15.03.2014

Ukraina krizisi va Axborot urushi

Fan va texnologiyaning rivojlanishi natijasida insonning hayoti tobora ijtimoiylashib bordi, bu rivojlanish insonni biologik organizmdan ijtimoiy organizmga aylantirib qo'ydi. Ayniqsa bu narsa globallashuv hamda axborot tizimi o'ta rivojlangan XXI-asrda kuchaydi. Insoniyat tarixida shu davrgacha axborotning muhimlik darajasi bu qadar yuqori cho'qqilarni zabt etmagan edi. Insonning ko'zi va qulog'i uchun dunyo ommaviy axborot vositalari orasida kuchli raqobat yuzaga keldi. Bu nafaqat o'sha OAVlarning moliyaviy maqsadlari uchun, balki o'sha OAVlarning egasi bo'lgan mamlakat, jamiyat va kishilarning ideologik maqsadlarini amalga oshirish uchun ayovsiz qurol vazifasini o'tay boshladi. Bugun biz siz bilan ushbu informatsion urushlarning qanchalik darajada omma fikrini bir oqimga solib qo'yishi mumkinligini Ukraina siyosiy krizislarida yaqqol guvohi bo'lib turibmiz. Bugungi mavzumiz ushbu krizis misolida informatsion urushlarning qanchalik qudratli bo'lishi mumkinligiga bag'ishlanadi. 




Qisaqacha axborot urushlari tarixi haqida

Informatsion urushlar inson jamiyatlarga uyushgandan beri mavjuddir. Lekin texnologiyalarning soddaligi hamda jamiyatlar bir biridan uzoq yashagani uchun bu hodisa deyarli ko'zga tashlanmas edi. 18-asrda Yevropada gazetalar chop qilinishining avj olishi bilan haqiqiy informatsiya davriga qadam qo'ydik desak mubolag'a bo'lmaydi. keyinchalik radio va televediniyaga asos solinishi bilan yangiliklar insonning kundalik hamrohiga aylandi. Davlatlar urushlar davomida bu vositalardan xalqlarni dushman tomonga qarshi qo'zg'alishlari uchun va dushmanning obro'sini to'kishda ishlatdilar. Masalan Sovet Ittifoqida 2-jaxon urushi davomida xalqning fashist germaniyasiga qarshi umumiy safarbarligi uchun radio tizimlarining o'rni juda yuqori bo'lgan. 

Lekin informatsiya urushlarining asosiy yuqori bosqichga chiqishi Sovuq urush davriga to'g'ri keladi. Ikki siyosiy qutbga ajralgan dunyoning ikki tomonida, axborotlarni buzib aholiga yetkazish va propoganda oddiy holga aylanib qolgan edi. Agar AQSh Sovet Ittifoqini odamlar bir birini o'ldirishi oddiy hol bo'lgan va kontslagerlarga boy mamlakat qilib ko'rsatsa, o'z navbatida Sovet Ittifoqi AQSh jamiyatini buzuqchilikka berilga, otishmalarga boy va xalqni aldovchi boy kishilarning hukumatga uyushgan holda tasvirlagan. Albatta ma'lumotlar yo'q joydan to'qib chiqarilgan desak mubolag'a bo'ladi, lekin axborotlarning haddan ziyod bo'rttirilib ko'rsatilishi asosiy fakt bo'lgan dastlabki ma'lumotning ahamiyatini yo'qotishiga va aholi diqqatini bo'rttirilgan axborotga qaratishiga olib kelgan. Shu tariqa ikki mamlakatning aholisi tafakkurida bir birining jamiyatiga nisbatan faqat salbiy fikrlar shakllangan. 
Keyingi bosqich Sovet ittifoqining parchalanishi bilan kirib keldi. Bu bosqichda butun dunyo axborot tizimlarinin AQShning informatsion ta'siriga tushib qolganini kuzatamiz. Videomagnetafon, disklar va kompyuter texnologiyalarining dunyo bo'yicha yoyilib ketishi va bu moslamalar orqali asosan Amerika filmlari, kliplari va boshqa axborotlarning ko'rilishi yoki eshitilishi Amerika madaniyatini dunyoning eng gegemon madaniyatga aylantirdi. Butun dunyo bo'ylab ingliz tili, Amerikacha orzu va AQShga intilish, uni ideallashtirish kuchayib ketdi. Natijada AQSh o'zining va dunyo xalqlarining ongiga o'zini dunyoda demokratiya va inson huquqlarining yoyuvchisi va qo'riqchisi degan taasurotni singdirishni uddasidan chiqdi. Bu taasurot AQShning demokratiya va inson huquqlari nomi bilan dunyoda muhim geopolitik pozitsiyalarni egallashiga sharoit yaratib berdi. 

Ohirgi va hozirgi bosqich 2001-yil 11-sentyabr voqealaridan so'ng boshlandi. Bu bosqichga o'tilishiga asosan uchta sababni ko'rsatishimiz mumkin. 

1. AQShning 11-sentyabr vosealaridan so'ngi agressiv siyosati. Portlashlardan so'ng AQSh nafaqat  terroristik guruhlarga qarshi balki o'zining "qora ro'yhatidagi" mamlakatlarga ham siyosiy hujum qildi. O'z navbatida aynan terroristik guruhlar va o'ziga nisbatan hayrihoh bo'lmagan mamlakatlarning havfini bahona qilgan holatda o'zining eski dushmani bo'lmish Rossiyaning ta'sir hududlariga o'z anti-yadroviy radarlari va harbiy bazalari bilan kirib bordi. Bu holat dunyodagi ko'pchilik mamlakatlar va guruhlarning noroziligiga sabab bo'ldi. Norozi tomonlar ham AQShning informatsion manbalariga zarba berish maqsadida o'zlarining global axborot vositalarini ishga tushirdilar. Shu tariqa AQSh OAVlariga raqobatchi OAVlar paydo bo'ldi. Al-Jazira, France Info, Russia Today, CCTV, Deutsche Welle kabi global telekanallar ushbu jarayonning natijalaridir. 

2. Dunyoda norasmiy va mustaqil axborot manbalarining globallashuvi, jumladan internet, ijtimoiy tarmoqlar va hakozolar.  Ushbu turdagi axborot vositalari omma orasida rasmiy telekanal va jurnallarga nisbatan ko'proq ta'sir uyg'otdi. Chunki axborot urushlarining birinchi va ikkinchi bosqichida propogandaning jabrlanuvchisi bo'lgan oddiy aholida rasmiy axborot vositalariga nisbatan ishonch yo'qolgan edi. Shuningdek internet tarmog'i har bir kishining axborot manbai bo'lishi uchun imkoniyat yaratib berdi, so'ngi paytlardagi bloggerlar yoki twitter profillaridagi ayrim habarlarni dunyoning mashhur axborot vositalarinikiga qaraganda ham ko'proq kishilar tomonidan o'qilishi yoki tarqatilishi individual axborot yaratishni ham e'tibordan chetda qoldirib bo'lmasligini ko'rsatib berdi. Internet axborotining yana bir jihati shundaki,  Xalqaro televideniyalarni yo'lga qo'yishga imkoniyati bo'lmagan mamlakatlarning aholilari aynan internet orqali dunyo ommasiga o'zlarining jamiyatlarining hohish istaklari va ideologiyalarini yoyadilar. Bunga islomizm propagandasi yaqqol misoldir. Hech qanday yirik telekanal yoki gazetaga ega bo'lmagan radikal-islomistlarning dunyo bo'yicha propagandasi asosan internet tarmoqlari orqali amalga oshiriladi va buning samaradorligini so'ngi yillardagi islomiy-terrorizm bilan bog'liq voqealar orqali anglashimiz mumkin. 

3. Dunyodagi mamlakatlarning iqtisodiy o'sishi va AQSh interventsiyalarining salbiy natijalari. Bu ikki holat bir biri bilan uzviy bo'gliqdir. Chunki AQSh so'ngi yillarda bir qancha natijasiz urushlarga aralashib o'zining iqtisodiy-siyosiy vaziyatini zaiflashtirdi. natijada AQShga qarshi kuchlar bu vaziyatdan unumli foydalanib o'zlarining jaxondagi siyosiy hamda iqtisodiy o'rinlarini mustahkamlab oldilar.

Ukraina krizisigacha Axborot urushlari

Axborot urushlarining hozirgi bosqichidagi yangi davri dastlab Rossiya-Gruziya to'qnashuvlari davomida boshlandi, Rossiya o'zining kuchli mashina propogandasini Shimoliy Ossetiyani Rossiya hududiga qarashli ekanligini omma ongiga singdirish uchun ishga tushirgan bo'lsa g'arb mamlakatlari Gruziyaning Rossiya tomonidan agressiyaga uchraganligini propaganda qilish uchun o'zlarining OAVlarini ishga tushirdilar. Geopolitik faktorlari tufayli bu urush Rossiyaning foydasiga hal bo'ldi.
Keyingi huruj Arab bahorlari davomida vujudga keldi, jumladan Liviya va Misrda bo'lib o'tgan revolyutsiyalar paytida. Ushbu mamlakatlardagi rejimlarning qulatilishida rasmiy axborotdan ham ko'ra ijtimoiy tarmoqlardagi axborot almashinuvlari muhimroq rol o'ynadi. Ushbu faktorni hisobga olgan g'arb OAVlari propogandalarni internet tarmoqlari orqali tarqatib yubordilar. Revolyutsiyadan manfaatdor bo'lgan Al-Jazira telekanalining roli ham ushbu voqealarda sezilarni bo'ldi. 
Suriya fuqarolar urushi davomidagi axborot hurujlari dunyo hamjamiyatini bir nechta bo'laklarga ajratib yubordi. Endilikda nafaqat G'arb va Sharq axborot urushi, balki Arab-islom axborot urushlari ham yuzaga chiqa boshladi. Doktrina va konseptsiyada bir biriga qarama qarshi bo'lgan turli hil guruhlar o'zlarining siyosiy maqsadlarini amalga oshirish maqsadida o'zaro informatsion urushga kirishdilar. Suriya yuzasidan axborot urushining eng ayanchli tomoni shundaki aynan axborot urushida ustunlikni qo'lga kiritishda turli hil guruhlar dushman tomonining a'zolarini videokamera oldida o'ldirishni rasm qildilar. Bunday noinsoniy videolavhalar yoki rasmlar ommaning eng nozik his tuyg'ularini junbushga keltirib unda dushman tomonga nisbatan nafrat tuyg'usini kuchaytiradi. natijada siyosiy konseptsiyaning ahamiyati kamayib, asosiy e'tibor qiynalayotgan aholini qutqarishga qaratiladi. Ushbu usuldan G'arb mamlakatlari ham Bashar Al-Assad rejimidan kimyoviy qurollarni tortib olish uchun foydalangan. Lekin bugunga qadar Al-Assad rejimi aholiga nisbatan kimyoviy qurollarni ishlatganini rad qilib kelmoqda, rus OAVi esa kimyoviy qurollarni jangarilar tomonidan qo'llanilganini ta'kidlashadi. 

Ukraina krizisi - reallikning yo'qolishi

Ukrainadagi krizisning boshlanmasdan oldin ham G'arb va Rossiya o'rtasida axborot hurujlari yuzaga kela boshladi. Jumladan Kiyevda bo'lib o'tayotgan kichik namoyishlarni har bir tomon o'zining raqibiga nisbatan qarshilik deya ko'rsatdi. 
Lekin tobora kuchaygan namoyishlarning otishmalarga aylanib ketishi tomonlar orasida o'z axborotlarini qayta ko'rib chiqishga majbur qildi. 
G'arb mamlakatlari Ukraina krizisidagi Yevropa Ittifoqi va AQShning asl manfaatlari nimada ekanligini emas, balki "Ozodlik va Demokratiya" uchun kurashayotgan Ukraina xalqining Rusparast kuchlar tomonidan snayperlar yordamida otib o'ldirayotganiligini uzluksiz ravishda tarqatdi. O'z navbatida Rossiya namoyishchilar demokratlardan emas, balki neofashistlardan tashkil topgan radikal guruhlardan tashkil topganligini ta'kidlab, Nemis Fashizimiga qarshi bo'lgan nostalgiyani mavjud namoyishchilarga qarshi yo'naltirdi. 
Endilikda nafaqat Ukraina balki dunyo ikkiga ajralgan edi. OAVi tinimsiz ravishda masalaning yuzaki, lekin ommaga ta'sir qiladigan tomonlari haqida axborotlarni berishda davom etmoqda, lekin masalaning asl sababi bo'lmish geopolitik maqsadlar to'g'risida ma'lumotlar juda kam. Ommaning vaziyatning murakkab tomonlariga e'tiborsizligi va axborotlarni oddiylashtirilishi Ukrainadagi siyosiy krizis haqida ikki tomonda ikki hil taasurot paydo qildi. Shu bilan birga ikki tomon ham omma fikrini o'ziga jalb qilish maqsadida arxivdagi axborotlar yoki umuman ukrainaga tegishli bo'lmagan ma'lumotlardan foydalanishdan o'zlarini tiymadilar. 

 Namoyishlarning Rus telekanallarida aks ettirilishi
 
Namoyishlarning G'arb telekanallarida aks ettirilishi

Shu o'rinda aynan Kiyevdagi maydanga tegishli qiziqarli infografiyani e'tiboringizga havola etmoqchiman. Ushbu infografika namoyish qatnashuvchilar orasidagi so'rovlarning natijalari bo'lib, unda qatnashuvchilar haqida iloji boricha to'liq ma'lumot berilgan. 



Albatta oddiy omma sifatida bizni e'tiborimizni birinchi navbatda raqamlar va qatnashuvchilarning namoyishlarda qay maqsadlarda qatnashayotganligi tortadi. Namoyishchilarning 85,5%i namoyishlarga o'z hohishlari bilan kelganliklarini ta'kidlashgan. Albatta bunga shubha yo'q, chunki bunchalik ko'p aholini majburlab yoki moliyalashtirib namoyish o'tkazish juda katta kuch talab qiladi. 
Lekin masalaning boshqa tomoni ham mavjud. Agar demokratik prinsiplarga tayansak, aholining katta ko'pchiliging fikri, aholining kamchilik fikridagilarga nisbatan ustun bo'lishi kerak. Shunday ekan, savol tug'iladi: Kiyevdagi Evromaidan qanchalik darajada Ukarina umumiy aholisining istaklarini aks ettiradi? Ular umumiy aholining qancha %ini tashkil qiladi deb o'ylashi tabiiy kishini. Ushbu savollarga javob berish uchun biz Maidandagi namoyishchilarning umumiy Ukraina aholisi va Kiyev shahri aholisiga nisbatini solishtirdik. 


 Natijalar hayron qolarli! Mamlakat aholisni hatto 1%ini ham tashkil qilmaydigan yoki Kiyev aholisining 3,7%ini tashkil qiladigan aholi mamlakatda hukumat o'zgarishiga sabab bo'lishgan. Demak Ukrainadagi revolyutsiyani ommaviy chiqish deb atash xato bo'ladi. 
Lekin ushbu ma'lumotlarning yana bir qiziq tomoni shundaki, Maydan namoyishchilarining hammasi Kiyevdan emasligi. O'z o'zidan savol tug'iladi - nega Kiyevdan boshqa regionlardan kelgan aholi o'z shahar yoki viloyatlarida mavjud hukumatga qarshi namoyishlar o'tkazmadilar? Javob turlicha bo'lishi mumkin, lekin bir narsa aniq, ushbu kishilarning Maydanga to'planishida OAVining o'rni juda katta bo'lgan. 

Revolyutsiyalarning 21-asrdagi muammosi shundaki ular turli hil o'z manfaatini ko'zlovchi kuchlar ta'siriga tushib qoladilar. Masalan ilk zamonaviy revolyutsiyalar bo'lmish Fransuz revolyutsiya davrida, voqealarga chetki kuchlarning ta'siri deyarli nolga teng bo'lgan. Mamlakat aholisi o'z manfaatlaridan kelib chiqqan holda kurashgan va ularga tashqi yordam yoki qo'llab quvvatlashlar bo'lmagan. Aynan shuning uchun ushbu revolyutsiyalar xalq manfaatlarini ko'zda tutadigan natijalarga erishganlar. Hozirgi dunyo vaziyatiga qarasak, hech qaysi revolyutsiya xalqning ichki ishi sifatida qaralmaydi, rasman qaralsa ham, albatta tashqi kuchlar u yoki bu kuchni qo'llab quvvatlash orqali o'z manfaatlariga yetishishni ko'zlaydilar. So'ngi yillardagi revolyutsiyalar tarixiga qarasak, ularning natijalari shu mamlakat ommasi uchun faqatgina talofatlarni keltirmoqda, hech kim tomonidan nazorat qilinmaydigan anarxiyalarning vujudga kelishi dunyo iqtisodiy bozorida muhim o'zgarishlar yasaydi. Ukraina krizisining boshlanganidan beri neft va boshqa yoqilg'i energetika mahsulotlarining bahosini pasayishi bunga yaqqol misoldir. 
Geopolitik nuqtai nazardan qarasak, Ukrainadagi hozirgi tartibsizliklar Ukraina uchun o'ta salbiy ahamiyatga ega. Hozirda mamlakat deyarli bankrot ahvolida, uning ustiga Ukrain tilida so'zlashuvchilar va Rus tilida so'zlovchilar orasidagi qarama qarshiliklar tobora kuchaymoqda, radikal-millatchi kuchlar ham jamiyatda o'z o'rinlarini mustahkamlashda davom etmoqdalar. Agar ahvol yahshilanmasa Ukarinaning kelajakda ikki qismga ajralib ketishi yoki fuqarolar urushiga cho'mish ehtimollari ham yo'q emas. Buning ustiga ushbu siyosiy krizis Rossiyaga o'zining azaliy "orqa hovlisi" bo'lgan Qrim yarimorolini o'z hududiga qo'shib olish imkonini yaratdi. Agar ertangi, 16-mart referendumi Qrim yarimorolini Rossiyaga butunlay o'tib ketishini ta'minlasa bu ukrainaning suverentetiga berilgan kuchli zarba bo'ladi. Va nihoyat geografik determenizmni ham esdan chiqarmaslik lozim. Ukraina Rossiya va Yevropa Ittifoqi kabi ikki qudratli geopolitik kuchlar orasida joylashgan va u shu ikki "og'a" bilan ham birdek hisob kitob qilishga majbur.

Комментариев нет:

Отправить комментарий