08.04.2014

Demokratiya yoki Tinchlik ?



Asl ildizlari qadimgi Grek sivilizatsiyasiga borib taqaladigan Demokratiya, zamonaviy davrimizgacha jamiyatni tartibga soluvchi eng mukammallashgan tizim sifatida yetib kela oldi. Yevropadagi uyg’onish davri, inqiloblar, Amerikaning kashf qilinishi, imperializm, jahon urushlari va nihoyat sovuq urush davomida demokratiya toblanib o’z zamonasiga moslasha bordi. Inson tarihida hech qaysi mafkura bu qadar dunyoga keng yoyilmagan va ideallashtirilmagan edi. 




Lekin mana 21-asrga qadam qo’yishimiz bilan dunyoning ko’pchilik jamiyatlari Demokratiya tushunchasiga shubha bilan qaray boshladilar. Chunki demokratiya mafkurasi nomi ayrim qudratli davlatlar tomonidan strategik maqsadlarni amalga oshirish uchun ishlatila boshlandi. Bu esa universal oliy mafkura haqidagi tasavvurlarni yemirilishiga sabab bo’ldi. Bundan tashqari rivojlanayotgan mamlakatlar Demokratiya yoki Tinchlik tushunchalari oldida ikkilanib qoldilar.


Demokratiya va Inson huquqlarining halqaro doirada siyosiy maqsadlarni ko’zlagan holda dastak sifatida ishlatilishi Sovuq urush davrida boshlandi. Ayniqsa AQShning Afg’onistonga harbiy intervensiya uyushtirgan sobiq Sovet Ittifoqini ushbu hududdan siqib chiqarish uchun amalga oshirgan ommaviy axborot urushlarida bu usul keng ko’lamda qo’llanildi. 

Sovet Ittifoqining parchalanishi bilan AQSh dunyoda gegemonlikni qo’lga kiritish uchun hali yetarlicha kuchga emasligiga amin bo’ldi va ushbu insoniyat uchun universal muqaddas bo’lgan mafkuralarni o’z siysoiy manfaatlariga erishish uchun ishlatishda davom etdi. 

2001-yil 11-sentyabr voqealaridan so’ng AQShning Afg’onistonga qo’shin olib kirishi Halqaro hamjamiyat tomonidan « tabiiy » jarayonday qabul qilindi. Lekin Iroqqa qarshi harbiy harakatlarning boshlanishi G’arb davlatlarining demokratiya tushunchasini o’z manfaatlariga yetishish uchun ishlatayotganini yaqqol ko’rsatib qo’ydi. Lekin AQSh va G’arb mamlakatlarining hohishiga qarshi borishga qudrati yetadigan raqobatchi mamlakatning topilmagani uchun Iroq AQSh harbiy interventsiyasiga duchor bo’ldi. 


Allaqachon Demokratiya tushunchasi omma tomonidan ikki taraflama tushuncha sifatida qaralayotgan bir paytda, 2004-yillarda boshlangan « Rangli revolyutsiyalar » ushbu muqaddas siyosiy tushuncha haqidagi rivojlanayotgan mamlakatlardagi ijobiy tasavvurlarni butunlay sidirib tashladi. « Rangli revolyutsiyalar » yuz bergan sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlari batamaom iqtisodiy tushkunlikka tushib qoldilar, tinimsiz mojarolar va davlat to’ntarishlari ushbu mamlakatlarning sillasini quritdi. Hatto Qirg’iziston va Ukrainada ushbu revolyutsiyalarning oqibati o'laroq aholi orasida keng ko’lamli to’qnashuvlarni yuzaga keltirib bir nechta ming tinch aholini qurbon bo’lishiga olib keldi. Gruziyadagi 2008-yildagi 5-kunlik urush ham ushbu « Rangli revolyutsiyalar »ning oqibatlaridan biri desak adashmaymiz. 


Keyingi Demokratiya tushunchasini obro’sizlanishiga sabab bo’lgan to’lqin 2011-yilda « Arab bahorlari » nomi ostida boshlangan Arab mamlakatlaridagi inqilob harakatlaridir. Garchi G'arb mamlakatlari ushbu inqiloblarni boshlanishiga sababchi bo’lishmagan bo’lishsada, ular harakatlarning davom etishini va mazkur hukumatlarni ag’darib tashlanishini qo’llab quvvatladilar. Eng achinarlisi esa, to’ntarish qilinayotgan hukumatlarning o’rnini bosadigan sog’lom hukumat yoki muholifatlarning tashkil qilinmaganida edi. Tunis, Misr, Liviya, Yaman va Suriyadagi « Arab bahorlari»ning natijalari quvonarli bo’lmadi. Ushbu mamlakatlarning ayrimlaridagi tartibsizliklar fuqarolik urushlariga aylanib ketmagan bo’lsada, ulardagi hukumat tizimlari, oldingi avtoritar tizimlardan ham tubanroq diniy-radikal yoki anarxiya sifat hukumatlar bilan almashtirildi. Ayrim mamlakatlar esa nihoyasiz fuqarolar urushiga sho’ng’idi, jumladan Suriyadagi mojarolar bugungi kunda qonli fuqarolik urushlariga aylanib, mamlakat turli diniy-siyosiy guruhlar to’qnashuvlari maydoniga aylandi. Shu kungacha mamlakatni 1 million kishidan ortiq qochoqlar tark etdi, qurbonlar soni 150 ming kishidan oshgan. Shuni ham eslatib o’tish kerakki, Suriyadagi ushbu « inqilob » mamlakatni dunyoviylikka asoslangan jamiyatini butunlay yemirib, uni demokratik prinsiplardan uzoqlashtirsa uzoqlashtirdiki, lekin demokratiyaga yaqinlashtirmadi. Endilikda keyingi bir nechta yil davomida Suriyada Demokratik davlat qurilishidan umid uzish mumkin.

Agar « Arab bahorlari » dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlar jamiyatlaridagi Demokratiyani mukammal siyosiy tizim tasavvurini butunlay yemirib tashlagan bo’lsa, G’arb mamlakatlarining jamiyatlarida ham Demokratiyaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashish holati kuzatildi. Chunki hukumatlarga qarshi doimiy noroziliklar mamlakatlar iqtisodini zaiflashishiga olib kelayotgan edi. Uning ustiga siyosiy partiyalar orasidagi hokimiyat uchun kurashda saylovlarda g’olib chiqish uchun har qanday subutsiz nutqlarni so’zlanishi va natijada va’dalarga vafo qilmaslik G’arb mamlakatlari aholisi orasida siyosat arboblariga va mavjud tizimga bo’lgan ishonchni butunlay so’ndirdi. 


Shu o’rinda zamonaviy Demokratiyaning yana bir mag’lubiyatini esga olib o’tish bizga bu mafkuranig amalda qo’llanilishi uchun jamiyatda ma’lum sharoitlar va shartlar bajarishi kerakligini ko’rsatib beradi. 2013-yilning noyabr oyida Tailandda boshlangan noroziliklar aynan hukumatning demokratik kuchlardan tozalashni talab qilib chiqqan edi. Norozi aholining fikriga ko’ra Tailand hali demokratik tizimga tayyor bo’lmagan mamlakat bo’lib, saylash orqali hokimyatni egallashda bu mamlakatda saylovchilar ovozi emas balki poraning kattaligi asosiy o’rin tutadi. Darhaqiqat Tailand o’zining iqtisodiy o’sishining yuqori sur’atlariga qaramasdan dunyoning korruptsiyaga cho’mgan mamlakatlaridan biridir. Saylovlar orqali hokimiyatga ko’tarilish esa bu korruptsiya darajasini yanada oshirib yuborgan edi, saylanuvchilar o’zlarining siyosiy iqtidorlari uchun emas balki beriladigan pora darajasiga qarab hokimyatni egallay boshladilar. 


Demokratik jamiyatning qurilishi uchun mamlakat nafaqat iqtisodiy jihatdan, balki mafkuraviy tomondan ham tayyorgarlikka ega bo’lishi kerak. Arab davlatlaridagi noroziliklar tufayli Demokratiyaning asosiy poydevori bo’lgan dunyoviylik tizimlari yemirilib ularning o’rniga diniy-siyosiy hukumatlar o’rnashib oldilar, chunki aholi orasida siyosiy arboblarning qanchalik darajada siyosiy iqtidorga egaligi emas, balki qay darajada dinga e’tibor berishi muhim rol o’ynadi. Natijada ushbu mamlakatlardagi kam sonli diniy guruhlarning mazkur hukumatlar tomonidan siquvga olinishi kuzatildi, bu esa demokratik prinsiplarning asosiy qoidalaridan biri bo’lmish – kam sonli aholi guruhlarini huquqlarini kafolatlashga zid holat edi. Aholining siyosiy qarashlarining zaifligi yoki yo’naltirilganligi aholi orasida jamiyatning rivojlanishi uchun zarur bo’lgan tanlovni emas, balki o’z shaxsiy his-tuyg’ulariga yaqinroq bo’lgan mafkurani tanlashiga sabab bo’ladi. Oqibatda bunday jamiyatlarda hokimiyat turli hil diniy yoki milliy radikallashgan guruhlar qo’liga tushib qolishi kuzatiladi. 


Demokratiya – o’z nomidan ma’lumki, jamiyatlarda aholining o’z hohishi bilan tanlanishi lozim bo’lgan tizim. Lekin afsuski bugungi globallashgan tizimda jamiyat mutloq o’z hohishiga tayangan holda va o’z jamiyatining taqdirini o’ylab o’z kelajagini tanlashi qiyin masala. Chunki birinchidan barcha rivojlanib kelayotgan mamlakatlar u yoki bu darajada qudratli mamlakatlar ta’sirida bo’lishga mahkum. Bu qaramlik iqtisodiy, axborot yoki hatto siyosiy guruhlar darajasida bo’lishi mumkin. Masalan Misrdagi inqiloblardan so’ng mana 3 yildirki doimiy hukumat hozirgacha aniqlanganicha yo’q, balki turli hil siyosiy guruhlarni turli hil mintaqadagi qudratli davlatlar tomonidan o’z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qo’llab quvvatlanishi kuzatildi. Suriyadagi fuqarolar urushi ham huddi shunday holatda, mamlakatda asosan Eron va Saudiya Arabistonining ayovsiz raqobati to’qnash kelmoqda, bundan tashqari boshqa aktyorlar ham o’z manfaatlarini himoyalash maqsadida u yoki bu guruhga qurol yetkazishda, moliyaviy yordam berishda davom etishmoqda. Bu holatning jabrini albatta Suriya va suriyaliklar tortmoqda. Ikkinchidan mamlakatda demokratik tizimni o’rnatish uchun avvalambor milliy birlik mustahkam bo’lishi lozim, milliy birlik faqatgina umumiy etnogenga tegishlilikda yoki umumiy, til, dinga ega bo’lishda emas, balki zamonaviy kuchli, kelajakka ishonch tug’diradigan milliy mafkuraga ega bo’lishdadir. Aks holda mamlakat tarqoqligi demokratiyaga yo’l ochmasdan uni turli hil hududlarga va guruhlarga bo’linib ketgan anarhiyaga aylantirib qo’yishi mumkin. 


Xulosa qilib shuni aytish kerakki davlat tushunchasi doimo inson shahsiy erkinligidan g’olib keladi. Chunki davlat tizimining poydevor konseptsiyasi aynan insonlarning qaysidir shahsiy hohishlarini cheklash orqali tartibga solingan kuchli jamiyatlarni yaratishdan iboratdir. Shuning uchun ham davlat doim majburlovchi apparatga egadir. Zamonaviy davrda demokratik jamiyatni halokatli oqibatlarsiz qurish uchun esa mamlakatning majburlov apparati bir vaqtning o’zida ham juda kuchli bo’lishi, ham ko’rinmas nazorat tizimini yo’lga qo’yish kerak bo’ladi. G’arbning rivojlangan mamlakatlari ushbu tizimni OAVi va internet orqali qisman o’rnatishga muvaffaq bo’ldilar. Albatta rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bu iqtisodiy jihatdan mushkul masala, lekin shu unsursiz mamlakat butunlay ohiri yo’q to’qnashuvlar domiga tushib qolishi mumkin.

Комментариев нет:

Отправить комментарий