28.04.2014

AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasidan ola mushuk o‘tdimi?

1945-yil 14-fevral kuni AQSHning USS Quincy harbiy kemasi Suvaysh kanalining shimoliy va janubiy qismlarini o‘rtasida joylashgan Katta Achchiq ko‘liga kelib to‘xtaydi. Kema bortida AQSH prezidenti Franklin Ruzvelt va yangi asos solingan Saudiya qirolligining asoschisi Abdulaziz-bin Abdurahmon ibn Saud uchrashib tarixiy kelishuvga imzo chekadilar. Shartnomaga ko‘ra AQSH Saudiya Arabistonining neft ta'minoti evaziga qirollikning xavfsizligini ta'minlashga kafolat beradi. Ushbu shartnoma Yfqin Sharqninng zamonaviy davrdagi siyosiy yo‘nalishida kalit bo‘lib xizmat qiladi. Endilikda Ar-Riyod Vashingitonning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisiga aylangan edi. Keyinchalik bu rol Isroil bilan baham ko‘riladi.


28-mart AQSH prezidenti Barak Obama o‘zining Yevropa mamlakatlariga safaridan so‘ng, Saudiya Arabistoniga qarab yo‘l oldi.  Ar-Riyoddan 100 kilometr shimoliy-sharqda joylashgan Ravdat-Xurayim vohasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv kutilganidek uzoq davom etmadi.
Rasmiy sur'atlardagi tabassumlar va uchrashuv paytidagi bezatilgan dasturxonlarga qaramasdan, uchrashuvning kutilgan natijalarni bermaganini sezish qiyin emas edi. Ikki mamlakat orasidagi munosabatlar so‘ngi 10 yil ichida juda yomon ahvolga kelgan. Uchrashuv paytida hozir bo‘lganlarning xabar berishicha muzokaralar atigi ikki soat davom etgan. Bundan tashqari shu kuni bo‘lishi kutilgan kechki ovqat ham rejadan olib tashlangan. Voqyealarni kuzatayotgan fotograflar 89 yoshli Saudiya Arabistoni qiroli Abdallah ibn-Saud su'niy nafas oldiruvchi moslama bilan muzokaralarda ishtirok etganini aytib o'tganlar.


Ikki davlat orasidagi ishonchsizlik kayfiyatining boshlanishining birinchi bosqichi 2001-yil 11-sentyabr voqyealari bilan boshlangan. Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo markazi binolariga urilgan samolyotlar bortidagi terroristlarning asosiy qismi Saudiya Arabistoni fuqarolari bo‘lgani hamda Usama ben-Ladenning qirol oilasi bilan aloqalari, Saudiya Arabistoning islomiy radikalizmni moliyalashtiruvchi davlat ekanligi borasidagi gumonlarga asos borligini ko‘rsatib berdi.
Arab bahori davomida Saudiya Arabistonining ittifoqchisi bo‘lmish Husni Muborakning AQSH tashabbusi bilan hukumatdan ag‘darilishi ushbu ishonchsizlik kayfiyatini yangi bosqichga olib chiqqan. Keyinchalik esa Suriyadagi fuqarolar urushi davomida AQSHning Rus diplomatiyasi qarshisida chekinishi va Suriyaga intervensiya uyushtirmagani Saudiyaliklar tomonidan hiyonat belgisi sifatida qarshi olindi.


Nihoyat Erondagi prezident saylovlaridan so‘ng, mamlakatning yangi prezidenti bilan AQSH o‘rtasida yadro quroli borasidagi muzokaralarning boshlanishi, Saudiya Arabistoni tomonidan siyosiy mavjudlikka tahdid sifatida kutib olindi. Chunki AQSH bilan Eronning yaqinlashuvi mintaqada shialarning o‘rnini kengaytirib yuborishi mumkin. Hozirning o‘zidayoq Iroqda  shialar hukumati bilan, Livanda Hezbolla bilan, Suriyadagi mavjud hukumat bilan va Fors ko‘rfazidagi Arab mamlakatlaridagi shia guruhlari bilan Eron asta sekinlik bilan o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab bormoqda. Bu esa Saudiya Arabistonining sunniylik asosiga qurilgan mafkurasini yemirilishiga va mintaqdagi darg‘achilik rolini yo‘qotishiga olib kelishi mumkin.


AQSHni dushmanlari bilan muzokaralar olib borayotganini ko‘rgan  Saudiya Arabistoni o‘zining noroziligini bildirish maqsadida Xitoy va Pokistonga hukumat delegatsiyalarini jo‘natdi. AQSH bilan o‘zaro aloqalar 70-yil davomida neft evaziga havfsizlik tartibida belgilanib kelingan. Endilikda esa Saudiyaliklar AQSHning Yaqin Sharq masalalarida o‘zini chetga olishidan havotirga tushishgan, Buning ustiga AQSHning mintaqadagi yana bir ittifoqchisi bo‘lmish Isroil bilan ham aloqalari yomonlashgan. Bu esa Yaqin Sharq uchun mintaqada Saudiya Arabistoni, Turkiya va Eron o‘rtasida gegemonlik qilish borasida raqobatni keltirib chiqardi. Hozirda Saudiya Arabistoni boshqa yadro kuchiga ega mamlakatlar bilan aloqalarni kuchaytirishga yoki har holda AQSHga ogohlantirish belgisi sifatida ular bilan yaqinlashishga harakat qilmoqda. Shunday harakatlaridan biri 2014-yil boshida Saudiya Arabistonining Livan armiyasini Fransuz qurol-yarog‘lari bilan zamonaviylashtirish uchun ajratgan 3 millard AQSH dollari miqdoridagi beg‘araz yordamidir. Livan tarixida bunday katta miqdordagi yordam mablag‘i kuzatilmagan edi. Shu orqali Saudiya Arabistoni Livandagi Eron tomonidan moliyalashtiriladigan va quroolantiriladigan, Islomning Shia mazhabidagi radikal guruhi Hezbollaga qarshi mamlakatda kuchli armiyani shakllantirishga harakat qilmoqda. O‘z navbatida Livanda kuchli armiyaning shakllanishi uning azaliy dushmani bo‘lmish Isroilga ham kuchli zarba demakdir.


Ikki davlat orasidagi jarlik Suriyadagi siyosiy inqiroz tufayli ham chuqurlashgan. Saudiya Arabistoni AQSHdan Suriyadagi jangarilarga havo hujumlariga qarshi tizimlarni va og‘ir qurollarni yetkazib berishni so‘ramoqda. Lekin AQSH ushbu qurollar radikal guruhlar qo‘llariga tushib qolishidan cho‘chib ushbu so‘rovni rad qilgan. Saudiya Arabistoni Suriyadagi fuqarolik urushlarida hukumatga qarshi kuchlarga bilvosita yordamini ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu yordamlar qurollanish, moliyalashtirish va askarlar yetkazib berish ko‘rinishlarida amalga oshirilmoqda. Aslida Suriya hukumati va hukumatdan norozi aholi orasida boshlangan to‘qnashuvlar bugungi kunda Islomning sunniy va shia mazhablari orasidagi diniy urushga aylanib ketdi. Bir tomondan Eron boshqa tomondan esa Fors ko‘rfazidagi Arab mamlakatlari ushbu urushda o‘zlariga hayrihoh bo‘lgan guruhlarni qo‘llab quvvatlashmoqda.


AQSH va Saudiya Arabistoni o‘rtasida yangidan umumiy manfaatdorlik Ukrainada siyosiy inqirozning boshlanishi bilan paydo bo‘ldi. Rossiya Saudiya Arabistoni uchun Suriya masalasida halaqit berishdan tashqari, u Saudiya Arabistonining birinchi raqamli dushmani Eronning eng asosiy qo‘llab quvvatlovchi sherigi hamdir. Hozirda G‘arb mamlakatlari Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinganidan beri, Rossiyaga qarshi turli iqtisodiy va diplomatik sanksiyalarni qo‘llash yo‘llarini qidirishmoqda. Hozirgacha amalda qo‘llanilgan sanksiyalar Rossiyaning o‘z pozitsiyalaridan chekinishi uchun yetarli bo‘lmadi. Aynan Ravdat-Xurayim vohasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan ko‘zlangan maqsad ham Rossiyaning energetik imkoniyatlarini cheklash uchun bir harakat bo‘lishi mumkin. Agar AQSH Saudiya Arabistonini va boshqa Fors ko‘rfazidagi Arab mamlakatlarini neft va gaz bahosini pasaytirishga hamda uni g‘arb mamlakatlariga yetkazilishini ko‘paytirishga ko‘ndira olsa, bu Rossiyaning iqtisodiga katta putur yetkazishi mumkin. Lekin AQSH Saudiya Arabistonini bunga ko‘ndirish uchun ko‘p harakatlarni amalga oshirishi lozim bo‘ladi, ayniqsa Suriya va Eron masalalarida.

4 комментария:

  1. Анонимный5 мая 2014 г., 02:03

    Tez - tez maqola yozib turinglar. Xar kun kiraman bu blogga lekin... Axir yoritishga mavzu ko'pku. Masalan Ukrainadagi voqealarni xar kun taxlil qilib maqola yozsa bo'ladi.

    ОтветитьУдалить
  2. Анонимный7 мая 2014 г., 09:01

    Бу Мухаммад с.а.в. хадисларида айтган Исломни кайтиши яиники Исломий Халифатликни тикланишию Абу Бакр, Умар Усмон Али давридаги конун адолат хукмронлиги хакикий Исломни ин шо олло

    ОтветитьУдалить
  3. Анонимный15 июля 2014 г., 08:55

    Агарки араб давлатлари жипс булмас экан,АКШ ва Россия таъсиридан чикиб кета олмайди.Вазиятга кура ё унга,ёки бу лагер кулида уйинчок булиб колаверади.

    ОтветитьУдалить
  4. Анонимный15 июля 2014 г., 09:09

    Таркок араб давлатлари 1,5 минг йил олдинги натижани энди тиклай олмайди,сабаби шу давргача шиа-сунний можароларига уралашиб колишди,ушбу сценарийдан воз кечмас экан,улар хамиша Россия ва АКШ ва унинг тарафдорлари кулида кугирчок хукуматлар булиб келишмокда.

    ОтветитьУдалить