Dunyoda ko`plab etnik, diniy va siyosiy
ziddiyatlar bo`lib o`tgan hamda hali ham davom etmoqda. Bu ziddiyatlardan
ba`zilari ma`lum vaqt davom etgan, keyinchalik muammoga yechim topilgan. Lekin
shunday ziddiyatlar borki, ular uzoq vaqtdan beri davom etib keladi, ularga
biror alternativ yechim topilmagan va ular bir davlat darajasidan
mintaqaviy darajagacha ko`tarilib ketgan. Shunday muammolardan
biri-Kurdlar Muammosidir.
Kurdlar
dunyodagi eng katta o`z davlatiga ega bo`lmagan etnik guruhdir. Tahminan 30
million kurdlar Turkiya, Iroq, Suriya va Armanistonni o`z ichiga olgan
geografik kenglikda yashashaydilar. Ular Turkiya aholisining 18 % ini, Iroq
aholisining 15-20 % ini tashkil qilishib, O`rta Sharq mintaqasida arablar va
forslardan keying uchinchi katta etnik guruh hisoblanadilar. Kurdlar Islom
dinining sunniy mazhabiga e`tiqod qilishib, o`z tili va madaniyatiga
egalar. Ular yashaydigan Turkiya, Armaniston, Eron, Iroq va Suriyadagi hudud
Kurdiston yoki Kurdlar Yeri deb ataladi. Janubiy-G`arbiy Osiyodagi arablarga
o`xshamagan xolda Kurdlar Hind-Yevropa tillari oilasining Fors tarmog`iga
kiruvchi alohida kurd tilida so`zlashadilar. Zamonaviy kurdlar ikki katta
guruhga bo`linishadi: Kurmanji guruhi va Gurani guruhi. Bu guruhlar lahjalarga
qarab ajratilgan. Eng kattasi Kurmanji guruhi bo`lib, hozirgi kurdlarning ¾
qimi shu guruhga mansub.
Iroq, Suriya va Quvayt kabi davlatlar tuzilishiga asos bo`lgan 1920-yildagi
Sevr shartnomasi mintaqada alohida Kurdlar davlatini tashkil qilishni ham
ko`zlagan edi. Biroq Kamol Otaturk tomonidan Turk monarxiyasi qulatilgandan
so`ng Turkiya, Iroq va Eron xech qanday Kurd respublikasini e`tirof etmaslik to`g`risida
kelishib oldilar.
Turk hukumati nazorati ostida kurdlar ko`plab ajratishlarga duch keldilar.
Kurdlarning tili, shaharlarda milliy libosda yurishlari taqiqlab qo`yildi.
Hukumat aholi sonini oshirish maqsadida kurdlarni tog`li rayonlarga ko`chirib
yubora boshladi.
Iroqda ham kurdlar huddi shunday repressiyaga duch kelishdi.
1980-1988-yillardagi Eron-Iroq urushida kurdlar Eronni qo`llab
quvvatlaganliklari uchun Saddam Husayn o`ch olish maqsadida kurd qishloqlarini
qirg`in qildi, aholisini kimyoviy qurollar bilan o`ldirdi. Ko`rfaz Urushidan
so`ng bosh ko`targan kurdlar Iroq armiyasi tomonidan tor-mor etildi. Natijada 2
million kurd Eronga qochib o`tdi. Ayni paytda ham kurdlarning o`z davlatlarini
tuzishdagi harakatlari so`nmagan.
Kurdistonning qisqacha tarixi
Har bir
muammoning tag ma`nosini tushunib yetish uchun uning tarixiga
murojaat
qilish
zarur. Kurd muammosi ham bundan mustasno emas. Quyida hozirda bu mintaqada kechayotgan geosiyosiy jarayonlarni tarixiy ildizlariga murojaat qilamiz.
Kurdlar haqida gap borar ekan ular o`zi aslida kim
degan savol xayolga keladi. Tarixchilarning fikricha ular Hind-Yevropa
qavmining Fors tarmog`iga mansubdirlar. Qadim zamonlarda Eron va Yefratiya
oralig`ida joylashgan tog`li hududlarda Mitanni, Kassitlar qirolliklari navbati
bilan xukmronlik qilishgan. Miloddan avvalgi 612-yilda kurdlarning ajdodlari
bo`lmish medelar qudratli Ossuriya podsholigini yengib, butun Eron va Anatoliya
hududida yangi imperiyaga asos soladilar.
Medelarning hukmronligi atigi bir asrga
cho`ziladi, lekin ularning dini va sivilizatsiyasi Aleksandr Makedonskiy
kelgunga qadar Eronda saqlanib qoladi. Huddi shu davrdan to Islomning
tug`ilishiga bo`lgan vaqt mobaynida kurdlarning taqdiri Eronni navbatma-navbat
boshqargan yirik imperiyalar: Saljuqiylar, Parfiya va Sosoniylarga bog`liq
bo`lib qoladi.
Arab Xalifaligida Abu Muslimning vaxshiyona qo`zg`olonlari boshlangandan so`ng
norozi bo`lgan kurdlar islomni qabul qilishdan bosh torta boshlaydilar.
Ularning noroziligi bir asr davom etadi. Arablar kurdlarni islomga o`tkazish
uchun haq qanday usulni qo`llab ko`radilar. Masalan, xalifa Umayyaning onasi
Marvon Hokim kurd bo`lgan edi.
Arab Xalifaligi kuchsizlanishi bilan, IX
asrning o`rtalaridan kurdlar siyosiy hayotda faollasha boshlaydilar. 837-yilda
Rozegit nomli kurd yo`lboshchilaridan biri Van ko`li bo`yida Ahlat nomli
vassallikni tashkil qiladi. Garchi Ahlat rasman xalifalikning vassali
sanalsada, amalda u deyarli mustaqil faoliyat olib borgan. Bu kurdlarning ilk
davlati edi.
X asrning
ikkinchi yarmida Kurdiston 4 yirik kurd sulolari tomonidan bo`lib olinadi.
Bular - shimolda Shaddadidlar (951-1174), sharqda Hasanvohidlar (959-1015) va
Banu Annaz (990-1116), g`arbda Diyorbakir Marvonidlari (990-1116). Bu
sulolalardan qaysi biridir agarda Markaziy Osiyodan ko`chmanchi qabilalar
bostirib kelmaganda butun kurdlarni birlashtirib, yagona kurd davlatini tuzishi
mumkin edi. Eronni bosib olib, Bag`dodni siqib qo`ygan Saljuqiylar kurd
sulolalarini birma-bir bo`ysundirishadi.
Tahminan 1150-yilda Sulton Sanjar Kurdistonda alohida viloyat tashkil qiladi.
Saljuqiylarning qulashidan 12 yil o`tib
mashxur Salohiddin tomonidan asos solingan kurdlar sulolasi- Ayyubiylar
(1169-1250) to XIII asrdagi Mo`g`ullar bosqiniga qadar musulmon dunyosida
yetakchilikni o`z qo`liga oladi. Yevropalik salibchilarga qarshi kurashlari
bilan nom qozongan Salohiddinning imperiyasi Butun Kurdiston, Suriya, Misr va
Yamanni o`zida birlashtirilgan edi.
XV asrning yarmida kurdlar Turk-Mo`g`ullardan
qutiladi. Kurd viloyati avtonomligini saqlab qoladi, lekin u amalda mayda
sulolar orasida bo`linib ketgandi.
XVI asrning boshlarida Kurdiston Usmoniylar
va Eron o`rtasidagi asosiy raqobat maydoniga aylanadi. Ikki buyuk davlat
iskanjasiga tushib qolgan Kurdiston, tabiiyki, siyosiy jihatdan tarqoq holga
kelib qoladi, birlashishga imkon qolmaydi. 1514-yilda Usmoniylar Eronning
ustidan kichik g`alaba qozonishadi, lekin forslar hali to`liq mag`lub
etilmagandi. Shu sababli Turkiya Eron chegarasiga doimo xavfsirab qarardi.
Shunday vaqtda nufuzli kurdlardan bo`lgan Idrissi Bitlissi turk sultoniga kurd
zodagonlarining barcha xuquqlari, imtiyozlarini qayta tiklash, o`z davlatlarini
tuzishga izn berish berishni so`rab, buning evaziga mobodo Eron Usmoniylarga
qarshi urush ochgudek bo`lsa, kurdlar Turkiya chegaralarini muhofaza
etishlarini taklif qiladi. Sulton Salim Bitlissining taklifini qabul qilib,
sodiqligiga ishonishi uchun barcha kurd zodagonlari bilan ko`rishib chiqadi.
Shu tariqa Turkiya va Kurdiston ittifoqchilarga aylanadilar.
Bu kelishuv tufayli Kurdiston deyarli 3 asr davomida tinch yashaydi.
Usmoniylarning Kurdistonda bir qancha garnizonlari bo`lishiga qaramay,
hududning asosiy qismi kurdlar tomonidan boshqarilar edi. Bu vaqtda Kurdistonda
17 ta knyazlik mavjud bo`lib, hammasi nasldan-naslga qolardi. Vaqti-vaqti bilan
markaziy hokimiyat bu knyazliklar ishiga aralashib turishiga qaramay kurdlar va
Usmonlilar XIX asrning boshlarigacha tinch-totuvlikda yashadilar. Turkiya uchun
kurdlar Eronga qarshi qalqon edi, ularga ishongan Usmoniylar boshqa frontlarda
xotirjam jang qilardilar. Kurdlar mamlakatni deyarli mustaqil boshqarardilar.
Mamlakat siyosiy jihatdan bo`linib ketgan bo`lsa ham, huddi shu davrdagi 350 ta
avtonom davlatga bo`linib ketgan Germaniyaga solishtirganda Kurdistonning
siyosiy holati ancha yaxshiroq edi.
Har bir kurd zodagoni o`zining davlati avlodlari qo`lida abadiy qolishiga
ishonar edi. Buyuk Fransuz Inqilobidan bir asr oldin, 1675-yilda kurd shoiri
Ahmadi Xon barcha kurd zodagonlarini yagona davlat tuzishga chaqirdi. Uning
da`vati e`tiborsiz qolib ketdi. Har bir zodagonni faqat o`z sulolasi tashvishi
qiziqtirardi.
Milliy davlat Fransuz davlatining asosiy
g`oyasiga aylandi. Germaniyada keng dunyoqarashli kishialr barcha kichik
knyazliklar yagona milliy davlatga birlashishini xohlashardi. Pan-Germanizm
pan-Slavyanizm va pan-turkizm kabi boshqa milliy harakatlarni ham uyg`onishiga
turtki berdi. Bu g`oyalar keyinchalik, 1830-1839-yillarda Kurdistondagi
Rovanduz hokimi Mir Muhammadni yagona Kurd davlati uchun kurashishga ilhomlantirdi.
Bu davrgacha kurd zodagonlarining
mustaqilligiga deyarli dahl bo`lmagan, ular shunchaki Sultonga boj to`lab
kelishardi. Kurd zodagonlari o`z boshqaruvlaridan qoniqishar va shu sababli
ular Kurdistonni yagona davlatga birlashtirishga urinib ham ko`rishmagandi.
Lekin XIX asrning boshida vaziyat boshqacha tus oldi, Usmoniylar Imperiyasi
ularning ichki ishiga aralashishni boshlab, Kurdistonning avtonomiya maqomini
tugatishga urinishdi.
Kurdistonning birlashishi va to`la mustaqil
bo`lishiga harakatlar davri xuddi shu XIX asrning birinchi yarmidan boshlanadi.
Yevropadagi kuchlardan ko`mak olgan Usmonlilar qo`shini kurdlarga qarshi kurash
boshlaydi. 1847-yilda so`ngi mustaqil kurd knyazligi bo`lmish Bohtan
qulatiladi.
1847-1881-yilgacha Kurdiston tarixi ozodlik
harakatlari bilan o`tadi. Bu harakatlar ko`pincha mahalliy yo`lboshchilar,
diniy rahnamolar tomonidan boshlanar edi. Bunday harakatlarni Ikkinchi Jahon
Urushigacha kuzatish mumkin, lekin ularning hammasi Imperiya tomonidan
qattiqqo`llik bilan bostiriladi.
Bu harakatlarning muvaffaqiyatga
erishmaganligining sabablari turlicha: yetakchilarning yo`qligi, zodagonlar
orasidagi egoistik kayfiyat, tashqi kuchlarning aralishuvi va boshqalar.
Shu tariqa kurd jamiyati bo`lingan,
yetakchisiz, kelajak uchun biror rejasiz I Jahon Urushiga yetib keldi.
1915-yildagi Fransuz-Ingliz yashirin kelishuvlariga ko`ra Kurdiston urushdan
keyin bo`lib tashlanishi kerak edi. Kurdlarning o`zi shunday ham g`oyaviy
jihatdan bo`linib ketgandilar. Turkiyaning pan-islomizm va pan-turkizm
g`oyalari asoratiga tushib qolgan kurdlarning ba`zilari yashab qolishning
yagona yo`li Usmonlilar tarkibida qolishdir desa, boshqalari ularni batamom
inkor qilib, Fransuz Inqilobi va Qo`shma shtatlardan ilhom olgan holda,
Kurdistonning mutlaq mustaqilligi uchun kurashish zarur deb da`vo qilishardi.
1918-yilda Germaniya tomonida jang qilgan Turkiya Ittifoqdosh Kuchlar tomonidan
mag`lub etilgan so`ng, mustaqillik tarafdorlari Kurd davlatini tuzish talabi
bilan Versal Konferensiyasiga delegatsiya yuborishdi.
