11.06.2013

TURKIYA: TAKSIM MAYDONI “TAHRIR”GA AYLANMOQDAMI?

Mana 10 kundan oshiqroq muddatki, Turkiyada amaldagi Rajab Tayyip Erdogan hukumati va uning qudratdagi Adolat va Taraqqiyot Partiyasi (turkcha qisqartmadagi AKP nomi bilan mashxur)ga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari tinmayotir. Garchi bu namoyishlar hozircha mamlakat siyosiy tizimida jiddiy o`zgarishlarga sabab bo`lmagan bo`lsada, yaqinlashib kelayotgan saylovlar oldidan Turkiya kelajagini savol ostiga qo`yilishiga sabab bo`lishi mumkin. 



28-may kuni Istanbul markazida joylashgan Gezi xiyobonidagi daraxtlarni qo`porib tashlash, xiyobonni o`zi esa buzilib, o`rniga savdo markazi qurishni ko`zlagan hukumat qaroriga norozilik sifatida “yashil harakatchilar”ning kichik guruhi Taksim maydoniga to`planishdi. Albatta, norozilik namoyishlarining boshlanishi va bugungi kungacha bo`lgan va bo`layotgan voqealar rivojini jahon ommaviy axborot vositalari izchillik bilan yoritib kelishmoqda. Shunday bo`lsada, biz ham qisqacha xronologiyaga murojaat etamiz.

Avvaliga faqatgina “eko-harakat” sifatida harakat qilgan 100 kishidan sal ko`proq guruhni tarqatish uchun hukumat kuch ishlatar tizim xodimlarini jalb qildi. Politsiya 30-iyun kuni Taksim maydonidagi namoyishchilarni kuch bilan tarqatishga urindi. Bu esa aks ta`sir ko`rsatdi. “Yashil harakatchilar”ni politsiya tomonidan tahqirlanayotganini bir chetdan kuzatishga sabri chidamagan olomon ularga qo`shildi. Amaldagi hukumatga muholif bo`lgan Jumhuriyat Xalq Partiyasi bu vaziyatni ajoyib imkoniyat sifatida qabul qildi va partiya vakillari olomon safiga qo`shilib, norozilikka siyosiy tus berib yuborishga muvaffaq bo`lishdi. Natijada 31-may kuni  “Daraxtlarimizni kesmang!” yoki “Bizga havo kerak!” shaklidagi plakatlar o`rnini “Diktatorni ag`daring!”, “Tayyip iste`fo ber!” yoki “Fashizmga qarshi birlashing!” kabi xitobnomalar egallay boshladi.

Namoyishlar dam olish kunlariga to`g`ri kelib qolgani uchun tez sur`atda ommaviylashib ketdi. 1-iyunning o`zidayoq Taksim maydoniga 10,000 dan ortiq odam yig`ildi. Olomonni ko`zdan yosh oqizuvchi gaz va suv zambaraklari bilan tarqatishga uringan politsiya xodimlariga qarshi namoyishchilar, tasdiqlanmagan ma`lumotlarga ko`ra, Molotov kokteyllari, pirotexnika vositalari va tosh bilan javob qaytarishdi. Bu esa namoyishchilarni zo`ravonlik bilan yengib bo`lmasligini ko`rsatardi. Odamlar agressiv harakatga agressiv javob qaytarishdi.

Politsiyaning zo`ravonligi odamlarni g`azablantirib yubordi

Namoyishlarga nisbatan Erdoganning bildirgan fikrlari odamlarning g`azabini yanada qaynatib yubordi. Politsiya ortiqcha kuch ishlatgani tan olgan holda, Bosh Vazir, qanaqadir “eko-harakat” niqobi ostida qilayotgan “mafkuraviy buzuq yovvoyi terroristlar”ga bo`yin egmasligini, namoyishchilarning har 100,000 tasiga o`zining 1,000,000 ta tarafdorini qarshi qo`ya olishga qodirligini ta`kidladi. Bu bayonotga javoban g`azablangan olomon Istanbulning Beshiktosh mavzesida joylashgan Bosh Vazir qarorgohini toshbo`ron qildi.
Namoyishlarni kuch bilan bostirib bo`lmasligini anglagan hukumat politsiya xodimlarini ortga chekintirishga majbur bo`ldi. Hozirgi kunda namoyishchilar qo`llaridagi “qurollar”ini tashlab, o`z noroziliklarini, asosan, qo`shiq va raqs orqali bildirishmoqda.

Namoyishchilar o`z noroziliklarini qo`shiq va raqs orqali bildirishmoqda.

Turkiya musulmon dunyosi va Sharqning ko`zga ko`ringan davlatlaridan biri bo`lgani uchun u yerda bo`layotgan vaziyat tezda dunyo e`tiboriga tushdi. Ko`pchilik tahlilchilar namoyishlarni Arab Bahorining uzviy davomi sifatida baholamoqdalar. 2011-yil erta bahorida O`rta Sharqning qator davlatlarida mavjud rejimlarga qarshi boshlangan norozilik to`lqini mintaqadagi siyosiy tartibni butkul o`zgartirib tashlagan edi. Bu norozilik shunchalik kuchli ediki, 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Misrni “temir musht” bilan boshqarib, mamlakatning har bir burchagini o`z nazoratiga olgan Husni Muborak Qohira markazidagi Tahrir maydoniga yig`ilgan atigi 200,000 namoyishchining qati`yatiga bor-yo`g`i ikki hafta dosh bera oladi, natijada hokimiyatni topshirishga majbur bo`ldi. Turkiyadagi namoyishlarni Arab Bahoriga mengzayotgan tahlilchilar, balki mamlakatning O`rta Sharqqa tutash bo`lganligini hisobga olishayotgandir, biroq turklarning norozilik harakatlari arablarnikiga qaraganda ancha “sokin” va “tartibli” kechmoqda.

Shu kungacha bo`lib o`tgan namoyishlarning ko`lami aholining aksariyat qismi hukumatdan norozi ekanligini ko`rsatdi. Noroziliklar 80 ga yaqin shaharlar, masalan, Izmir, Mugla, Eskishahar, Yalova, Antaliya, Bolu va Adanada bo`lib o`tmoqda. Xattoki AKPning asosiy tarfdorlari hisoblanmish Anqara, Qayseri va Konyada ham sezilarli norozilik harakatlarini kuzatish mumkin. Namoyishlar markazi hisoblanmish Istanbul va Izmirda, asosan yoshlardan tashkil topgan o`n minglab sonli olomon hanuz tarqalmasdan turibdi. Mobodo bu son yuz minglabni tashkil etgudek bo`lsa, Turkiya uchun qiyin davr boshlanishi turgan gap.

Albatta, odamlar norozi esalarda, bu harakatlar amaldagi hukumatning hokimiyatda qolishi uchun jiddiy xavf tug`dirmaydi. Biroq namoyishlar janob Erdoganga uning siyosiy ambitsiyalari cheklangan ekanligini eslatib qo`ymoqda. Turkiya ichidan kelayotgan xabarlarga ko`ra, Erdogan so`nggi paytlarda o`zini avtoritar hukmdor sifatida tutayotgan edi. Bundan tashqari janob Erdogan konstitutsion referendum tashkil qilishda dastak olish uchun ancha paytdan buyon Kurdiston Ishchilar Partiyasi bilan aloqalarni yaxshilashga urinayotgani to`g`risida ma`lumotlar mavjud. Ushbu referendum esa Turkiyani parlamentar siyosiy tizimdan prezidental tizimga o`tkazishni ko`zda tutadi. Saylovlar yaqinlashayotganini hisobga olsak, bosh vazir nimalarni rejalab qo`yganligini anglash qiyin ish emas. 2015-yilda bosh vazir sifatida muddati yakunlanadigan janob Erdogan 2014-yilda bo`lib o`tadigan saylovlargacha siyosiy tizimni referendum orqali prezidental tizimga o`tkazib oladi va saylovda mutlaq g`alaba qozonib (sababi ayni damda AKPga qarshi birorta siyosiy kuch mavjud emas va saylovda ushbu partiya tomonidan ko`rsatilgan nomzod, ya`ni Rajab Tayyib Erdogan yutib chiqishi aniq), vakolatlari kengaytirilgan prezident sifatida Turkiyani bir, balki ikki muddat o`z xohishicha boshqaradi. Ayni damda siyosiy faol namoyishchilar ushbu referendumning o`tkazilishi noqonuniy va Turkiyani avtoritar boshqaruv qo`liga tashlab qo`yadi, deb da`vo qilmoqdalar. Garchi cheksiz qudratga ega bo`lsada, janob Erdogan o`z siyosiy maneverlarini amalga oshirishi oson kechmaydigan ko`rinadi.

Janob Erdoganning siyosiy maneverlari oson amalga oshadiganga o`xshamaydi

AKPning asosiy raqibi, sekular qararashlardagi Jumhuriyat Xalq Partiyasining da`vosicha, Erdoganning siyosati millat otasi hisoblanmish Mustafo Kamol Otaturk prinsiplarini oyoqosti qilmoqda. Jumhuriyat Xalq Partiyasi  va namoyishchilar tomonidan ilgari surilayotgan hukumatga qarshi ayblovlar tungi soat 10 dan so`ng algokol sotilishini taqiqlash kabi oddiy ijtimoiy masalalardan Suriyadagi islamistlarga Erdogan hukumati tomonidan yashirin yordam berilayotgani kabi jiddiy siyosiy muammolarni o`z ichiga oladi. Shuningdek, bular ichida Turkiyani islomlashtirishga urinish kabi masalalar ham bor. Ayniqsa Erdoganning “Ikki qariya (Kamol Otaturk va Ismet Inonuni nazarda tutmoqda)ning so`zlari nahot Qur`oni Karimdan ustun bo`lsa?” degan gapi sekularistlarning g`azabini toshirib yuborgan edi. Hozirgi norozilik harakatlari qatnashchilarining ham asosiy qismini secular qarashdagilar tashkil qilib, ular Turkiya demokratik va dunyoviy davlat sifatida saqlanib qolinishi shartligini xitob qilishmoqda.  

Namoyishlar boshlanishi bilan odatdagidek “matbuot urushi” boshlanib ketdi. Asosan tanqidiy ruhdagi Hurriyet kabi gazetalar Erdoganning mag`lubiyati haqida “Erdogan ortiq hokimi mutlaq emas” sarlavhali maqolalar chop eta boshlagan bir paytda, hukumatparast Anatoliya axborot agentligi namoyishlarni shunchaki politsiya va ko`cha bezorilari o`rtasidagi to`qnashuv kabi tasvirlab, Jumhuriyat Xalq Partiyasining Taksim maydonida namoyish qilishiga ruhsat bergani uchun “demokratik hukumat” sha`niga maqtovlar yog`dirdi.

Albatta bunday axborot urushida vaziyatni Turkiyadan tashqarida kuzatayotganlar uchun asl holatni aniqlab olish anchayin qiyin kechadi. Bir-biriga zid ma`lumotlar kishini aniq bir fikrga kelishdan chalg`itadi. Shunday bo`lsada, Turkiya matbuotida qiziq holat yuzaga kelmoqda. Hukumatga yaqin Yeni Safak gazetasi Gezi xiyoboni loyihasini qoralab, namoyishchilar bilan birga ekanligini ma`lum qildi. Yana bir hukumatga yaqin va Islomiy Gulen Harakati tomonidan nazorat qilinadigan Zamon gazetasi maqolalarida ham ayni holni kuzatish mumkin. Bundan tashqari yana bir qancha shu kabi nashrlar ham Erdoganni chegaradan chiqishda ayblab, namoyishchilarni ruhlantirmoqda.

Guy Fawkes niqobi yana bir bor norozilik va ozodlik timsoliga aylandi

Yuqoridagilarga qaramay, Erdogan hukumati va partiyasi hali hanuz qudratli kuch sifatida saqlanib qolmoqda.
Isroillik siyosiy tahlilchi Avigdor Eskinga ko`ra, Turkiyadagi mavjud holat mamlakatni harbiy to`ntarishga boshlash ehtimoli yuqori. Eskin Turkiyadagi siyosiy vaziyat keskinlashayotganiga ishonadi. Uning fikricha, Erdogan namoyishchilarga bosimni oshirgudek bo`lsa, vaziyat batamom izdan chiqib ketishi mumkin.

“Men Ruminiyada Nikolay Chausheskiyni xalq qanday qilib hokimiyatdan uloqtirib tashlaganiga, 1991-1993-yillarda Rossiyada yuzaga kelgan ommaviy noroziliklarga shaxsan guvoh bo`ldim. Albatta bularni bir-biriga taqqoslab bo`lmaydi. Turk namoyishchilari butun mamlakatni oyoqqa turg`izishga erisha oldilar. Hozir hukumatga xayrihoh biror harakatni kuzatmayapmiz. Odamlar ko`chalarda Islomning keskin ko`rinishlariga qarshi namoyish qilishmoqda. E`tibor qilsak, jamiyatning barcha harakatchan sinflari – talabalar, ziyolilar, ishbilarmonlar, san`at va sport vakillari birgalikda Erdogan iste`fosini talab qilishyapti.” deydi Avigdor Eskin.
Eskinning so`zlariga ko`ra, kundan-kunga namoyishlarga ko`proq odamlarni qo`shilayotgani hukumatni silkitib tashlashi mumkin.  


Namoyishchilarni jamiyatning yosh va harakatchan sinfi tashkil qilmoqda

“Ayni paytda harbiy to`ntarish bo`lib o`tishini ehtimoli juda yuqori. Chunki Turkiyada harbiylar ilgaridan katta qudratga ega bo`lib kelgan va mamlakat bunday to`ntarishlarning to`rttasini boshidan kechirgan. Agar ahvol jiddiylashdigan bo`lsa, harbiylar vaziyatni o`z qo`llariga olish harakatiga tushib qolishlari tayin.” deydi u.  

2002-yilda hokimiyatga kelgan Rajab Tayyib Erdogan o`zigacha katta qudratga ega bo`lgan harbiylarni ojizlantirishning uddasidan chiqqan bo`lsada, armiya hanuz jiddiy mavqega ega va amalda deyarli mustaqil. 

Yuqori martabali generallar to`rt marotaba o`z istamagan hukumatlarni ag`darib tashlaganlar.
Biroq hozircha harbiylar biror bo`y berganlaricha yo`q, mamlakatdagi tartibni Fethulla Gulen Islomiy Harakati a`zolari bo`lgan politsiyachilar saqlab turibdilar.

Turk armiyasi esa sekular qarashlarga ega hisoblanib, Erdogan uning boshqaruvini General Shtabdan hukumat qo`liga o`tkazish uchun ko`p bora harakat qilgan. Erdogan mazkur urinishlari tufayli armiya offitserlarining aksariyati dunyoviylikni qo`llab-quvvatlab, amaldagi hukumatga salbiy munosabatdalar.

Buni namoyishlarda ham ko`rish mumkin. Masalan turk harbiylari namoyishchilarga gazniqoblar tarqatyotgani, yaralanganlarga yordam ko`rsatyogani yoki odamlarni politsiyadan himoya qilayotgani tushirilgan ko`plab tasvirlar va suratlarga guvoh bo`lish mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib hulosa qilish mumkinki, Turkiyani yaqin kunlar ichida katta o`zgarishlar kutmoqda. Buning tasdig`ini esa albatta, “Oliy hakam” – vaqt ko`rsatadi. 

6 комментариев:

  1. Yuqoridagi rasm stadiondagi fanatlar rasmi-ku. lol

    ОтветитьУдалить
  2. To`g`ri, janob Anonim, bular futbol fanatlari. Faqat ular ham namoyishlarda faol qatnashganlari uchun bu suratdan foydalangan edim:

    http://www.al-monitor.com/pulse/originals/2013/06/instanbul-football-clubs-help-protesters.html

    ОтветитьУдалить
  3. хурматли бошловчи сахифаларингизни кириллча алифбодаям берсаларингиз умуман буни иложи борми олдиндан рахмат!

    ОтветитьУдалить
  4. Erdigan Usmonli Turklar Imperiyasini tiklash orzusi bor ekan, bu haqda nima deysizlar?

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Qanaqa imperiya? Buni umuman iloji yo'q, xech qaysi qo'shnisi o'z xoxishi bilan tutkiyaga qo'shilmidi, kuch ishlatishniku iloji yo'q. Erdog'an shunchaki bir dikatator, yani Islom ostida diktatura yurg'izadi. Turkiyani islomiylashtirsa xuddi Eron kabi bemalol xalq ustidan nazoratni olib uzoq yillar davlatni boshqarishadi

      Удалить
  5. 30-iyun kuni Taksim
    maydonidagi namoyishchilarni
    kuch bilan tarqatishga urindi.
    - - - - -
    hali 30-iyun kelmadiku, 30-may kuni bo'lgan...
    Yaxshi sayt ekan, iloji boricha har kuni yozib turing, kichkina maqolalar bo'lsa ham...

    ОтветитьУдалить