11.07.2013

Rossiyaning Xitoyga neft sotish bitimi - dunyo energetika muvozanatini o'zgarishi?

21 iyun 2013 yil Rossiya va Xitoy o'rtasida neft eksporti haqida yirik bitim imzolandi. Unga ko'ra Rossiya kelgusi 25 yil davomida Xitoyga umumiy bahosi 270 milliard AQSh dollarlik miqdorda neft yetkazib berishi darkor. Bu bitim Rossiyaning umumiy neft eksportini 2 barobarga oshiradi va uni G'arb iste'molchi mamlakatlariga qaramligini sezilarli darajada kamaytiradi.
Tarixdan hammamizga ma'lumki Rus-Xitoy aloqalari juda ham nozik ahamiyatga ega bo'lgan, 1969-yildagi Amur daryosidagi kichik orol ustidagi boshlangan bahs, ikki dunyoning yirik kommunistik davlatlar - Xitoy Xalq Respublikasi va Sovet ittifoqining "abadiy do'stligiga" chek qo'ydi. Hatto Sovet Ittifoqi parchalanib ketgan bo'lsada bugungi kunda ikki mamlakat o'rtasidagi siyosiy aloqalar do'stona holatga qaytganicha yo'q. Albatta ikki mamlakat G'arbning yoyiluvchan siyosati qarshisida bizga "umumiy ittifoqchilar"day ko'rinishi mumkin. Lekin geopolitik nuqtai nazardan Rossiya va Xitoy bir biriga kuchli raqobatchidir.


Rossiya hozirda ishlov berilmagan mahsulotlarni eksport qilish bo'yicha dunyoda eng yirik mamlakat hisoblanadi. So'ngi yillarda Rossiyaning asta sekinlik bilan Yevropadan uzoqlashishini kuzatishimiz mumkin. O'z navbatida bu uzoqlashish Rossiya uchun yangi iqtisodiy sheriklikni o'rnatishga olib keldi. Shu mantiqdan kelib chiqqan holda Pekin hukumati kelajakda nafaqat salmoqli importer, balki yirik iqtisodiy sherik hamdir. Lekin bu yaqinlashish o'z navbatida juda ehtiyotkorlik bilan amalga oshiriladi. Chunki ikki mamlakat bir birdan iqtisodiy, demografik va siyosiy jihatdan solishtirarli ahvolda emas. Ayniqsa Rossiyaning Sharqiy hududlari bir kun kelib Xitoyning provinsiyalariga aylanish havfi Rossiyaning eng asosiy muammosidir. Shuning uchun hozircha ikki mamlakatning aloqalarini yahshilanishi faqatgina iqtisodiy ahamiyatga egadir.


Rossiyadan Xitoyga neft eksport qilinishini yo'lga qo'yilishiga bir nechta omillar sabab bo'lgan.
1. Rossiya ishlov berilmagan mahsulotlarini sotib oluvchilar ro'yhatini kengaytirmoqchi, ayniqsa bir biri biridan siyosiy jihatdan tubdan farq qiluvchi mijozlar bilan.
2. Mamlakatning juda sust rivojlangan sharqiy va markaziy hududlarini rivojlantirish, infrastrukturalar tashkil qilish, aholi o'sishini ta'minlash va shu orqali Xitoyning demografik havfiga "damba" yasash.
3. Xitoy bilan aloqalarni kengaytirib Rossiya iqtisodini turlicha tarmoqlar bilan ta'minlash va massiv eksportdan keladigan daromadni mamlakat ichkarisidagi ishlab chiqarish bilan muvozanatlashtirish.
4. Mamlakat resurslarini "Shardan-G'arbga" masofasini qisqartirish, transport chiqimlarini kamaytirish.
5. Arktikadagi tabiy resurslarni qazib olishni yo'lga qo'yish va bunda AQSh, Kanada va Yevropa mamlakatlari bilan bo'ladigan hududiy bahslarda Xitoyning diplomatik jihatdan qo'llab quvvatlashiga suyanish.
6. Mamlakatdagi Gazprom monopoliyasini boshqa tarmoqlar orqali cheklash.
7. Yevropa va G'arb mamlakatlaridan farqli o'laroq o'ziga doimiy va barqaror sherik topish.

Bitimga ko'ra Rossiya 25 yil davomida Xitoyga neft yetkazib berishi ko'zda tutilgan. Umumiy bahosi 270 milliard AQSh do'llari bo'lgan bu eksport o'zida 365 million tonna neftni jamlagandir. Neftni yetkazib berish Sharqiy Sibir - Tinch okeani quvur transporti orqali amalga oshiriladi. Ushbu neft quvur transporti Rossiyaning neft mahsulotlarini Xitoyga va Tinch okeani orqali AQSh, Yaponiya kabi mamlakatlarga eksport qilishni mo'ljallab qurilgan bo'lib, uni qurilishiga Xitoy 2009-yilda o'zining 25 million AQSh dollar miqdoridagi sarmoyasini kiritgan edi.
Hozirda neft yetkazib berish allaqachon boshlab yuborildi. Moskva hozircha Xitoyga yiliga 15 million tonna miqdorda neft yetkazib berishni mo'ljallamoqda. Lekin bu ko'rsatkich yillar o'tib o'sishi kuzatilmoqda, ya'ni 2014-yilda 17 million, 2015 yilda 20 million tonna neftni. Bu esa hozirda Rossiyaning birinchi raqamli neft iste'molchisi bo'lmish Germaniyaning neft importiga tengdir.

Sharqiy Sibir - Tinch okeani neft quvuri

Rossiyaning eksportning bunday azimutda o'zgartirishi dunyodagi neft-gaz bozorini muvozanatini o'zgartirib yuborishi mumkin. Hususan Yevropa mamlakatlari Rossiyaning ishlov berilmagan mahsulotlariga birmuncha qaram bo'lib, ularning miqdroini kamaytirilishi dunyo bozorida bahoning ko'tarilishiga olib kelishi mumkin. Bu esa kelajakda Yevropani dunyo siyosiy maydonida Rossiya bilan kelishgan holatda ish olib borishga majbur qiladi. So'ngi yillardagi G'arb dunyosini Rossiya hududini sezilarli darajada "qurshab" olishi va Arab dunyosidagi Rossiyaning ittifoqchi kuchlarini qulatilishi va tajovuzlar (Liviya, Suriya) uning tashqi iqtisodiy siyosatini qayta ko'rib chiqishga olib keldi. Uni ustiga Yevropa Ittifoqi ichkarisida yuz berayotgan iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklar ham Rossiyani undan uzoqlashishiga majbur qilishi mumkin.
Shu o'rinda eslatib o'tish lozimki ushbu bitim Eronning hozirgi vaziyatiga kuchli ta'sir etishi mumkin. Shu davrgacha Eron uchun Xitoy eng katta sotib oluvchi mamlakat bo'lib kelgan, Xitoyning 10-16% importini Eron mahsulotlari tashkil etar edi. Lekin so'ngi yillardagi Xalqaro sanktsiyalar birinchilardan bo'lib bu ikki mamlakatni sherikchiligiga putur yetkazgan bo'lsa, ikkinchi tomondan Arab dunyosidagi qo'zg'alishlar va ayniqsa Yaqin Sharqdagi tartibsizliklar - Xitoy uchun kelajakda Eronning barqaror sherik bo'lishida shubha uyg'otdi. Forz ko'rfazidagi Arab-Fors (Sunniy-Shia) ideologik raqobatlari esa bu hududni kelajakda to'qnashuvlar o'chog'iga olib kelishi mumkin. Shularni hisobga olgan holatda Xitoy ham o'ziga barqaror eksportchi mamlakatni izlashga tushib ketdi. 


Xulosa qilib shuni aytish lozimki Xitoy bilan Rossiya o'rtasidagi ushbu bitim hozirgi kunda faqat va faqat iqtisodiy ahamiyatga ega. Ikki mamlakatni hozirgi kunda birlashtirib turgan narsa umumiy iqtisodiy manfaatlar va tashqi siyosatdagi yo'nalishdagi G'arb siyosatiga umumiy ehtiyotkorlikdir. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий