08.02.2014

SOCHI-2014 TINCH O‘TMOQDA(MI?)

Yaqindagina butun dunyo bilan birga biz ham uzoq vaqtdan beri hayajon va intiqlik bilan kutilgan Sochidagi Qishki Olimpiada O‘yinlarining ochilish marosimini tomosha qildik. Garchi milliy terma jamoamizni tuzuq-quruq ko‘rsatishmagan yoki rus sharhlovchisi mamlakatimiz nomini adashtirib qo‘yib, ko‘plab yurtdoshlarimizni jig‘ibiyron qilganini hisobga olmasa, marosim ajoyib o‘tdi, deyish mumkin. Lekin biz o‘z uslubimiz va ana’analarimizdan chetlashmagan holda, bugun siz bilan marosim qanday tashkil etilgani yoki u haqidagi fikrlar bilan o‘rtoqlashmasdan, umuman, olimpiada davomida xavfsizlik qay darajada va qanday ta’minlashini ko‘rib chiqamiz.

 
Ma’lumki, Olimpiada O‘yinlari 23-fevralga qadar davom etib, 7-mart kuni Paralimpia musobaqalariga ulanib ketadi. Bu musobaqalar esa 16-martda nihoyasiga yetadi. Bu davrni Rossiya uchun juda hayajonli va muhim, deb atasak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki bunday katta tadbirdan anchagina siyosiy, iqtisodiy va mafkuraviy maqsadlar ko‘zlangan. Bu maqsadlar haqida esa butun dunyo matbuoti bong urib yotibdi.

Bilamizki, Rossiya birinchi bor xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilmayotir. 1980-yilda Moskvada Yozgi Olimpiada O‘yinlari o‘tkazilgan edi. Bundan tashqari 2018-yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Jahon Chempionati ham Rossiyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sochida Olimpiada O‘yinlari o‘tkazilishi haqida xabarlar tarqalgan zahoti ko‘plab tahlilchilar, xavfsizlik omilini vaj sifatida ko‘rsatib, Rossiyaning eng beqaror mintaqasi – Kavkazga yondosh bu shaharda xalqaro ahamiyatga ega musobaqalarni o‘tkazish qanchalik to‘g‘ri qaror ekanligini savol ostiga olishgan edi. Musobaqalar boshlanishiga yanada oz fursat qolar ekan, rasmiy Moskvani tanqid qilish va uni iloji boricha qiyin vaziyatga solish uchun G‘arb matbuoti xavfsizlik masalasini asosiy vosita  sifatida kengroq qo‘llay boshladi. Ayniqsa, o‘tgan yilning dekabr oyida Volgogradda sodir bo‘lgan ketma-ket portlashlar va bu terrorchilik amali bo‘yicha javobgarlikni Shimoliy Kavkaz respublikalaridan biri -  Dog‘istondagi jangari guruhlardan biri bo‘yniga olishi ortidan xavfsizlik bo‘yicha xavotirlar keskin oshib ketdi. Ayni vaqtda, rus rasmiylari uchun atletlar va tomoshabinlar xavfsizligini butun dunyo Rossiyaga boqib turgan paytda ta’minlash eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

Sochida xavfsizlikni ta’minlash uchun rus maxsus kuchlariga 2010-yildan buyon mamlakatning birinchi raqamli xavfsizlik agentligi, sobiq KGB (Davlat Xavfsizligi Qo‘mitasi) asosida tashkil etilgan Rossiya Federatsiyasi Federal Xavfsizlik Xizmati yoki FSB yetakchilik qilmoqda. Ayniq paytda, Sochi shahrida FSBga bo‘ysinuvchi 100 000 ga yaqin xavfsizlik xodimi mavjud.

Olimpiada xavfsizligini ta’minlashda quyidagilar ishtirok etadi:

·         Tomoshabinlar xavfsizligini ta’minlash uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan, rus tilidan boshqa xalqaro tillarda so‘zlasha oluvchi 40 000 dan oshiq politsiya xodimi Sochi bo‘ylab joylashtirib chiqilgan. Ular o‘yinlar davomida 24 soat xorijliklar xizmatida bo‘ladi;
·         Qurolli Kuchlarning 30 000 dan ortiq askari Sochi hududiga joylashtirib chiqilgan;
·         10 000 askardan iborat maxsus “Sochi Xavfsizlik Operatsiyalari Guruhi” Sochidan Olimpiya Tog‘i yaqinidagi Mineralnie Vodi’gacha bo‘lgan tog‘li hududlarni qo‘riqlaydi;
·         Rossiyaning 58-Armiyasi Gruziya bilan chegaradosh janubiy hududlarni muhofaza etadi;
·         Musobaqalar davomida inson omilidan tashqari zamonaviy texnikadan ham xavfsizlikni ta‘minlashda keng foydaliniladi. Masalan, uchuvchisiz dronlar, razvedkachi robotlar, sonar tizimlari va tezyurar katerlar jarayonni doimiy kuzatib boradi;
·         Bundan tashqari Sorm nomli maxsus komyuter tizimi musobaqalar o‘tkazilayotgan hududlarda atletlar va tomoshabinlar tomonidan ishlatilayotgan internet traffikini doimiy tekshirib boradi. Agar internet traffikida xavfsizlikka tahdid soluvchi biror alomat payqab qolinsa, ehtimoliy xavf zudlik bilan bartaraf etiladi.  

Rasmiy Moskva quruqlik, suv (Qora dengiz) va havodan butun jarayonni doimiy kuzatib turish tizimini ishlab chiqdi. Joriy yilning ilk kunlaridayoq musobaqalar o‘tkaziladigan hudud bo‘ylab keng qamrovli sayohat va transport cheklovlari joriy qilindi, blokpostlar, qattiq tartibli nazorat-o‘tish punktlari tashkil qilindi. Bu cheklangan va nazoratdagi hudud 322 kilometrdan oshiqroq Qorachoy-Cherkass ichki chegarasi va Krasnador O‘lkasi-Abxaziyaga qadar cho‘zilgan tashqi chegarani o‘z ichiga qamrab oladi. Shuningdek, Olimpiada Parki, Olimpiya qishloqlari, Sochi dengiz porti, temiryo‘l terminallari, aeroportlar ham qattiq tartibda qo‘riqlanadi. Nazoratdan o‘tishda musobaqalarga uchun harid qilingan chiptalar bilan birga Sochi-2014 Tashkiliy Qo‘mitasi orqali Rossiya hukumatiga taqdim etilgan shaxsiy va biologik ma’lumotlar asosida tayyorlangan tomoshabin pasporti talab etiladi.  

Olimpiada O‘yinlarida xavfsizlik choralari qanchalik kuchaytirilmasin, tahdid baribir saqlanib qoladi. Sochining Kavkazda joylashganligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin tahdid aynan hammaning diqqat-e’tibori qadalgan Sochida sodir bo‘lmay, mamlakatning boshqa hududlarida ham yuz berishi mumkin. Masalan, sharqiy hududlar yoki o‘tgan safargidek, Kavkazdan yuzlab kilometr uzoqda joylashgan Volgogradda terrorchilik amali sodir bo‘lgudek bo‘lsa, bu Sochida yuz bergan terrorchilik aktidan kam vahima uyg’otmasligi turgan gap.

Rossiya asrlar davomida Kavkazdagi beqarorlik bilan kurashib keladi. Ayniqsa, Shimoliy Kavkazda yuz bergan bir o‘n yillikdagi ikki Chechen urushidan so‘ng, garchi nisbatan barqarorlik o‘rnatilgan bo‘lsada, kichik jangari guruhlar faolligi ortib ketdi. Ular rus hukumati bilan oldingidek yirik qurolli amaliyotlar bilan emas, balki turli taktik va strategik yo‘llar orqali kurashib kelmoqdalar.

Ikkinchi Chechen Urushidan so‘ng Checheniston, Ingushiya va Dog‘istondagi mahalliy hokimiyat rasmiylariga qarshi suiqasdlar, xudkushlik amallari, jamoat joylarida portlashlar yoki otishmalar tashkil qilish hollari ko‘payib ketdi.

2012-yil mayida Rossiya xavfsizlik kuchlari Sochi Olimpiada O‘yinlarida sodir etish uchun rejalangan terrochilik amalini fosh etib, bartaraf qilgani haqida xabarlar tarqatilgan edi. Shuningdek, rus rasmiylari da’vosicha, bu reja Kavkaz Amirligi jangari guruhi yetakchisi Doku Umarov tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lgan. Aniqlanishicha, ushbu terrorchilik amaliyotini amalga oshirish uchun Abxaziyada  yer-havo tipidagi kichik raketalar, grantamyotlar, granatalar, avtomatlar va xaritalardan iborat arsenal tashkil qilingan. Terrorchilar ushbu qurollarning bir qismini o‘sha vaqtning o‘zida Sochiga yashirincha olib kirishga ham ulgurgan.

2013-yil iyunida esa Youtube video-portalida Doku Umarovning kavkazliklar, ayniqsa musulmon aholiga Sochi Olimpiada O‘yinlarini to‘xtatib qolish bo‘yicha qilgan video-murojaatnomasi paydo bo‘lgandi. O‘shanda tahlilchilar murojaatnoma Umarov guruhining kuch salohiyati ancha kesilgani, Kavkaz Amirligi Sochidagi o‘yinlarga ochiqdan-ochiq tahdid solishga qodir emasligi va aynan shuning uchun guruh yetakchisi butun mintaqa ahlini “jihod”ga chorlashga majbur bo‘lganligini tahmin qilishgan edi.

Shunga qaramay, Kavkazda ko‘plab qo‘llovchilarga ega Doku Umarovning ushbu murojaatnomasi uyushmagan tartibsizliklarni kelib chiqishiga sabab bo‘lishi yoki yolg‘iz jihodchilarni ilhomlantirishi ehtimoli ham ko‘plab xavotirlarga sabab bo‘ldi.  Jangari Guruhlarni O‘rganish Institutining ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yildan buyon Kavkazda 1 500 dan ziyodroq ana shunday uyushmagan, kichik guruhlar yoki yakka shaxslar tomonidan sodir etilgan tartibsizliklar, suiqasdlar va xudkushlik amallari kuzatilgan. Ularning asosiy qismi hozirda Olimpiada O‘yinlari o‘tayotgan hududlarga yondosh – Dog‘iston, Ingushiya, Kabardin-Bolqor va Chechenistonda yuz bergan. Bundan tashqari o‘tgan yilning oktyabr va dekabr oylarida Volgogradda yakka shaxslar (tasdiqlanmagan) tomonidan xudkushlik amallari sodir etilishi ham xavfsizlik masalasi qanchalik dolzarb ekanligini ko‘rsatdi.

Shunday xavotirlar tufayli, Rossiya hukumati Sochida qurollar, o‘q-dorilar, portlovchi va zaharli moddalar sotish va egalik qilishni taqiqlab qo‘ydi. Shuningdek, 7-yanvardan 21-martga qadar Sochida ommaviy yurishlar va namoyishlar o‘tkazilishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi, ehtimoliy xudkushlarni aniqlab olish maqsadida musulmon ayollarning hijob yoki burqada yurishi ham taqiqlanadi. 2013-yilning noyabrida prezident Putin jangarilar tomonidan yetkazilgan zarar ularning qarindoshlari va yaqinlari tomonidan majburiy ravishda qoplanishi hamda terrorchilik amallarini tayyorlashda ishtirok etgan har qanday shaxs 10 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishini ko‘zda tutgan yangi qonunga imzo chekkan edi.


Nima bo‘lganda ham biz musobaqalar tinch o‘tishini va unda hamyurtlarimiz yuqori cho‘qqilarni egallashini tilab qolamiz!

Комментариев нет:

Отправить комментарий