Ikki yillik tahminlardan so`ng noyabr oyining so`ngida Si
Jinping xech kimni hayratlantirmagan holda Xitoy Kommustik Partiyasining
Raisiga aylandi. Bu saylanish ortidan shakllangan yangi Qo`mitaga ko`plab
siyosiy tahlilchilar "konservativ" deya baho berishmoqda. Bu safar mamlakat Qo`mitasi 9 tadan 7 ta
a`zoga qisqartirilgan. Qisqa qilib aytganda, bu kichik guruh mamlkat hayotini
xal qiluvchi kuchga aylanadi. Ayni damda Xitoyning dolzarb muammosi ichki
barqarorlikni ta`minlash va ommaviy
parokandalikni oldini olish bo`lib turibdi.
Xitoyning aholisi 1.4 milliardlik chegarani bosib o`tarkan,
odamlarning ehtiyojlari ham bir qancha normalardan o`tib ketdi. So`ngi yillarda dunyoda kuzatilayotgan
voqealardan xulosa qilinadigan bo`lsa, odamlarning ehtiyojlari qonmasligi
namoyishlar "portlashi"ga olib keladi. Bu esa hozirda Xitoyni qo`rquvga
solayotgan asosiy muammodir. Keying o`n
yillikda esa Xitoyni oltita boshqa muammolar ham kutib turibdi. Xo`sh, yangi
hukumat bu muammolarni bartaraf etishni uddasidan chiqoladimi:
1-muammo - milliy tabiiy zahiralarni muhofazalash: Xitoyning yuksalishi tabiiy zahiralarga
asoslangan. Dunyo iqtisodiyotida hali ham inqiroz shamoli kezib yurganligiga
qaramay Xitoyning 2013-yilda bu sohadagi o`sishi 9 %ni tashkil etishi
kutilmoqda. Bu foizlar esa, albatta, tabiiy zahiralar asosiga qurilgan.
Bundan tashqari Xitoyning neftga bo`lgan talabi
2015-yilgacha 6.7 % ga o`sadi. Xalqaro Energetika Agentligining ma`lumotiga
ko`ra "qizil ajdar"ning joriy yildagi neftga bo`lgan talabi xalqaro talabning
yarmidan ortig`ini tashkil etgan. Bu esa 2025-yilgacha 3/4 qism demakdir. Tabiiy
zahiralar bilan to`la ta`minlanganlik esa doimo jamiyat va iqtisodiyot
barqarorligini garovi bo`lib kelgan.
2-muammo - demografik siyosatni isloh qilish: 2010-yil
holatiga ko`ra 60 yoshdan oshganlar soni 2000-yildagi 2.98 % dan 13.26 % ga
oshgan, 14 yoshdan kichiklar esa 16 % dan 6.29 % ga kamaygan. Bugungi kunda 60 yoshdan oshganlar soni 180
milliondan oshiqroqni tashkil etib, ularni soni 2030-yilga qadar 365 milliondan
oshib ketishi tahmin qilinmoqda. Bir oilaga bir bola siyosati tufayli yillik
tug`ilish soni 10 millionga qisqarib, hozirda har 6 odamdan biri pensioner
bo`lib qolmoqda. 2030-yilgacha esa har ikki ishchining biri pensionerga
aylanadi. Bu esa Xitoy ulkan demografik inqiroz yoqasida ekanini anglatadi.
3-muammo - boy va kambag`al qatlam o`rtasidagi bo`shliq:
Xitoyda boylik tengsizligi o`ta xavfli darajaga yetgan. 2010-yildagi Gini Index
xisobotida Xitoy 0.438 bal bilan baholangan. (Gini Index boylik tengsizligini 0
dan 1 gacha bo`lgan shkala asosida baholaydi. 0.4 esa yomon ko`rsatkich
hisoblanadi.) Boylar va kambag`allar orasidagi katta farq mamlakatni
beqarorliklar ko`chasiga boshlashi mumkin. Sababi, iqtisodiy qiyinchiliklar
davrida asosiy zarba kambag`al va o`rta qatlamga tushadi. Elitaning hayoti
bilan o`zinikini solishtirib ko`rgan kambag`allar namoyishlarga chiqib ketishi
xech gap emas.
4-muammo - korrupsiya: korrupsiya jamiyatning eng og`riqli
nuqtasiga aylangan. Ta`lim, sanoatdan tortib hukumatgacha korrupsiya botqog`iga
botgan. Har yili, tahminan, 130,000 dan 160,000 gacha korrupsiya bilan bog`liq
jinoyat sodir bo`ladi, biroq bularning faqat 6 % gagina jinoyat ishi ochiladi
va shu 6 % ni yarmigina ozodlikdan mahrum etish hukmi bilan yakun topadi. Joriy
yildagi Transparency Internationalning korrupsiya haqidagi xisobotiga ko`ra
Xitoy 2011-yildagi 75-o`rindan 80-o`ringa tushib ketgan. Omma fikrini o`rganish
natijasida ma`lum bo`ldiki, aholining katta qismi korrupsiyani avj olishda
hukumatni aybdor deb biladi va hukumat korrupsiyaga qarshi kurashda biror
natijaga erishishi mushkulligiga ishonadi. Bu esa hukumatni omma orasidagi
imidjiga salbiy bo`yoqlar berib, unga bo`lgan ishonchni susayishiga olib keladi.
5-muammo - Tibet va Uyg`ur muammosi: bu ikki muammo uzoq
yillardan buyon o`z yechimini topmagan. 2009-yilda ikki uyg`ur ishchisini
o`limi Shinjon provinsiyasida 150 ta insonni yostig`ini quritgan namoyishlarga
sabab bo`ldi. 2012-yil 31-oktyabrda 4 rohibning o`ziga o`t qo`yishi ham
tibetliklarni ko`chaga olib chiqdi. Bunga o`xshash namoyishlar esa bu ikki
hududda hali beri tinadiganga o`xshamayapti. Kelgusi namoyishlar esa Xitoy
aholisini etnik qarama-qarshi guruhlarga bo`lib yuboradi va Xitoy yana bir ichki
inqiroz bilan yuzma-yuz keladi.
6-muammo - Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizidagi
ziddiyatlar: resurslarga boyligi tufayli
bu hududlar so`ngi vaqtlarda mintaqa davlatlarini o`ziga ohanrabodek jalb
qilmoqda. Shu yilning sentyabr oyida Xitoy va Yaponiya ziddiyatidan bir necha
kun o`tar-o`tmas Yaponiya hamda Tayvan ham bu bahsli hududda o`zaro zambaraklar
o`qlarini almashishdi. Davlatlar orasidagi ziddiyatlar esa ularning
ittifoqdoshlarini ham qiyin vaziyatga solib qo`ydi. Bu mojaro o`z yechimini topmas ekan Xitoy
barqarorligi va kelajagiga tashqi xavf doimo tahdid solib turadi.
Dengizlar muammosi haqida gap etarkan, faqatgina u yerdagi
neft yoki boshqa energetik resurslarga emas, balki baliq zahiralariga ham
alohida e`tibor qilmoq lozim. Janubiy Xitoy dengizi bo`yida 300 million odam
istiqomat qilib, ularning butun turmushi bu tabiiy zahira bilan chambarchas
bog`liq. Baliq eng arzon oqsilga boy mahsulot bo`lib, Xitoy dengizi bo`yidagi
Vyetnam va Filippin kabi davlatlar iqtisodiyotining asosiy qismini tashkil
etadi. Shu sababli Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizlari strategic jihatdan muhim
hisoblanib, mintaqadagi xech bir davlat bu dengizlardagi o`z ulushini kamayishiga
shunchaki qarab turolmaydi.
Madaniy Inqilob yakunlangandan buyon Xitoy iqtisodiy va
ijtimoiy sohalarda yirik yutuqlarni qo`lga kiritdi. Biroq bu yutuqlar o`zi
bilan ko`plab muammolarni ham olib keldi. Xech kim Xitoy erishgan yutuqlarni
rad etmaydi, lekin faqatgina global qudrat ortidan quvgan "qizil ajdar" oldida
yechilishi shart bo`lgan bir qancha ichki va mintaqaviy muammolar ko`ndalang
turib qolganligini ham inkor qilolmaydi. Yuqorida sanab o`tilgan 6 asosiy muammoga
yechim topish esa yangi hukumatning yashab qolishi uchun muhim hisoblanadi. Kommunistik
Partiyaning 18-Kongressida shakllantirilgan Si Jinping hukumati o`zining
kelgusi o`n yillikdagi xukmronligi davomida bu muammolarni hal etishda biror
xatoga yo`l qo`ygudek bo`lsa, Xitoydek qudratli davlatning nomi jahon siyosiy
xaritasidan abadiy o`chib ketishi xech gap emas. Voqealarning qay yo`sinda
rivojlanishini esa faqat vaqt ko`rsatadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий