26.07.2013

Tojikiston - yakkalantirish siyosatining qurboni?

Tojikiston haqida hammamiz eshitganmiz, lekin bu mamlakat haqida ko'pchilik chuqur bilimlarga ega emas. Buning sabablari ko'p bo'lishi mumkin, lekin asosiy sabab ikkita: 1. Sovet Ittifoqi davridayoq Tojikistonning boshqa Sovet mamlakatlari bilan aloqasining sustligi, iqtisodiy qoloqligi va uning milliy chegaralanish davrida hech qanday madaniy markaz yoki sivilizatsiya atrofida tashkil qilinmaganidir. 2-sabab Sovet Ittifoqi parchalanishi bilan Tojikiston fuqarolar urushiga sho'ng'idi, natijada unga qo'shni bo'lgan mamlakatlar bu fuqarolar urushini o'z hududlariga o'rmalab ketishini oldini olish maqsadida u bilan chegaralarini batamom yopadilar. Buning oqibatida Tojikiston nafaqat o'zining geografik jihatdan noqulay o'rni, balki fuqarolar urushida ko'rgan talofatlari, ustiga ustak diplomatik yakkalanishning ayanchli qurboni bo'ldi. Mamlakat hali hozirgi kungacha o'z qaddini rostlagani yo'q, Hozirda mamlakat dunyoning eng kambag'al mamlakatlari o'nligiga kiradi (ushbu o'nlikda Qirg'iziston ham bor), mamlakat qarzi uning YIM ning 30%dan oshig'rog'ini tashkil qiladi. Hozirda mamlakatning asosiy iqtisodiy poydevorini chet ellarda ishlayotgan Tojikiston fuqarolarining kiritayotgan valyutalari tashkil qiladi.
Ho'sh tojikistonni qanday kelajak kutmoqda? Hozirgi vaziyatdan chiqish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?



Dastlab Tojikistondagi asosiy muammolarga to'htalsak, garchi ularning son sanog'iga yetish amrimahol bo'lsa ham, biz uni bo'limlarga ajratib ko'rsatishga harakat qilamiz.

Siyosiy muammolar

Yuqorida aytib o'tilganidek Tojikiston Sovet Ittifoqi mamlakatlari orasida fuqarolar urushiga g'arq bo'lgan yagona mamlakat bo'ldi. Bu urushni sodir bo'lishi esa Tojikiston mamlakatini yaratilish tarihiga borib taqaladi.
Aslida kim o'zi Tojiklar? Bu savolga aniq javob berish qiyin, chunki Tojiklar asrlar davomida millat sifatida emas balki elat sifatida yashab kelganlar (Huddi O'rta osiyoning boshqa xalqlari kabi, jumladan o'zbeklar). Tojiklar o'rta osiyoda o'zbeklar, qirg'izlar, qozoqlar va boshqa millatlar bilan Buhoro Amirligi va Qo'qon xonliklarida qorishib yashaganlar. Oktyabr revolyutsiyasidan keyin Sovetlar O'rta Osiyoda milliy chegaralanish ishlarini boshlab yuboradilar, lekin aslida bu hududda millatlar aholining genetik kelib chiqishi bilan emas balki qaysi hududga tegishliligi bilan shakllangan edi. masalan Xiva xonligidagi o'zbek bilan Qo'qon xonligidagi o'zbek bir birni bir millat deb hisoblamas edilar, balki bir elat, lekin boshqa boshqa millatga tegishli kishilar deb hisoblar edilar. Huddi shu kabi tojik aholisi orasida ham bu tafovutlar mavjud edi va bu nafaqat xonliklararo balki shaxarlararo ahamiyatga ega edi. Jumladan Buhoro amirligining o'zida ham Buhoro tojiklari bilan Samarqand tojiklari oorasida juda kuchli raqobat mavjud bo'lgan, chunki ular o'zlarini birinchi navbatda tojik deb emas balki Samarqandlik yoki Buhorolik deb atashgan.
Milliy chegaralanish boshlanishi bilan Sovetlar O'rta Osiyodagi uchta asosiy siyosiy va madaniy markazlarni asta sekinlik bilan bir biriga qarama qarshi milliy-davlatlarga aylantira boshladilar. Dastlabki bosqichda o'troq aholi bilan ko'chmanchi aholi alohida ajratib olinadi. Sovet Ittifoqi xalqlari deklaratsiyasi bilan eski mamlakat markazlari butunlay yo'q qilinib, ularni hududlari turli qisimlarga bo'linib yuboriladi. Eski poytahtlar oddiy shaxarlarga, xonliklar esa turlicha yangi mamlakatlarga bo'linib yuboriladi. Bu bo'linish ayniqsa Tojiklar uchun ayanchli natijani olib keladi. Chunki eski madaniyat markazlari bo'lgan shaxarlardan hech qaysisi Tojiklar uchun ajratib berilmaydi. O'rta Osiyoning janubiy sharqida joylashgan tog'li hududlarga sobiq Buhoro amirligi va Qo'qon xonligi hududlaridan tojiklar ko'chirib olib kelinadi. Dastlab bu mamlakatga O'zbekiston SSR tarkibidagi avtonom sotsialistik respublikasi maqomi beriladi, keyinchalik 1929-yilda u to'laqonli Tojikiston SSR deya e'lon qilinadi.
Tojikistonning bu tarzda "yaratilishi" uning bugungi kundagi kelajagini belgilab berdi. O'sha davrdayoq Tojikiston Kommunsitik partiyasining bosh sekretarlari faqat rus yoki o'zbek millatlarining vakillari bo'lgan bo'lib, ulardagi manfaatlar asosan markazni yoki mahalliy o'zbeklarning manfaatlariga hizmat qilgan. uni ustiga Moskva Gorno-Badahshon viloyatiga faqat markazga bo'ysunish maqomini berib mamlakat ichidagi parokandalikni yanada kuchaytirdi. 1990-yilda Sovet ittifoqining parchalanishi bilan ushbu mahalliy kuchlar o'rtasida hokimiyat uchun kurash boshlanib ketdi. Bir tomonda mamlakatda odatiy hokimyatni egallab kelgan Leninobodlik o'zbeklar, boshqa tarafda Ko'lob va Garm klanlaridan tashkil topgan tojiklar, uchinchi tomonda esa islomiy-radikal guruhlar bilan boshqa muholifat kuchlari 5 yil davomida qonli urushga kiradilar.
Lekin fuqarolar urushi kutilgan natijani bermaydi, ya'ni aniq bir tomon g'olib chiqqan holatda butun mamlakatda nazorat o'rnatmaydi. Balki O'zbekiston va Rossiyaning bosimlari bilan fuqarolar urushiga chek qo'yiladi, lekin mamlakatdagi mahalliy kuchlar orasidagi kelishmovchiliklar to'laligicha yechilmaydi. Bundan tashqari urush davomida 100 minga yaqin aholi o'ldiriladi, 1,5 million kishi mamlakatni tark etadi.
Mazkur mojaroning hozirgi Tojikiston siyosatida tutgan o'rni markaziydir. Chunki ushbu urush natijasi o'laroq Tojikistonning o'z qo'shnilari bilan aloqalari yomonlashdi, ayniqsa O'zbekiston bilan. Bundan tashqari mamlakatda rivojlanishni kuchaytirishga yordam  beruvchi chet el investitsiyalari hali hozirgacha bu hududga havfsirash bilan nazar soladilar. Rossiya uchun esa Tojikiston Afg'onistondagi ekstremik kuchlarni kirib kelmasligini ta'minlovchi sinov maydoniga aylandi. Bundan tashqari rus, o'zbek va tojik mafiyalarining bu hudud orqali narkotik va qurol olib o'tish tadbirkorliklari mamlakatdagi ahvolni yahshilashga hech bir hukumatni undamadi.
2001-yilda AQShning Afg'onistonga kirib kelishi bilan vaziyat o'zgacha tus oldi, Tojikiston va boshqa O'rta Osiyo mamlakatlari bu hududning dunyoning qudratli mamlakatlari nazariga tushib borayotganini sezib qolishdi. Bunday fursatdan foydalanib qolish uchun Tojikiston ham yirik qudratli mamlakatlar orasidagi kuchlar nisbati tarozisini goh u yoqqa goh bu yoqqa og'dirishni boshlab yubordi. Tojikiston hududi uchun 4 yo'nalishli raqobat mavjud edi: 1. Rossiya-AQSh, 2. Rossiya-Xitoy, 3. Xitoy-AQSh, 4. Eron-AQSh;
Lekin natijalar kutilganideki bo'lmadi, balki ahvol bundanda yomonlashdi. Yuqoridagi raqobat sxemasi orqali o'zini rivojlantirishga urinayotgan Tojikiston uchun o'zbekiston katta to'sqinliklar paydo qildi, jumladan Rossiya bilan Tojikiston aloqalarini yahshilanishiga O'zbekiston muntazam o'z e'tirozini bildirib keldi, AQShning O'zbekiston bilan hamkorlikka muhtojligi va Rossiya, Xitoy bilan aloqlarni yomonlashtirmaslikka harakati uni Tojikiston bilan yaqinlashishiga yo'l bermadi. Eronga kelsak, Islomiy revolyutsiyadan beri Eron fors mamlakatidan ko'proq shialar mamlakatiga aylangan edi, ikki davlat o'rtasidagi bu farq, Eronning o'z iqtisodiy qiyinchiliklari va ikki davlat o'rtasidagi mahsulotni almashinishiga O'zbekistonning halaqiti bu davlatlarni hamkorliklarini mustahkamlashga imkon bermadi. Afg'oniston bilan aloqalar yahshiligi esa mamlakat uchun deyarli hech narsani o'zgartirmaydi. mazkur Afg'on hukumati korruptsiyaga botgan, Afg'oniston esa deyarli iqtisodiy infratuzilmalarga yoki siyosiy kuchga ega emas. 2014-yilda NATO qo'shinlarining Afg'onistondan chiqarilishi Karzay uchun fojeali oqibatlarni olib kelishi mumkin.

Iqtisodiy muammolar


O'z ozidan ma'lumki Tojikiston iqtisodi Sovet Ittifoqi davrida asosan qishloq ho'jaligiga asoslangan edi. Bundan tashqari 5 yil davom etgan fuqarolar urushi mamlakatdagi mavjud tizimni butunlay yo'q qildi. Hozirda Tojikiston chet ellardan keluvchi yordamlar va aholisining Rossiya orqali jo'natayotgan puliga yashamoqda desak mubolag'a bo'lmaydi. Mamlakat taqdiri yaqin kelajakda o'zgarishi kutilmaydi, o'zining iqtisodiy jihatdan eng baquvvat qo'shinsi va ehtimolga yaqin iqtisodiy sherigi bo'lishi kerak bo'lgan O'zbekiston bilan aloqalar deyarli krizis holatida.
O'zbekiston fuqarolar urushi davomida Tojikistonning Lelinobod klaniga o'zining katta yordamini ko'rsatgan edi, urinishlarga qaramasdan Lelinobod klani hokimyat uchun kurash maydonidan itqitib tashlandi. Natijada O'zbekiston uchun boshqa yo'l qolmaganidan, ya'ni Tojikiston hukumatiga radikal-islomiy guruhlar kelishini oldini olish maqsadida, Imomali Raxmonovning prezident bo'lishi uchun yordam qo'lini cho'zgan edi. Shuning natijasi o'larioq ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalar urush tugagandan keyin ham yahshilanmadi, balki yomonlashdi. 2000-yilda Tojikiston hududi orqali O'zbekistonga islomiy jangarilarni kirib kelishi esa ikki mamlakat orasidagi kelishmovchilikni ochiqdan ochiq krizis holatiga keltirib qo'ydi. Garchi O'zbekiston Tojikiston hududining dahlsizligiga zarar yetkazmagan bo'lsada, uni iqtisodiy jihatdan qattiq iskanjaga oldi. Gaz-elektr yetkazib berishni uzluksiz ta'minlamaslik, chegaralardagi minalarni zararsizlantirmaslik, tojik fuqarolariga viza rejimini o'rnatilishi va Rossiyaning Tojikistonga yordam berishni to'htatish orqali O'zbekiston Tojikistonni sillasini quritdi. o'z navbatida Tojikiston ham ekonomik shantaj metodini boshlab yubordi. Suv yetkazib berishni ta'minlamaslik, Rongun suv omborini qurilishini boshlab yuborish, o'zbek fuqarolariga viza rejimini o'rnatish kabi usullar Tojikistonning o'zbek hukumatiga bergan javoblari edi.
Lekin bu "sovuq urush" har doim Tojikistonning zarari hisobiga bo'lib kelmoqda, chunki O'zbekistondan farqli o'laroq Tojikiston geografik jihatdan o'ta yopiq mamlakat bo'lib, uning boshqa dunyo bilan aloqasi o'zbek hududisiz amalga oshirilishi mushkul ish.
Rossiya bilan aloqalar ham so'ngi yillarda mushkul bosqichlarni bosib o'tdi. Jumladan Rossiya uchuvchilari bilan bo'lgan mojaro Tojikistonning ham siyosiy ham iqtisodiy ahvoliga katta ziyon yetkazdi. Aholining asosiy faol qismi Rus yerdaligini hisobga olgan holatda Tojikiston hozirda Rossiyaning iqtisodiy qaroliga aylanib qolishi hech gap emas. Uni ustiga so'ngi yillarda Rossiyada ishlovchi immigrantlarning Tojikistonda qolgan oilalarini o'zi bilan birga butunlayga Rossiyaga olib ketishi ko'p kuzatilmoqda. Bu esa Tojikiston uchun ham demografik, ham iqtisodiy yo'qotishdir.
Eron bilan aloqalar 2001-yilda AQShning Afg'onistonga kirib kelishi bilan bir muncha faollashgan edi. lekin Eron xalqaro iqtisodiy sanksiyalarning og'irligidan Tojikiston iqtisodini tubdan o'zgaritib yuborish imkoniyatlariga ega emas edi. Ayniqsa so'ngi yillarda ham Erondagi haqiqiy yordam berish hohishining yetarli emasligi va O'zbeksitonning kirib kelayotgan mahsulotlarini to'htatib qo'yishi ikki mamlakatning hamkorliklarini susaytirdi. Erondagi ohirgi prezident saylovlarida g'olib chiqqan Hasan Ruhaniy, shu yilning avgustidan boshlab hukumat tepasiga kelishi kutilmoqda, uning Tojikiston bilan aloqalarinini qanday olib borishini hozircha tahmin qilishga erta.


Ijtimoiy muammolar

O'z o'zidan ma'lumki bir mamlakatda siyosiy va iqtisodiy muammolar mavjud bo'lsa, bu o'z o'zidan uning ijtimoiy ahvolini ham yomonlaydi. Tojikiston ham bundan mustasno emas. Fuqarolar urushining oqibatlari hali hozirgacha o'z ta'sirini saqlab kelmoqda. mamlakatning tibbiyot sohasi deyarli izdan chiqqan, asosiy ikki markaz, Dushanba va Xo'jand o'zining eng kichik tibbiy tuzilmalari bilan aholiga arang hizmat ko'rsatib kelmoqda. Mamlakat ta'lim tizimi ham haligacha o'z me'yoriga tushganicha yo'q. Hozirda mamlakatdagi yuqori tug'ilish nisbati oqibatida o'qituvchilar tanqisligi yaqqol sezilmoqda. Uni ustiga mamlakatda "oqillar ko'chishi" hodisasi 1992-yildan beri davom etib kelmoqda. Aholiga kommunal hizmat ko'rsatish ham eng past ko'rsatkichlarda.mamlakat na elektr, na gaz va na neft mustaqilligiga erishgan emas. Bularning natijasi o'laroq mamlakatda darahtlar sonining yoppasiga kamayib ketishi keyingi yillarda sezilarli darajada ko'zga tashlangan.

Geostrategik vaziyat

Hozirda Tojikiston o'ta qaltis geostrategik holatga tushib qoldi. Shimolda va g'arbda O'zbekiston uni to'laqonli blokadaga tushirib qo'ygan, Tojikiston bilan bog'liq har qanday aloqalar uzib qo'yilmoqda. Jumladan bugungi kunda ikki mamlakat o'rtasida havo yo'llari orqali transportlar butunlay to'htatilgan. O'zbekiston Tojikistonni aylanib o'tish uchun 3000 metrga yaqin balandlikda bo'lgan Qamchiq dovonidan o'tuvchi avtomagistralni ishga tushirgan, bundan tashqari shu yilning iyun oyida O'zbekiston Tojikiston hududini chetlab o'tish uchun Farg'ona vodiydi bilan Toshkent viloyatini bog'lovchi Angren-Pop temir yo'lini qurishni boshlashni e'lon qilgan.
O'rta Osiyodagi uning yana bir qo'shnisi bo'lgan Qirg'iziston esa kambag'allik jihatidan undan ham orqada turadi. Janubda Afg'oniston 2014-yildagi NATO qo'shinlarining mamlakatni tark etishi bilan yangi fuqarolar urushiga sho'ng'ishi kutilmoqda. Nafaqat fuqarolar urushi, balki Tolibonlarni qaytadan Qobulni egallashlari ko'pchilik mutahassislar tomonidan tasdiqlanmoqda. Mabodo bu siyosiy bashorat o'zini oqlasa Tojikiston o'z o'zidan Tolibonlarning o'ljasiga aylanishi muqarrar. Hususan hozirgi kunda ham Tojikistonning g'arbiy va janubiy tog'li hududlarida radikal-islomiy kuchlarning bazalari joylashgan bo'lib, Tojik armiyasi ularni topib yo'q qilish uchun yetarlicha kuchga ega emas.
Xitoy esa Tojikiston bilan aloqalarni mustahkamlashda o'ta ehtiyotkorlik bilan yondoshmoqda. Chunki o'zining Uyg'ur avtonom viloyatidagi Islomiy-radikal guruhlarning Tojik islomiy kuchlari bilan qo'shilishi uning bu hududlarida notinchliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Boshqa tomondan Tojikiston ham Xitoy bilan yaqin sheriklik munosabatlarini o'rnatish hohishiga ega emas. Aholi orasida bu holat katta noroziliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Jumladan 2011-yilda Xitoyga o'zining 1000 km² hududini sotishi ko'pchilik aholini noroziligiga sabab bo'lgan edi.
Eron bilan aloqalar hozirgi kunda turg'un holatdadir. Kelajakda ham bu borada yahshilanishlar kuzatilishi amrimahol. Chunki Eron bilan Tojikiston aloqalarining rivojlanishi O'rta Osiyodagi "Buyuk O'yin" doirasida edi, lekin bugungi kunda Eron bu kabi yirik geopolitik qimorlarga kirish uchun yetarli kuchga ega emas.
Shunga qaramasdan Tojik hukumati bugungi kunda vaziyatni yahshilash uchun o'ziga yangi sheriklar izlashda davom etmoqda. Shunday izlanishlar oqibati o'laroq Tojikiston Prezidenti o'zining katta ahamiyatga ega delegatsiyasi bilan shu yilning 23-25 iyun kunlari Quvaytga tashrif buyuradi.



Mazkur uchrashuvdan Tojikiston o'z hududidagi moliya tanqisligi tufayli qurilishi cho'zilib ketgan elektr energiya stansiyalari va suv omborlari qurilishini tugallash uchun shartnomalar tuzishni ko'zlagan edi. Aynan shu yo'l bilangina Tojikiston o'zining qo'shisi O'zbekistonning energiya blokadasidan chiqishi va o'z suverentetini saqlab qolishi mumkin.
Ma'lumki Quvayt 2012 yilda Osiyoning Arab bo'lmagan mamlakatlari rivojlanishi uchun 2 millard AQSh dollari miqdorda sarmoya kiritishini e'lon qilgan edi. Arab dunyosidagi notinchliklar va AQShning Fors ko'rfazi mamlakatlari bilan aloqalarining buzilishi oqibatida Quvayt o'ziga boshqa iqtisodiy sheriklarni topishni maqsad qilib qo'ygani aniq. Hususan Tojikistonda Quvaytning o'rnashib olishi Eronning mintaqadagi siyosiy mavqeiga putur yetkazmay qo'ymaydi. Boshqa tomondan bu hamkorlik mazkur tojik hukumati uchun ham qaltis tavakkaldir. Chunki Quvaytning boshqa Fors ko'rfazi mamlakatlari qatorida islomiy-radikal guruhlarni doimiy ravishda moliyalashtirib borishi bugungi kunda hech kimga sir emas, bu esa Tojikiston hududida o'rnashgan jangarilarini e'tiboridan chetda qolmasligi turgan gap.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak bugungi kunda Tojikistonning yakkalanishi birinchi navbatda uning zarariga ishlayotgandek tuyulsada, aslida esa unga qo'shni bo'lgan mamlakatlar o'zlari uchun kelajakda katta havsizlik zonasini yaratmoqdalar desak mubolag'a bo'lmaydi. Na O'zbekiston uchun va na Rossiya uchun o'z biqinida kambag'allik botqog'iga botgan va islomiy-radikal kuchlar ta'siriga tushgan mamlakatdan hech qanday naf yo'q. Mamlakat kelajakda qo'shni mamlakatlarga jangarilar yetkazib beradigan markazga aylanishi mumkin. Uni ustiga hozirda ham O'zbekiston Islomiy Harakatining ko'pchilik bazalari Pokistonning Tojikistonga yaqin bo'lgan shimoliy hududlarida va Tojikistonning janubiy sharqiy hududlarida joylashgan. Farg'ona vodiysidagi bugungi kundagi O'zbek-Qirg'iz mojarolaridan foydalanib bu radikal guruhlar mintaqadagi vaziyatdni tubdan izdan chiqarib yuborishi mumkin. Uning oqibatlarini tuzatish uchun esa ko'plab yillar kerak bo'ladi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий