Yaqinda Foreign Affairs nashri tomonidan Devid Lemptonning “Xitoy qanday
boshqariladi?” maqolasi e’lon qilindi. Xitoyning global siyosiy maydonda,
ayniqsa, bizning mintaqamizda nisbatan ta’siri ortib borar ekan, bu gigant davlat
haqida imkoni boricha ko‘proq bilish zarur, degan fikr bilan ushbu maqolani
to‘liq o‘zbek tilida e’tiboringizga havola qilishga qaror qildik. Maqola
yuzasidan tahlil o‘tkazishni Sizning ixtiyoringizda qoldiramiz.
Mao Szedun haykali tozalanmoqda
20-asrda Xitoy uchta inqilobni boshdan kechirdi. 1911-yildagi birinchi inqilob
natijasida Sin sulolasi hukmronligiga barham berilib, u bilan birga ana’naviy
davlat boshqaruv tizimi ham sidirib tashlandi. Hokimiyat uchun uzoq davom etgan
shiddatli kurashlardan so‘ng, 1949-yilda ikkinchi inqilob bo‘lib o‘tdi va
buning natijasida Mao Szedun hamda uning Kommunistik Partiyasi Fuqarolar Urushi
g‘olibi, Xitoy Xalq Respublikasi boshqaruvchisi sifatida qudratga keldi; Mao
Szedunning qattol va qattiqqo‘l boshqaruv tizimi faqat uning o‘limi bilan –
1976-yilda nihoyasiga yetdi.
Uchinchi inqilob esa hanuz davom etmoqda va uning natijalari hozircha
salbiy oqibatlarga sabab bo‘lmadi. Ushbu inqilob 1977-yilning o‘rtasida, Den
Siaopinning hokimiyatga kelishi bilan boshlangan edi. Siaopin o‘n yildan
ko‘proqqa cho‘zilgan mislsiz islohotlarni amalga oshirdi, buning natijasida
Xitoy iqtisodan qoloq davlatdan global qudratga aylandi, yuz millionlab
xitoyliklar qashshoqlik botqog‘idan qutildilar va shaharlarga ommaviy ko‘chib
kelishlarga barham berildi. Uchinchi inqilob Siaopinning izdoshlari bo‘lmish
Jian Zemin, Xu Zintao va Si Jinpinlar tomonidan davom ettirildi va
ettirilmoqda.
Albatta, Den Siaopin boshlagan inqilob bir tomondan inqilobiy ahamiyat
kasb eta olmadi: Xitoy Kommunistik Partiyasi siyosiy qudratda o‘z hukmronligini
saqlab qoldi. Shu jihatdan aytish mumkinki, Xitoyda 1977-yildan beri siyosiy
emas, faqatgina iqtisodiy inqilob amalga oshirildi, degan klishe (almisoqdan
qolgan qarash) muhim bir haqiqatni bizdan yashiradi: 2002-yilda xitoylik
siyosatchilardan biri menga tan olganidek, siyosiy islohot “judayam
ehtiyotkorona va parda orqasida amalga oshirilgan”.
Dalil sifatida shuni keltirish mumkinki, Xitoyning markaziy hukumati
bugungi kunda Den Siaopin davridagidan uch asosiy farqli yo‘nalishda faoliyat
yuritadi. Birinchisi, individual Xitoy rahbarlari avloddan-avlodga o‘z
qudratini yo‘qotib, nisbatan ojizlanib qoldilar. Ikkinchisi, Xitoy jamiyati,
iqtisodiyoti va ma’muriy tizimiga darz ketgan. Xitoy rahbarlari bir vaqtning
o‘zida bir qancha jabhalardagi muammolarga nisbatan chora ko‘rishi, xech
bo‘lmaganda ularni nazorat ostiga olishi zarur. Uchinchisi, bugungi kunda Xitoy
hukumati oldingidanda ko‘proq pul, iste’dod va ma’lumotga ega aholiga qarshi
turishga majburdir.
Yuqoridagi barcha sabablarga ko‘ra, bugun Xitoyni boshqarish Den Siaopin
davridagidanda mushkullashgan. Rasmiy Pekin bu o‘zgarishlarga, asosiy siyosiy
tuzilmasini saqlagan holda, omma fikri bilan olib borilayotgan siyosatni
qorishtirish yuborishga urinish orqali javob berdi. Agar Xitoy rahbarlari
mamlakat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilmay turib, siyosiy va ijtimoiy
barqarorlikni teng ushlab turish mumkin, deyishsa, xato qilgan bo‘ladilar. Ojiz
hukumat va nisbatan qudratli fuqarolik jamiyati butunlay boshqa siyosiy tizimni
talab etadi. Bu uchun qonun ustivorligiga yanada ishonchliroq mexanizmlar,
masalan, sud va qonun chiqaruvchi tarmoqlar bilan qat’iy amal qilish va bu
yordamida ixtiloflarga yechim topish, turli manfaatlarni bir-biriga
moslashtirish hamda yetarlicha zahiralar bilan ta’minlash zarur bo‘ladi.
Shuningdek, yanada yaxshiroq hukumat nazorati, shaffoflik va mas’uliyatlilikka
ham ehtiyoj tug‘iladi. Ushbu o‘zgarishlar amalga oshirilmas ekan, Xitoy
kelajakda o‘zining so‘nggi qirq yillik tarixidagidan-da qiyinroq siyosiy
inqirozga tushib qoladi. Tobora qudrati o‘sib borayotgan Xitoydagi bu siyosiy
inqiroz qo‘shni davlatlar va undanda kengroq mintaqalarga ham ta’sir etmay
qolmaydi. Xitoydagi har bir islohot
davlat rahbarlari zudlik bilan moslashishga majbur bo‘ladigan turli
oqibatlarni keltirib chiqardi. Islohot velosiped minishga o‘xshaydi: yoki olg‘a
yurishda davom etasiz yoki osonlik bilan qulab tushasiz.
BARCHA RAHNAMOLAR HAM BIR XIL
EMAS
Nemis sotsiologi Maks Veberga ko‘ra, hukumatlar o‘z qudratini uch
manbadan oladi: ana’na, individual liderning
shaxsiy sifatlari va xarizmasi hamda konstitutsion legal normalar. Islohotlar
davom etar ekan, Xitoy birinchi ikki manbadan uzoqlashib, oxirgisi tomon
yuzlana bormoqda.
Mao Szedunga o‘xshab, Den Siaopin ham ana’anviy va xarizmatik qudrat
uyg‘unligi yordamida davlatni boshqargan edi. Biroq uning izdoshlari o‘z
legitimliklarini boshqa usulda qo‘lga kiritdilar. Jian Zemin (1989-2002) va Xu
Zintao (2002-2012) Den Siaopin shakllantirgan yo‘ldan boshqa yo‘lda hokimiyatga
kelgan bo‘lsalar, 2012-yilda Si Jinpinning davlat rahbari kursisini egallashi
Xitoy Kommunistik Partiyasi ichidagi kollektiv siyosiy jarayon natijasi bo‘ldi.
Vaqt o‘tishi bilan rahbarlik vakolati, yoshga qo‘yilgan cheklovlar, vakolatlar,
partiya a’zolari orasida so‘rovnomalar o‘tkazish tartibini o‘zgartirish orqali
yangi davlat boshlig‘i tanlash jarayoni takomillashtirib borildi. Unutmaslik
lozimki, bu o‘zgarishlar notugal, norasmiy va o‘zida biror aniqlikni jo
qilmaydi, lekin, ahamiyatlisi, ular Mao Szedunning qattiqqo‘l tizimidan tubdan
farq qiladi.
Legtimlik asoslari o‘zgarar ekan, Den Siaopin izdoshlari vakolatlari
tobora qisqara bordi. Ammo Siaopinning o‘zi ham Mao Szedun kabi cheksiz
qudratdan bahramand bo‘la olmagan: har bir muhim qarorni qabul qilishidan oldin
mamlakatning katta ta’sirga ega boshqa arboblari bilan maslahatlashishga majbur
edi. Shunday bo‘lsa-da, uning islohotlari ko‘lami katta edi. Siaopin iqtisodiy
taraqqiyotni jadallashtirishdan tashqari 1979-yilda mamlakat miqyosida “Bir
oilaga bir bola” siyosatini joriy qildi, shu yilning o‘zida demokratik islohot
tarafdorlarining ommaviy qarshiligini bostirdi, 1989-yilda yangi harbiy qonunni
qabul qilib, Pekinga qo‘shin joylashtirdi. Tayvan masalasiga kelganda esa,
jiddiy qattiqqo‘llikka bormay, bahsli orol yechimini keying avlodga qoldirdi.
Siaopindan farqli o‘laroq, Zemin, Zintao va Jinpin anchayin qiyin
vaziyatda faoliyat yuritishdi(moqda). Si Jinpin hokimiyatga kelgan 2012-yil va
2013-yilda bu yanada yaqqol ko‘zga tashlandi. 1970-yillarda Siaopin bahsli
Diaoyu orollari (Senkaku orollari nomi bilan ham ma’lum) yuzasidan ko‘tarilgan
millatchilikka yo‘g‘rilgan siyosiy silkinishni chetlab o‘tishga muvaffaq
bo‘lgan edi. Biroq Si Jinpinning hokimiyatga kelish vaqti yapon millatchiligi
avjiga chiqqan paytga to‘g‘ri kelib qoldi va yangi rahbar rasmiy Tokioning
nisbatan tajovuzkor tus olgan harakatlariga qarshi turishga majbur bo‘ldi.
Boshqacha qilib aytganda, Xitoy qudratli shaxslar boshqaruvidan
kollektiv qaror qabul qilish, rahbarlik muddati va boshqa normalarga amal
qilish hamda jamiyat fikri bilan hisoblashishga majbur rahbarlar qo‘liga o‘tdi.
Yuqori martabali xitoylik diplomatlardan biri 2002-yilda menga aytganidek,
“Szedun va Siaopin qaror qabul qila olishardi, Zemin va hozirgi rahbar
maslahatlashishga majbur.”
Szedun va Siaopindan keyingi Xitoy rahbarlarining yana bir farqli tomoni
– ular keng miqyosli o‘zgarishlarni amalga oshira olmadilar. Siaopinning
maqsadi o‘zgartirish edi. U Xitoyni iqtisodiyot va global qudrat ierarxiyasi
cho‘qqisiga olib chiqishga intildi. Buning uddasidan chiqdi ham. U Xitoyni
xorijiy bilimlar uchun ochib berdi, yosh xitoyliklarning chet elga borib
o‘qishini rag‘batlantirdi (uning o‘zi ham Fransiya va SSSRda tahsil olgan edi).
Den Siaopindan so‘ng hokimiyatga kelgan Jian Zemin o‘zida o‘zgacha
rahbar siymosini namoyon etdi. U boshida hamma o‘ylagandangina boshqacha rahbar
bo‘lib chiqdi. Garchi Zemin davrida Xitoy Jahon Savdo Tashkilotiga kirgan,
o‘zini ilk fazogirini uchirgan yoki Kommunistik Partiya tarkibiga salohiyatli
va bilimli shaxslar qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, u inqilobiy
o‘zgarishlar yasay olmadi. Zero, uning boshqaruvida Xitoyning yillik iqtisodiy
o‘sishi 9,7 foizga yetdi. Bir so‘z bilan aytganda, Jian Zemin yuksak
boshqaruvchilik salohiyatiga egaligiga qaramay, Den Siaopindek islohotchi
rahbar bo‘la olmadi.
Xu Zintao va uning muovini Ven Jiabao islohotlar bobida yanada no‘noqroq
bo‘lib chiqishdi. Zintao hokimiyatga kelgan 2002-yildayoq siyosiy evolutsiya
ma’lum edi. “Daholar davri tugab, jamoaviy boshqaruv davri kelmoqda,” degan edi
menga o‘sha xitoylik diplomat. “Bundan keyingi rahbarlar kollektiv boshqaruv
bilan faoliyat yuritib, demokratroq bo‘lishadi. Keskin qarorlar o‘rniga
kelishuvga intilishadi. Ularda har doimgidanda kamroq vakolat bo‘ladi. Dadil qarorlar
lozim bo‘lganda, bunday qarorlar qabul qilish ularga qiyinchilik tug‘diradi. Chunki
ular ortiq avtoritar bo‘lisholmaydi, ” bashorat qilgan edi u. zintao amalda
biror arzirli iqtisodiy yoki siyosiy islohotni amalga oshirolmadi. Uning yagona
yutug‘i Tayvan bilan aloqalarni yaxshilagani bo‘ldi. U butun hokimiyatdaligi davomida
Siaopin va Zemin tashabbuslariga kichik o‘zgartirishlar kiritish bilan mashg‘ul
bo‘ldi.
2012-yil noyabrida partiya rahbarligiga ko‘tarilgandan so‘ng, 2013-yilda
o‘z qudratini mustahkamlagan Jinpin turli bahs-mubohasalarga, masalan, so‘z
erkinligini cheklash kabi tanqidlarga sabab bo‘ldi. Lekin asosiy munozaralar
iqtisodiy o‘sishni qanday ta’minlash va iqtisodiy jarayonlarni davom ettirish uchun
siyosatni qanday o‘zanga solish borasida bo‘ldi.
Markaziy Qo‘mitaning 2013-yil noyabridagi Uchinchi Plenumidan so‘ng
Sinpin hukumati mamlakatda “chuqur islohotlar” o‘tkazish haqida bayonot
tarqatdi. Bunday zaruriyatga hukumat ichidagi siyosiy ixtiloflar sabab bo‘ldi
va Jinpin xech bo‘lmaganda 2020-yilga qadar siyosiy inqirozning oldini olib
turishga urinmoqda. Biroq bu anchayin mushkuldir: Xitoyga yanada erkinroq bozor
iqtisodiyoti zarur, uning ba‘zi hududlari markazdan holi qilinishi, boshqa
hududlari esa markazlashtirilishi zarur.
Комментариев нет:
Отправить комментарий