstitutsiyasining mashhur 9-moddasi haqida ketmoqda. Tinchlik moddasi nomi bilan ma’lumbu bandga ko‘ra, dunyo tinchligi adolat va tartibga asoslanishi lozim. Yapon xalqi esa urushning davlatlar tomonidan qo‘llanilishi va harbiy kuch yordamida xalqaro ziddiyatlarni keltirib chiqarishni abadiy inkor etadi. Shuningdek, 9-modda va 1960-yildagi AQSh-Yaponiya Tinchlik Shartnomasiga binoan, Yaponiya Mudofaa Qo‘shinlari faqatgina ramziy ahamiyat kasb etadi. Ushbu qo‘shinlar harbiy harakatlarda ishtirok etmaydi. Aksariyat tahlilchilar Mudofaa Qo‘shinlarini Mahatma Gandi taklif qilgan “tinchlik askarlari” yoki BMT nazoratidagi tartibni saqlab turuvchi xavfsizlik kuchlariga qiyoslashadi.

Endilikda 9-moddaga kiritilgan o‘zgartirishda Yaponiya Mudofaa Qo‘shinlari ittifoqchi davlatlar bilan kollektiv xavfsizlik xavfsizlik harakatlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. 

60 yildan ziyod sukutdan so‘ng Yaponiya qurolli kuchlaridagi bu keskin o‘zgarish nafaqat yaponlar, balki mintaqa va dunyo kuzatuvchilarida turfa qarashlarga sabab bo‘lmoqda.

Sobiq Yaponiya Mudofaa vaziri Yuriko Koikening yozishicha, Abe hukumatining bu harakati faqatgina tinchlik maqsadlariga qaratilgan bo‘lib, ittifoqchi davlar bilan harbiy sohadagi aloqalarni yanada kuchaytirish va Sharqiy Osiyodagi barqarorlikni mustahkamlashni ko‘zda tutadi.

Biroq Xitoy bilan Senkaku orollari yuzasidan ziddiyatning kuchayishi va mintaqada dominantlik uchun raqobatning avj olish manzarasida yuz berayotgan bu voqea ko‘plab tahlilchilar tomonidan yapon militarizmining qayta uyg’onishi sifatida baholanmoqda.
Bir vaqtning o‘zida Hindiston, Xitoy va Yaponiya kabi qudratli Osiyo davlatlari o‘rtasida raqobatning kuchayishi, Janubiy Sharqiy Osiyodagi yangi sanoat davlati bo‘lmish Tailandda hokimiyatni harbiylar qo‘liga o‘tishi mintaqa kelajagiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi turgan gap.




2 комментария:

  1. Анонимный30 мая 2014 г., 0:21

    Rossiya-Xitoy o'rtasidagi shartnoma dollar bilan amalga oshirilmasligi haqida ma'lumot bor. Jahon siyosatida, iqtisodiyotida dollarni ahamiyati, tovar oldi-berdisida dollardan voz kechish oqibatlari haqida maqola qilinglar.

    ОтветитьУдалить
  2. Анонимный31 мая 2014 г., 6:47

    sal academic qilingla yozganlarizi,
    qani reference, qani source.. man yozaman disam gapim tugamidi, lekin gapimi odamla eshitishi uchun ishonarli bo'lishi kerak
    ishonarli bo'lishi uchun ishonarli source ladan reference keltirish kerak...

    ОтветитьУдалить