Bugundan
e`tiboringizga Rossiyaning oldingi, hozirgi va kelgusi geosiyosiy holatini
tahlil qiluvchi “PUTINDAN KEYINGI
ROSSIYA” nomli 3 qismdan iborat maqolani taqdim etib boramiz. O`qib
turganingiz 1-qism bo`lib, unda Putinning qudratga ko`tarilishi, 2-qismda
Rossiyaning demografiyasi va energetika sektori Putin siyosati natijasida
qanchayin o`zgarganligi, 3-qismda esa Putin yaratgan siyosiy tizim undan keyin
ham yashab qolish-qolmasligi tahlil qilinadi.
O`tgan yil
davomida Rossiya bir qancha keskin o`zgarishlarni boshidan kechirdi.
Rossiyaning, asosan, energetikaga asoslangan iqtisodiyoti sinovdan o`tmoqda,
mamlakatning ijtimoiy-demografik holati boshqa o`zanga tushgan, siyosiy
liderlarning esa Yoshi o`tib bormoqda.
Bularning
barchasi ayni paytda butun Rossiyani temir qo`l bilan birlashtirib
turgan Vladimir Putin ketgandan so`ng mamlakatning holi qanday kechadi, degan
savol tug`dirishi tabiiy. Yaxshilikka, yangi siyosiy elita sekinlik bilan
bo`lsada, hokimiyatga chiqib kelmoqda va ular Kremlning navbatdagi xo`jalari
ekanliklariga ishora qiluvchi nishonalar allaqachon paydo bo`lgan. Biroq,
tarixiiy jihatdan, Rossiyada qudratli va avtokratik liderning
to`g`ridan-to`g`ri merosxo`ri bo`lishga urinishlarning deyarli bari chippakka
chiqqan.
O`yga
toldiradigan savol shuki, Putin o`zi yaratgan butun tizim qulab tushishidan
oldin o`rnini egallovchi yangi elita tashkil etishga ulguradimi yoki yo`q?
Qattiqqo`l lidersiz boshqarishning iloji yo`q Rossiyada barqarorlik doim
birinchi masala bo`lib kelgan. Beqarorlik Rus diyoriga berilgan “tuhfa”dir: uning
kishini aqldan ozdiradigan darajadagi ulkan hududi, muhofazasiz chegaralari,
dushmanlik kayfiyatidagi qo`shnilari va o`ta turli aholisi beqarorlikning
asosiy manbalari hisoblanishadi.
Tarixan, faqatgina qaysidir avtokratik lider
turli guruhlar doimo bir-birini qonini so`radigan Rossiyada o`z temir rejimini
o`rnatgandan keyin mamlakatda farovonlik va barqarorlik hukm surgan. Bunday
o`rnatishga muvaffaq bo`lganlar ichida Ivan Grozniy, Petr Buyuk, Aleksandr II,
Iosif Stalin va Vladimir Putinni alohida sanab o`tish mumkin. Har bir rus
lideri hukumat apparatlari kuchsizlanmasligi, bo`linib ketmasligi yoki xiyonat yo`liga
o`tmasligini ta`minlash uchun o`z tizimini yaratishi shart. Shu sababdan rus
buyuklari qudrat xalqalarini doimiy ravishda o`zgartirib kelishgan. Bunday
o`zgartirishlar Rossiyaning yuksalishi yoki jar yoqasiga kelib qolishi uchun
javob berib kelgan.
Hukumatda
yagona shaxsga umumiy sadoqatda bo`lgan kuchlar muvozanatini yaratish
mamlakatning keying rahbariyatini shakllantirishda muammolar tug`diradi. Sababi
rus fraksiyalari bir-biriga o`ta toqatsiz va ularni faqatgina amaldagi lider
kuch bilan birlashtirib turadi. Agar hokimiyat to`g`ridan-to`g`ri biror
merosxo`rga o`tmasa, u holda Rossiya xaos ichiga sho`ng`iydi. 16 asrdagi
daxshatli fuqarolar urushi Ivan Grozniy o`zining yagona merosxo`rini qatl etgandan
so`ng boshlanib ketgan edi. Sovetlar davrida esa, 1924-yildagi Leninning vafoti
ortidan merosxo`r aniq bo`lmagani sababli hokimiyat uchun qonli kurash boshlanib
ketdi. Kurashda g`olib chiqqan Iosif Stalinning raqibi Leon Trotskiy surgun
qilindi, keyinchalik o`ldirildi. 1953-yildagi Stalinning o`limidan so`ng esa
Xrushchev, Vyaheslav Molotov va Lavrentiy Beriya o`xshash kurashda kuch
sinashib ko`rishdi.
Bu
holatlarning barchasida hokimiyat uchun da`vogar tomonlarning bari biror guruh
yoki klanni o`zida namoyon qiladi. Individlarning o`zi esa xavfsizlik, harbiy,
sanoat, moliya va boshqa sektorlardan dastak oladi. Rahbariyat almashgandan
so`ng barqarorlik saqlanishi yangi rahbarning bunday guruh va klanlar
harakatlarini oldindan ko`ra bilish, ular o`rtasida muvozanat saqlay
olish-olmasligiga bog`liqdir.
Putinning
13 yil hokimiyatda bo`lishi shunday muvozanatning yaqqol misolidir. Putin
hokimiyatga 1999-yili keldi. Bu vaqtgacha Rossiya Sovet Ittifoqi qulashi
ortidan paydo bo`lgan xaosning bir dekadasini boshidan o`tkazib bo`lgan va rus
diyori deyarli qulash arafasida edi.
Rossiya
o`zining Sharqiy va Markaziy Yevropadagi yo`ldosh davlatlari va Sovet Ittifoqi
davrida tashqi kuchlardan muhofaza sifatida yaratilgan boshqa hududlarni
qo`ldan boy berib qo`ygandi. Shimoliy Kavkazdagi mamlakatlarning Moskva
hukmidan halos bo`lishga urinishlari ham mamlakatda kuchli siyosiy inqirozga
yo`l ochdi. Boris Yelsin boshchiligidagi guruhlar va Rossiyaning neft-gaz,
tog`-kon, telekom va qishloq xo`jaligi kabi muhim strategic sektorlarini o`z
qo`liga olgan yangi biznes tabaqa sarosimiga tushib qoldi. Eng muhim sektor –
energetika inqirozga yuz tutdi. 1988-1996-yillar o`rtasida neft qazib olish
kunlik 11.4 million barreldan 6 million barrelga tushib ketdi. Neft esa 60
yildan ko`p vaqt davomida Moskva yillik byudjetining deyarli yarmini ta`minlab
kelar edi. Byudjet taqchilligi esa Yelsinni armiya va ijtimoiy sohalarga
ajratilayotgan mablag`ni keskin kamaytirishga majbur qildi. Bu faqat mavjud
boshboshdoqlikni kuchaytirdi, xolos. Rossiya yangi asrga kuchli moliyaviy
inqiroz, xisobsiz ichki va tashqi qarzlar, oziq-ovqat tanqisligi, rublning
keskin devalvatsiyasi hamda 84 foizli inflatsiya bilan qadam qo`ydi. Natijada
siysoiy kurash avj olib, Yelsinning asosiy tarafkashlari – Moskva meri Yuri
Lujkov va Bosh Vazir Yevgeniy Primakovlar no`noq prezidentdan o`zlarini torta
boshladilar.
Xuddi
shunday og`ir vaziyatda Yelsin doirasida merosxo`r masalasi paydo bo`ldi. Bu
vaqtda ikki asosiy siyosiy fraksiya va yana bir nominal guruh hokimiyat uchun
da`vogar edi. Eng kuchli klan siloviklar
bo`lib, klanni asosan milliy xavfsizlik va sobiq KGB agentlari tashkil qilardi.
Siloviklar Oila nomi bilan ma`lum
Yelsin klanining ashaddiy raqibi hisoblanishardi. Uchinchi klan nisbatan
kichik, ko`zga unchalik tashlanmaydigan, Sankt-Peterburgning qudratli meri
Anotoliy Sobchak rahbarligidagi Peterburg
Guruhi edi.
Peterburg
klani liberal islohotchilar yoki G`arbparastlar, sobiq KGBchilar va mustaqil
shaxslar aralashmasidan tashkil topgani bilan ajralib turardi. Sobchak bunday
xilma-hil guruhlar o`rtasida murosa o`rnatishning uddasidan chiqa olgandi.
O`z
klanidagi ziddiyatlarni bartaraf etish uchun siloviklarni yo`liga to`g`anoq bo`lish
maqsadida Boris Yelsin Peterburg Guruhi a`zosi – Vladimir Putinning hokimiyatga
kelishiga ruhsat berdi. Putinga ilk vazifa – Federal Xavfsizlik Hizmati (ruscha
FSB) harakatlarini kuzatish 1998-yilda berilgan bo`lib, Yelsinning boshqa
izdoshlari bosh ko`tarib turgan bir paytda u prezident hisobiga bir g`alabani
yozib qo`ydi. 1999-yilning so`ngiga qadar Yelsin Putinning qobiliyatlarini
sanab adog`iga yetolmadi.
Ustozi
Sobchak kabi Putin ham barqarorlikni saqlashning yagona yo`li bir-biriga
dushman guruhlar o`rtasida muvozanatni saqlash, qoidaga bo`ysunmaganlarni
ayovsiz jazolash, deb bilar edi.
Boshidanoq
Putin Rossiyaning ikki yirik mafkuraviy guruhi: milliy xavfsizlikni birinchi
o`ringa qo`yuvchilar va mamlakatni dunyo uchun ochib qo`yib, islohotlar
o`tkazish tarafdorlarining sadoqatini qo`lga kiritishga muvaffaq bo`ldi. Turli
darajada har ikkala mafkurani qo`llab quvvatladi. Sobiq KGB agenti sifatida
siloviklar bilan bir fikrda ekanligini ma`lum qildi, biroq u o`z vatanining
merosiy zaif jihatini yaxshi anglardi: KGBda ishlagan paytda G`arbga josus
sifatida jo`natilgan Putin Rossiya G`arb bilan raqobatlashish uchun
modernizatsiyaga qanchalik muhtojligini o`sha paytdayoq tushunib yetgandi.
Putin siloviklar va liberallarni imkon boricha birlashtirib, endilikda siviliklar nomi bilan atala boshlangan
yangi guruhni o`ziga mos sektorlarga joylashtira boshladi.
Kremlda
boshlangan bu siyosiy muvozanat Putinga butun mamlakat bo`ylab uyushqoqlikni
shakllantirish imkonini berdi. Natijada u strategik sektorlar ustidan
to`g`ridan-to`g`ri nazoratni o`z qo`liga oldi, chegaralarni mustahkamladi,
daromadni oshirdi, iqtisodiyotni barqarorlashtirdi va musulmon Kavkazidagi
siyosiy oppozitsiya bo`ladimi yoki jangarilik harakatimi, barcha o`ziga bosh
ko`targan kuchlarni ezg`ilab tashladi.
Barqarorlikka
erishish ortidan o`zining har ikki prezidentlik muddati davomida aholining
katta qismidan dastak ola oldi. Putin hukumat va asosiy klanlarni nazorat
qiluvchi Yagona Rossiya nomidagi yagona qudratli partiyaga asos soldi.
Harbiy,
iqtisodiy, moliyaviy va energetika sektorlarini ikki guruhga ixtiyoriga bo`lib
berdi. Masalan, siloviklar harbiy soha, FSB va neft sektorini nazorat qilishsa,
siviliklar iqtisodiy va moliyaviy institutlar hamda gaz sektorini yurgizishar
edi.
Har ikki
tarafning sektorlari moliyaviy resurslar va siyosiy texnologiyalar bilan
ta`minlangandi. Bunday muvozanat hokimiyat uchun kurash saqlanib qolganligiga
qaramay, ikki raqobatchi guruh harakatlarini kuzatib turish imkonini berardi.
Igor
Sechin siloviklar boshi bo`lib turgan bir paytda, Vladislav Surkov,
keyinchalik, Dmitriy Medvedev siviliklar nazoratini qo`liga oldi.
Biroq
bunday siyosiy muvozanatning uchta kamchiligi mavjud. Birinchisi, butun tizim
Putinning subordinatlari o`z subordinarlarini nazorat qilishiga bog`liq. Putin
Igor Sechin va Dmitriy Medvedevga qaram bo`lgan bir paytda, ular ham o`z
subordinatlariga tayanishadi. Agar bu zanjirda biror uzilish yuz bersa, butun
tizim parchalanib ketadi. Bu absolyut ierarxiyada biror individ xatosi yuzaga
kelsa, jiddiy holatlar paydo bo`ladi. Bunday tizim ko`p qavatli uyga o`xshaydi:
butun muvozanat qavatlarning og`irligi pasidagiga tushadi, agar qavatlar
devoridan birortasi darz ketsa, butun uy qulab tushadi.
Ikkinchisi,
vertikal tarzda tashkil qilingan tizimda boshlangan ziddiyatlarni biror tashqi
kuch bartaraf qilolmaydi. Tizimdagi o`zgarish butun Rossiyada, hattoki Rossiya
ta`sirida keskin global o`zgarishlarga sabab bo`lishi mumkin.
Uchinchisi,
ierarxik klan tizimi eng yuqoridagi individga o`ta darajada qaram bo`ladi. Ayni
paytda Putin barcha klanlar o`rtasidagi hakam vazifasini bajarmoqda. 2008-yili
u oliy rahbar lavozimini bo`shatib, klanlarga yangi rahbariyat qo`l ostida
faoliyat yuritib ko`rish imkonini berishga qaror qildi. Bu paytda Rossiya jahon
bozoridagi yuqori neft narxi, qudratli armiya, birlashgan siyosiy tizim va
Yevropa energetika sektoriga dominantlik sharofati ila gullab-yashnayotgan edi.
Putin merosxo`r sifatida Gazprom raisi Dmitriy Medvedev – siviliklar vakilini
tanlanadi. Sababi bu vaqtda tashqi sarmoyalarni mamlakatga jalb qilish payti
kelgan va buning uchun Putin konservatik siloviklardan ko`ra liberal siviliklar
ma`qul, deb hisoblardi. Putinning chekinishidan so`ng ierarxik tizimda yoriqlar
paydo bo`la boshladi. Boshlangan global moliyaviy inqiroz siviliklarni g`oyaviy
jihatdan qismlarga ajratib tashlab, siloviklarning hokimiyatga ko`tarilishi
uchun zamin hozirlab berdi. Natijada Bosh Vazir maqomidagi Putin atigi bir yil
o`tib, 2009-yildayoq amaldagi hokimiyatni o`z qo`liga olishga majbur bo`ldi.
2012-yildagi rasman va legitim hokimiyatni egallash ham mamlakatda yuzaga
kelgan tahlikali va ko`lamli o`zgarishlarni oldini ololmadi. Avtoritar-ierarxik
tizim cho`qqisidagi individning atigi yillik oliy hokimiyatdan chekinishi
nafaqat asr boshida yaratilgan tizim, balki butun mamlakatni jar yoqasiga
keltirib qo`ydi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий