13.04.2014

Bo’lajak Afg’on prezidentining eng qiyin vazifalari


5-aperl kuni Afg’onistonda prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi bo’lib o’tdi. Saylovlar davomida havfsizlikka tahdid soluvchi terroristik hujumlar qayd etilmagan. Halqaro hamjamiyat Afg’onistondagi bu yilgi prezidentlik saylovlarning birinchi bosqichi natijalaridan mamnun ekanligini bildirgan. Chunki bu yilgi saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo’lgan aholini deyarli 50%i saylovlarda qatnashganligi qayd etilmoqda, ushbu ko’rsatkich 2009-yilga qaraganda (30%) juda yuqoridir. Bundan tashqari saylovlar davomida tolibonlar tomonidan terroristik hujumlarga yo’l qo’yilmadi. Garchi saylov oldi kompaniyalar davomida Qobul va boshqa shaharlardagi terroristik hujumlar Afg’on hukumatini bezovta qilgan bo’lsada, saylovlar davomida havfsizlik yuqori darajada ta’minlangan. 


Shunga qaramasdan tolibonlar hujumlari qayd qilingan, lekin ular saylov uchastkalarigacha yetib kelmagan. Afg’oniston ichki ishlar vaziri Umar Daudzayning e’lon qilishicha, saylov o’tkaziladigan kunning 24 soati davomida 9 politsiya hodimi, 7 harbiy va 89 tolibon halok bo’lgan. « Bugun sizlarni ishontirib aytamanki, Afg’oniston dushmanlari saylovlarni izdan chiqarishga muvaffaq bo’la olmadilar » deydi u o’z nutqida. 


Saylovlar mamlakatning 6000 saylov uchastkalarida 300 000 afg’on va chet ellik kuzatuvchilar qatnashuvi bilan o’tkazildi. Prezidentlikka 8 kishi o’z nomzodini ko’rsatgan. Birinchi bosqich natijalari 24-aprelda e’lon qilinishi va ikkinchi bosqich saylovlari 28-mayda o’tkazilishi ko’zda tutilgan. Hozircha 3-ta nomzod eng ko’p ovoz to’plashi tahmin qilingan. Ularning barchasi Hamid Karzayning sobiq vazirlaridir.  Zalmay Rasul, hozirgi prezidentning davomchisi sifatida o’z nomzodini qo’ygan, Ashraf G’ani, ko’zga ko’ringan iqtisodchi va 2009-yilgi Hamid Karzay muholifatchisi Abulla Abdulla, sobiq Afg’oniston tashqi ishlar vaziri. 


Afg'oniston prezidentligiga eng muhim nomzodlar: Chapdan o'nga qarab - Ashraf G'ani, Abdulla Abdulla va Zalmay Rasul


Ushbu saylovlar Afg’oniston aholisining tolibonlarga bo’lgan munosabatining salbiyligining yuqori ekanligini ko’rsatib berdi. 12-yillik urush aholi orasidagi G’arblik harbiylar va mahalliy tolibonlarga bo’lgan norozilikni kuchaytirgan. Hamid Karzayning so’ngi davrdagi G’arb kuchlaridan uzoqlashishi va tolibonlarning tinchlikka chorlovchi chaqiriqlari aholi orasida yangi barqaror mamlakatni qurish mumkinligi borasida umidlarni uyg’otgan bo’lsa ajab emas.


Lekin yangi prezidentning saylanishi mamlakatdagi muammolarni o’z o’zidan yechilishiga sabab bo’lmaydi. Bo’lajak prezident oldida juda murakkab masalalarni yechish vazifasi turibdi.


Birinchi masala, Afg’onistondagi turli etnik guruhlar orasidagi mojarolarga chek qo’yishga erishish. Hozirda Afg’onistonda asosiy millat Pashtunlar bo’lib ular aholining  39 % et 42 %  ini tashkil qiladilar, undan keyingi o’rinda soni bo’yicha Tojiklar (33 % - 38 %), Hazoralar ( 8 % - 10 %), O’zbeklar (6 % -  9 %), Aymoqlar (4 %) va Turkmanlar (2 - 3 %) turadi. Mamlakatdagi millatlarning bunday taqsimlanishi ular orasida tarixiy kelishmovchiliklarni keltirib chiqargan. Afg’onistonning davlatchilik tizimi Pashtunlar tomonidan qurilgan bo’lsada, keyinchalik Tojik millatidan chiqqan siyosiy darg’alar tufayli, bu ikki millat orasida mamlakatni boshqarish yuzasidan kuchli raqobat yuzaga kelgan. Yangi bo’lajak prezident ushbu maslaga jiddiy e’tibor qaratishi kerak bo’ladi, chunki Afg’onistondagi urushlarning asosida etnik qarama-qarshiliklar asosiy o’rin egallaydi. 


Ikkinchi masala Afg’onistonning AQSh bilan kelajakdagi munosabatlarini hal qilish. 12-yillik urush Afg’onistondagi ahvolni yahshilamadi, tolibon kuchlari hozirgcha Afg’oniston hukumatini egallash uchun yetarlicha kuchg ega ekanliklarini ko’rsatishmoqda. AQSh bilan havfsizlik bitimini tuzish ham, tuzmaslik ham Afg’on hukumati uchun birday havf tug’diradi. Bu shartnoma tuzilgan taqdirda Afg’oniston o’zining regiondagi boshqa kuchlar, Eron, Rossiya, Xitoy va Pokiston davlatlari bilan aloqalarini yomonlashga va Tolibon kuchlari bilan to’qnashuvlarni kuchayishiga sabab bo’lishi mumkin. Agar bu shartnoma tuzilmasa Tolibonlarning hujumlarini qaytarish uchun Afg’on kuchlarida imkoniyat yetarli emas. Ushbu muammoning murakkabligi tufayli Hamid Karzay bu shartnomaga imzo chekishdan bosh tortgan edi. Hozirgi prezidentlikka asosiy uchta nomzod saylangan taqdirlarida ushbu shartnomaga qo’l qo’yishlarini bildirishgan, lekin aloqalar qanchalik yaqin bo’lishi Afg’onistonning kelajagini belgilovchi faktordir. Shartnoma tuzilgan taqdirda AQShning 8000-12000 kishidan iborat askarlari mamlakatning 9 harbiy bazasida joylashtirish ko’zda tutiladi. Ular mamalkat harbiylariga tolibonlar hujumini qaytarishda ko’mak berishlari hamda ularni harbiy tayyorgarliklarini kuchaytirishga yordam berishlari zarur bo’ladi.


Uchinchi vazifa Afg’oniston uchun eng katta havf bo’lgan Tolibonlar bilan mojarolarga chek qo’yish. Ko’p yillik urushlar natijasi o’laroq o’z ahamiyatini yo’qotmagan Tolibonlarga nisbatan hukumat boshqa ko’z yumib qaray olmaydi. Afg’on hukumati Tolibonlarni Afg’onistonning havfsizligiga rahna solishning oldini olishni bugungi kunda yagona yo’li, ular bilan sulh tuzish deb hisoblaydi. Shu sababdan ham Hamid Karzay prezidentligining so’ngi davrini AQSh bilan munosabatlarni mustahkamlashga emas, balki Tolibonlar bilan umumiy til topishish yo’llarini izlashga bag’ishladi. 2010-yildayoq Yuqori Tinchlik kengashiga asos solib, uning zimmasiga Tolibonlar bilan kelishish yo’llarini topishni yukladi. Tolibonlar bilan munosabatlarni tiklash uchun Karzay AQShning qarshiliklariga qaramasdan bir nechta siyosiy mahbuslarni ozod qildi. Uning fikricha agar shu paytgacha Tolibonlar bilan muzokaralar kutilmagan natijalarni bermagan bo’lsa, bunga sabab Pokistonning mahfiy xizmatlari Afg’on hukumati bilan o’z hududidagi Tolibonlar sardorlarining yaqinlashishiga qa’tiy qarshiligidandir. Pokiston Tolibon kuchlari orqali Afg’onistondagi siyosiy beqarorlikni ushlab turgan holda uni o’z ta’sirida ushlab turish tarafdoridir. 

Garchi hozircha prezidentlikka nomzodlar Karzayning bu siyosatini davom ettirishlarini e’lon qilgan bo’lishsada, saylovlardan keyin yangi hukumatni o’rnashishi bilan ahvol o’zgarishi mumkin. Chunki Tolibonlarning ko’proq Pashtunlarga hayrihohligi, kelajakda boshqa millatlardan tuzilgan hukumat uchun ular bilan muzokaralar olib borishiga to’sqinlik qilishi mumkin. Hozircha esa Tolibonlar Afg’onistonga havf soluvchi kuch sifatida e’tirof etilishda davom etishmoqda.

1 комментарий:

  1. Анонимный9 мая 2014 г., 10:44

    Maqolani yozayotgan odam biroz bo'lsada Afg'oniston haqida ma'lumotga ega bo'lishi lozim fikrimcha. Bir qancha elementar va oddiy hatolar yo'lga qo'yilgan. Tolibon so'zi tolib ya'ni student so'zining ko'plik shakli, muallif esa boshqa besavod jurnalistlar kabi Tolibonalar so'zini qo'llamoqda....

    ОтветитьУдалить