01.07.2013

Mo'g'uliston - yangi "Eldorado"?


Biz Mo'g'uliston mamlakati haqida eshitganimizda birinchi navbatda ko'z oldimizga dasht va cho'llardan tashkil topgan va aholisi asosan chorvachilik, mayda dehqonchilik bilan shug'ullanadigan mamlakat keladi. Haqiqatdan ham bu mamlakat butun XX-asr davomida ikki yirik sotsialistik mamlakatlar -Sobiq Sovet Ittifoqi va Xitoy orasida o'zini na siyosiy jihatdan na iqtisodiy jihatdan namoyish qila olmagan. Bu holat hatto sotsialistik blokning qulashi bilan ham davom etdi, Mo'g'uliston dunyo haritasidagi ulkan hududiga qaramasdan hech qanday ahamiyatga ega bo'lmagan davlat sifatida qaralib kelingan. Lekin so'ngi besh yil ichida vaziyat tubdan o'zgardi. Mamlakatning YIM mahsulotidagi o'sish o'rtacha 6% (2010) dan 17%ga (2013) oshishi kutilmoqda, kelajakda ham bu o'sish shu ahvolda davom etishi va Mo'g'uliston o'zining YIM har ikki yilda ikki barobarga ko'paytirib borishi mumkinligi ko'zda tutilmoqda. Ho'sh nimani hisobiga? Bugungi maqolamiz aynan shu mavzuga bag'ishlanadi.

Mo'g'uliston xaritasi

Ham geografik, ham demografik va ham harbiy jihatdan juda noqulay vaziyatda bo'lgan Mo'g'uliston uchun yorqin kelajakka yo'l ochilishi mumkin. Mamlakatning geografik joylashishi o'ta noqulaydir. Mamlakatda dunyo okeanlariga chiqish uchun hech qanday imkoniyat yo'qdir. Quruq va kontinental iqlimi esa qishloq ho'jaligi rivojlanishiga to'sqinlik qiladi. Bunday iqlimning natijasi o'laroq Mo'g'uliston hududi deyarli to'laligicha dasht va cho'llardan tashkil topgan. Sibirdan kirib keluvchi sovuq havo massalari havo haroratini qishda  -20°gacha tushirsa, Gobi cho'li orqali kirib keluvchi issiq havo bosimlari yozgi haroratni +50°gacha yetkazadi. Mamlakatda an'anaviy tarmoq sifatida chorvachilik rivojlanib kelgan. Bunday qiyin sharoitlar va davlatning dini uning demografik ahvoliga katta ta'sir ko'rsatgan.

Demografiya


XIII-asrda Chingizhon tomonidan asos solingan imperiya orqali Mo'g'ullarning dunyo bo'ylab yoyilishi uni aholisini tez o'sishiga olib kelgan bo'lsa, keyinchalik Tibet Buddizimini kirib kelishi bilan aholi o'sishi keskin darajada kamayib ketdi. XX-asr boshlariga kelib Mog'uliston aholisi 500 000 kishiga arang yetardi. Sovet Ittifoqining ta'siri ostida dinning ta'siri keskin chegaralanib, infrastrukturalarni rivojlanishi va aholiga tibbiy hizmat ko'rsatish darajasini yahshilanishi oqibatida aholida qayta o'sish kuzatiladi. 80-yillarga keliboq Mo'g'uliston aholisi 1,5 milliondan oshib ketdi. 60-yillarda aholini o'sish darajasi har 1000 kishiga 47 kishigacha yetib bordi. Lekin 90-yillarga kelib Kommunistik blokni qulashi oqibatida, aholini ijtimoiy ahvoli yanada og'irlashdi va tabiiy ko'payish yana salbiy tarafga pasayib ketdi. Mutaxassislarning hisob kitobiga ko'ra 90-yildan keyingi 10 yil mobaynida Mo'g'ullar soni atigi 300 ming kishiga ko'paygan holos. Hozirda Mo'g'uliston aholisi 3 milliondan ortiq kishini tashkil qiladi, aholi zichligi har bir km²ga 1,8 kishini, yillik o'sish 1,44% ni, o'rtacha yosh ayollarda 70, erkaklarda esa 65 yoshni tashkil qilmoqda. Aholi tarkibida Mo'g'ullar soni 95%ni tashkil qiladi.




Mo'g'uliston aholi zichligi xaritasi

Shuni eslatib o'tish kerakki 9 milliondan ortiq Mo'g'ullar Mo'g'uliston hududidan tashqarida yashaydi, shulardan 5,8 millioni Xitoyda. Ushbu qaltis demografik holat Mo'g'ulistonni kelajakdagi hayotini tubdan o'zgartirib yuborishi mumkin, uning chegaradosh qo'shnisi Xitoyni aholisi hozirda 2 milliardga yaqinlashib qoldi. Bundan tashqari Xitoyning harbiy va iqtisodiy qudrati kundan kunga oshib bormoqda, Mo'g'ulistonning asosiy "og'asi" bo'lmish Rossiyaning esa demografik holati deyarli krizis holatida, iqtisodiy rivojlanishi esa o'ta noteks bo'lib asosan uning Yevropa qismiga to'plangandir, Mog'uiston va Xitoy bilan chegaradosh hududlari esa deyarli (Xitoyga nisbatan) bo'shliqdir. Kelgusi 100 yillikda Mo'g'uliston Xitoy tomonidan "yutib" yuborilishi mumkin.
Harbiy kuchlar
Mo'g'uliston yuqorida aytib o'tganimizdek ohirgi 50 yil davomida deyarli Sovet Ittifoqining vassali sifatida yashab keldi. Ayniqsa uning harbiy kuchlari chegaradosh qo'shnilariga nisbatan "kulgili" desak hato bo'lmaydi.
Hozirda Mo'g'ul harbiy kuchlari 10000 kishidan iborat bo'lib, uning rezervdagi askarlari soni 137 ming kishini tashkil qiladi (Xitoyning faol askarlari soni 2 million 200 mingdan oshadi). Uning harbiy byudjeti yiliga 20 million AQSh dollarini tashkil qiladi. Mamlakat harbiy texnikasini 90% Sovet Ittifoqining texnologiyalari bo'lib asosiy qismi juda eskirgandir. Qolgan 20%ini Rus harbiy texnikasi tashkil qilib, mamlakatda hech qanday harbiy sanoat sanoat komplekslari rivojlanmagan. Mo'g'uliston bir nechta bor Rossiya va Xitoy bilan hamkorlikda harbiy mashg'ulotlar o'tkazib turadi. Hozirgi holatda u o'zining harbiy havfsizligini ikki qo'shnisini qo'liga butunlay topshirib qo'ygan va ular orasidagi raqobatdan foydalangan holda o'rtada tarozini goh u pallasiga goh bu pallasiga bosib turadi.
Shu davrgacha mamlakat ham strategik jihatdan deyarli kirib bo'lmas bo'lgani uchun G'arb kuchlari bu davlatga harbiy ta'sir kiritishga urinib ko'rishmagan. Mamlakat Shaxay Hamkorlik Tashkilotining rasmiy kuzatuvchisidir.
Iqtisod

Mo'g'uliston iqtisodi huddi boshqa tarmoqlari kabi sust rivojlangan. Yillik YIM 2008 yilda 10 milliard AQSh dollarini tashkil qilgan. Infrastrukturani asosiy qismi Sovet Ittifoqi yordamida tashkil qilingan bo'lib hozirgi kunda juda eskirgan holatga kelgan. So'ngi yillarda xizmatlar tarmog'i mamlakatning asosiy (58%) iqtisodiy bo'g'iniga aylanadi. Bu birinchidan chet el investitsiyalarini jalb qilish bo'lsa, ikkinchidan turizm va elektroenergiya tarmog'ini rivojlanishi bo'ldi.
Haqiqatda ham Mo'g'uliston nafaqat an'anaviy energetikani, balki noan'anaviy energiya manbalarini rivojlantirish orqali ko'pchilik mamlakatlarni ortda qoldirib ketdi, hozirda aholini 70%i quyosh energiyasi yordamida yaratilgan elektr tokini iste'mol qiladi. Bu rivojlanish mamlakatning kelajakdagi Tog'-Kon sanoati portlashida ham katta rol o'ynashi turgan gap. 2010-yilga kelib mutaxasisslar Mo'g'uliston yer osti qazilma boyliklari zahiralari hajmi kutilmagan darajada ulkan ekanliklarini ta'kidlashadi, jumladan Mis zahiralari bo'yicha Mo'g'uliston dunyoda allaqachon birinchilikni egallab oldi, bundan tashqari ko'mir, oltin va uran resurslari bo'yicha dunyoda 1-beshlik mamlakatlar qatoriga kirdi.
2010-yildayoq Ingliz-Avstaliya multinational kompaniyasi Rio Tinto o'zining 4 milliard AQSh dollarlik (2010-yildagi mamlakat YIM miqdorining yarmiga teng) sarmoyasi bilan birinchi hujumni boshlab beradi. 

Mo'g'uliston Yer osti qazilma boyliklari zahiralari haritasi

Shundan so'ng birin ketin chet el sarmoyalari kirib kela boshladi, jumladan Rus va Xitoy korxonalari Mo'g'uliston bilan ko'mir va mis qazib olish bo'yicha yirik shartnomalar tuzdilar. Xitoydan 200 kilometr uzoqlikda, mamlakatning janubida joylashgan Oyu Tolgoy et Tavan Tolgoy konlari Xitoyni kelajakdagi 100 yil davomida ko'mir bilan ta'minlash imkoniyatiga ega. Rossiya masalaga ko'proq strategik jihatdan yondoshmoqda, ko'mir, mis va oltin qazib chiqarish bilan bog'liq shartnomalardan tashqari Rossiya birinchilardan bo'lib Mo'g'uliston bilan Uran qazib olish bo'yicha shartnomani imzolashni uddasidan chiqdi.
Zahiralarning miqdoriga qaramasdan mamlakat aholisining yashash sharoiti og'irligicha qolmoqda, hozirgi kunda Mo'g'ullarning 39%i kambag'al holatda yashashadi, tuzilayotgan shartnomalar asosan o'rta hisobda 35% Mo'g'uliston hisobiga qolgan qismi sarmoyadorlarga bo'lingan holda tashkil qilinmoqda. Aholining katta qismi hali ham ko'chmanchilik asosida hayot kechiradi. Mamlakat poytaxti Ulan-Bator atrofida so'ngi yillarda davlat nazoratidan holi ravishda ulkan tashlandiq kvartallar vujudga kelgan. Lekin poytaxtning markazlarida dunyoning qimmatbaho markalarining do'konlarini uchratishimiz mumkin, bu esa mamlakatda iqtisodiy va ijtimoiy tengsizlik naqadar avj olganidan dalolat beradi. Bundan tashqari mamlakatda aholi orasida tog'-kon sanoatini rivojlantirish uchun mutahassislarning deyarli yo'qligi, bu sanoatga moslashgan infrastrukturalarni poydevoridan boshlab tashkil qilishni talab qiladi. Ijtimoiy sohadagi qiyinchiliklar esa Mo'g'ulistonni yanada ko'proq chet el mamlakatlari yordamining qaramiga aylanishiga olib keladi. Mamlakatda jumladan korruptsiya iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli avj olgan. Bu holat kichik tarmoqdan tortib yuqori lavozimli ma'sullargacha yetib borgan. Eng so'ngi prezidentlik saylovlari shu yilning 26-iyunida bo'lib o'tdi va unda mamlakatning oldingi prezidenti Tsaxiagiyn Elbegdorj 60%ga yaqin ovoz bilan qayta saylandi. Kuzatuvchilarni fikriga ko'ra bu galgi saylovlar oldingilariga qaraganda ancha korruptsiyadan holi bo'lgan.

Ayiq va Ajdarho changalida

Bundan keyingi Mo'g'ulistonning geopolitikasi uni o'z suverintetini va hududlarining dahlsizligini to'la saqlab qolishga qaratiladi, bunday himoya strategiyasi asosan 3 ko'lamda olib boriladi.
 
1. Mamlakat ichki siyosatida harbiylashtirishni kuchayishi kutiladi. Kelajakdagi 10 yillikda Mo'g'ulistonning harbiy sohaga ajratadigan byudjeti 20 million AQSh dollarini tashkil qilishda davom etishi mushkul masala, hozirgi holatga ko'ra, ya'ni Mo'g'uliston va uning qo'shnilari orasidagi harbiy muvozanatga ko'ra Mo'g'uliston deyarli "ochiq dala" desak mubolag'a bo'lmaydi. Mavjud armiya kam sonli bo'lishidan tashqari professional ahamiyatga ega emas. Mamlakatning havo kuchlari asosan transport, ya'ni front ortidagi urushlarga mo'ljallangan. Shuni hisobga olgan holda Mo'g'uliston ko'ptomonlama kuchlar bilan muvozanatni ushlab turish uchun hamkorlikni davom ettirmoqda, Rossiya va Xitoy bilan harbiy mashg'ulotlardan tashqari mamlakat BMT harbiy operatsiyalarida ham faol qatnashib keladi, jumladan Iroq, Serra Leone, G'arbiy Sahara va Afg'onistonda. Hozirda dunyo bo'ylab Mo'g'uliston hududidan tashqarida 1500dan ortiq Mo'g'ul askarlari xizmat qilmoqdalar. Bu hamkorlikning strategik ahamiyatidan tashqari, Mo'g'ul askarlarining chet mamlakatlardagi urushlardan orttirgan tajribalari mamlakatnng harbiy qudratini oshirishga ko'maklashishi ko'zda tutilgan.

