02.03.2013

Xaritalar Uzra: Urush va Tinchlik

Urush va Tinchlik - aslida nimani anglatadi bu so'zlar. Urushning mavjudmasligi tinchlikni anglatadimi? Bugungi ko'rsatuvimizda biz ana shunday muammoli savollarga javob berishga harakat qilamiz.
Darhaqiqat insoniyatning zamonaviy davrga qadam qo'yishi va rivojlanishi uni urushlarga butunlay barham berishiga olib kelmadi, balki urushlarni qiyofasi o'zgardi. Agar XX-asrgacha urushlar hech qanday o'zini oqlashlarsiz tabiiy ravishda ya'ni oddiy qilib aytganda boshqaning boyliklariga ega bo'lish uchun qilingan bo'lsa, endilikda urushlar uchun ma'lum sabablar va o'zini oqlashlar zarurdir. Aks holda urush olib boruvchi tomonlar nohaqlikda ayblanishi mumkin.
Lekin hohlaymizmi yo'qmi urushlar va to'qnashuvlar huddi qadimgi yoki o'rta asrlardagi kabi ohir oqibatda bir narsani ya'ni manfaatni ko'zlaydi. Manfaat bu hududiy, ideologik, resurslarni egallash va hakozolar bo'lishi mumkin. XXI-asrga kelib esa urushlar to'laligicha iqtisodiy va moliyaviy tus oldi desak adashmaymiz. Bizning davrda urushish uchun ko'p shartlar talab etiladi va ko'p qurbonlar berilishi so'raladi. Qurbonlarning tarkibi ham o'zgargan, agar ilgari biror maqsadga erishish uchun ikki tarafni mahsus tayyorlangan harbiylari jang olib borishgan bo'lsa hozirda asosiy qurbonlar bu oddiy fuqarolardir, undan tashqari odam sonidan ham ko'ra moliyaviy zararlarning oqibati borgan sari ko'zga tashlanib bormoqda.



Hozirgi jaxon iqtisoiy-moliyaviy tizimi liberal savdo-sotiq va kapitalistik qoidalar ustiga qurilgan bo'lib, bunday sharoitda mamlakatlar o'zlarining obro'lariga iloji boricha dog' tushirmasligi lozim, aks holda iqtisodiy faollik o'z o'zidan yo'qqa chiqadi. Mamlakatlarning resurslarga boy yoki kambag'alliklari asosiy kriteriya hisoblanmaydi, bundanda muhimi mamlakatning barqarorligi va tashqi savdoga yo'l ochib berganidir. Agar ilgari mamlakat iqtisodlarini asosan davlatlarning o'zlari boshqargan bo'lsa bugungi kunda dunyo iqtisodini uning moliya tizimi butunligicha qo'lga olib oldi. Ularning ijro etuvchilari bo'lmish Reyting agentliklari, davlatlardagi vaziyatga qarab ularga huddi "O'qituvchilar" kabi a'lo yoki qoniqarli baholarni beradilar, bu "baholar" esa o'z navbatida mamlakatning deyarli barcha jabhalariga to'g'ridan to'g'ri ta'sir o'tkazadi. Ya'ni agar mamlakat a'lo "baho" olsa unga kirib keluvchi investitsiyalar va kapitallar keskin darajada oshadi, mabodo mamlakat eng past "baholarni" olsa unda mamlakat "moliyaviy krizis" nomi bilan mashhur tanazzulga duch kelishi aniq bo'ladi desak xato bo'lmaydi.
Endi iqtisodni urush yoki tinchlikka nima aloqasi bor? degan savolni ko'pchilik berishi tayin. Chunki biz ommaviy axborot vositalarida urushlarning qaysidir diniy yoki milliy guruhlar orasida yuz berishlarini eshitib o'rganib qolganmiz. Lekin bunday atalishlar ikkilamchi sabablar ya'ni manfaatni to'g'ridan to'g'ri oshkora qilmasdan va bundan tashqari ommani bu urushga hayrihohlik qilishga undash uchun aynan shunday ideologik qurollar sifatida ishlatiladi. Ayni paytda bunday ideologik qurollar iqtisodiy va ijtimoiy tizim yemrilgan yoki yahshi shakllanmagan jamiyatlarda qo'l keladi. Shunday ekan bundan keyin ommaviy axborot vositalarida "oddiy" sabablar bilan ikki guruhning yoki mamlakatlarning urushga kirgani haqidagi qisqa habarlarni eshitsangiz xulosa va hukm chiqarishga shoshilmang, chunki mavzuni yanada chuqurroq o'rgansangiz mojarolarning tub sabablarini tushunib yetasiz.



Комментариев нет:

Отправить комментарий