Garchi Ikkinchi Jahon Urushidan so‘ng xalqaro munosabatlar va dunyo
tartibotida diplomatiyaning ahamiyati keskin ortgan bo‘lsa-da, harbiy kuchning
ta’siri bir zum pasaymayotir, qaytanga davlatlar o‘z harbiy salohiyatini
oshirish uchun milliardlab dollar sarflamoqda. Shvetsiyada asoslangan Stokgolm Xalqaro Tinchlikni Tadqiq Qilish
Instituti (SIPRI) zamonaviy dunyoning moliyaviy jihatdan eng yaxshi
ta’minlangan armiyalar o‘ntaligini e’lon qildi. Quyida Siz ular bilan
tanishishingiz mumkin:
2013-yildagi harbiy xarajati: 682 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 39 foiz
Shubhasiz, AQSh harbiy qudrat va harbiy xarajatlar bo‘yicha doimiy peshqadam
davlatdir. Uning yillik harbiy xarajatlari federal davlat byudjetining 20
foizga yaqinini tashkil qiladi. Uning bir yilda qurolli kuchlarga sarflaydigan
mablag‘i dunyoning bir necha qudratli davlatlari yillik daromadi yoki yuzga
yaqin o‘rtahol davlatlar YaMD (Yalpi Milliy Daromad)iga teng yoki undanda
oshiqroqdir. Bundan tashqari AQSh harbiy byudjeti ro‘yhatdan o‘rin olgan boshqa
davlatlar xarajatlarining umumiy summasidan ham ziyodroq. Eslatib o‘tish joiz,
AQSh birgina Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlar uchun 4 trillion
dollardan ortiqroq mablag‘ sarf etdi. Hozirda dunyoning 144 davlatida 200 000
dan oshiqroq amerikalik harbiy xizmat o‘tamoqda.
2. Xitoy
2013-yildagi harbiy xarajati: 166 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 9,5 foiz
Jahonda ham siyosiy ham iqtisodiy jihatdan AQShning asosiy raqibi
hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasi harbiy sohada ham amerikaliklarni ta’qib
qilib bormoqda. Tahminan, 1,25 million nafar askardan tashkil topgan Xitoy
armiyasi tobora zamonaviy qurol-aslahalar bilan ta’minlanib, hattoki, yon
qo‘shnilar, masalan, Yaponiyaga (Senkaku orollari borasidagi nizo tufayli)
tahdid solmoqda. Yaqin kelajakda Xitoyning harbiy xarajatlari, armisyasi soni
yanada oshishi kutilyapti.
3. Rossiya
2013-yildagi harbiy xarajati: 90,7 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 5,2 foiz
Sovuq Urushdan so‘ng o‘n yil davomida tushkunlik kayfiyatida yashagan
ruslar yangi asrdan harbiy sohaga alohida e’tibor qarata boshlashdi. Bunga asosiy
sabab mamlakatdagi barqarorlikni mustahkamlash bo‘lsa, keyingi vaqtda Sobiq
Ittifoqning xalqaro tizimdagi ta’sirini qayta tiklash asosiy vazifa sifatida
o‘rtaga chiqdi. Ayni paytda Rossiya jadallik bilan harbiylashayotgan
mamlakatlardan biri hisoblanadi.
4. Buyuk Britaniya
2013-yildagi harbiy xarajati: 60,8 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 3,5 foiz
Qirolicha Yelizaveta II tomonidan boshchilik qilinadigan Qirollik Qurolli
Kuchlari harbiy xarajatlar bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni band qilgan. Boshqa davlatlarga
nisbatan ichki tomondan barqaror vat inch bo‘lishiga qaramay, Buyuk Britaniya Millatlar
Hamdo‘stligi tarkibiga kiruvchi dunyo bo‘ylab sochilib ketgan o‘z hududlarini
muhofaza etish uchun katta sonli qurolli kuchlarga ehtiyoj sezadi. Bundan tashqari
britan askarlari NATO yetakchiligidagi xalqaro tinchlikparvar kuchlarning
asosiy qismini ham tashkil etadi.
5. Yaponiya
2013-yildagi harbiy xarajati: 59,3 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 3,4 foiz
Ikkinchi Jahon Urushidan so‘ng AQSh bilan imzolangan O‘zaro Hamkorlik va
Xavfsizlik Bitimiga muvofiq Yaponiya katta sondagi harbiy kuch tashkil etish va
saqlash imkoniyatlaridan mahrum bo‘lgan edi. O‘sha vaqtdan beri rasmiy
Vashington yaponlarning himoyachisi bo‘lib keldi. Biroq so‘nggi vaqtlarda Xitoy
bilan yuqorida ta’kidlangan orollar va suv hududlari yuzasidan chiqqan nizo
hamda Shimoliy Koreya tashqi siyosatining tobora tahdidli tus olishi Yaponiyani
qurolli kuchlarini qaytadan tashkil etishga undamoqda. Bundan tashqari
Afg‘oniston va Iroq urushlari hamda boshqa ichki-tashqi muammolar bilan
andarmon bo‘lib qolgan AQSh ham endilikda Yaponiya o‘z xavfsizligi to‘g‘risida
o‘zi qayg‘urishiga qarshi emas.
6. Fransiya
2013-yildagi harbiy xarajati: 58,9 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 3,4 foiz
Yevropaning yana bir qudratli davlati bo‘lmish Fransiya mintaqadagi eng
katta armiyaga ega. Uning qurolli kuchlari 250 000 nafar askardan iborat. Boshqa
Yevropa davlatlari kabi ichki barqarorligi nisbatan yuqori Fransiyaning ham milliy
mudofaa yuzasidan xavotirlanishiga unchalik hojat yo‘q. Lekin fransuzlar oxirgi
yillarda Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Liviya, Fil Suyagi Qirg‘og‘i kabi Afrika
davlatlarida anchayin faol harakat qilishmoqda. Shu sababli bu vaqt mobaynida
rasmiy Parijning harbiy xarajatlari sezilarli oshgani kuzatildi.
7. Saudiya Arabistoni
2013-yildagi harbiy xarajati: 56,7 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 3,2 foiz
SIPRI ro‘yhatiga kirgan yagona O‘rta Sharq davlati – Saudiya Arabistoni
mintaqadagi gegemonlik uchun yillar davomida kurashib keladi. Neftga boy va
O‘rta Sharqdagi AQShning eng yaqin ittifoqdoshi hisoblanmish bu arab davlati
2011-yilda amerikaliklardan 30 milliard dollarga teng zamonaviy harbiy
samolyotlar harid qildi va bu dunyodagi eng qimmat harbiy harid sifatida
tarixda qoldi. Garchi qirollik hukumatiga aytarli ichki va tashqi tahdid xavf
solmayotgan bo‘lsada, harbiy salohiyatni keskin oshirib borilishi mintaqadagi
eng katta raqib – Eronga qarshi propaganda ekanligini anglash qiyin emas.
8. Hindiston
2013-yildagi harbiy xarajati: 46,1 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 2,6 foiz
2013-yil Hindiston harbiy salohiyatini oshirish borasida eng muhim yil bo‘ldi.
O‘tgan yili hindlar armiyasini o‘rta masofali ballistik raketalar bilan
ta’minladi, flotini keskin yangiladi, ilk harbiy sun’iy yo‘ldoshini fazoga
uchirdi, yengil tipdagi yangi vertolyotlar ishlab chiqila boshlandi. Albatta,
bu harakatlardan asosiy maqsad, qolgan davlatlar kabi, gegemonlikka
erishishdir. Lekin hindlarning xitoylarga raqobat qilishini sezish qiyin emas. Jahonda
aholisi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi va iqtisodiyoti tobora o‘sib
borayotgan Hindiston nafaqat mintaqadagi gegemoniya, balki xalqaro tizimda o‘z
o‘rnini egallash uchun qo‘shni Xitoy bilan raqobat qilib keladi. Hindiston tashqi
siyosatidagi eng birlamchi maqsadlardan biri, huddi Xitoy kabi, BMT Xavfsizlik
Kengashidan joy egallab, xalqaro tizim hakamlaridan biriga aylanishdir. Ammo bu
hindlar uchun hozircha orzu bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari qo‘shni Pokiston va Afg‘onistondagi murakkablashayotgan
vaziyat ham hindlarni doimo tashvishlantirib kelgan.
9. Germaniya
2013-yildagi harbiy xarajati: 45,8 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 2,6 foiz
20-asrning birinchi yarmida dunyo hokimligiga da’vo qilgan nemislar
to‘qqizinchi o‘rin band qilishgan. Qurolli kuchlarga kam mablag‘ ajratishiga
qaramay, ishbilarmon nemislar harbiy sohani ham biznesga aylantirib
ulgurishgan. Hozirda Germaniya qurol eksporti bo‘yicha AQSh va Rossiyadan keyin
uchinchi o‘rinda turibdi. O‘tgan yilning yozida Germaniya Mudofaa Vazirligi
qabul qilgan qarorga ko‘ra, harbiylar soni imkon qadar qisqartirilib, qurolli
kuchlar eng zamonaviy qurol-aslaha, uskunalar bilan ta’minlanish yo‘li orqali
professional va ixcham armiyaga aylantiriladi. Hozirgi kunda nemis armiyasi
tarkibida 180 000 nafar askar mavjud.
10. Italiya
2013-yildagi harbiy xarajati: 34 milliard dollar
Xalqaro harbiy xarajatlardagi ulushi: 1,9 foiz
Hukumatdagi janjallar, beqarorlik, siyosiy va iqtisodiy tushkunlik,
korrupsiya hamda mashhur mafiyaning xurmacha qiliqlariga qaramay, Italiya
harbiy xarajatlar bo‘yicha ilk o‘ntalikka kiritilgan. Italiya qurolli kuchlari
yuqorida zikr etilgan davlatlar armiyasi kabi tez-tez tilgan olinmasa-da,
hozirda italyanlar jami 24 ta xalqaro tinchlikparvar missiyalarda hizmat
o‘tamoqda. Biroq o‘tgan yildagi iqtisodiy bo‘hron tufayli Italiya hukumati
joriy yilda harbiy byudjetini 6,6 milliard dollarga qisqartirish to‘g‘risida
qaror qabul qildi.
Shuningdek, SIPRI reytingida NATO harbiy xarajatlar bo‘yicha birinchi
o‘rinda turibdi. Uning 2012-yildagi harbiy byudjeti 990,9 milliard AQSh
dollarini tashkil etgan.
SIPRI reytingida O‘zbekiston harbiy xarajatlari bo‘yicha ma’lumotlar
2003-yildan so‘ng yangilanmagan. 2003-yildagi holatga ko‘ra, O‘zbekiston
Respublikasi harbiy byudjeti 73,8 million dollarni tashkil etib, reytingda
125-o‘rinni egallagan.
SIPRI hisobotini bu yerdan yuklab olishingiz mumkin.
Комментариев нет:
Отправить комментарий