01.02.2013

YOVVOYI, OJIZ VA AHMOQONA: SHIMOLIY KOREYACHA STRATEGIYA


27-yanvar kuni Shimoliy Koreyaning davlat mediasi mamlakat rahnamosi Kim Jong Un yuqori lavozimli xavfsizlik amaldorlariga “muhim va yuroqi darajadagi hisoblarni olish”ni buyurgani haqida xabar tarqatdi va bu “hisoblar” jahon afkor ommasi tomonidan “uchinchi yadro sinoviga tayyorgarliklar rejasi” deb aytilmoqda. Janob Kim “Uchinchi yadro sinovi oktyabrdagi raketa sinovi ortidan AQSH boshliq BMT tomonidan Pxenyanga qo`yilgan sanksiyalarga nisbatan javob” ekanligini aytgan.  Kim Jong Unning bayonotida keltirilishicha, kelgusidagi yadro sinovlari Shimoliy Koreyaning azaliy raqibi bo`lmish rasmiy Seulning asosiy dastaklovchisi AQSHga qarshi qaratiladi.

Shimoliy Koreyaning yangi rahbari Kim Jong Un omma oldida


Ma`lumki, Shimoliy Koreya uzoq yillardan buyon o`z qo`shnilari va AQSHga raketa sinovlari orqali po`pisa qilib keladi. Biroq bu yo`l  bilan Shimoliy Koreya o`z maqsadiga erishadi deb bo`lmaydi. Pxenyanning ko`r-ko`rona raketalar sinovi orqali qo`rqitishga va bosim o`tkazishga urinishi xato strategiya. Nega? Tasavvur qiling, bir davlat o`zining qudratini ko`rsatib qo`yish uchun raketalar uchirib, sinov o`tkazdi. Agar sinov muvaffaqiyatsiz o`tsa, davlat kuchsiz ko`rinadi, agar muvaffaqiyatli o`tsa, bu o`sha davlat uchun muammo olib keladi xolos. Davlatning faqat dushman orttirgani qoladi. Tashqi bosim ortadi, iqtisodiyot cho`kadi. Hozirgi zamonda tashqi integratsiyasiz biror davlat rivojlana olmaydi. Biror qurolni mutlaqo mahfiy yaratib, rivojlantirish esa ancha foydaliroq. Qurol tayyor bo`lganda u oshkor etiladi va atrofdagi davlatlar talmovsirab qoladi.

Shimoliy Koreya doimo raketalar sinovi orqali qo`shni davlatlarga dag`dag`a qilib keladi 

Shimoliy Koreya bo`lsa mana yillardirki oshkora usuldan foydalanib kelmoqda. Pxenyan tahminiy yillik 28 milliard dollar daromadining asosiy qismini qurollanishga sarflaydi. Shu sababli mamlakat iqtisodiyoti boshi berk ko`chaga kirib qolganiga ancha bo`lgan. Agar qiynalib qolsa, AQSH, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan muzokara stoliga o`tirib, ortiq qurollanishni davom ettirmaslikka so`z bergan holda, oziq-ovqat va boshqa ko`maklarni olib keladi. O`zini biroz tiklab olgandan so`ng, qurollar ustida ish olib borishni yana davom ettiradi. Shimoliy Korea bu manevrdan ancha vaqtdan buyon foydalanib kelmoqda. Aslida esa Pxenyan biror qurol ustidagi tadqiqotlarni muvaffaqiyatli yakunlamagan. Mobodo, biror bir sinovi muvaqqiyatli chiqsa, bu raketalar AQSH yoki Janubiy Koreyaga qarshi qaratilganini da`vo qilib, ularni cho`chitishga harakat qiladi. Xaqiqatda esa bu sinovlar bilan o`z boshiga faqat tashvish orttiradi.

Shimoliy Koreya nega bu strategiyani tanladi, degan savol tug`iladi. Buni shunday tushuntirish mumkin: SSSR qulagandan so`ng pushti-panohidan ajralib qolgan shimolliklar iqtisodiyotida daxshatli jarlik paydo bo`ldi. Ko`pchilik bu inqiroz tez orada hukumatni qulatib, Koreya yarimorolini birlashishiga sabab bo`ladi deb tahmin qilgan edi. Hukumat esa, tabiiy ravishda, hokimiyatni o`z qo`lida saqlab qolish uchun har narsaga tayyor edi. Kim Chen Ir hukumati mavjud vaziyatda biror tashqi kuch mamlakat ichkarisiga suqilib kirib, inqilob ko`tarishidan doimo xavotirlanardi. Janob Kimga tashqi davlatlarni Shimoliy Koreya ichki ishlariga aralashishdan tiyilishiga sabab bo`ladigan o`zgacha strategiya zarur edi va hukumat hokimiyatdan ajrab qolmaslik uchun yadro quroli ustida ish boshlab yubordi. Mana 20 yildirki, Shimoliy Koreyaning o`zini qiynab bo`lsada yuritayotgan yovvoyi, ojiz va ahmoqona strategiyasi ish berib kelmoqda.

Uch tomonlama strategiya



Birinchisi- yovvoyi strategiya: shimolliklar varvarlarcha siyosat yuritib kelishdi. Ikkinchisi-ojiz strategiya: Shimoliy Koreya o`zining ko`p yillik noto`g`ri siyosati natijasida shu ahvolga kelib qoldiki, mamlakat iqtisodiyoti cho`kib, tez orada hukumatning o`zi qulaydigandek fikr uyg`otadi kishida. Uchinchisi-ahmoqona strategiya: aqlan noqis odamga bosim o`tkazishga urinib ko`rsangiz, u vaxshiylarcha sizga tajovvuz qilishdan toymaydi, bunday shaxslarning harakatini oldindan tahmin qilib bo`lmaydi, ulardan har neni kutsa bo`ladi. Pxenyan ham yillardirki, aynan shunday siyosat yuritib kelmoqda, ya`ni bugun qaysi davlat shimol rejimiga bosim o`tkazishga urinsa, ertaga o`sha davlat uchun yangi raketa tayyor bo`lib, sinovdan o`tkaziladi va butun davlat mediasida baralla aytiladi.

Boshlanishida, Pxenyanning yovvoyi strategiyasi Seulni bombardimon qilishga olib keldi. Shimoliy Koreya chegara bo`ylab artileriyani to`pladi va janubiy qo`shnisining poytaxtini yer bilan yakson qildi. Garchi urushda shimolliklar mag`lub bo`lgan bo`lsa ham, Janubiy Koreya va uning ittifoqdoshlari Pxenyan rejimi ag`darib tashlashdan tiyilishdi. Shimoliy Koreya yovvoyi strategiyasining keyingi harakati raketalar va yadroviy qurollar ustida ish boshlash bo`ldi. 

Shundan so`ng ko`pgina davlatlar shimolliklarning varvarcha o`yinida ishtirok etish istagini bildirishdi, biroq Shimoliy Koreya bu o`yinga bir o`zgartirish kiritdi: o`zini ojiz ko`rsatish. Shimoliy Koreya mamlakatning jarlikka qulagan iqtisodiyoti, ijtimoiy muammolar, oziq-ovqat taqchilligini ovoza qila boshladi. O`zining ojizligini ko`rsatish kampaniyasi ochiq-oshkora olib borilmadi, albatta. Chirigan iqtisodiyot, mamlakatdagi og`ir hayotni ko`rib turgan biror davlat shimol rejimini ag`darishda xech qanday manfaat ko`rmasdi. To`g`rida, qulab yotgan uyni tozalab, o`rniga yangisini tiklashga kimning ham ishtiyoqi bor hozirgi zamonda. Mamlakatni nurab borayotganiga guvoh bo`lib turgan davlatlarda rejimning o`zi bir kun kelib qulaydi, uni ag`darishga urinib, boshga ortiqcha tashvish ortirgandan foyda yo`q, qabilada tasavvur uyg`onadi. Pxenyan uchun xuddi shu narsa kerak edi.   

Shimoliy Koreyaning yuqoridagi strategiyalari ikki karra foyda keltirdi. Pxenyanning harbiy-yadroviy qudrati nelarga qodirligi savol ostida qolar ekan, ko`pgina davlatlar u bilan muomalada qadamlarini o`ylab bosishga majbur bo`lishdi. Davlatlarni bir qancha javobi topilmas savollar qiynardi: agar Shimoliy Koreyaga bosim o`tkazilsayu, unda haqiqatda yadroviy qurol bo`lsachi? Balki Koreyaning haqiqiy harbiy qudrati xech narsaga qodir emasdir? U namoyishkorona o`tkazayotgan sinovlar shunchaki o`zini kuchli qilib ko`rsatish yo`lidagi siyosiy o`yindir? Hozirgi kunda ham g`arb tahlilchilari Shimoliy Koreyaning asl qudrati va ojizligi borasida aniq bir to`xtamga kelolganlaricha yo`q.

Shimolliklar aytib o`tilgan ikki taktikani mukammallashtirish uchun uchinsini qo`shishdi. Pxenyan o`zini aqlan nosog`lom odamdek ko`rsata boshladi: o`zi ham natijasi haqida biror tasavvurga ega bo`lmagan qurollar ustida tajribalar boshladi, qo`shnilari va boshqa davlatlarga bir necha bor tahdid qildi, biror sababsiz Janubiy Koreya kemalarini cho`ktirib yubordi.

Shu sababli Shimoliy Koreya uzoq yillardan buyon o`zining yovvoyi, ojiz va ahmoqona strategiyasi bilan yashab kelmoqda, u bilan munosabatdagi eng yaxshi yo`l uning jig`iga ko`p tegmaslik va hukumat tuzumiga e`tibor bermaslik bo`lib qolmoqda.

Ehtiyotkor yadro dasturi


Shimoliy Koreya o`zining abadiy yadro dasturiga ega. Aslida Pxenyan biror qurolni oxirigacha yetkazmagan, lekin buni xech kim isbotlab berolmaydi, faqat tahmin qilish mumkin. Shimolliklarning oldindan tahmin qilib bo`lmas siyosatidan xar narsa kutsa bo`ladi. Bugun-erta ular yadro qurolini tayyorlab, xech qanday sababsiz qo`shni davlatlarga urush ochib yuborishi ham xech gapmas. Shu tufayli, AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya muntazam shimolliklarni muzokaralar stoliga taklif etib, ularni biror ahmoqgarchilik qilib qo`ymaslikka da`vat etib kelishadi.

Qiziq tomoni, Shimoliy Koreya shu paytgacha po`pisalardan boshqa biror e`tiborga loyiq yoki xavf tug`diradigan harakat sodir etmadi. Koreya Urushidan buyon qator sinovlar o`tkazib, yon-atrofidagi davlatlarga dag`dag`a qilib kelgan bo`lsada, xalqaro reaksiyaga sabab bo`ladigan biror ish qilishdan o`zini tiyib keldi. Buning sababi Pxenyan harbiy qudratiga o`zi ham ishonmasligi yoki yadroviy dasturni hali oxiriga yetkazmaganligida bo`lishi mumkin.


Xitoy nuqtayi-nazari va Eron ustozi



Pxenyan bilan aloqalarda uzoq yillardiki qiziq bir holat odat tusiga kirib qolgan: AQSH, Yaponiya va Janubiy Koreya shimolliklarni xovuridan tushirish uchun odatda Xitoyga murojaat qilishadi. Bu esa juda g`alati holat, chunki Xitoy ayni vaqtda Janubiy va Sharqiy dengizlar tufayli AQSH hamda uning mintaqadagi ittifoqchilari bilan sovuq munosabatda.

Joriy yilning boshida dengizdagi kemalar harakati tufayli Xitoy-Yaponiya munosabatlari deyarli dushmanona tus oldi. Pxenyanning yadro qurolini sinash haqidagi bayonoti esa Vashington va Tokioni yana bir bor Xitoy poyiga bosh urishiga sabab bo`lishi mumkin. Shimoliy Koreya ayni sinov AQSH va uning “xamtovoqlari”ga qarshi qaratilishini oshkora aytar ekan, undan har narsani kutish mumkinligini biladigan Yaponiya hamda AQSH bo`lishi mumkin bo`lgan inqirozni oldini olish uchun Xitoyning har qanday shartiga rozi bo`lishlari turgan gap. Bundan esa Xitoy-Yaponiya o`rtasidagi ziddiyatli orollar masalasini ham kimning foydasiga hal bo`lishini tahmin qilsa bo`ladi.

Mavjud vaziyatdan Xitoy qay yo`sinda foydalanib qolishini tahmin qilish mushkul. Shimoliy Koreya va Xitoy bir vaqtlar yagona lagerda bo`lishgani va SSSR qulagandan so`ng aloqalarni yashirincha davom ettirishgani hammaga ma`lum, lekin so`ngi paytlarda Xitoy ham “Shimol Boshog`rig`i” hal etilishini istayotganini kuzatish mumkin. Nima bo`lganda ham, ayni vaqtda Pekin uchun manfaatlarni amalga oshirib olish uchun qulay fursat keldi.

Shunga e`tibor qilish lozimki, so`ngi yillarda yovvoyi, ojiz va ahmoqona-Shimoliy Koreyscha strategiyani ba`zi davlatlar ham o`zlashtirib olishmoqda. Eron eng yaxshi shogirddir. Xuddi Shimoliy Koreya kabi natijasiz yadroviy dastur bilan o`zini kimligini ko`rsatishga urinmoqda, qo`lida iPad tutgan yoshlari bilan o`zini iqtisodiy ojiz, inqirozga botgan davlatdek tutmoqda. Eron o`zini kambag`al ko`rsatish rolini Shimoliy Koreya singari yoki undan o`tqazib o`ynayaptimi-yo`qmi-bunisi noma`lum, lekin rasmiy Tehronda xech bo`lmaganda Shimoliy Koreyadagidek ocharchilik muammosi mavjudmas.   

Qo`shimcha sifatida Eron ahmoqona strategiyadan ham foydalanmoqda. Butun forslarni o`limiga sabab bo`lsa ham, Tehron yadroviy urushni boshlab yuborishi xech gap emas. Bu Islomiy Respublika o`zining siyosati tufayli butkul jahon xaritasidan o`chib ketadimi yoki xalqaro maydondagi asosiy kuchga aylanadimi-bunday farazlarning adog`i yo`q. 

“Yovvoyi, ojiz va ahmoq bo`lish” strategiyasi haqiqatda yovvoyi, ojiz va ahmoq davlatlarga xos. Qo`lidan biror ish kelmaydigan rejimlar yashab qolish uchun shu kabi yo`lni tanlashadi. Boshida bu strategiya ish berishi mumkin: ular jahon siyosatidagi asosiy mavzuga, xalqaro munosabatlardagi muhim o`yinchiga aylanishadi, har kim ular bilan o`ylashib muomala qiladi, xattoki buyuk qudratlar ham, biroq bir kun kelib ularning asl holatlari oshkor bo`lganda boshi berk ko`chaga kirib qoladilar. Chunki ular haqiqatda yovvoyi, haqiqatda ojiz va haqiqatda ahmoqdirlar, bunday rejimlar boshqaruvga noloyiqlar.

Diplomatiya xalqaro munosabatlar mo`jizasidir. Diplomatik yo`l bilan har qanday muammoni ziddiyatga bormay hal qilish mumkin. Diplomatiya ayni vaqtda kichik, qashshoq, o`z qobig`iga biqinib olgan shimolliklar uchun eng zarur narsa. Hozirgi zamon urushlarni, ayniqsa, yadroviy urushlarni ko`tarmaydi. 21-asrdagi urushlar birinchi navbatda urushni boshlagan tomonning xalokatiga sabab bo`ladi. Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlar bu haqiqatni tushunmayapti yoki tushunishni xohlamayapti. Zero ular buni anglab yetganda kech bo`lgan bo`lishi mumkin…

5 комментариев:

  1. Muallif faqatgina o'z dunyoqarashiga tayanib taxlil qilishga harakat qilibdi.

    ОтветитьУдалить
  2. bir yoqlama tahlil qilibsizda yoki Aqsh, gárbcha uslubdagi maqoladan o'girib qoýaqolibsiz

    ОтветитьУдалить
  3. Avvalo ishlash uslubimiz haqida to'xtalib o'tsak: Geopolitika.UZ muharrirlari yoshlar bo'lib, biz hali o'zimizni yetuk tahlilchi deb hisoblashimizga ancha bor. Ma'lumki, o'zbek siyosiy maktabi hali mavjud emas yoki rivojlanmagan, shu sababli biz maqolalarni yozishda G'arb tahlilchilarining ishlarini asos qilib olishga majburmiz. Ishlarimizdan G'arb "isi" kelib turishi ham shundan. Blog qaysidir tahlilchininb ishlarini ommaga tarqatish uchun emas, balki geosiyosiy maydonda o'zini "charxlash" maqsadida bo'lgan yoshlar uchun tajriba maydoni sifatida tashkil etilgan. Biz geosiyosatni o'rganish jarayonida yiqqan bilimlarimizni siz bilan baham ko'rishga qaror qildik. Albatta, biz uchun har qanday sharh: xoh maqtov, xoh tanqid bo'lsin bizga ilhom bag'ishlaydi, o'z ishimizga jiddiy yondashishga undaydi, kimdir bizning loyihamizga befarq emasligidan darak beradi. Shuning uchun biz, Geopolitika.UZ jamoasi kelajakda, Siz Aziz O'quvchilarimizni chuqur mushohada qilishga undaydigan maqolalar e'lon qilishga harakat qilamiz va ishimizga munosabatlarni kutib qolamiz.

    Xurmat bilan,

    Temur Amirov

    ОтветитьУдалить
  4. Albatta gap yuq nima bulganda ham geosiyosiy xabarlarni ozbek tilida oqish yaxshi ijodlarizga rivoj.

    ОтветитьУдалить