Kurdlarning bu talabi xalqaro hamjamiyat
tomonidan hisobga olindi. 1920-yilning 10-avgustida Fransiya, AQSH, Buyuk
Britaniya va Turkiya tomonidan imzolangan Sevr shartnomasining 111-bo`limiga
Kurdiston hududida mustaqil Kurd davlati tuzsih borasida moddal (62-64)lar
qo`shildi. Lekin keyinchalik shartnomaning o`zi kabi bu bo`lim ham e`tibordan
chetda qoldi.
Bu vaqtga kelib kurd jamiyatida kuchli
ta`sirga ega, asosan diniy rahnamolar tomonidan boshqariladigan kurd
harakatining an`naviy qanoti faollashadi. Bu harakat rahnamolari xristian balosidan ehtiyot bo`lishga va musulmon hududlarda
tashqi kuchlar ta`siridan holi bo`lgan Turklar va Kurdlarning mustaqil davlatini tuzishga da`vat eta boshlashadi. Ayni damda Turkiya o`z
harakatini kuchaytirgan Mustafo Kamol bu da`vatga e`tabor qaratadi va
Anatoliyani okkupatsiya qilgan xristianlarga qarshi kurashda ko`mak so`rab
Kurdistonga keladi. E`tiborga loyiq narsa shuki, urkiyaning mustaqillik
kurashidagi ilk kuchlar Kurdistondan kelgan askarlar edi.
1922-yildagi yunonlar ustidan qozonilgan g`alabadan so`ng Mustafo Kamol Turk va
Kurd davlatini tuzishda bergan va`dasini davom ettiradi. Yunon-turk sulhi
imzolangan Luzanna Konferensiyasida Turkiya delegatsiyasi yagona Turk va Kurd
millati nomidan nutq irod qilgandi. 1923-yil 24-iyulda kamolchilar hukumati va
Ittifoqchi Kuchlar o`rtasida yangi bitim imzolanadi Bu bitim Sevr shartnomasini
bekor qilib, Kurdistonning katta qismini yangi Turk davlatiga qo`shib
yuborishni ko`zlagan edi. bundan oldinroq, 1921-yil 20-oktyabrda imzolangan
fransuz-turk bitimi Jazira va Kurd-Dog` kabi Kurdiston hududlarini Fransiya
mandati ostida bo`lgan Suriyaga qo`shib yuborgan edi. Katta qismi kurd
yetakchilaridan biri bo`lgan Simko boshqaruvi ostidagi Eron Kurdistoni Eron
tarkibida qoldiriladi.
Neftga boy bo`lgan yana bir kurd provinsiyasi Mossulning taqdiri savol ostida
qoladi. Turkiya va Britaniya unga da`vogar bo`lib chiqishadi. Va nihoyat
1925-yil 16-dekbrdagi Millatlar Ligasi kengashida bu region Britaniya mandate
ostida bo`lgan Iroqqa berilishi to`g`risida qaror qilinadi.
Shu tariqa 1925-yilning so`ngida XII asrdan
buyon Kurdiston nomi bilan atalib kelinayotgan kurdlar diyori to`rt davlat:
Turkiya, Eron, Iroq va Suriya o`rtasida bo`lib tashlanadi.
Oldinlari Kurdistonni bosib olgan kuchlarning har biri faqatgina iqtisodiyot,
siyosat va xarbiy sohalarga e`tabor qaratgandi, xolos. Ulardan xech biri kurd
aholisini milliyligidan, ma`naviy hayotidan judo qilishga harakat qilmagandi.
Bunga ilk bor turk millatchilari urinib ko`rishdi. Keyinchalik kurdlarning
isyonkorligini kamaytirish maqsadida Eron va Iroq ham bu ishga qo`l urishdi.
Kurdlarning o`zligidan ayirishga intilish, ularning ozodlik harakatlarini shu
yo`l bilan bostirish haliga qadar davom etmoqda.
Kurdlarning qisqacha tarixi haqida fikrlarni
yakunlar ekanmiz, shu narsani xulosa qilishimiz mumkinki, o`z geografik
joylashuvi, liderlarining qo`rqoqligi tufayli kurd millati sharqiy mintaqa
siyosiy xaritasini o`zgartirish progressining asosiy qurboni bo`ldi, bu uchun
katta ma`naviy va moddiy to`lov to`ladi.
Bu Kurdiston va kurd millatining qisqacha tarixi edi. Ayni damda kechayotgan zamonaviy kurd muammosining geosiyosiy ahamiyatlari haqida kelgusi maqolalarimizda batafsilroq to`xtalishga harakat qilamiz.
Комментариев нет:
Отправить комментарий