15.06.2013

KASPIY DENGIZINING HARBIYLASHTIRILISHI - KASPIYBO'YI GEOPOLITIKASINING TUBDAN O'ZGARISHI

AQSh va NATO qo'shinlarining tobora O'rta Osiyo va Yaqin Sharqqa kirib kelishi bilan shu hududlar bilan bog'liq barcha hududlarda geopolitik o'yinlar yuzaga kela boshladi. 2000-yilgacha deyarli Rossiyaning ta'siri ostida bo'lgan Kaspiy dengizi ham bu o'yinlardan chetda qolib ketmadi. Dunyoda tobora yoqilg'i resurslarga talabning oshishi va asosiy neft-gazni eksport qiluvchi Arab mamlakatlaridagi notinchliklar dunyoning yirik import qiluvchi mamlakatlar diqqatini shu hudduddagi ulkan yoqilg'i resurslari jalb eta boshladi. Kaspiy dengizini harbiylashtirish bir nechta maqsadlarni ko'zda tutadi; dastlab tobora dunyoda kuchayib borayotgan terroristik hujumlardan himoyalanish bo'lsa, boshqa tomondan Kaspiy dengizini chegaralanishida har bir davlat o'ziga tegishli hududni havfsizlantirishni kuchaytirishga kirishib ketdi. Shuningdek quvur transporti, burg'alash markazlarini himoyasi, iqlimiy o'zgarishlar oqibatida kelib chiquvchi muammolarga tayyor turish kabi maslalalar ham shular jumlasidandir.


Kaspiy dengizining chegaralanishi
Albatta Kaspiy dengizini harbiylashtirish yirik davlatlar orasidagi geopolitik o'yinlarning oqibati hamdir. AQSh NATO orqali Yevrosiyodagi muhim strategik nuqtalarni egallagandan so'ng, Kaspiy dengizini harbiylashtirishda ham asosiy katalizator rolini o'ynadi. Bu strategik manevr orqali u Kaspiybo'yi mamlakatlaridagi yoqilg'i resurslarni G'arbga chiqarish uchun ularni Rossiyaning harbiy gegemonligidan halos qilishni ko'zda tutgan edi. Senario bo'yicha Kaspiybo'yi mamlakatlari o'z harbiy flotlarini rivojlantirish orqali Rossiyaning shantaj qiluvchi bosimlaridan soqit bo'lishlari mumkinligi nazarda tutilgan edi. Bundan tashqari dengiz flotlarini yaratish va rivojlantirishda Kaspiybo'yi mamlakatlari faqatgina Rossiya va AQSh texnika-texnologiyalarini sotib olishga majbur bo'lishardi.

2006-2007 yillar oralig'ida O'rta Osiyo mamlakatlarining harbiylashishi 50% dan oshib ketdi, bunda Kaspiy dengizini harbiylashtirishini hissasi katta. Chunki O'rta Osiyo mamlakatlari bir biri bilan hali yechilmagan bir qancha chegara va resurslar taqsimlanishi muammolariga ega. Bir davlatning byudjetidagi harbiy sanotga beriladigan mablag'ning oshishi domino effektida butun O'rta Osiyoga yashindek tarqalib ketdi. Bundan tashqari Kaspiy dengizi ham yuridik ham strategik jihatdan nozik zona bo'lib, Rossiya, Qozog'iston va Ozarbayjon uni dengiz sifatida uch qismga taqsimlashni taklif qilsa, Eron esa uni ko'l sifatida besh qisimga bo'lish lozimligini ta'kidlaydi. Agar bu hol yuz bersa Eron Kaspiy dengizning janubidagi 20% hududda o'z suverentetini o'rnatish huquqini qo'lga kiritadi. Bundan tashqari Kaspiy dengizi Eron va Turkmaniston orqali kirib keladigan narkotraffikning o'chog'idir. Dengizdagi yer osti (neft, gaz) va suv (biomassa) resurslari esa masalani yanada chigallashtirmoqda.

Shunday muammolarga qaramasdan 2000-yillargacha beshala sohil mamlakati Kaspiyni harbiylashtirishdan soqit qilishga kelishib kelgandilar. Hozirda Kaspiy dengizini harbiylashtirish davr talabiga aylana boshladi. Yuqorida ko'rsatilgan muammolardan tashqari AQShning hududga shiddat bilan yaqinlashishi va Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjonga o'z harbiy flotlarini qurish uchun ajratayotgan misilsiz yordamlari Moskva va Tehronni bu hududga o'z diqqatlarini qaratishga majbur qildi. O'z navbatida Rossiya ham Kaspiy dengizida Eronning hukmronligini hazm qila olmasligini bir nechta bor namoyon qildi. Natijada Rossiya o'zining sobiq ittifoqdoshlari bo'lmish Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjon bilan harbiy flotlarini qurish uchun ko'maklarni ko'zda tutuvchi bitimlarni imzolashga kirishib ketdi. Hozirda Kaspiy dengizida uch tomonlama raqobat yuzaga keldi Eron bilan Rossiya, Rossiya bilan AQSh va Eron bilan AQSh. Shuningdek Xitoy ham Kaspiy dengizida G'arb kuchlarini o'rnashishiga qa'tiy qarshiligini bildirgan.


Kaspiy dengizi - Geopolitik maqsadlar markazi

Kaspiy dengizi dunyodagi eng katta yopiq dengiz bo'lib (374000km²), bu geografik landshaft uning uchun katta talofatlar olib kelgan. Sobiq Sovet Ittifoqi davridayoq dengizning Volga daryosining quyilish qismida sanoat chiqindilari oqibatida suvning katta miqdordagi ifloslanishi yuz bergan edi. Hozirga qadar bu vaziyatni yahshilash uchun ko'zga ko'rinarli ishlar qilingani yo'q, Volga daryosi hali hanuz turli kimyoviy moddalarga boy sanoat chiqindilarini dengizga quyishda davom etmoqda. Bundan tashqari dengizdagi Qozog'iston, Ozarbayjon va Eron tomonidan yangi barpo qilingan burg'ulash minoralari, neft va gaz konlari dengizni ekologik ahvolini yanada yomonlashtirishda davom etmoqda.


Kaspiy dengizining neft va gaz burg'ulash minoralari bilan qoplangan shelflaridan birining ko'rinishi. 

Shunga qaramasdan Kaspiy dengizi regionning eng faol hududlaridan biriga aylanishi mumkin. Hozirning o'zidayoq Kaspiy dengizi o'z bag'riga bir nechta quvur transportlarini olgan. Eron, Turkmaniston va Qozog'istonni bog'lashni ko'zda tutgan temir yo'l qurilishi rejasi va ularni Moskva bilan bog'lanishi bu dengizdagi transport qatnovi hajmini kuchaytirib yuborishi mumkin. Kaspiy dengizi bilan Qora dengizni bog'lashga mo'ljallangan Evrosiyo kanalining qurilishi esa Kaspiy dengizining geopolitik hususiyatini tubdan o'zgartirishi mumkin, garchi hozirda bu loyiha o'zining qimmatligi (6 mlrd AQSh dollari) va Moskvaning e'tirozi bilan to'htatib qo'yilgan bo'lsada, shuning o'ziyoq Kaspiy dengizining kelajagi tarixidan ko'ra faolroq bo'lishini ko'rsatib beradi. 


Arab mamlakatlaridagi notinchliklar va G'arb-Fors ko'rfazi mamlakatlari orasidagi sovuqchiliklar dunyo hamjamiyatini yangi energetik manbalarga diqqatini jalb qilishga majbur qildi. Kaspiy dengizi dunyoda resurslarga boyligi bo'yicha Fors ko'rfazidan so'ng ikkinchi o'rinda turadi. Hisob-kitoblarga ko'ra Kaspiy neftining 55% Qozog'istonga, 32% Ozarbayjonga va 6,5% esa Rossiya va  Turkmanistonga (har qaysisi) to'g'ri keladi.

Tarixga nazar solsak 90-yillargacha Kaspiy dengizi Sovet Ittifoqi va Eron o'rtasida tuzilgan bitimlarga ko'ra boshqarilib kelinmoqda edi. Sovet Ittifoqining qulashi bilan esa Rossiya dengizda yangi suveren davlatlarning o'rnini hisobga olib qayta chegaralash taklifini kiritadi. Rossiya bu taklifni kiritishiga qaramasdan Kaspiy dengizidagi Sovet Ittifoqi nazoratini to'laqonlicha saqlab qoldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Turkmaniston, Qozog'iston va Ozarbayjon o'zlarining dengiz flotlariga ega bo'lmaganligi va 90-yillarning boshlaridagi iqtisodiy muammolari tufayli Kaspiy dengizi nazorati haqida hech qanday talab qo'ya olmadilar. Dastlabki bitimlarga ko'ra Rossiya Ozarbayjon flotini Astrahandagi harbiy flot markazi orqali boshqarishga kelishildi. Qozog'iston va Turkmaniston esa o'zlariga tegishli bo'lgan Kaspiy dengizidagi hududlarini 25%ini Rossiyaga ularni havfsizligini ta'minlash evaziga bo'shatib berishlarini bildirdilar. Shunday qilib Kaspiy dengizi norasmiy jihatdan Rossiya va Eron o'rtasida bo'lib olindi.

Dastlab beshala davlat ham Kaspiy dengizini harbiylashtirishga o'zlarining qattiq qarshiliklarini bildirdilar, bu hududni tinchlik va iqtisodiy maqsadlarda foydalaniladigan zona sifatida qoldirishga kelishib olindi. Lekin bu kelishuvni sekin asta Rossiya va Eron birinchilardan bo'lib buza boshlashdi.

Rossiya

2000-yillarga kelib Rossiya birin ketin Kaspiy dengiziga ko'zga ko'rinarli harbiy kemalarni kirita boshladi. Kaspiy dengizidagi Rus flotining aksariyat qismi Sovet flotining eskirgan harbiy kemalaridan tashkil topgan edi. Yangi kemalar harbiy havo hujumlariga va kemalarga qarshi torpedalar bilan qurollangan bo'lib, 2010-yilga kelib Rossiya Kaspiy dengiziga o'zining Bastion himoya raketalar tizimini ham o'rnatdi. 2011-yilda Rus dengiz flotlari qo'mondoni Vladimr Vitsotskiy 2020-yilgacha Kaspiy dengiziga yangi 16 rus harbiy kemalari tushirilishini e'lon qildi. Agar bu hodisa yuz bersa Rossiya o'zining 148 muhim ahamiyatga ega bo'lgan harbiy kemalari bilan Kaspiy dengizida mutloq harbiy ustunlikka ega bo'ladi. Rossiya Kaspiy dengizidagi ta'sirni saqlab qolish bilan birga o'zining sobiq ittifoqchilarini tashqi kuchlarga og'ib ketmasligini nazorat qilishga harakat qilmoqda. Kaspiy dengizini yopiqligi va Rossiyaning harbiy qudratini ustunligi bu maqsadlarni amalga oshirishda unga qo'l kelishi mumkin.


Rus Kaspiy dengizi harbiy flotining yirik harbiy kemalari dengizga otlanish oldidan.

Eron

Voqealar rivojida Eronni ham esdan chiqarmaslik lozim. Rus dengiz flotlari qo'mondoni e'lonidan bir nechta oy muqaddam Eron dengiz harbiy kuchlari ma'sullari Kaspiy dengizi flotiga 75 yangi harbiy kemalarni tushirish hohishi borligini bildirgan edi. Shu kungacha Eron Kaspiy dengizida 75 harbiy kemalarga ega bo'lib, ularning aksariyat qismi Fors ko'rfazidan ko'chirib keltirilgan, lekin ular orasida yangi kemalar ham ko'pchilikni tashkil qiladi. 2012-yilda Eron Kaspiy dengizidagi eng baqquvat harbiy kemasi Jamaran-2ni ishga tushirilganligini rasman e'lon qildi. 1420 tonna harakatlanish og'irligiga, 94 metr uzunlikka ega bo'lgan bu turdagi fregat Eron tarihidagi bortida vertolet olib yuruvchi birinchi harbiy kemadir. Undan tashqari u ham havodan ham suv ostidan o't ochuvchi yirik kalibrli torpedalarga ega bo'lib asosan masofadan turib dushmanga hujum qilishga mo'ljallangan. Bu esa Eronning Kaspiy dengizidagi o'zining o'rnini saqlab qolishga katta e'tibor berayotganini ko'rsatadi. Chunki bu hudud kelajakdagi ikkinchi Fors ko'rfaziga aylanishi mumkin.


"Jamaran-2" Eron harbiy kemasi Kaspiy dengizida

Eron va Rossiya o'rtasidagi Kaspiy dengizidagi qurollanish poygasi o'z navbatida G'arb mamlakatlari va Kaspiy dengiziga chegaradosh bo'lgan 3 davlatni e'tiboridan chetda qolmadi. Shu paytgacha harbiy-dengiz flotiga egalik qilish haqida umuman bosh qotirmagan bu davlatlar so'ngi 5 yil ichida o'zlarining haqiqiy harbiy-dengiz flotini tashkil qilishga erishdilar.

Turkmaniston

So'ngi ikki yil mobaynida Turkmaniston va Qozog'iston bu masalaga katta e'tibor qaratdi.
2011-yilda Turkman dengiz floti Rossiyada "12418-Molniya" rejasi bo'yicha ishlab chiqarilgan ikkita harbiy kemani qabul qilib oldi. Kemalarning har biri 450 tonna harakatlanish og'irligiga ega bo'lib uzunligi 60 metrdir.

Ularning har biri 16ta suv osti torpedalari, ikkitomonlama havo hujumlariga qarshi to'plar va qisqa masofali havohujumiga qarshi raketalar bilan jihozlanishga mo'ljallangan bo'lib, agar Turkmaniston bu kemalarni to'la jihozlay olsa Kaspiy dengizidagi Rossiyadan keyingi ikkinchi o't ochish kuchiga ega mamlakatga aylanishi mumkin. Bundan tashqari Turkmaniston Ukrainaning Kalkan-M, Grif-T, AQShning Poin Jackson va Eronning jangovar qo'riqlash patrul katerlarini harbiy hamkorlik sifatida o'zlashtirib oldi. Yaqin kelajakda Turkmaniston Turkmanboshi shaxrida Harbiy-Dengiz floti akademiyasini tashkil qilishni ko'zda tutmoqda. Turkmaniston harbiy flotini butunlay tashkil qilinishi 2015 yilgacha tugatilishi ko'zda tutilgan.

Mamlakatning o'zini neytral davlat deb e'lon qilinganligini hisobga olgan holda harbiy flotni rivojlanishiga e'tiborimizni qaratsak, Turkmaniston Kaspiy dengizini osonlikcha qo'ldan bermasligini guvohi bo'lishimiz mumkin. Mamlakatning asosiy iqtisodiy asosi bo'lmish gaz va neft mahsulotlarining chetga eksporti va qazib olinishi Turkmaniston uchun Kaspiy dengizi bilan uzviy bog'liqdir.

Turkmanistonning Molniya rejasidagi kemalaridan biri. 

Qozog'iston

Qozog'iston ham o'z navbatida harbiy flot kuchlari safini to'ldirishga kirishib ketgan. 2009yilgacha AQSh Qozog'istonga kichik turdagi 15 Aerobot, 3 SAFE Boats International va 4 desant qo'shinlariga mo'ljallangan o'rtacha hajmdagi katerlarni taqdim qilgan. AQSh va Qozog'istonning o'zaro harbiy hamkorligidan havotirga tushgan Rossiya o'z navbatida unga o'zining "Tornado" rejasiga kiruvchi 6 ta raketa kuchlariga ega bo'lgan kemalarini taqdim qiladi. Bundan tashqari Qozog'iston NATOning tinchlik va hamkorlik dasturi orqali Turkiya va Germaniyadan patrul hizmatlari uchun katerlar, Ispaniyadan esa Kaspiy dengizini havodan kuzatish uchun qo'riqlash samoletlarini qo'lga kiritdi. Iqtisodiy hamkorlikni yahshilash maqsadida Janubiy Koreya Qozog'istonga o'zining o'rta hajmdagi 3 qo'riqlash kemalarini taqdim qiladi. Bundan tashqari Qozog'iston "Uralsk" va "Zenit" zavodlari yordamida o'zining milliy harbiy kemasini ishlab chiqardi. Kemaning harakatlanish og'irligi 250 tonna bo'lib, suv usti-osti, havo hujumlariga qarshi raetalar bilan qurollangan.

Zamonaviy radar tizimlari va GPS tizimi bu kemaning faolligini yanada oshirgan. Kelajakda Qozog'iston shu kabi milliy kemalarni yana ishlab chiqarishni e'lon qilgan. O'zining texnologiyasi bilan cheklanib qolmasdan Qozog'iston Janubiy Koreyadan 3 ta yirik qo'riqlash hizmatiga mo'ljallangan harbiy kemalarni sotib olish haqida bitim imzolagan. Bundan tashqari ikki mamlakat o'rtasidagi matroslarni tayyorlash uchun hamkorliklar ko'zda tutilgan. Turkiya ham Qozoq matroslarini o'qitib berishga tayyorligini bildirgan.  Ko'rib turganimizdek Qozoq harbiy flotining tarkibi o'zining hilma hilligi va asosan himoyaga mo'ljallanganligi bilan ajralib turadi. Chunki G'arb mamlakatlari bilan harbiy hamkorlikka qaramasdan Qozog'istonning har jihatdan birinchi sherigi Rossiya bo'lib qolmoqda. Rossiya va Qozog'iston Kaspiy dengizida bir nechta bor hamkorlik mashqlarini o'tkazdilar. Mashqlar asosan terrorizm, qaroqchilikka qaratilgan bo'lishiga qaramasdan ikki davlatning Eron harbiy floti kuchlarini cheklash uchun hamkorliklarini ko'rsatayotganini ilg'ash qiyin emas. AQSh o'zining harbiy bo'lmagan takliflari bilan Kaspiy dengiziga suqulib kirishga harakat qilmoqda, jumladan 2013 yil may oyida Qozog'iston prezidenti Nursultan Nazarbayevning NATO qo'shinlarini Afg'onistondan olib chiqib ketilishi uchun Aktaudagi NATO tranzit markazini harbiy baza sifatida bo'shatib berishga tayyor ekanligini bildirishi, ikki davlat o'rtasidagi muzokaralar davom etayotganidan dalolat beradi. AQShning bu tarzda Kaspiy dengiziga o'rnashib olishi Eronni havotirga solmoqda. Rossiya esa bu taklifni jiddiyga olmayapti.

Qozog'istonning bu vaziyatdagi geopolitik o'rni muhim bo'lishiga qaramasdan, uning halqaro siyosatdagi yo'li oldindan belgilanib bo'lingan. O'zining 40% dan oshiq rus aholisi va tashqi savdo balansining asosini tashkil qiluvchi Rossiya hamkorliklari bilan Qozog'istonni AQSh bilan yaqinlashishini tasavvur qilish qiyin. Lekin Rossiyaga to'laqonli iqtisodiy qaram bo'lib qolmaslik uchun Qozog'iston Kaspiy dengizidagi o'zining mustaqilligini saqlab qolishga intilmoqda. Chunki mamlakatning eng katta miqdordagi yer osti boyliklari hamda uning tranziti shu dengiz bilan uzviy bog'liqdir.

Qozog'iston milliy harbiy kemasi "Kazaxstan" Kaspiy dengizida
Ozarbayjon

Ozarbayjonning vaziyati O'rta Osiyo mamlakatlaridan tubdan farq qiladi. Chunki Ozarbayjon milliy flotining yaratilishi Sobiq Sovet ittifoqi  davriga, ya'ni 1920-yillarga to'g'ri keladi. mahalliy bolsheviklarning talabi bilan Moskva Ozarbayjon harbiy flotini o'sha davrdayoq yaratgan edi. 1991-yilda ittifoqning qulashi bilan Ozarbayjon o'z harbiy flotini qo'lida saqlab qola oldi. Rossiya bilan o'sha davrdayoq Kaspiy dengizini havfsizligini ta'minlashda Sovet ittifoqining Kaspiy dengiz flotini teng ikkiga bo'lish kelishib olingan edi.

Rossiyadan farqli o'laroq Ozarbayjon barcha Sovet harbiy kemalarini faol holatda ushlab qola oldi, kemalarga e'tibor va ularning ta'mirlanib turilishi hozirda o'z mevasini ko'rsatdi. Chunki Ozarbayjon hozirgacha Kaspiy dengizida Rossiyadan keyin eng kuchli harbiy qo'shin egasi o'rnini ushlab turibdi. Kaspiy dengizini harbiylashtirish bilan Ozarbayjon bir nechta harbiy kema qurilishlarini boshlab yubordi, lekin ommaviy axborot vositalarida ular haqida aniq ma'lumotlar berilmagan. Lekin shu narsa aniqki Ozarbayjon dengizda Eron bilan o'ta ehtiyotkorona munisabatda bo'lmoqda, deyarli ozarbayjon dengiz flotining 80%dan ko'proq kuchlari Eron-Ozarbayjon dengiz chegaralarida yig'ilgan, hududining boshqa hududlarida esa asosan qo'riqchi kemalar va transport tankerlari harakat qiladi. 2012 yil aprel oyida Ozarbayjon Isroil bilan bahosi 1,6 milliard AQSh dollari bo'lgan harbiy havo kuchlari hamkorligi shartnomasini imzoladi. unga ko'ra Isroil Ozarbayjonning Kaspiy dengizidagi neft-gaz burg'ulash hududlarini nazorat qilish va kuzatishga mo'ljallangan Dronlarni (uchuvchisiz samoletlar) yetkazib berishi lozim. Shartnomaning ikkinchi qismida esa Isroil Ozarbayjonga harbiy kemalarni yo'q qilishga mo'ljallangan Gabriel5 raketalarini yetkazib berishi aytilgan.

Shundan ko'rinadiki Ozarbayjon ham o'z navbatida Kaspiy dengizida o'z ulushini saqlab qolishga intilmoqda. Bu masalada uning asosiy dushmani Eron bo'lishi mumkin. 

Sobiq Sovet Ittifoqi bisotidan bo'lgan va hozirda Ozarbayjon harbiy flotini tashkil qiluvchi, qirg'oq patruliga moslashgan va bortiga vertolet qo'nishni ko'zda tutuvchi S-703 harbiy patrul kemasi. 

Ko'rib turganimizdek bir paytlar faqat baliq ovi va qimmatbaho qora ikra yetishtiruvchi baliqlarni o'z bag'riga olgan, geopolitik jihatdan deyarli ahamiyatga ega bo'lmagan Kaspiy dengizi bugungi kunda yirik davlatlarning manfaatlari to'qnashgan hududga aylanmoqda. uning qisqa davr ichida yashin tezligida harbiylashtirishi esa bu manfaatlarni qanchalik muhimligini yana bir bor ko'rsatib beradi.

Xo'sh kelajakda Kaspiy dengizini taqdiri qanday bo'lishi mumkin? Albatta mazkur davlatlar orasida urush chiqishi mumkin degan bashorat haqiqatdan ancha yiroq bo'ladi. Lekin shu hududdagi neft va gaz resurslari davlatlar orasidagi diplomatik aloqalarni yanada sovutishiga olib kelishi mumkin. Chunki hali hozirga qadar Kaspiy dengizini dengiz yoki ko'l statusi aniq belgilanmagan va undagi chegaralanish ham muvaqqat ahvoldadir. 

1 комментарий: