09.02.2014

ROSSIYA UKRAINAGA HARBIY INTERVENSIYA UYUSHTIRISHI MUMKIN

Kuni kecha Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Sergey Glazyev AQShni 1994-yilda Rossiya-AQSh o‘rtasida Ukraina yuzasidan imzolangan Budapesht Memorandumini buzishda ayblab chiqdi. Glazyevning da’vo qilishicha, AQSh ulkrainalik namoyishchilarni har tomonlama dastaklab, mamlakatda davlat to‘ntarishi uyushtirishga harakat qilmoqda. Rasmiyga ko‘ra, Rossiya yon qo‘shnisini chuqur geosiyosiy qiyinchilikdan omon saqlab qolish maqsadida harbiy intervensiya uyushtirishi mumkin.

Dmitry Rogozin and Sergei Glazyev confer during a press conference in Moscow in December 2003.
Sergey Glazyev (o‘ngda)

Vashington va Moskva o‘rtasidagi yuqorida ta’kidlangan bitim Ukraina o‘zining Sobiq Ittifoqdan meros qolgan yadro arsenalidan voz kechgandan so‘ng imzolangan. Sergey Glazyevning memorandumdan iqtibos keltirishicha, AQSh va Rossiya Ukraina suvereniteti hamda hududiy yahlitligi kafolatchilari bo‘lib, mamlakat hududida inqiroziy holat yuz bergan taqdirda intervensiya uyushtirish mas’uliyatini o‘z bo‘yinlariga oladilar. Maslahatchi AQShni ukrainalik namoyishchilarni haftasiga 20 million dollar bilan dastaklashda ayblab, bu holat o‘rtadagi memorandum bandlarini ochiq-ochiq buzish ekanligini ta’kidlagan.

 Masked protesters line up in Kiev, 6 February
Glazyevga ko‘ra, AQSh namoyishchilarni yashirincha qurollantirmoqda

Bu ayblovlarga izoh berar ekan, AQShning Kiyevdagi elchixonasi rasmiylari Glazyevning so‘zlari to‘laligicha bo‘hton va e’tibor berishga arzimasligini ta’kidlashgan.  

Glazyevning aytishicha, namoyishchilar o‘z harakatlarini zudlik bilan to‘xtatmas ekanlar, prezident Yanukovichda mamlakat yahlitligini saqlab qolish uchun kuch ishlatishdan boshqa chora qolmaydi va Rossiya ham Ukrainani chuqur inqirozga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Namoyishlar to‘rtinchi oydirki tinmas ekan, Ukraina prezidenti Viktor Yanukovich qiyin vaziyatga tushib qolgan. Rossiya namoyishchilarni Mustaqillik Maydonini zudlik bilan tark etib, mamlakat kelajagini xavf ostiga qo‘ymaslikka chaqirayotgan bir paytda, G‘arb, ayniqsa, AQSh ukrain hukumatini tinch namoyishchilarga nisbatan biror zo‘ravonlikka qo‘l urishdan tiyilishni, aks holda, bosimlar ostida qolib ketishidan ogohlantirmoqda.

Ayni vaqtda Sochida Qishki Olimpiada O‘yinlari davom etarkan, Rossiya ma’lum vaqt Ukraina masalasiga e’tiborini kamaytirishi turgan gap. Demak, hozircha intervensiya ehtimoli kamroq. Biroq namoyishlardagi faollar Rossiya Ukrainani o‘z ta’siriga olish uchun istalgan vaqt, istalgan usuldan foydalanishi mumkinligidan o‘z xavotirlarini bildirmoqdalar.

Vladimir Putinning sobiq maslahatchisi, siyosatshunos Andrey Illarionov Rossiyaning Ukraina masalasini hal qilish yo‘lidagi to‘rt ehtimoliy qadamni keltirib o‘tadi:
  •  Rossiyaga sodiq biror shaxs hokimiyatga keltirilib, uning yordamida butun Ukraina nazorati qo‘lga kiritiladi. Biroq ukrainlarning siyosiy faolligi, ular orasida yevropaparastlar ulushi ko′pligi va G‘arbning qarshiligi tufayli bu qadamning amalga oshish ehtimoli deyarli yo‘q;
  •  Federatsiya yoki konfederatsiya tamoyillari orqali Ukrainaning sharqiy va janubiy hududlarida nazorat o‘rnatiladi. Ma’lumki, bu hududlarda aholi amaldagi hukumatga nisbatan xayrihoh va ruslarning aholi sonidagi nisbati 30 foizdan yuqori;
  •  Mobodo federatsiya shakllantirish urinishi amalga oshmasa, u holda, Rossiya faqatgina alohida shaharlar, masalan, Odessa, Donetsk, Lugansk va Qrim yarimorolida nazorat o‘rnatishga harakat qiladi;
  • Agar Sharqiy Ukraina bo‘ysunmasa, faqatgina ruslarning ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan Qrim va Sevastopol ta’sir ostiga olinadi, xolos.

Illarionovning fikricha, Ukraina inqirozga yuz tutgan davlat bo‘lib, Rossiya bir vaqtlar o‘z tarkibida bo‘lgan qardosh hududlar ustidan nazoratni tiklash imkoniyatini boy bermasligi zarur.

Eslatib o‘tish mumkin, Rossiyaning hududlarni bo‘lib tashlash siyosati natijasida Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruzidan tarkibidan ajrab chiqib, Rossiya ta’siriga tushib qolgan edi. Ushbu amaliyot ham ayni butun dunyoning diqqat-e’tibori bir joy qadalgan bir vaqtda – 2008-yilgi Pekin Yozgi Olimpida O’yinlari o‘tayotgan paytda harbiy kuch qo‘llash orqali yuz bergan edi.

O‘sha yili Buxarestda bo‘lib o‘tgan NATO Sammitida prezident Vladimir Putin Ukraina tarixiy anglashilmovchilik tufayli Rossiya hududida yaratilgan davlat ekanligini ta’kidlagan edi.


Putin rahbarligida ostida o‘z qudratini qayta tiklayotgan Rossiya post-sovet hududlaridagi ta‘sirini har tomonlama oshirishga harakat qilmoqda. Demak, Sergey Glazyev aytganidek, harbiy intervensiya ehtimoli ham anchayin katta.

Комментариев нет:

Отправить комментарий