18.06.2013

ERONNING YANGI RAHBARI VA U HAQIDA BILISHIMIZ KERAK BO`LGAN 5 NARSA

15-iyun kuni Eron rasmiylari mamlakatda bo`lib o`tgan saylov natijalarini e`lon qilishdi va unga ko`ra saylovda mo`tadil qarashlarga ega deb ko`riladigan Hasan Ruhoniy g`olib chiqqani ma`lum bo`ldi. Bu xabardan so`ng Eron ko`chalarini bayramona kayfiyatdagi Hasan Ruhoniy tarafdorlaridan tashqari saylov natijalaridan norozi odamlar ham to`ldira boshladilar. Shunga qaramay, president saylab bo`lindi va ortiq norozlik befoyda. Endilikda butun dunyo so`nggi vaqtlarda xalqaro aloqalarda keskinlashib ketgan Eron masalasini yumshatishda mamlakatning yangi rahbariga umid ko`zi bilan qaramoqda. Xo`sh, biz Hasan Ruhoniy haqida nimalarni bilamiz va u Eron taqdirini qay darajada o`zgartira oladi? Quyida biz yangi rahbar to`g`risida bilishimiz kerak bo`lgan 5 omilga ko`z tashlab chiqamiz:




(1) U diplomat va pragmatik arbob sifatida mashxur.
Hozircha yangi rahbardan uranni boyitish fabrikalarini yopish yoki G`arb talablariga yon berishni kutish befoyda. Biroq Ruhoniyda Eronning oldingi rahbarlariga qaraganda diplomatik salohiyat va oldinni ko`ra bilish anchayin rivojlangan. U 2003-2005-yillarda Eronning tashqi masalalardagi yetakchi muzokarachisi bo`lgan va mamlakat ichida “diplomat shayx” nomi bilan tanilgan. Shuningdek, saylovdan keyingi nutqida Ruhoniy mamlakatning mavjud bahsli tashqi aloqalarini yumshatish uchun har qanday muzokaraga tayyor ekanligini ma`lum qilgan.

Hasan Ruhoniy kelgusidagi faoliyati davomida bu so`zlariga qanchalik amal qilishi noma`lum bo`lsada, uning harakatlari mamlakatni 8 yil davomida o`z qobig`iga o`rab qo`ygan Mahmud Ahmadinajotdan keyin Eronda qandaydir jiddiy o`zgarishlar yuz berishidan darak bermoqda.

(2) Ruhoniy yadroviy dasturni qo`llab-quvvatlaydi.

Mamlakat rahbari o`zgardi, lekin bu yer haliyam Eron. Yadroviy dastur esa bu mamlakatda milliy buyuklik va tashqi kuchlarga qaram bo`lmaslik ramzi hisoblanadi. Bundan tashqari Eronda Oyatullo kabi qudratda prezidentdan qolishmaydigan kuchlar mavjud. Shularni hisobga oladigan bo`lsak, Ruhoniy, istaydimi yo`qmi, uranni boyitish ishlarini davom ettirishga majbur. Eron tinch maqsadlarda uranni boyitayotganini da`vo qilayotgan bir paytda, G`arb rasmiy Tehron yadroviy qurol yaratishidan havotirlanar ekan, mamlakatga yangi rahbarning kelishi o`rtadagi tang munosabatlarga iliqlik kirita olishi amri maholligi ma`lum bo`ladi.  

(3) Oliy Ruhoniy Oyatullo Hamayniy hanuz tashqi aloqalar va yadroviy dastur bo`yicha rahbar.

Hamayniy yadroviy dasturning eng yirik dastaklovchisi va G`arb bilan aloqalarning sovuqlashishidagi asosiy shaxs sifatida ko`riladi. Mamlakatda G`arb tomonidan qo`yilgan sanksiyalar va boykotlar tufayli iqtisodiy ahvol og`irlashib borar ekan, Oliy Ruhoniy mavjud vaziyatni yumshatish uchun prezidentga yo`l berishga majbur bo`lishi mumkin. Bu esa Hasan Ruhoniyda rasmiy Tehronning tashqi ziddiyatlarini diplomatik yo`l bilan bartaraf etish imkoniyati paydo bo`ladi degani demakdir.

(4) Ruhoniy hali islohotchi ekanligini isbotlamadi.

Ko`pgina siyosiy tahlilchilar Hasan Ruhoniyni konservativ qarashdagi arboblarning ta`siri cheksiz bo`lgan Eron “siyosiy qozoni”da “toblangan” deyishmoqda. Bu esa Ruhoniy islohotlar haqida ming chiroyli nutqlar irod qilmasin, undan aytarli o`zgarishlarni kutish foydasiz ekanligini bildiradi. Biroq hozir saylovlardan atigi 3 kun o`tdi va yangi rahbar islohotchi yoki konservativ ekanligini faqat vaqt ko`rsatadi.

(5) Saylovlarda ichki masalalar roli ustun bo`ldi.

So`nggi vaqtlarda xalqaro hamjamiyat diqqat markaziga tushib qolgan Erondagini saylovlarni kuzatar ekanmiz, saylovchilar ilgari surgan talab va istaklar doirasida tashqi aloqalardan ko`ra, ichki, ayniqsa, iqtisodiy muammolar yuqori darajada turganligini qayd etish mumkin bo`ldi. Shu hisobdan Ruhoniy ham o`z saylov dasturi va kampaniyasida tashqi masalalardan ko`ra, ichki muammolarga ko`proq urg`u berdi.  

Bu esa, Ruhoniy yaqin vaqt ichida sanksiylar tufayli cho`kib qolgan iqtisodiyotdan tashqi muammolarni hal etishga e`tibor qarata olmasligidan darak bermoqda. Sababi iqtisodiy qiyinchiliklar eronliklar o`rtasida norozilik kayfiyati kuchayib borishini asosiy omili hisoblanadi. Yangi rahbar uchun esa, avvalo, ichki barqarorlik suvdek muhim. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий