Avgust oyining o`rtalaridan beri nainki
jahon, balki siyosatga oshno o`zbeklarning butun diqqat e`tibori Suriya
Inqirozida bo`lib keldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Men ham shu o`tgan bir oy ichida,
garchi oldingi farazlarimga mos kelmasada, Suriyaga xorijiy qo`shinlar kirib
kelishini har kuni kutdim. Kutdim, degani, albatta intizor bo`lib, kutganimni
anglatmaydi. Shu vaqt mobaynida intervensiya uyushtirilish ehtimoli ancha katta
bo`ldi. Hozir ko`rib turganimizdek, vaziyat ancha sokinlashgan.
Ozod Suriya Armiyasi askari hayolga tolgan (Khalil Ashawi/Reuters)
Xo`sh, AQSH nega Suriyaga kirib bormadi?
Intervensiya uyushtirilish ehtimoli haqiqatga yaqin edimi o`zi? Bugungi vaziyat
sal qo`lga olingan, asablar nisbatan tinchlangan bir paytda bu savollar
javobini o`tgan voqealarni tahlil qilish orqali topishga urinib ko`ramiz.
Avvalo AQSHning xorijiy intervensiyalar
bo`yicha yangi strategiyasi haqidagi “YAKUNI YO`Q URUSHLARDAN SAQLANING!” hamda Suriyaga ehtimoliy
intervensiya borasida fikrlarimiz keltirilgan “SURIYAGA XORIJIY INTERVENSIYA UYUSHTIRILADIMI?” maqolalarimizni o`qib chiqishni tavsiya qilar edim.
Diplomatiyada siyosiy liderlar gapirayotgan
har bir gapning tagida turli ma`nolar yotadi. Bu sohada vaziyatdan chiqib
ketish uchun, o`zbekcha qilib aytganda, “tulkilik” yoki buning aksi – do`q-po`pisadan
foydalanib turiladi. Lekin bu usullar o`zi bilan bevosita ma`no tashimaydi,
ularning “kosasi ostida nimkosa” mavjud.
AQSH prezidenti Barak Obamaning deyarli bir
oy davom etgan Suriyani bombalash borasidagi po`pisalari ham o`ziga xos diplomatiyaning
bir ko`rinishi edi. AQSH kimyoviy qurol
arsenallari yoda al-Assad qarorgohini bombardimon qila olmasligini Obamaning
o`zi va yana ko`plab tahlilchilar yaxshi tushunardilar. (Afsus, men buni
vaqtida tushuna olmadim. Tahlil borasida hali ancha no`noq ekanligimni yana bir
bora anglab yetdim.)
Sabab? Sababi, Obama ko`p bor tilga olib
o`tgan “cheklangan xavo hujumi” orqali butun arsenallarni yo`q qilib tashlash
imkonsiz. Buning uchun ancha salmoqli xavo hujumi va ma`lum vaqt talab
qilinadi, ya`ni qisqa vaqt ichida inqirozga chek qo`yishning iloji deyarli
yo`q. Bundan tashqari G`arb nishoniga tushgan arsenallar oddiy qurol bilan
emas, balki kimyoviy zahar bilan to`la. Ularni vayron qilish butun mintaqa
atmosferasini zahar bilan “ta`minlash” demakdir. Bu masalaning bir tomoni.
Masalaning ikkinchi tomoni – Suriyaga hujum
navbatdagi Sovuq Urush uchun debocha rolini o`tagan bo`lur edi. Bunday siyosiy
vakuumdan AQSHning ham, Rossiyaning ham omon chiqishi amri mahol bo`lgan
bo`lardi.
Obama hokimiyatga og`ir bir vaziyatda keldi. Amerikaliklar
ortiq urushlarni qo`llamay qo`ygan, jahonda ham AQSHni “bosqinchi” sifatida
ko`ruvchilar soni ancha ortgan va Putin Rossiyani oyoqqa turg`azib, yana
dunyoning yarmiga da`vo qilayotgan bir payt edi. Shu sababli yangi rahbar
tashqi siyosatni boshqa o`zanga solishga majbur bo`ldi (dunyoning yangi tartiboti
haqida ushbu maqolada ma`lumotga ega bo`lishingiz mumkin: SOVUQ URUSHDAN KEYINGI DUNYO: YANGI DAVR).
Avval boshidanoq
Obama biror urushda ishtirok etmaslikka harakat qilgan edi. Iroq va Afg`onistondagi
missiyalarni tugatishga qaror olgan yangi prezident Suriya Inqirozida ham iloji
boricha aralashib qolmaslikka tirishdi. U Sovuq Urush, “Sahro Bo`roni”
operatsiyasi, Somali, Kosovo, Afg`oniston va Iroq zanjiri AQSHni hol toydirganligiga
guvoh bo`ldi. Bundan tashqari xalqaro tizimdagi oliy jandarmlik “lavozimi” ham
AQSH uchun ortiq naf keltirmay qo`ygan edi. shu sababli AQSH strateglari
xalqaro maydonning bir qismi bo`lib qolish va mexanizmni zimdan boshqarishni
ma`qul ko`rishdi.
Bundan tashqari
Suriyadagi fuqarolar urushi ichki inqiroz bo`lib, AQSHda aralashish uchun biror
arzirli manfaat yo`q. 40 yil davomida ruslarning ittifoqdoshi bo`lib kelgan
assadlarni ham, tobora radikallashib borayotgan isyonchilarni ham qo`llashdan Amerika
naf ko`rmas edi. shuningdek, Turkiya, Isroil, Iordaniya va Iroq kabi AQSH
lagerida bo`lgan davlatlar o`rtasidagi hududga to`g`ridan-to`g`ri kirib borish
AQSH strategiyasiga mos kelmaydi. Amerika uchun Suriyada amerikaparast
hukumatni yaratishni ittifoqdoshlar qo`li bilan amalga oshirish qulayroq.
Xo`sh, unday bo`lsa nega AQSH intervensiya haqida
ochiqdan-ochiq po`pisa qildi? Buning ikki asosiy sababi bor:
Birinchisi, mana yarim asrdirki, AQSH o`zini demokratiyaning
asosiy bayroqdori va gumanitarizm himoyachisi sifatida o`zini dunyoga
tanitishga urinib kelmoqda. Kim tomonidan ishlatilganligi hanuz noaniq
bo`lsada, Suriya kimyoviy qurol xurujiga butun dunyo guvoh bo`ldi. U yerda
minglab begunoh insonlar qurbon bo`ldi. Suriyadagi mustabid rejim va kimyoviy
xuruj demokratiya hamda gumanitarizm g`oyalariga zid kelganligi uchun AQSH
bunga nisbatan qandaydir munosabat bildirishga majbur edi. Ommaviy qirg`in
qurollarining asosiy yaratuvchisi va ulardan amalda foydalangan yagona davlat, demokratiyaning asosiy targ`ibotchisi
bo`lmish AQSHning bunday vaziyatda sukut saqlashi uning xalqaro maydondagi
obro`siga katta zarar keltirishi aniq edi.
Ikkinchisi, garchi Obama ma`muriyati xalqaro maydon jilovini
o`z qo`lidan bo`shatishga qaror qilgan bo`lsada, bu sahnadan butunlay chiqib
ketish niyatida emas, aslo. Hali ham AQSH muhim global geosiyosiy hodisalarda
yakuniy so`zni o`zi aytishni istaydi. Axir “o`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas.”
Bundan tashqari Vashington sukuti yana shu siysosiy maydondagi AQSH ahamiyatini pasayganligiga yaqqol misol
bo`lar edi. Shularni hisobga olgan Obama, istamasa ham, AQSH hanuz o`z ovoziga
ega ekanligini ko`rsatib qo`yishga majbur bo`ldi.
Suriya borasidagi AQSH-Rossiya munosabatlariga e`tibor bersak,
kelajak haqida ancha umidbaxsh daraklarga guvoh bo`lamiz. Garchi bu ikki gigant
ko`rilayotgan masalada tamolila o`zgacha qarashga ega bo`lsada, Jon Kerri va
Sergey Lavrov ikki qudratli lager vakillari o`laroq, Sovuq Urushdan buyon ilk
bora bir stol atrofiga o`tirib, muammoga tinch yo`l bilan yechim topa olishdi. Bu
esa qudratli kuchlar og`riqli muammolarga, agar istasalar, tinch yo`l bilan
yechim topa olishlari mumkinligining isboti va ehtimoliy Uchinchi Jahon
Urushidagi bir-biriga tish-tirnog`i bilan qarshi bo`lgan lagerlar yuzaga
kelishi haqidagi qo`rqinchli farazlarga biroz chek qo`ydi.
Ammo muammo bu bilan hal bo`lib qolgani yo`q. Bashar
al-Assad kimyoviy qurollarni yo`q qilish uchun bir yil muddat so`ramoqda. Qolaversa
shiddatli janglar ketayotgan bir mamlakatdagi bunday xavfli “ajal urug`i”ni
tashqariga olib chiqish yoki joyida yo`q qilish oson kechmasligi aniq. Qolaversa,
Suriyada har ikki tomonga ham yon bosmaydigan kuchlar – islomiy jangarilar
allaqachon shaklllanib ulgurgan. Demak AQSH va Rossiyaning o`zaro kelishuvi
bilan hali xech narsa o`zgarib qolgani yo`q. Hammasi endi boshlanmoqda.
Voqealar rivoji qanday kechishini esa faqat vaqt ko`rsatadi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий