16.02.2014

XITOY SHIMOLIY KOREYA YADRO DASTURIGA QARSHI CHIQMOQCHI

AQSh davlat kotibi Jon Kerri Xitoy yadroviy dasturdan voz kechtirish uchun Shimoliy Koreyaga bosim o‘tkazish istagini bildirganini ma’lum qildi. Amerika bosh diplomati bu haqda Pekinda jurnalistlarga aytgan.



Jon Kerri Xitoyni Shimoliy Koreyani yadro dasturidan voz kechtirish uchun ixtiyoridagi hamma vosita: madaniy va tarixiy mushtarakliklardan foydalanishga chaqirganligini aytgan. Unga ko‘ra, ayni vaqtda, AQSh va Xitoy rasmiylari ushbu masalani aynan qay yo‘sinda hal etish borasida muzokara olib bormoqdalar.

O‘z navbatida Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi ham uning davlati mintaqa xavfsizligi va barqarorligi yo‘lida, boshqa xalqaro kuchlar bilan hamkorlikda, bor imkoniyatini ishga solgan holda harakat qilishini ma’lum qilgan. “Xitoy xech qachon Koreya Yarimorolida tartibsizlik yoki urush paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi,” deya ta’kidlagan Vang Yi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Shimoliy Koreya deyarli o‘nta atom bombasi tayyorlashga yetadigan yadroviy xomashyoga egalik qiladi. Lekin Shimoliy Koreya bo‘yicha tahlilchilar Pxenyanda yetarlicha zamonaviy texnologiya va mutaxassislar yetishmasligini ta’kidlashmoqda.

Ta’kidlash joiz, Xitoy hukumati shu vaqtga qadar Shimoliy Koreyaning mintaqa va xalqaro maydondagi asosiy himoyachisi bo‘lib qolayotgan edi. Pekinning xalqaro bahslarning doimiy mavzusiga aylangan yon qo‘shnisiga nisbatan siyosatidagi bu o‘zgarish haqida navbatdagi maqolalarimizda batafsil ma’lumot olishingiz mumkin.

Shimoliy Koreya mavzusi Xitoy rahbari Si Jinpin va Jon Kerri o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ko‘tarilgan. Bundan tashqari muzokaralarda Sharqiy va Janubiy Xitoy dengizi bo‘yicha mintaqa davlatlari orasida avj olayotgan ziddiyatlar ham ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Pekin Janubiy Xitoy dengizining 90 foizi o‘ziga tegishliligini ta‘kidlayotgan bir vaqtda, Bruney, Malayziya, Vyetnam, Filippin va Tayvan ham ushbu suvlarga da’vo qilmoqda. Sharqiy Xitoy dengizi bo‘yicha esa Xitoy va Yaponiya qurolli to‘qnashuv darajasiga qadar yetib borishgan edi.


Комментариев нет:

Отправить комментарий