31.01.2014

DOLLARNI ALMASHTIRING!

Jahon Bankining sobiq iqtisodchisi Jastin Yifu Lin dollarning moliya olamidagi hukmronligini tanqid qilib, u global moliyaviy va iqtisodiy inqirozlarning asosiy sababchisi ekanligini aytdi. Lin dollarni yagona global valyuta bilan almashtirishni taklif qildi. Uning fikricha, aynan global valyutani muomalaga kiritilishi moliyaviy inqirozlar oqibatlarini tugatish va ularning oldini olishning yagona yo‘lidir.


Hozirda Pekin Universitetida professor va xitoy hukumatiga maslahatchi lavozimlarida ishlayotgan Linning ta’kidlashicha, eng asosiy xalqaro valyutalar – dollar, yevro, iena va funt sterlingning muomaladagi massasini oshirish yoki Xitoy yuanini xalqaro valyutaga aylantirish ham moliyaviy inqirozlarning oldini ololmaydi.

Yifu Lin yagona global valyuta infrastrukturasini tashkil qilish tashabbusini AQSh va Yevropaning yetakchi davlatlari ilgari surishi lozimligini bildirgan. Barcha davlatlar uchun umumiy valyutani muomalaga kiritish, ayniqsa, rivojlanmagan va uchinchi dunyo davlatlardagi moliyaviy taraqqiyot to‘siqlarini yengib o‘tishni anchayin osonlashtiradi. Unga ko‘ra, xalqaro-umumiy valyuta borasidagi masalalarni kelishib olish uchun Katta Yigirmatalik (G20) doirasidagi muzokaralar ayni qulay platformadir.

“Global super valyuta” konsepsiyasi ilk bor o‘rtaga tashlanayotgani yo‘q. Bu masala 2001-yilda ham ba’zi davlatlar rahbarlari o‘rtasida munozaraga sabab bo‘lgan edi. Biroq faqatgina bir valyutaga qaram bo‘lgan jahon moliyaviy hayotida doimiy xavotir hukmron bo‘lishi borasidagi fikrlar tufayli ushbu masala e’tibordan chetda qolgan edi.

O‘tgan yilning oktyabr oyidagi AQSh hukumatida bo‘lib o‘tgan byudjet inqirozi tufayli dollarning jahon moliyaviy muvozanatiga qanchalik ta’sir etishi yagona valyuta masalasi yana o‘rtaga tashlanmoqda. Dunyo dollar bilan bog‘liq ikki moliyaviy inqirozni allaqachon boshdan kechirib bo‘ldi (1930-yillardagi Buyuk Tushkunlik va 2008-yildagi global moliyaviy inqiroz).  

Biroq Yifu Linning nazariyasini ko‘pchilik iqtisodiy tahlilchilar yoqlashmayapti. Ularning fikricha, moliyaviy hayotni yagona valyutaga bog‘lab qo‘yish anchayin xavflidir. Uning o‘rniga global hukumatni tashkil etish, umumbashariy boshqaruvga zamin yaratish maqsadga muvofiqdir.

2009-yilning mart oyida Xitoy Xalq Banki direktori Jou Sichuan ham dollardan voz kechish fursati kelganligini, uning o‘rniga global valyuta joriy qilish zarurligini ta’kidlagan edi. O‘shanda Xalq Banki rasmiy vebsaytida e’lon qilingan Sichuan maqolasida, alohida millatning valyutasi jahon moliyaviy hayotida hukmronlik qilishi boshqa millatlar manfaatlariga zd ekanligi va umumiy global valyuta moliyaviy tizim barqarorligi uchun anchayin muvofiqligi ko‘rsatib o‘tilgandi.


Biroq hozirgi xalqaro tizim va munosabatlardagi vaziyatni o‘rganib chiqsak, yagona valyuta tizimini joriy qilish fikri haqiqatdan anchayin yiroqligini ko‘rish mumkin. O‘z milliy valyutalari allaqachon moliyaviy tizimda mustahkam o‘rin egallagan qudratli davlatlar hali beri bunga istak bildirmasliklari turgan gap. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий