27.09.2013

MARKAZIY OSIYO VA AFGO`NISTON: SURONLI TARIX

2014-yil yaqinlashar ekan hammaning diqqat e`tibori Afg`oniston qaramoqda. Ma`lumki, xuddi shu vaqtga kelib AQSH va NATO qo`shinlari Afg`on diyorini tark etishadi. Bu vaqt yaqinlashar ekan mintaqa xavfsizligi borasidagi xavotirlar ham kuchayib boryapti. Xo`sh, bu havotirlar qanchalik o`rinli? Bu savolga javob topish uchun tarixga nazar solishimizga to`g`ri keladi.



NATO va AQSHning chiqib ketishi Markaziy Osiyoga sezilarli ta`sir qiladi. Sababi Markaziy Osiyoni Afg`onistonga bog`lab turuvchi muhim vositalar ko`p. Birinchisi, geografik vosita. Turkmaniston, O`zbekiston va Tojikiston Afg`oniston bilan umumiy 2,000 km chegaraga ega.  Ushbu chegaraning katta qismi Afg`oniston sharqida joylashgan Tojikistonga tegishli: 1,344 km. Turkmaniston va O`zbekiston mos ravishda 744 va 137 kmli chegaralarga egalik qilishadi. Afg`on-Tojik chegarasining aksariyat qismi tog`li xududlardan o`tadi, shu sababli chegaralarni hammasi aniq belgilanmagan va qo`riqlanmaydi. Turkmaniston va O`zbekiston bilan chegaralarning ko`p qismi ham sahro hududidan o`tadi.

Markaziy Osiyo va Afg`onistonni bog`lab turuvchi ikkinchi vosita – demografik yaqinlikdir. Afg`oniston ko`pmillatli davlat bo`lib, pashtunlar 42 %, tojiklar 27 %, hazorlar 9 %, o`zbeklar 9 %, turkmanlar 3 % nisbatda mamlakat aholisini tashkil etadilar.  Tojik, o`zbek va turkman aholisi asosan mamlakat shimolida istiqomat qilib, alohida diasporalarni tashkil etishgan.

Markaziy Osiyo etnik guruhlari

Tarixan, Afg`oniston va Markaziy Osiyo aniq chegaralarga ega bo`lmagan. Ular o`rtasida faqat chegara, deb ataluvchi hududlargina mavjud bo`lib, bu hududlar ham doimiy janglar tufayli u yoki bu qo`lga o`tib turgan.

Afg`on va Pokiston etnik guruhlari

Aslida bir umumiy hudud bo`lgan mintaqa o`rtasidagi chegaralar “Buyuk O`yin” nomlanmish geosiyosiy o`zgarishlar ortidan 19-asrning boshlarida paydo bo`lgan. Rossiya Imperiyasining Markaziy Osiyoga bo`lgan e`tiborining kuchayishi Britaniya Imperiyasining Hindistonni egallab, undan tashqari hududlarga ham ko`z tikkan vaqtga to`g`ri kelib qolgan edi. Ikki o`rtadagi imperialistik manfaatlat to`qnashuvi tufayli hozirda Afg`oniston deya ataluvchi bufer zona yuzaga kelgani barchamizga yaxshi ma`lum.

Rus podsholigi qulab, Sovet Ittifoqi tashkil etilgandan so`ng, tarixda ilk marta Markaziy Osiyo Afg`onistondan chegaralar yordamida ajratib olindi. Sovetlarning 70 yildan ziyod hukmdorligi asrlar davomida deyarli bir millat bo`lib yashagan Afg`oniston va Markaziy Osiyo xalqlarini butunlay ajratib tashladi, ularning siyosiy va madaniy dunyoqarashlarida keskin tafovutlar paydo bo`lishiga sabab bo`ldi.

Biroq aloqalar abadiyga uzib qo`yilmagan edi. 1979-1989-yillardagi Sovetlarning Afg`onistonga bosqini tojik, o`zbek va turkmanlarning Afg`onistondagi etnik millatdoshlari bilan qaytadan aloqa o`rnatishlariga sabab bo`ldi. Sovet Armiyasi tarkibida katta miqdordagi markaziy osiyoliklar Afg`onistonga kirib keldilar. Til va madaniyat birligi omili tufayli  ikki mintaqa vakillari tez til topishib ketdilar va, xattoki, aksariyat markaziy osiyoliklarda afg`on mujohiddinlarining ta`siri ostida Sovet bosqiniga nisbatan nafrat paydo bo`ldi.

Sobiq Ittifoqning Afg`onistondan chekinishi va qulashi umuman o`zgacha muhit paydo bo`lishiga olib keldi. Markaziy Osiyo davlatlarining mustaqil bo`lishi Afg`onistondan ruslarning chiqib ketishi va AQSHning mujohiddinlarga ko`rsatayotgan yordamining birdan uzib qo`yilishi bilan bir vaqtga to`g`ri kelib qoldi. 

Anarxiya Afg`onistondagi radikal islamistlarni Tolibon nomi ostida maksimal cho`qqiga – hokimiyatga olib keldi. Sovetlarning anti-diniy siyosatiga qaramay Markaziy Osiyoda Islomning ta`siri cheksiz edi. Qo`shni davlatda dindorlarning hokimiyatga kelishi va to`satdan kelgan mustaqillik markaziy osiyolik islamistlarning uyg`onishiga katta ta`sir ko`rsatdi.

1994-yilga kelib Tolibon Afg`onistonning katta qismida o`z hukmronligini o`rnatishga muvaffaq bo`ldi. Tolibonni uzoq vaqt AQSH tomonidan dastaklangan va sovetlar bilan janglarda chiniqqan mujohiddinlar tashkil etardi. Bundan tashqari Saudiya Arabistoni kabi islomiy davlatlar Tolibonni zimdan qo`llab-quvvatlashni bir zumga ham to`xtatmagan edilar. Toliblarning diniy vajlari esa aholining katta qismi tomonidan qo`llanishiga zamin yaratdi. Natijada 1996-yili har ikkisi etnik tojik bo`lgan prezident Burhoniddin Rabboni va Mudofaa Vaziri Ahmed Shoh Massud qo`l ostidagi Qobul hukumati ag`darib tashlandi. Endilikda Tolibon hanuz qarshilik qilayotgan etnik tojik va etnik o`zbek hamda Hazor shialari istiqomat qiluvchi shimol tomon harakatlanib, Markaziy Osiyo chegaralariga yaqinlashib qolgan edi.

Tolibonning Afg`onistonni egallashi Markaziy Osiyoda yuz berayotgan keskin o`zgarishlar davriga to`g`ri kelib qoldi. Sovetlar butun ittifoqni markazlashgan tizimda boshqarganlari uchun post-sovet hukumatlarida o`z hududlarini to`g`ridan-to`g`ri boshqarishda hali tajribalari yetarli emas edi. Bundan tashqari xomashyo yetkazib berishga ixtisoslashgan, yetarli darajada sanoatlashmagan mintaqa davlatlarida Moskvadan keladigan subsidiyalarning to`satdan uzilib qolishi tufayli jiddiy iqtisodiy qiyinchiliklar ham yuzaga kelgan edi. Siyosiy va iqtisodiy qiyinchiliklar o`sha zahoti Tojikistonda aks-sado berdi – mamlakat ko`p yillik qonli urushga kirib qoldi.

Tojikistondagi fuqarolik urushida ko`plab guruhlar, mafkuralar to`qnash keldi (ushbu maqolalarda bu haqida batafsil yozilgan: TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI:SABABLAR va TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR-2). O`zbekiston va Rossiya mos ravishda sekular va neo-kommunist tomonlarni qo`llagan bir paytda, aksariyat islomiy davlatlar va Afg`onistondagi tojiklar islomiy unsurlar ta`siri kuchli bo`lgan Birlashgan Tojik Muholifati va Tojikiston Islomiy Uyg`onish Partiyasi (TIUP)ni dastakladilar.

Tojik islamistlarini qo`llagan kuchlar ichida Juma Namongoniy va Tohir Yo`ldosh yetakchiligidagi O`zbekiston Islomiy Harakati (O`IH) ham mavjud edi. Bu shaxslarning ikkisi ham Namangan viloyatidan bo`lib, mustaqillikning ilk yillarida yangi o`zbek hukumatidan O`zbekistonda shariat qonunlarini o`rnatib, respublikani islomiy davlatga aylantirishni talab qilishgan, yangi prezident tomonidan qat`iy rad javobini olishgandan so`ng norozilik sifatida hukumat binolariga qurolli bosqinchiliklar, bir qancha portlashlar, qotilliklar va odam o`g`irliklarini sodir etishgan edi. 

Bu boshboshdoqliklardan so`ng hukumat xavfsizlik tizimlarining kuchli qarshiligiga uchrab, Tojikistonga qochib o`tishga majbur bo`lishadi. Biroq Tojikistonda ham islamistlar g`alaba qozonmaydilar. Imomali Rahmon boshchiligidagi Xalq Fronti hokimiyatga kelgandan so`ng TIUPga parlamentdan ma`lum joy ajratilgan bo`lsada, hukumatni asosan sekularlar egallab oldilar. Biroq yangi hokimiyat hali ojiz edi. Shu tufayli O`IH Tojikistonning tog`li Tavildara vodiysiga o`rnashib, 1999-2001-yillar mobaynida Farg`ona vodiysi va Qirg`izistondagi o`zbek eksklavlariga (eksklav haqida ushbu maqoladan ma`lumot olishingiz mumkin: ANKLAVLAR,EKSKLAVLAR – MARKAZIY OSIYONING “OLOVLI NUQTALAR”I (MI?)) qator xujumlar uyushtirib turdi.

Bu vaqt ichida tojik hukumati o`zini ancha tiklab olib, o`zbek islamistlariga qarshi bosimni kuchaytirdi. Natijada Namongoniy Afg`onistonga qochib o`tishga majbur bo`ldi. Uning Tolibon yetakchisi Mulla Muhammad Umar hamda al-Qoida rahbari Osama ben Laden bilan aloqalari bor edi. Tolibon zudlik bilan O`IHga boshpana berdi, evaziga o`zbek islamistlari Tolibon bilan yelkama-yelka jang qilishga rozi bo`lishdi.   

Bunga javoban Rabboniy va Massud boshchiligidagi tojiklar, general Abdul Rashid Do`stum yetakchilidagi o`zbeklar va Abdul Karim Xalilining hazorlari Tolibon hamda O`IHga qarshi “Shimoliy Ittifoq” nomi bilan ma`lum front tashkil qilishdi.

Natijada Afg`onistonda hokimiyat uchun kurashayotgan ikki yirik guruh yuzaga keldi. Shimoliy Ittifoq O`zbekiston, Rossiya va boshqa G`arb davlatlaridan ko`mak olayotgan bir paytda, Tolibonni O`IH va al-Qoida qo`llayotgan edi. Buning natijasi faqat qonli to`qnashuvlar, shafqatsiz urush va Markaziy Osiyo bilan chegaralarning mo`rtlashuvi bo`ldi. Bu esa mintaqaga istalgan vaqt to`g`ridan-to`g`ri tahdid va urush kirib kelishi ehtimoli yuqoriligini anglatar edi.

Faqatgina 2001-yilda AQSHning Afg`onistonga kirib kelishi mintaqa davlatlarining xavotirini nisbatan pasaytirdi. Amerikaliklarning xujumlari natijasida jangari guruhlar degredatsiyasiga uchray boshladilar. Markaziy Osiyoga to`g`ridan-to`g`ri xavf solib turgan islamistlar endi faqat o`z jonlarini saqlab qolish harakatiga tushib qoldilar.

Mintaqa davlatlarining bevosita hamkorligi, Rossiyaning hayrixohligi bilan AQSH qisqa vaqt ichida qator g`alabalarga erishdi. Qisqa vaqt ichida general Do`stumning qarorgohi bo`lgan Mozori Sharifdan tolibonlar xaydab chiqarildi. O`zbekiston, Tojikiston va Qirg`iziston hukumatlari NATOni kirib kelishi uchun imkoniyat yaratib berishdi. Mahalliy hukumatlarning logistik ko`magi bilan xalqaro qo`shinlar Afg`onistonga kirib kelishda deyarli qiyinchiliklarga uchramadilar.

Biroq AQSH bosqini Tolibon yoki O`IH yoda al-Qoidani to`la yo`q qilib yuborolmadi. Islamistlarning aksariyat qismi aholi yashamaydigan va jang qilish qiyin bo`lgan tog`li hududlarga chekindi yoki Pokistonga o`tib ketdi. Pokistonda esa ular deyarli xech qanday qarshiliklarga uchramadilar. Ta`siri katta bo`lgan Pokistonning pushtun jamoasi, Pokiston hukumatidagi aksariyat amaldorlar Tolibonni qayta kuch yig`ishi uchun sharoit yaratib berishdi. Natijada Pokiston Toliboni vujudga keldi.

O`IH va al-Qoida esa Pokistonda bunday madaniy-siyosiy ko`mak topa olmadilar, natijada vaqt o`tishi bilan ular ojizlasha bordilar.

Kuchsizlanish, o`z nazoratidagi hududlarni yo`qotish o`zbek islamistlarini qiyin ahvolga tushirib qo`ydi. Ular yashab qolish uchun ixtiyorlaridagi har qanday imkoniyatdan foydalanishga urindilar. Shu sababli 2000-2001-yillar davomida o`zbek hukumatini ag`darib, Halifalik tuzumini o`rnatish va shu yo`l bilan jon saqlab qolishga qaror qildilar. Biroq bu reja amalga oshmadi, O`IH jangarilari yanchib tashlandi.

Yanada ojizlanib qolgan o`zbek islamistlari endilikda taktikani o`zgartirishga majbur bo`ldilar. Katta xujumlar uyushtirishga ortiq imkoni qolmagan O`IH va Hizb ut-Tahrir 2004-yil Toshkentda qator portlashlar uyushtirib, 2005-yil  Andijonda hukumatga qarshi isyon tashkil qilishga urinib ko`rishdi.

Bunday harakat 2010-yil O`IH tomonidan Tojikistonda ham sodir etildi.

Bu vaqtga kelib O`IH va Hizb ut-Tahrir deyarli parchalanib ketgan, ularning yetakchilari Juma Namongoniy (2001) va Tohir Yo`ldosh (2009)lar AQSH havo hujumlarida xalok bo`lishgan edi. Har ikki guruh yangi yetakchilar qo`liga o`tib, milliy, g`oyaviy, strategik va taktik jihatdan turli guruhlarga bo`linib ketdi. Bu guruhlarning ba`zilari Pokistonda Tolibon yoki al-Qoida yoda turli qabilalar bilan hamkorlik qila boshladi.
Diniy ekstremizmning kuchsizlanishiga mintaqa davlatlarining harbiy harakatlari, olib borgan diniy va mafkuraviy siyosatlari ham katta omil bo`lib hizmat qildi.

2014-yil yaqinlashar ekan, yuqorida aytib o`tganimizdek, xavotirlar yana yuzaga chiqmoqda. Garchi ekstremistlarga jiddiy zarba berilgan bo`lsada, bu xavotirlar o`rinli. Xalqaro kuchlarning ketishi Tolibonning qayta jonlanishiga sabab bo`ladi. Chunki Afg`onistonda kuchli hokimiyat mavjud emas. Shuningdek, joriy prezident Hamid Karzayning muddati aynan 2014-yilda yakuniga yetadi. Bu esa o`zi shundoq ham beqaror afg`on hukumati ichida hokimiyat uchun kurashlarni avj oldirishi turgan gap.  

Yaqinda bo`lib o`tgan Tolibon va afg`on hukumati o`rtasidagi tinchlik o`rnatish borasidagi muzokaralar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Yana bir e`tiborli jihat, O`IH Suriyadagi jihodda qatnashish niyatida emasligini e`lon qilib, bor e`tiborni mintaqaga qaratishi haqida bayonet tarqatdi. Darhaqiqat, o`zbek islamistlarining Shimoliy Afg`onistonda faollashib qolgani Qunduz va Taloqan voqealaridan ko`zga tashlanmoqda. Shuningdek, Tojikistonning Faryob, Balh va Badaxshoniga ham O`IH jangarilari suqilib kirganligi haqida ma`lumotlar paydo bo`lgan edi.

Bular Markaziy Osiyo davlatlaridan e`tiborni bir zum ham susaytirmaslikni, doimo ogoh bo`lishni talab qiladi. Bizning esa hozircha voqealar rivojini kuzatib borishdan boshqa choramiz yo`q. 

2 комментария:

  1. o'zbekiston uchun dolzarb masala o'zimizni qurol yarog' ishlab chiqaruvchi zavodlar barpo etish va har qancqa mablag' sarf qilib bo'lsa ham kosmosni zabt etish kerak va kosmik kuchlar tashkil qilinmas ekan biz doim kimnidir ko'magini kutib yashaymiz.

    ОтветитьУдалить
  2. "Yaqinda bo`lib o`tgan Tolibon va afg`on hukumati o`rtasidagi tinchlik o`rnatish borasidagi muzokaralar ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi."

    Xato. Afg`oniston hukumati Tolibon partiyasi sifatida muxolifatchisi bo`lishiga rozi, bunga Tolibonlar e`tiroz bildirmadi. Afg`on xaqli ichida Tolibonlarni askarlari istiqomad qiladi, hozirda ham ularni omma oldida jazolab keladi. Tolibonlarni butkul yo`q qilib bo`lmaydi, Alqoida ham yana qaytib kirvoladi. Demak yana o`sha eski muammo, faqat muammo Afg`oniston uchun emas G`arb, Markaziy va O`rta Osiyo davlatlari uchun bo`ladi.

    ОтветитьУдалить