Ko`pchilikka ma`lum, ayni vaqtda Rossiya demografik holati
va energetika sektori sezilarli o`zgarishlar ro`y bermoqda. Rus prezidenti
Vladimir Putin esa ayni o`zgarishlarni jilovlash uchun davlat siyosatini boshqa
o`zanga solishga majbur bo`lyapti. Tahminlarga ko`ra, Rossiyaning hozirgi 143
mlnli aholisi 2030-yilga borib 10 foizga
qisqarib ketishi mumkin. E`tiborlisi shundaki, bu qisqarish faqatgina etnik
ruslar orasida kuzatilmoqda. Ham mahalliy, ham immigrant musulmonlarning soni
esa keskin oshib boryapti.
Ruslarning
kamayishi va musulmonlarning soni ortishi 2030-yilgacha rus bo`lmagan aholining
ulushi 16 foizga yetishini
anglatadi. Boshqa tahminlarga ko`ra esa, bu raqam noqonuniy muhojirlar hisobiga 20 foizdan ortib ketishi mumkin. Musulmonlarning
Rossiya aholisidagi ulushining ortishi so`nggi paytda ultranatsionalist
qarashlarni kuchaytirib yubordi. Oxirgi 3
yil ichida etnik ruslarning immigratsion islohotlarni amalga oshirish va
Shimoliy Kavkazning musulmon aholisiga nisbatan
bosimlarni oshirish borasidagi talablari keskin ortdi. Bu harakatda radikal diniy qarashlardagi
ultra-ortodokslarning faolligi yuqori bo`lib, ular o`zlarini rus milliy
xavfsizligining yagona himoyachilari sifatida tasavvur qilishmoqda.
Etnik
ruslarning kamayishi, shuningdek, rus armiyasini ham qiyin vaziyatga solib
qo`ymoqda. Moskva 1 mlnli doimiy
qo`shinni 800,000 kishiga
ixchamlashtirishni rejalashtirmoqda. Kremlda esa musulmonlarning milliy
armiyadagi o`rni qanday bo`lishi borasida bahslar allaqachon boshlanib
ketganligi haqida xabarlar paydo bo`la boshlagan.
Demografik o`zgarishlardan
yana biri – Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin dunyoga kelgan avlod maydonga
chiqib kelmoqda. Hozirgi Rossiya aholisini tahminan 21 foizini “Qizil Imperiya” “shukuhidan
bahra olmaganlar” tashkil qiladi. Bu holat mamlakat aholisi o`rtasida
mafkuraviy bo`shliq paydo bo`lishiga olib keladi. Yangi avlod Sovuq Urush
davomida Rossiya dunyoning deyarli yarmiga xo`jalik qilganligini faqat
kitoblarda o`qiganlar yoki eshitganlar, biroq bunday ulug`vorlikni xech qachon
xis qila olmaydilar. Ular, shuningdek, Yelsin davri qanchalik xaoslarga to`la bo`lganini
anglab yetishmaydi. Ularning dunyoqarashi Putin hokimiyatga kelgandan so`ng,
ya`ni barqarorlik davrida shakllangan.
Bundan tashqari
siyosiy jihatdan eng faol aholi tabaqasi ham aynan shu yosh avlod hisoblanadi.
Sobiq Ittifoq davrida dunyodan uzib qo`yilgan katta avloddan farqli ravishda
yosh avlodda siyosiy qarashlarni o`zgarishiga ta`sir qiluvchi omillar, masalan,
Internet mavjud. Rossiyadagi Levada ijtimoiy so`rov markazining tadqiqotlariga
qaraganda, hozirda 50 foiz ruslarda doimiy Internetga kirish imkoniyati bor,
2006-yilda bu raqam atigi 10 foizni tashkil qilgan ekan. Tashqi ta`sirlar
sababli siyosiy qarashlari kuchaygan yoshlar 2011-2012-yillarda Kremldagilarni
og`ir vaziyatga solib qo`yishdi. Rossiya o`zining yaqin tarixida fuqarolarning
hukumatga nisbatan bunday ommaviy norozilik harakatiga guvoh bo`lmagan edi.
SSSR davridan beri fuqarolarga hizmatkor sifatida qarab kelayotgan rus hukumati
endilikda ular bilan murosa qilishga majbur bo`ldi: davlat siyosatiga qator
o`zgartirishlar kiritildi, fuqarolar nishoniga tushgan bir qancha rahbarlar
ishdan olindi va hk. Ayni vaqtda Kremlning yangi fikrli avlodni qanday nazorat
qilish masalasi ustida boshi qotgan.
Demografik o`zgarishlar
bilan bir paytda dunyo energetikasidagi to`lqinlar ham Rossiya barqarorligiga
ta`sir qilmay qo`ymadi. Rus iqtisodiyoti asosan energetika sohasiga asoslangan
va davlat byudjetining deyarli yarmi neft hisobiga to`lishini birinchi maqolada
aytib o`tgan edik. Bunday tashqari neft va gaz Rossiya tashqi siyosatining
richagi ham hisoblanadi. Shu choqqacha energetika sektori rus hukumati
muvaffaqiyatlarining garovi bo`lib keldi. 2000-yillarning boshida Putin butun
mamlakatni mustahkamlay olishiga yordam bergan narsa ham aynan jahon bozorida
neftga qo`yilgan yuqori narxlar edi. Tekindan kelgan katta mablag` evaziga
Putin xohlagan ishini amalga oshirish imkoniga ega bo`ldi. Rossiyaning Yevropa
gaz bozoridagi dominantligi mo`may daromaddan tashqari SSSR davrida mamlakat
qismi bo`lgan Sharqiy Yevropani G`arb ta`siridan chiqarib, qaytadan o`z “qanoti
ostiga” olishiga zamin yaratdi. Biroq 2008-yilda butun dunyoni silkitib
tashlagan global moliyaviy inqiroz bo`roni yuqori neft narxlari va post-sovet
hududlarda o`natilgan yangi hukmronlikni uchirib ketdi. 2009-yilda bir barrel
neftga qo`yilgan narx 60 dollarga tushib ketdi. Natijada rus iqtisodiyoti
bo`hronga uchrab, ichki ishlab chiqarish hajmi 8 foizga kamaydi. Rossiyani inqirozdan
faqatgina ulkan zahira fondlarigina qutqarib qoldi. Hozirgi hisob-kitoblarga
qaraganda Rossiya iqtisodiyoti neftga qo`yilgan narx 90 dollar (1 barreliga)dan
yuqori bo`lsagina barqaror saqlanishi mumkin.
Energetika sektoridagi
yana bir o`ylantiradigan savol Yevropa rus gazining doimiy xaridori bo`lib
qoladimi yoki yo`qligidir. Rossiya gazga qaram Yevropa davlatlarini siyosiy
jihatdan manipulyatsiya qilishni kuchaytirgandan so`ng ko`pgina G`arb
davlatlari ruslarga qaramlikdan qutilish yo`llarini izlay boshladilar, masalan,
yevropaliklar suyultirilgan gaz terminallarini ko`paytirdilar. Bozorlarda suyultirilgan
gaz ko`payishi va slanes gazi olishdagi yangi texnologiyalar Rossiyaning
Yevropadagi mavqeiga katta xavf solmoqda. Natijada Moskva yevropaliklar bilan
gaz munosabatida agressivlikni bir chetga surib qo`yishga majbur bo`lyapti.
Yevropada tobora
kasodga uchrayotgan rus gazini endilikda Osiyoliklarga o`tkazishga urinishmoqda.
Bu borada Moskva Xitoy va Yaponiya bilan allaqachon qator bitimlar imzolashga
ulgurgan. Biroq osiyoliklar bilan aloqalar, tarixan, silliq kechmagan. Agar rus
energetikasida tashqi bozorda o`z o`rnini topolmasa, unda hukumat, balki butun
mamlakat xavf ostida qoladi.
Yaqinlashib
kelayotgan inqirozdan omon qolish uchun Rossiya qator islohotlarni o`tkazishi
kerak, masalan, tabiiy gaz sektori liberallashtirilib, GazProm monopoliyasi
tugatilmog`i lozim. Bundan tashqari tashqi energetika siyosatida yumshoqlik va
murosaga yo`l ochilishi shart. Bularning barchasi Kremldan o`z strategiyasini
o`zgartirishni talab qiladi.
Bunday fundamental
o`zgarishlar va “yangi” siyosiy tizimga tamal toshi allaqachon qo`yilgan. Putin
o`zining yangi muddatida siyosiy tizimga qator o`zgartirishlar kiritishga qaror
qilgan ko`rinadi. Tahminan, hozirda Putinning to`rt maqsadi mavjud:
Birinchisi, u qo`l ostidagilarni o`zaro bog`liqligini
kuchaytirmoqchi, natijada butun tizimni tutib turish uchun aynan bir shaxsga
tayanishiga xojat qolmaydi;
Ikkinchisi, Putin klanlardan tashkil topgan vertikal
tizimni ortiq xohlamayapti. Buning o`rniga u kollektiv tizim yaratmoqchi. Bu holda
tizimning bir qismida buzilish butun hukumat qulashiga sabab bo`lmaydi;
Uchinchisi, endilikda tizimda tarafkashlar emas, balki
neytral o`yinchilar, xech qursa aholiga ma`lum shaxslar faoliyat yurita
boshlaydi;
To`rtinchisi, yangi avlod tizimga chiqib kelish yo`llarini
ochishdir.
Putin
yaratmoqchi bo`lgan yangi kollektiv tizim sovetlar davridagi Politbyuroni yodga
soladi, ayniqsa Stalin davridagini. O`sha paytlarda Politbyuro rasman mavjud
bo`lmay, Stalinning eng ishonchli kishilaridan tashkil topgan bo`lib, muhim
siyosiy qarorlar, strategiyalar ishlab chiqishda oliy rahbarga ko`mak berardi. Bu
elitaga tayanib, Stalin butun Sovet strategiyasini asoslar edi.
Yangi Politbyuro
esa faqatgina siyosatdonlardan emas, balki texnokratlardan ham tashkil topgan. Bu
elitaga o`zini qaysidir sohada ko`rsata olgan, eng ishonchli shaxslar kirgan. Masalan,
Igor Sechinning neft sohasida, Sergey Shoygu harbiy va Sergey Ivanovning
xavfsizlik doiralarida oldiga tushadigani yo`q. Garchi bu tizim ham klanga
o`xshasada, undagi yagona farq Putin biror bo`g`in faoliyatida kamchilik sezsa,
uni zudlik bilan almashtirishi mumkin. Bunday tizim Rossiya kelajagi garovi
bo`la olish-olmasligi faqat vaqt hukmiga xavola.
Комментариев нет:
Отправить комментарий