Prezident Bashar al-Assad qo`shinining qo`li tobora baland kelmoqda. Britaniyalik
O`rta Sharq bo`yicha mutaxassis Robert Fisk shu oyning boshida jang
maydonlarida turgan hukumat askarlarining bir nechtasi bilan suhbatda bo`ldi va
Suriyada guvohi bo`lganlarini Germaniyaning DW (Deutsche Welle) internet
nashriga so`zlab berdi. Quyida shu suhbatni keltirib o`tamiz:
Robert Fisk
DW: Janob Fisk, bilamiz, Suriyada bo`lib qaytdingiz.
Taassurotlar haqida nimalar deysiz?
Robert Fisk: Avvalo hozirgi Suriya haqida gapiradigan bo`lsam,
juda katta hududlar vayron qilingan, faqatgina vayron qilinmagan, balki u
yerlardan aholi ko`chib ketib, kimsasiz hududlarga aylanib qolgan. Bunday
holatni Damashq markazi, alavitlarning katta qismi istiqomat qiladigan Latakiya
viloyatining deyarli har bir shahri va Tartusda kuzatish mumkin. Lekin
mamlakatning aksariyat hududlarida hukumatning qattiq nazorati ostida hayot
hali ham davom etmoqda. Odamlar ko`chalarga chiqishadi, xarid qilishadi, ishga
borishadi.
DW: G`arb vakili sifatida Suriyaga safar qilish
davomida biror to`siqlarga duch kelmadingizmi?
Robert Fisk: Men Bayrutdan Damashqqacha mashina bordim. Bu joylarda
Suriya Armiyasining bir nechda nazorat postlari mavjud va yo`llar deyarli
tinch. Lekin Damashqqa kirib borishim bilan atigi bir necha kilometr
uzoqlikdagi Darayya posyolkasidan artileriya tovushi eshitilib turardi. Bu
posyolkani isyonchilar o`z nazoratiga olgan va kelganimda isyonchilar samalyoti
posyolka uzra bomba yog`dirayotgan edi. Shundan so`ng qirg`oqbo`yida joylashgan
Latakiyaga uchib ketdim, u yerdan shimol tomon – hukumat qo`shini front
chizig`iga bordim. Suriya hukumati front chizig`idagi pozitsiyalarga kirishimga
ruhsat berdi.
DW: Hukumat askarlari sizda qanday taassurot
qoldirdi?
Robert Fisk: Ochig`i ular menga shafqatsiz, qo`polday tuyuldi,
lekin tartibli armiya ekanligi ko`rinib turibdi. Bilishimcha ular deyarli asir
olmas ekan. Bir suhbatda ular 700 ta terrorist, ya`ni isyonchini o`ldirishgani
haqida eshitib qoldim. Generallardan biri menga o`z telefonida xalok bo`lgan
isyonchilarni harbiylar yuziga qarab tepayotgani muhr etilgan videoni qo`yib
berdi.
Men suhbatlashgan askarlarning aksariyati yarador edi.Ular bunga faqat
isyonchilarni aybdor sanashar, hukumat ularni butunlay qirib tashlashi
tarafdori edilar. Ayni kayfiyatni isyonchilarda ham yaqqol kuzatish mumkin. Shu
sababli har ikki tomon ham kechirib bo`lmas urush jinoyatlarini amalga oshirib,
inson huquqlarini toptaganlar. Shu o`rinda ta`kidlashim lozimki, Suriya
hukumati sekin-astalik bilan bo`lsada, isyonchilardan ko`proq hududlarni tortib
olmoqda.
DW: Ayni kunlarda Suriyada kimyoviy qurol
ishlatilayotganligi borasidagi bahslar avjiga chiqmoqda. Shu haqida qanday
fikrdasiz?
Robert Fisk: Bilamizki, Suriya hukumati ixtiyorida kimyoviy qurol
mavjud, lekin quroldan foydalanganlikning 100 foiz dalili mavjud emas.
Isyonchilar tinch aholiga nisbatan kimyoviy qurol ishlatgan deya al-Assadni,
Assad esa isyonchilarni ayblamoqda. BMTda isyonchilar tomonidan kimyoviy qurol
ishlatilgani haqida hisobot mavjud, lekin al-Assadni ayni amalini isbotlaydigan
asos yo`q. Men Damashqda xuddi shu savol bilan yuqori darajali harbiylardan biriga
yuzlandim va u: “Nega endi kimyoviy quroldan foydalanashimiz kerak? Bizda bomba
yog`diradigan MIG-29 bor va u kimyoviy quroldan ancha samaraliroq,” deya javob
berdi.
Xalqaro inson huquqlari himoyachilari kimyoviy qurol ishlatilganligi to`g`risida aniq dalillar mavjudligini da`vo qilishmoqda. Qaysi tomon bunga javobgarligi esa hozircha noma`lum
DW: Vashingtonda isyonchilarni qurollantirish va
parvozdan holi hudud borasida bahslar ketmoqda. Shu fikrlarga qanday qaraysiz?
Robert Fisk: Inqiroz boshlanganiga ikki yildan oshib ketdi.
Menimcha, amerikaliklar o`ylashadiki, ular bunday bahslarni qanchalik ko`p olib
borishsa, xech kim aslida ularning qo`lidan xech narsa kelmayotganini sezib
qolmaydi, go`yo. G`arbda ham isyonchilarni dastaklashga moyillik bor. Ammo
G`arb faqat Ozod Suriya Armiyasiga yordam berishni istaydi xolos. Bilamiz, OSA
askarlarining deyarli barchasini hukumat armiyasidan qochib o`tganlar tashkil
qiladi. G`arb al-Qoida bilan aloqada bo`lgan xech bir islomiy isyonchilarni
ta`minlashni xohlamaydi. Lekin, bilasizmi, yordam quroli chegaradan kesib
o`tdimi, biz undan keyingi vaziyatni nazorat qilolamiz deb o`ylamayman. Qurollar
islomiy ekstremistlar qo`liga tushib qolishi xech gap emas.
DW: Suriya inqirozida Eronning roli qanday?
Robert Fisk: Urush Suriya haqida emas, balki Eron haqida.
G`arbning asosiy maqsadi Eronning yagona arab ittifoqdoshi bo`lmish Suriya
hukumatini yo`q qilishdir. O`z navbatida urush Eron uchun yagona arab hamkorni
saqlab qolish demakdir. Ma`lumki, shu paytgacha Eron hukumati al-Assadga yordam
berish uchun tinmay harakat qilmoqda, lekin bu urinishlar deyarli samarasiz
bo`lib chiqdi.
DW: Ma`lumotlarga ko`ra Rossiya Suriya hukumatini
qurol bilan ta`minlashni rejalashtirmoqda ekan.
Robert Fisk: Ikki hafta oldin Isroil Qurolli Kuchlari Damashq
shimoli bo`ylab bir qancha reydlar uyushtirgandan buyon Assad hukumati bunday
xujumlar yana takrorlanishidan qattiq tashvishga tushib qolgan. Hukumat Isroil
tahdidan saqlanishni istaydi va, fikrimcha, bunda ruslar ko`magiga umid
qilmoqda.
Bundan 20 kuncha oldin Isroil harbiy uchoqlari Damashq shimolidagi harbiy bazalarni nishonga olgan edi
DW: Ayni ziddiyat Isroilga ham tarqalish xavfi mavjudmi?
Robert Fisk: Isroil AQSHning O`rta Sharqdagi eng asosiy
ittifoqdoshi hisoblanadi.Basharti ikki hafta oldin Isroil Suriya hukumati
kuchlarini nishonga olgan ekan, o`z-o`zidan ma`lumki, u isyonchilar tarafida.
G`arb ham Suriya hukumatini qulatishda Isroil ko`magidan foydalanishi ehtimoli
ham bor. Lekin isroilliklarning o`zi Suriyadan uzoqroq turishni ma`qul
ko`rishadi degan fikrdaman. Sababi Suriya armiyasi o`tgan ikki yil mobaynida
tinimsiz janglarda chiniqib bo`ldi. Agar isroilliklar Suriya hududiga bostirib
kirishsa, ular katta tajribaga ega kuch bilan yuzma-yuzma kelishlari aniq.
DW: Xalqaro hamjamiyatning Suriyaga intervensiyasi samarali
bo`larmidi?
Robert Fisk: Harbiy jihatdan – yo`q. Siyosiy jihatdan – albatta.
Kerri (AQSH Davlat Kotibi Jon Kerri demoqchi) va Putin o`rtasidagi so`nggi
suhbatlarda ham siyosiy jihatdan bir qancha yaxshi fikrlar yangradi. Bundan tashqari
amerikaliklar va, ayniqsa, fransuzlar Assad rejimi vakillarini muvaqqat hukumat
tarkibida bo`lishini istamasliklari ham qiziq holat. Biroq ular eng katta
isyonchi guruh – Islomiy Nusra guruhining ham ishtirokini xohlashmaydi. Bu xuddi:
“Keling, katta konferensiya tashkillashtiramiz, lekin bu yerda ba`zi ishtirok
etolmaydigan odamlar bor,” deganga o`xshaydi. Mening nazarimda urush hali
tugamaydi. Bu inqiroz yana ikki yoki uch yil davom etadi degan fikrdaman.
Manba: dw.de
Ma`lumot o`rnida: Robert Fisk (66 yoshda) britan gazetasi “The Independent”ning
O`rta Sharq bo`yicha muhbiri, bir qancha asarlar muallifi. 30 yildan ziyodroq vaqt mobaynida u jahonning
eng “qaynoq” hududlari –Shimoliy Irlandiya, “Chinnigul Inqilobi” paytida
Portugaliya va Afg`oniston kabilardan reportajlar tayyorlab keladi. 1976-yildan
buyon Livan poytaxti Bayrutda doimiy istiqomat qiladi va shu yerdan O`rta
Sharqdagi mavjud holat bilan dunyoni xabardor qilib turadi. Fisk arab tilida
erkin so`zlaydi va Osama bin Loden bilan shaxsan suhbatda bo`lgan kamdan-kam g`arb
muhbirlaridan biri sanaladi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий