Muborak hukumati ag`darilgandan o`tgan ikki yil
davomida Misrda demokratiyani qanday qurish masalasi kun tartibining eng yuqori
pog`onasidan tushmay keldi. O`tgan davr mobaynida “demokratiya” shunchalik
rivojlandiki, hurfikrlilik tufayli dunyoning eng katta arab millati bir-birning
qonini to`kib, fuqarolik urushi tomon odimlamoqda.
Musulmonlar Birodarligi va Misr kuchishlatar tizimlari
o`rtasidagi qonli ihtilofni jahon OAVlari tinimsiz yoritib borishmoqda. Shu sababli
biz voqealar rivojiga to`xtalib o`tirmay, keying bosqichlar haqida fikrlashib
ko`ramiz.
Xo`sh, Misrda davom etayotgan qonli voqealar millatni nimaga
yetaklaydi? Voqealar rivoji, undagi guruhlarning manfaat-talablarini hisobga
olib, 3 farazni ilgari surish mumkin.
1. Yarashuv. Ikki
oydan ziyodroq vaqtki, harbiylar hokimiyatni o`z qo`llarida saqlab kelishmoqda.
1928-yildan buyon taqiqlar, cheklovlar va taqiblardan omon qolib kelayotgan
Musulmonlar Birodarligi esa yana bir bor tahdidga uchraganiga qaramay, yashab
qolish uchun jon-jahdi bilan tirishmoqda.
Garchi amalda unchalik qudratga
ega bo`lmasada, Musulmonlar Birodarligining mamlakat aholisiga ta`siri katta.
Shu sababli harbiylar harakatni hali-beri butunlay yo`q qilib tashlasha olishmaydi.
Misrda barqarorlik to`la izdan chiqib ketmasligi uchun har ikkala kuch ham
saqlanib qolish lozim.
Bundan tashqari harbiylar va`da
qilayotgan erkin saylovlar masalasi ham hozir ortiqcha. Sababi har ikki qudrat
bir murosaga kelmas ekan, saylovlar qanchalik erkin va adolatli o`tmasin, biror
natijaga erishish qiyin bo`ladi
Bularning hammasini hisobga olgan holda tomonlar,
mamlakat va millat haqqi, yarashuv imzolashlari lozim. Lekin buning imkoni
bormi?
Xalqaro maydondagi ko`pchilik tahlilchilar, tahlil
markazlari bu borada pessimistik fikr bildirishmoqda. Voqealarni kuzatar
ekanmiz, biz ham bunga amin bo`lamiz. Go`yo bir millatdan yetishib chiqqan ikki
lager bir-birining qonini ichib bo`lmaguncha ko`ngli tinchimaydigandek…
Tomonlarni murosaga keltirish uchun yagona yo`l – bu xalqaro
bosimdir. Tashqi ta`sirsiz ularni muzokara stoliga o`tqazish imkonsizdek
ko`rinmoqda.
2. Harbiy boshqaruv. Shundoq
ham ikki oydan beri harbiylar qo`lida qolib kelayotgan Misr boshqaruvi bundan
keyin ham shu holda saqlanib qolishi mumkin. Harbiylar uzoq vaqt davomida
mamlakat hayotida katta rol o`ynab kelishgan. Ularda qudrat cheksiz. Ular namoyishlarni
shafqatsiz bostirib, barqarorlikni qaror topdirishlari mumkin.
Bundan tashqari harbiylarni
AQSH boshchiligidagi qator G`arb davlatlari qo`llashmoqda. AQSH hanuz Misrda
harbiy to`ntarish yuz berganligini tan olmay, haqiqatga ko`z yummoqda. Buning
sababi, AQSH qonunlariga ko`ra, harbiy to`ntarish yuz bergan biror davlat bilan
aloqa uzilishi lozim. AQSHning bunday “hotamtoylik”i harbiylar kuchiga kuch
qo`shishi turgan gap.
Hattoki, Muborak davrida
harbiy boshqaruvga e`tiroz bildirgan aksariyat misrliklar iyundagi to`ntarishni
yoqlab chiqishdi. Hozirda harbiylarni qo`llayotganlar aholining salmoqli
qismini tashkil qiladi.
Ammo, tarixdan ma`lumki, biror
mamlakatda harbiylar boshqaruvga kelganda ijtimoiy-iqtisodiy hayotda katta progresslarni
kuzatish mushkul. Bu esa ma`lum vaqtdan keyin misrliklarning harbiylarga
nisbatan fikri o`zgarib qolishiga sabab bo`lishi mumkin.
3. Fuqarolar urushi. Fuqarolar
urushi Arab Bahori “kezib” o`tgan mamlakatlarda kuzatilgan eng ko`p holdir. Suriya
fuqarolar urushining eng kritik nuqtasida, Liviya allaqachon bu jarayonni
boshdan kechirib bo`ldi. Yamanliklar esa past darajada bo`lsada, yangi prezident
siyosati borasida ikki lagerga ajralib ketishgan. Xo`sh, bu davlatlar Misrni
ham o`z “saf”lariga qo`shadilarmi?
Iyundan beri davom etayotgan voqealarga nazar
tashlasak, Misrda ham bu jarayon allaqachon boshlangandek tuyuladi bizga.
3-iyuldagi xavfsizlik kuchlari va namoyishchilar o`rtasida yuz bergan qonli
to`qnashuv fuqarolar urushi boshlanganidan darak berdi, go`yo. Bu xunrezlikda
qariyib 600 odam xalok bo`lgani butun dunyo matbuotida tilga olindi.
Biroq oradan o`tgan bir yarim oy vaqt xavotirlarni
biroz pasaytirdi. Misr hali fuqarolar urushi chegarasini kesib o`tmaganini
ko`pchilik tahlilchilar ta`kidlashdi.
Xunrezliklar yuqori bosqichga ko`tarilib ketmaganining
asosiy sababi tomonlar o`rtasidagi katta tengsizlikdir. Harbiylar tish-tirnog`igacha
qurollangan bir paytda, Birodarlik va tarafdorlari qo`lida o`tochar qurollar
mavjud emas. Xuddi shu tengsizlik Misrni qonga botishdan saqlab turibdi.
1990-yillarda Islamistlarning Muborakni o`ldirishga
urunishi va qator sayyohlik markazlariga xujumlardan so`ng, rejim mamlakatdagi
qurollar ustidan qattiq siyosat o`rnatgan, aholi tom ma`noda “qurolsizlantirilgan”
edi.
Xavotirlanarlisi, bu tengsizlik nisbiy bo`lib,
tomonlar bir to`xtamga kelmas ekan, fuqarolar urushi xavfi saqlanib qolaveradi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий