09.08.2013

PUTINDAN KEYINGI ROSSIYA: DEMOGRAFIK INQIROZ (2-QISM)

Ko`pchilikka  ma`lum, ayni vaqtda Rossiya demografik holati va energetika sektori sezilarli o`zgarishlar ro`y bermoqda. Rus prezidenti Vladimir Putin esa ayni o`zgarishlarni jilovlash uchun davlat siyosatini boshqa o`zanga solishga majbur bo`lyapti. Tahminlarga ko`ra, Rossiyaning hozirgi 143 mlnli aholisi 2030-yilga borib 10 foizga qisqarib ketishi mumkin. E`tiborlisi shundaki, bu qisqarish faqatgina etnik ruslar orasida kuzatilmoqda. Ham mahalliy, ham immigrant musulmonlarning soni esa keskin oshib boryapti.



Ruslarning kamayishi va musulmonlarning soni ortishi 2030-yilgacha rus bo`lmagan aholining ulushi 16 foizga yetishini anglatadi. Boshqa tahminlarga ko`ra esa, bu raqam noqonuniy muhojirlar hisobiga 20 foizdan ortib ketishi mumkin. Musulmonlarning Rossiya aholisidagi ulushining ortishi so`nggi paytda ultranatsionalist qarashlarni kuchaytirib yubordi. Oxirgi  3 yil ichida etnik ruslarning immigratsion islohotlarni amalga oshirish va Shimoliy Kavkazning musulmon aholisiga nisbatan  bosimlarni oshirish borasidagi talablari keskin ortdi.  Bu harakatda radikal diniy qarashlardagi ultra-ortodokslarning faolligi yuqori bo`lib, ular o`zlarini rus milliy xavfsizligining yagona himoyachilari sifatida tasavvur qilishmoqda.

Etnik ruslarning kamayishi, shuningdek, rus armiyasini ham qiyin vaziyatga solib qo`ymoqda. Moskva 1 mlnli doimiy qo`shinni 800,000 kishiga ixchamlashtirishni rejalashtirmoqda. Kremlda esa musulmonlarning milliy armiyadagi o`rni qanday bo`lishi borasida bahslar allaqachon boshlanib ketganligi haqida xabarlar paydo bo`la boshlagan.

Demografik o`zgarishlardan yana biri – Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin dunyoga kelgan avlod maydonga chiqib kelmoqda. Hozirgi Rossiya aholisini tahminan 21 foizini “Qizil Imperiya” “shukuhidan bahra olmaganlar” tashkil qiladi. Bu holat mamlakat aholisi o`rtasida mafkuraviy bo`shliq paydo bo`lishiga olib keladi. Yangi avlod Sovuq Urush davomida Rossiya dunyoning deyarli yarmiga xo`jalik qilganligini faqat kitoblarda o`qiganlar yoki eshitganlar, biroq bunday ulug`vorlikni xech qachon xis qila olmaydilar. Ular, shuningdek, Yelsin davri qanchalik xaoslarga to`la bo`lganini anglab yetishmaydi. Ularning dunyoqarashi Putin hokimiyatga kelgandan so`ng, ya`ni  barqarorlik davrida shakllangan.

Bundan tashqari siyosiy jihatdan eng faol aholi tabaqasi ham aynan shu yosh avlod hisoblanadi. Sobiq Ittifoq davrida dunyodan uzib qo`yilgan katta avloddan farqli ravishda yosh avlodda siyosiy qarashlarni o`zgarishiga ta`sir qiluvchi omillar, masalan, Internet mavjud. Rossiyadagi Levada ijtimoiy so`rov markazining tadqiqotlariga qaraganda, hozirda 50 foiz ruslarda doimiy Internetga kirish imkoniyati bor, 2006-yilda bu raqam atigi 10 foizni tashkil qilgan ekan. Tashqi ta`sirlar sababli siyosiy qarashlari kuchaygan yoshlar 2011-2012-yillarda Kremldagilarni og`ir vaziyatga solib qo`yishdi. Rossiya o`zining yaqin tarixida fuqarolarning hukumatga nisbatan bunday ommaviy norozilik harakatiga guvoh bo`lmagan edi. SSSR davridan beri fuqarolarga hizmatkor sifatida qarab kelayotgan rus hukumati endilikda ular bilan murosa qilishga majbur bo`ldi: davlat siyosatiga qator o`zgartirishlar kiritildi, fuqarolar nishoniga tushgan bir qancha rahbarlar ishdan olindi va hk. Ayni vaqtda Kremlning yangi fikrli avlodni qanday nazorat qilish masalasi ustida boshi qotgan.

Demografik o`zgarishlar bilan bir paytda dunyo energetikasidagi to`lqinlar ham Rossiya barqarorligiga ta`sir qilmay qo`ymadi. Rus iqtisodiyoti asosan energetika sohasiga asoslangan va davlat byudjetining deyarli yarmi neft hisobiga to`lishini birinchi maqolada aytib o`tgan edik. Bunday tashqari neft va gaz Rossiya tashqi siyosatining richagi ham hisoblanadi. Shu choqqacha energetika sektori rus hukumati muvaffaqiyatlarining garovi bo`lib keldi. 2000-yillarning boshida Putin butun mamlakatni mustahkamlay olishiga yordam bergan narsa ham aynan jahon bozorida neftga qo`yilgan yuqori narxlar edi. Tekindan kelgan katta mablag` evaziga Putin xohlagan ishini amalga oshirish imkoniga ega bo`ldi. Rossiyaning Yevropa gaz bozoridagi dominantligi mo`may daromaddan tashqari SSSR davrida mamlakat qismi bo`lgan Sharqiy Yevropani G`arb ta`siridan chiqarib, qaytadan o`z “qanoti ostiga” olishiga zamin yaratdi. Biroq 2008-yilda butun dunyoni silkitib tashlagan global moliyaviy inqiroz bo`roni yuqori neft narxlari va post-sovet hududlarda o`natilgan yangi hukmronlikni uchirib ketdi. 2009-yilda bir barrel neftga qo`yilgan narx 60 dollarga tushib ketdi. Natijada rus iqtisodiyoti bo`hronga uchrab, ichki ishlab chiqarish hajmi 8 foizga kamaydi. Rossiyani inqirozdan faqatgina ulkan zahira fondlarigina qutqarib qoldi. Hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda Rossiya iqtisodiyoti neftga qo`yilgan narx 90 dollar (1 barreliga)dan yuqori bo`lsagina barqaror saqlanishi mumkin.

Energetika sektoridagi yana bir o`ylantiradigan savol Yevropa rus gazining doimiy xaridori bo`lib qoladimi yoki yo`qligidir. Rossiya gazga qaram Yevropa davlatlarini siyosiy jihatdan manipulyatsiya qilishni kuchaytirgandan so`ng ko`pgina G`arb davlatlari ruslarga qaramlikdan qutilish yo`llarini izlay boshladilar, masalan, yevropaliklar suyultirilgan gaz terminallarini ko`paytirdilar. Bozorlarda suyultirilgan gaz ko`payishi va slanes gazi olishdagi yangi texnologiyalar Rossiyaning Yevropadagi mavqeiga katta xavf solmoqda. Natijada Moskva yevropaliklar bilan gaz munosabatida agressivlikni bir chetga surib qo`yishga majbur bo`lyapti.

Yevropada tobora kasodga uchrayotgan rus gazini endilikda Osiyoliklarga o`tkazishga urinishmoqda. Bu borada Moskva Xitoy va Yaponiya bilan allaqachon qator bitimlar imzolashga ulgurgan. Biroq osiyoliklar bilan aloqalar, tarixan, silliq kechmagan. Agar rus energetikasida tashqi bozorda o`z o`rnini topolmasa, unda hukumat, balki butun mamlakat xavf ostida qoladi.

Yaqinlashib kelayotgan inqirozdan omon qolish uchun Rossiya qator islohotlarni o`tkazishi kerak, masalan, tabiiy gaz sektori liberallashtirilib, GazProm monopoliyasi tugatilmog`i lozim. Bundan tashqari tashqi energetika siyosatida yumshoqlik va murosaga yo`l ochilishi shart. Bularning barchasi Kremldan o`z strategiyasini o`zgartirishni talab qiladi.

Bunday fundamental o`zgarishlar va “yangi” siyosiy tizimga tamal toshi allaqachon qo`yilgan. Putin o`zining yangi muddatida siyosiy tizimga qator o`zgartirishlar kiritishga qaror qilgan ko`rinadi. Tahminan, hozirda Putinning to`rt maqsadi mavjud:

Birinchisi, u qo`l ostidagilarni o`zaro bog`liqligini kuchaytirmoqchi, natijada butun tizimni tutib turish uchun aynan bir shaxsga tayanishiga xojat qolmaydi;

Ikkinchisi, Putin klanlardan tashkil topgan vertikal tizimni ortiq xohlamayapti. Buning o`rniga u kollektiv tizim yaratmoqchi. Bu holda tizimning bir qismida buzilish butun hukumat qulashiga sabab bo`lmaydi;

Uchinchisi, endilikda tizimda tarafkashlar emas, balki neytral o`yinchilar, xech qursa aholiga ma`lum shaxslar faoliyat yurita boshlaydi;

To`rtinchisi, yangi avlod tizimga chiqib kelish yo`llarini ochishdir.  

Putin yaratmoqchi bo`lgan yangi kollektiv tizim sovetlar davridagi Politbyuroni yodga soladi, ayniqsa Stalin davridagini. O`sha paytlarda Politbyuro rasman mavjud bo`lmay, Stalinning eng ishonchli kishilaridan tashkil topgan bo`lib, muhim siyosiy qarorlar, strategiyalar ishlab chiqishda oliy rahbarga ko`mak berardi. Bu elitaga tayanib, Stalin butun Sovet strategiyasini asoslar edi.


Yangi Politbyuro esa faqatgina siyosatdonlardan emas, balki texnokratlardan ham tashkil topgan. Bu elitaga o`zini qaysidir sohada ko`rsata olgan, eng ishonchli shaxslar kirgan. Masalan, Igor Sechinning neft sohasida, Sergey Shoygu harbiy va Sergey Ivanovning xavfsizlik doiralarida oldiga tushadigani yo`q. Garchi bu tizim ham klanga o`xshasada, undagi yagona farq Putin biror bo`g`in faoliyatida kamchilik sezsa, uni zudlik bilan almashtirishi mumkin. Bunday tizim Rossiya kelajagi garovi bo`la olish-olmasligi faqat vaqt hukmiga xavola.

Комментариев нет:

Отправить комментарий