25.09.2012

Rossiya chechenlar rahnamosi "erkaliklari"ni jilovlashga urinmoqda




   
  Shu kunlarda Shimoliy Kavkaz davlatlari : Checheniston va Ingushiya orasidagi qarama-qarshilik yana avj olmoqda. Chechen prezidenti Ramzan Qodirov Ingushiyadagi qator hududlarni qaytarib olishga urinmoqda, modomiki, janob Qodirov da`vo qilayotgan hududlar qo`shni respublikani yutib yuborishga yetarlidir. Kreml esa o`z navbatida qudratli Chechen rejimini ko`rishni xohlamaydi, chunki Qodirov o`zining shuhratparast ekanligini yaqin o`tmishda isbotlab ulgurgan.
Biroq, Kreml, shu bilan birga Kavkazdagi barqarorlikning muhim tayanchlaridan biri bo`lmish Qodirovni xafa qilishni ham istamaydi, ayniqsa, oldinda Sochida o`tkaziladigan Olimpiada O`yinlari turgan bir vaqtda.

    Checheniston va Ingushiya o`rtasidagi mojaro xayron qolarli hol emas, ular o`zlarining uzoq davrli tarixlari davomida tinmay turli masalalar ustida bahslashib kelishadi. Kavkazda 50 dan ortiq millat bo`lishiga qaramay, chechenlar va ingushlarning ikkalasi ham Vaynax etnik guruhiga mansub bo`lib, bir xil tilda so`zlashadilar. Sobiq Ittifoq dahosi Iosif Stalin 1934-yilda Checheniston va Ingushiyani Chechen-Ingush avtonom respublikasi nomi ostida birlashtirgan edi. Bu birlashtirishda Ingushiya o`zining muhim hududlarini boy berdi, bu yo`qotilgan hududlar asosida, keyinchalik, hozirgi Shimoliy Osetiya tashkil topdi. O`z navbatida Checheniston ham ma`lum yo`qotishlarga uchrab, uning yerlari hozirgi Ingushiya tarkibiga qo`shib yuborildi.
    Biroq, Moskva hech qachon bunday birlashtiruvlarni ikkala tomonning xohishiga ko`ra amalga oshirmagan, yangi hududlar ko`pincha ba`zi ichki mojarolarni dastaklash uchun birlashtirilgan va Moskva bu hududlarning ma`muriy-boshqaruv tizimini xech qachon aniqlashtirib bermagan. Binobarin, 1992-yilda Checheniston va Ingushiya ikkiga ajraldi, ko`plab tarixiy chechen yerlari Ingushiyaniki deya hisoblanishi natijasida, keying ikki o`n yillik mobaynida muntazam qarama-qarshiliklar bolalab ketdi.
Ayni paytda mojaroga sabab bo`layotgan ingush hududlari-bular: Sunja va Malgobekning aksariyat qismidir. Bu hududlarning tahminan 75% i Ingushiyaga qarashli va 66% aholi ham shu respublikaning fuqarolaridir. Bundan tashqari, yuqorida nomalari ta`kidlab o`tilgan hududlar geografik jihatdan bog`lanmagan, Sunjasiz Ingushiya ikkiga bo`linib qolgan bo`lar edi. Shunday ham, 1934-yilda Ingushiya Sunjaning bir qismini saqlab qola olgan, qolgan qismi asosida hozirgi Shimoliy Osetiya tashkil qilingan edi (ayni paytda Shimoliy Osetiyani Ingushiya tarkibiga qayta qo`shib olish uchun biror harakat kuzatilmayotgan bo`lsa ham, xuddi shunday g`oya 1992-yilda urushga sabab bo`ldi). Chechenistonning yerlarga da`vosiga qaramay, Ingushiyaning mavjudligi Sunja va Malgobek ustidan boshqaruvning davom etishiga bog`liq bo`lib qolmoqda.
  Hozirda Qodirov Checheniston 1992-yildagi bo`linishdan keyin Ingushiya tarkibida qolib ketgan ikki hudud ustidan rasman norozilik bidira olmaganini da`vo qilmoqda. Janob Qodirov, bunga sabab qilib oxirgi o`n yillikda Checheniston Rossiya va Dog`iston bilan urushlarga tortilganini ko`rsatmoqda. Checheniston ayni paytda Kavkazdagi eng barqaror va kuchli respublikadir, bundan tashqari Kreml bilan ham iliq munosabatlar mavjud. Shularni ro`kach qilgan holda, Qodirov Kreml Chechenistonning bu da`volariga jiddiy e`tibor berishi shartligiga ishonadi. Bundan tashqari, Ramzan Qodirov, o`z respublikasi da`volarini tasdiqlovchi tarixiy hujjatlar mavjudligi haqida hitob qilmoqda.
    Oldinroq Kreml hududda o`z mavqe`ini mustahkamlash va kuchaytirishga yashirin tarzda uringani uchun Qodirovning bu istaklarini keskin rad qilgan edi. Yuqorida ta`kidlangandek, Moskva va Grozniy orasida yaqin aloqa mavjud bo`lib, Kreml Chechenistonga o`z qo`shiniga ega bo`lishiga ruhsat bergan va respuklika iqtisodiyotiga haligacha yirik investitsiya kiritib keladi. Shunga qaramay Moskva Checheniston mustaqilligida cheklovlar bo`lishini istaydi. Kreml Checheniston tarixdan o`z qo`shnilarini boshqarishga urunib kelishini yaxshi biladi. Ingushetiyaning mavjudligi esa hududda Checheniston qudratini muvozanat saqlash uchun suv va xavodek zarur. Biroq Checheniston azaldan kuchli, Shimoliy Kavkazdagi boshqa qo`shnilariga qaraganda ko`proq birlashgan, kuchli xavfsizlik tizimi va hukumatiga ega. Shu sababli Moskva Ingushiya barqarorligini saqlab qolishga tinmay urinadi, lekin bari befoyda, respublika tarixdan parokanda va zaifdir.
Bundan tashqari Moskva bilan oxirgi ikki o`n yillikda ikki marta rus hukumatiga qarshi keskinlikka borgan ingushlar o`rtasida bir-biriga kuchli ishonchsizlik mavjud. Biroq, Chechenistonning qudratga erishishiga aslo toqat qila olmaydigan Kreml bu holatga chidashga majbur.      
  Keyingi vaqtlarda o`z maqsadini amalga oshirish uchun Qodirov yangi usuldan foydalanyapti. U ingush hukumatini respublikadagi o`z tarafdori bo`lgan diniy shaxslar va Sunjalik siyosatchilar bilan zo`r berib almashtirishga urinyapti. Chechen prezidenti, shuningdek, butun Shimoliy Kavkazni nazorat qiluvchi Musulmonlar Kengashi raisligiga o`zining odamlaridan biri-Sultonxoji Mirzayevni qo`yishga harakat qilib ko`rdi, lekin bu harakat Moskva tomonidan dastaklanmadi.
  Yaqinda Qodirov o`zining maxsus xizmati Galashki(Ingushiya)da mavjud diniy ayirmachilarga qarshi harbiy harakatlar boshlagani haqida ma`lum qildi, lekin ingush hukumati bu xabarni butkul inkor qildi. Bunday qarama-qarshi ma`lumotlar regionning real siyosiy holatini, xattoki, tahmin qilishga ham xalaqit beradi. Biroq Qodirov bir necha yillardan beri Kremldan o`zini Ingushiteya xavfsizligi kafolatchisi bo`lishiga ruhsat berilishini so`rab kelishi ma`lum.
  19-avgustdagi ingush qishlog`i Sogopshidagi suiqasddan so`ng Qodirov bundan buyon Vaynak odamlari himoyachisi va yo`lboshchisi bo`lishi haqida bayonot berdi va ingush prezidenti Yunusbek Yevkurov odamlarni himoya qilishga layoqatli bo`lmagani uchun o`zi bu ishni qo`liga olayotganini ham qistirib o`tdi.
Buning oqibatida, Kreml ikki davlat orasidagi keskinlik jiddiy tus olib ketmasligi uchun navbatdagi qadamni tashlashga majbur bo`ldi. Rossiya prezidentining Shimoliy Kavkazdagi vakili Aleksandr Xolopin 2012-yil 7-sentyabrida Checheniston va Ingushiyani masalasinini bir stol atrofiga yig`ilib, tinch yo`l bilan xal qilishga chaqirdi. Xolopin, shuningdek, agar mojaro o`z vaqtida hal qilinmasa vaziyat nazorat ostidan chiqib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirib, har ikki davlat rahbarlariga joriy yilning oxirigicha kelishuvlari natijasi, takliflarini Kremlga taqdim qilishlari shartligini uqtirdi.
    Kreml bu muammolardan qanchalik uzoqroqda turishga urinmasin Chechenistonning da`volari va Ingushiyaning istaklarini muvozanatda ushlab turishga majbur. Sochidagi Qishgi Olimpiada o`yinlarining boshlanishiga bor-yog`i 17 oy qoldi. O`yinlar davomida ko`plab terroristik harakatlar bo`lishi haqida mish-mishlar urchigan bir paytda, Kreml Kavkazdagi barqarorlikning asosiy tayanchi bo`lgan Qodirov va uning kuchlarini yolg`izlatib qo`yolmaydi. Shu sababli Putin hokimiyati hozircha tinchlik mavjud ekan, chegara masalalarini muhokamasini iloji boricha ortga surishga harakat qilyapti. Bundan kelib chiqib tahmin qilish mumkinki, Moskva eshagi loydan o`tgandan keyin Checheniston qudratining cheklangan bo`lishini xohlagani uchun Qodirov istaklarini bir chetga uloqtirib yuboradi va Ingushiya mustaqilligini ta`minlashda davom etadi.
 
Biroq, Qodirov Olimpiada xavfsizligi o`z qo`lida ekan maqsadini amalga oshirishda bosim o`tkazish uchun qulay fursat kelganini anglab yetgani aniq xoldir. Shu bilan birga, Rossiya uning o`zboshimchaligiga chek qo`yish va regionda tinchlikni saqlash uchun o`z qo`shinidan foydalanishi haqida ham tahmin qilish mumkin. Shu kunlarda isyonchi va xavfsizlik kuchlariga yaqinligi aytiladigan veb-saytlarda Rossiya harbiy kuchlarini asta-sekin Dog`istondan Ingush-Chechen chegara hududlariga yaqinlashtirayotgani haqidagi xabalar tez-tez ko`zga tashlanmoqda.

Комментариев нет:

Отправить комментарий