2. Regional siyosatda Mo'g'uliston Rossiya va Xitoy orasidagi iqtisodiy va siyosiy raqobatda o'z muvozanatini topa bila olishi lozim bo'ladi. Albatta Xitoy Mo'g'ulistonning birinchi iqtisodiy sherigidir, u 70% Mo'g'ul eksportini o'zida jamlagan. Lekin Rossiya shubhasiz ravishda Mo'g'ulistonning birinchi raqamli resurs bilan ta'minlovchi mamlakatidir, neftning 95%, bug'doyning 80% va gazning asosiy qismi Rossiyadan import qilinganligi tufayli Mo'g'uliston sobiq "og'a"siga qaysidir ma'noda qaramligicha qolmoqda. Ohirgi paytlardagi yoqilg'i energiyasining bahosini keskin o'sishi bilan ahvol yanada yomonlashgan. Hozirning o'zidayoq Mo'g'uliston bu ikki yirik davlat o'rtasida "mushuk-sichqon" o'ynashni boshlab yuborgan, masalan Rossiya bilan Uran qazib chiqarish bo'yicha shartnoma tuzilishidan bir hafta o'tar o'tmay Xitoy bilan 500 million AQSh dollari miqdorida iqtisodiy-strategik shartnomalar tuziladi, bu holat hatto mamlakat prezisentini tashriflarida ham namoyon bo'lgan, Moskvaga yoki Pekinga tashrifdan so'ng 10 kun ichida Mo'g'ul prezidentini boshqa qo'shnisining poytaxtida uchratishimiz aniq bo'lib qoldi.

3. Xalqaro maydonda Mo'g'uliston, qo'shnilarini g'azabiga duchor bo'lishdan saqlangan holda asta sekinlik bilan uzoq chet el mamlakatlari bilan yaqinlashishda davom etmoqda. Jumladan eng yaqin hamkorlar qatoriga Yaponiya, AQSh, Daniya va Germaniyalarni qo'shishimiz mumkin. Hamkorliklar turli hil sohalarda olib boriladi. Masalan iqtisodiy sohada: Mo'g'uliston Yevropa Ittifoqining ko'pchilik mamlakati bilan bojxona xizmatlarini yengillashtirgan, yoki siyosiy maydonda: Mo'g'uliston Shimoliy Koreya masalalari bo'yicha Yaponiyaning vakili hisoblanadi va harbiy sohada: Mo'g'ul qo'shinlari Iroq urushida AQSh qo'shinlari bilan bir qatorda turib xizmat qildilar. Mo'g'ulistonning iqtisodiy va siyosiy zaifligi bunday yaqinlashishlarning asosiy sababidir, xalqaro maydonda o'z mavqeini mustahkamlash unga ham suverentitetni saqlashda, ham investitsiyalarni jalb qilishda ko'mak beradi. 

Mo'g'ul askarlari Iroqda

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak: Yaqin kelajakda Mo'g'ulistonning odatiy siyosiy-iqtisodiy ko'rinishi tubdan o'zgarishi kutiladi. Agar hukumat chet el sarmoyalaridan unumli foydalangan holda ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmalarni rivojlantira olsa, mamlakat dunyoga iqtisodiy faolligi bilan tanilishi mumkin va Fors ko'rfazi mamlakatlari kabi resurslar eksportidan bank-moliya tizimi yoki ekologik infrastrukturalarni rivojlantirish orqali o'z kelajagini kafolatlab olishi mumkin. Lekin sahnaning salbiy tomonga burilib ketish havfi ham yo'q emas, mamlakat hududining kengligi va deyarli aholi yo'qligi uni bir nechta muhim strategik regionlarini boy berib qo'yishiga ham olib kelishi mumkin. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий