15.08.2013

2025-YILGACHA PAYDO BO`LISHI MUMKIN BO`LGAN 5 DAVLAT

Yer yuzida davlarlar paydo bo`libdiki, xalqlar bir-biri bilan totuvlikda yashay olgan emas. Biror qudratli davlat tarkibida qolgan xalq doim ozodlikka intiladi. Bu intilish goh namoyishkorona, goh pinhona, goh tajovuzkorona, goh murosa ila kechadi.

Ozodlik ko`plab xalqlarning asriy orzusi bo`lib qolmoqda


Xitoy Uyg`uristonidagi to`xtovsiz bosh ko`tarishlar, Rossiya Chechenistoni va Dog`istonidagi ziddiyatli vaziyat mana necha o`n yildirki, omma e`tiborini o`ziga jalb etib keladi. So`nggi paytlarda Texas dohil bir necha shtatlar Qo`shma Shtatlar tarkibidan ajralib chiqish uchun imzo yig`ayotgani borasidagi gaplar ham quloqqa chalinmoqda.

Zamonaviy dunyoda Rossiya va Xitoy kabi o`z bag`riga ko`plab millatlarni jo qilgan davlatlar ko`plab topiladi va ulardagi millatlararo muammolar ham shunga yarasha. Biroq yaqin orada bu davlatlardan biror xalq mustaqil bo`lib chiqishini kutishdan foyda yo`q. Xududlar va xalqlarning bunday zamonaviy imperiyalar tarkibidan ajralib chiqishi butun mamlakat geosiyosiy yaxlitligiga qanday ta`sir qilishi haqida Tibet to`g`risidagi maqolamizda batafsil aytib o`tgan edik. Zamonaviy imperiyalar o`z hududidagi biror bosh ko`tarishga maksimal darajadagi tajovuz bilan javob qaytarishadi.

Xo`sh, unday bo`lsa, biz yaqin kelajakda yangi davlatlarni ko`ra olmaymizmi? Demokratiyaning “sharofati” ila asr choragigacha bir qancha davlatlar referendum va boshqa tinch yo`llar bilan xalqaro maydonga chiqib kelishlari mumkin. Quyida Sizni potensial nomzodlar bilan tanishtirib o`tamiz:

1. Shotlandiya


Buyuk Britaniya tarkibidagi bu davlatda asrlarki ozodlik harakati tin olmaydi. Bundan tashqari bu isyonkor xalq “Sheryurak” filmi orqali ham hammamizga yaxshi tanish.

Shunday harakatlar ila tashkil qilinishga muvaffaq bo`lingan Shotland Milliy Partiyasi allaqachon referendum sanasini belgilab bo`lgan: 2014-yil 18-sentyabr.

Bu referendum natijalari Shotlandiya Qirollik tarkibida qoladimi yoki mustaqil Shotlandiya Respublikasi aylanadimi, degan savollarga aniqlik kiritadi. Referendumning o`zi esa bundan bir yilcha oldin Bosh Vazir Devid Kemerunning tasdiqlashi bilan qonuniy tus oldi.

Referendum mustaqillik masalasini hal etsada, yangi davlat iqtisodiyoti nimaga tayanishi va o`z-o`zini ta`min eta olish olmasligi, bo`lajak davlat sobiq “xojasi” bilan qanday aloqada qolishi, tashqi aloqalari hamda harbiy holatini belgilab bermaydi. Bu masalalarning bachasi savol ostida qoladi.

Demokratiyani o`ziga bosh tamoyil qilib olgan Britaniya tinimsiz shotlandlarni bu referendumni boykot qilishga haqirmoqda. Rasmiy Londonning bildirishicha, mustaqil Shotland davlati o`zini boshqa olmaydi va bu faqat shotlandlarning og`ir vaziyatda kun kechirishlariga olib keladi, xolos. Bundan tashqari, mustaqillikni faqatgina 9 % shotlandlar yoqlar emish. Albatta, bu fikrlarning bari subyektiv va Britaniya hukumatining o`z hududida mustaqil davlat paydo bo`lishiga qarshi propagandasidan o`zga narsa emas. Haqiqiy ahvol qanday bo`lishini 2014-yildan so`ng bilib olamiz.

2. Kataloniya


Ispaniyaning iqtisodi cho`kib borar ekan Yevropaning eng katta avtonom hududlari Barselona va Kataloniyada minglab odamlar ajralib chiqish uchun harakatlarni avj oldirishmoqda. Shotlandlardan farqli o`laroq katalonlarning “ketmoni oson uchadigan”ga o`xshamaydi. Sababi Ispaniya konstitutsiyasi mustaqillik borasidagi barcha bandlarga taqiq qo`yib, qonuniy ajralib chiqishga deyarli imkon qoldirmagan.

Biroq vaziyat keskinlashsa, istisno qilinishi mumkin. Tahminlarga ko`ra, savol ostidagi referendum 2014 yoki 2015-yilda o`tkaziladi.

Maydoni Belgiyaniki bilan teng bo`lgan Kataloniya Ispaniya eksportining chorak qismini ta`minlab beradi. Katalonlar isyoning asosiy sababi ham iqtisoddir. Ispan hukumati hududdan yig`ilgan 1 dollar evaziga atigi 57 sent sarflab adolatsizlik qilmoqda. Shu paytgacha BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun va Britaniya Bosh Vaziri Devid Kemerunlar katalonlar mustaqilligini qo`llab chiqishlar qilgani ma`lum.

Statistikaga ko`ra, mustaqillik g`oyasini 60 % katalonlar qo`llab-quvvatlashmoqda.

3. Srpska Respublikasi

Milorad Dodik “Xech kim bizni referendum tashkil qilishdan qaytara olmaydi

Bosniya va Gersegovinaning ikki asosidan biri bo`lmish Srpska yoki Serb Respublikasining 9-prezidenti Milorad Dodik “xech kim bizni referendum tashkil qilishdan qaytara olmaydi” degan so`zlarni namoyishkorona ta`kidlashdan charchamaydi.

Tashqi ko`mak, ayniqsa Putin dastagi Dodikka kuch bag`ishlashi xalqaro maydonga sir emas. Xattoki, Dodik davlatini BMT tan olishiga muhtoj emasligini ham qistirib o`tgan. Serblar o`zlarini allaqachondan  Bosniya musulmonlaridan ayro xis qilishadi va referendum shunchaki rasmiyatchilik uchun bo`lishi ko`rinib turibdi.

4. Kvebek


Shotland va katalon referundumlaridan bir yil o`tib farangzabon Kanada provinsiyasida ham referendum o`tkazilishi rejalanmoqda. Parti Quebecois nomli ayirmachi harakat Kanada Bosh Vaziri Stefen Harper hukumatini allaqachon qiyin vaziyatga solib ulgurgan.

1995-yilda o`tkazilgan referendum natijasida mustaqillikka juda yaqin kelgan Kvebekka keng miqyosdagi avtonom huquqlar: immigratsiya, sog`liqni saqlash va ta`lim sohalarini mustaqil boshqarish huquqi berilgan. Biroq moliya va tashqi aloqalar Ottava qo`lida qolgan. Shu jihatdan Kvebek masalasi Kataloniyanikiga juda o`xshash.

E`tiborli jihati shuki, kvebekliklarning mustaqillikka intilishi sust, xatto, referendum masalasi ham kun tartibidan olib tashlanish ehtimoli mavjud. Ammo Shotlandiya yoki Kataloniya kabi davlatlar ozodlikka erishgudek bo`lsa, bu intilish keskin tus olishi mumkin.


5. Somalilend


Efiopiya va Eden ko`rfazining janubiy sohili o`rtasida joylashgan Somalilend allaqachon jarga qulab bo`lgan Somali hukumatidan ajralib chiqish ehtimoli bilan bizning so`ngi nomzodimiz bo`lib qolmoqda.

Afrika Burnidagi “Tinchlik Vodiysi” nomi bilan ma`lum bu hudud Somali Fuqarolar Urushi paytida, ya`ni 1991-yildayoq o`z mustaqillini e`lon qilgan bo`lsada, 3,5 mln aholili yangi davlatni xech kim hanuzgacha tan olmagan.

Biroq so`nggi yillarda Somali davlatining qulashi ortidan vaziyat o`zgarmoqda. Boshqa Afrika davlatlari kabi kambag`al bo`lgan Somalilendga tashqi kuchlar va investorlarning qiziqishi ortmoqda. Bu dastaklar Somalilend aholisida o`zlarini dunyo tan olishi uchun harakatlarni kuchaytirish istagini oshirishi turgan gap.


Комментариев нет:

Отправить комментарий