19.09.2012

Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan xudud?


Heartland nazariyasi.

Hammamizga ma'lumki Farg'ona vodiysi O'rta Osiyoning "Porox Bochkasi" sifatida qaraluvchi hudud xisoblanadi. Butun 20 asr tarixi davomida Farg'ona vodiysi O'rta Osiyo xalqlarining taqdirini belgilashda muhim rol o'ynab keldi va bu jarayon 21-asrda ham davom etmoqda.

Ayniqsa Sobiq Sovet Ittifoqining zaiflashishi va keyinchalik qulashidan keyingi bu vodiyda yuz bergan geopolitik voqea xodisalar bizdan bu xududni sinchiklab o'rganishni talab qiladi. Xududdagi to'qnashuvlar ketma ketligini faqat chegaralar muammosi yoki etnik xilma-illik bilan bog'lagan holda hulosa chiqarish bu masalaga yuzaki yondashishdan boshqa narsa emas. Bugungi kunda Farg'ona vodiysi "Buyuk O'yin"dan to'g'ridan to'g'ri aziyat chekmoqda desak adashmagan bo'lamiz.



Farg'ona vodiysidagi to'qnashuvlarning tub sabablarini tushunish uchun birinchi o'rinda O'rta Osiyoning 20-asrdagi shakllanish tarixi, Ingliz-Rus raqobati, Kommunistik tizimning kirib kelishi, Stalin buyrug'i ostidagi chegaralanishlar va boshqalar haqida ma'lumotlarga ega bo'lish kerak. Undan tashqari Farg'ona vodiysining tarixiy shakllanishi, geografik joylashishuvi hamda vodiyda chegaradosh davlatlar o'rtasidagi munosabatlar haqida bilimlarga ega bo'lish bizga bu xudud haqida yorqinroq tushunchaga ega bo'lishga imkon yaratadi.

Bugungi maqolani O'rta Osiyoning hozirgi siyosiy holatga kelishida va dunyoning qudratli davlatlari tomonidan bu hududga bo'lgan qiziqishga asosiy sabab bo'lgan, Britaniya Geopolitika va Geostrategiya maktabining otasi hisoblanmish Halford Jon Makkinderning "Heartland"   (Dunyo yuragi, markazi) nazariyasiga bag'ishlayman.

Makkinder Buyuk Britaniya zamonaviy geografiyani asoschisi hamda ko'pchilik tomonidan geopolitika va geostrategiya fanlarining otasi sanaladi. U dunyoni ikki toifadagi kuchlar tomonidan boshqarilishini takidlaydi, quruqlikdagi kuchlar va dengiz kuchlari. Uning fikricha dunyo orollardan tashkil topgan umumiy okean bolib qit'alar esa orollardir va dunyoning eng asosiy katta oroli Evrosiyo va Afrika bo'lib, qolgan qit'alar - Amerika va Avstraliya dunyo okeanidagi tashqi orollar sanaladi. Butun dunyoni boshqarish uchun esa aynan mana shu "Dunyoning Yuragi"ni qo'lda ushlab turish kerak.




Bu hudud yuqoridagi xaritada ko'rib turganingiz kabi o'z ichiga O'rta Osiyo, sharqiy Yevropa, G'arbiy Sibir va Uzoq Sharqni o'z ichiga oladi. Aynan shu xudud bir nechta sivilizatsiya, dinlarning ta'siri kam va ideologik bo'shliq bo'lib, ayni paytda bu xududni boshqargan mamlakat Xristianizm va g'arb dunyosining asosi Yevropani, Xitoy sivilizatsiyasi va Buddizmning beshigi bo'lmish Osiyo va Sharqiy Osiyoni, Xinduizm va Xind sivilizatsiyasining o'zagi Hindston yarim orolini va Islom dunyosi sivilizatsiyasining mahsuli bo'lmish, Arab, Turk va Fors dunyolariga to'g'ridan to'g'ri ta'sir o'tkazib butun Yevrosiyoning gegemoniga aylanishi va o'z o'zidan Yevrosiyoni o'z ta'siri ostiga olgan kuch qo'shni orollar Afrika, Yaponiya, Okeaniya va Amerikani o'z qaramog'iga oladi, natijada u dunyo xokimiga aylanadi. U o'zining bu teoriyasini Chungizxon boshchiligidagi Mo'g'ullarning Yevrosiyodagi yurishlari va Temurning qudratli imperiyani qisqa vaqtda qurgani bilan isbotlashga harakat qilgan.  Uning fikricha Yevropadagi sivilizatsiya rivoji faqatgina Osiyoning bosqinidan himoyalanishning natijasidir, Mo'g'ullar, keyinchalik Usmoniylar Imperiyasi, "Yevropa bugungi kundagi madaniy yuksalishga faqatgina o'zining tabiy geografiyasi tufayligina erishgan" yozar edi u, "Shimoldagi sovuq dengizlar, janubda Sahroi Kabir, g'arbda ulkan okean, sharqda esa poyonsiz rus tekisliklari, shuningdek tog'lar, vodiylar va yarim orollar Yevropani Osiyolik, dashtlarda harakatlanishga moslashgan qudratli qo'shinlarning bosqinidan asrab qoldi". U o'zining bu izohi bilan Yevropa qanchalik urinmasin, hatto Amerika qit'asini egallash ham, Avstraliyani mustamlaka qilinishi ham, Xindiston va Xindixitoyda hukmronlik qilish ham Yevropani hech qachon dunyoga hukmron qilib qo'ya olmaydi, unga hukmronlik qilish uchun Evrosiyo egallanishi shart degan gipotezani olg'a surgan.

Garchi "Heartland" nazariyasi 20-asrda ko'pchilik olimlar tomonidan geografik determinizmga asoslangan va geopolitik reallikdan yiroq deb hisoblangan bo'lsada, amalda dunyoning qudratli davlatlari bu nazariyani o'zlarining tashqi siyosatini asosi qilib oldilar, jumladan Buyuk Britaniya va Uchinchi Reyx xukumatlarining O'rta Osiyoni va Sobiq Sovet xududlarini egallashga bo'lgan harakatlari bundan dalolatdir.
Aynan Buyuk Britaniya va Rossiya Imperiasi orasidagi O'rta Osiyo uchun bo'lgan raqobat "Buyuk O'yin"ni kelib chiqishiga sabab bo'ldi va hozirgi O'rta Osiyodagi yuz berayotgan jarayonlarning ko'pchiligi shu geopolitik o'yinlarning oqibatidir. Bu haqda biz keyingi maqolamizda batafsil yozamiz.

Ho'sh agar 20-asrda Heartland nazariyasi tashlab qo'yilgan bo'lsa bugungi kunda unga qanday qaralmoqda?
Makkinder uchun dengiz davlatlari va quruqlik davlatlari o'rtasidagi raqobat bu eski hikoyadir, Afina va Sparta yoki Venetsiya va Prussiya o'rtasidagi raqobat bizga Rossiya va Yevropa orasidagi munosabatlarini eslatmasdan iloji yo'q. Chunki dengiz davlatlarga bir biri bilan axborot almashishni tezlatishdan tashqari chegarasiz xavfsizlikda bo'lish imkoniyatini beradi va bunday davlatlarda ko'proq demokratik jamiyat qurilishi kuzatiladi, quruqlik davlatlarida esa ko'proq xalqlarning va axborotlarning almashinishi to'qnashuvlar tarzida kechadi natijada bu davlatlar o'z qobig'iga o'ralgan va tashqi axborotlarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadilar. Bu fikrlar hozigi kunda amalda isbotini topib kelmoqda, haqiqatdan ham hozirgi dunyo xaritasiga nazar solsak demokratik tizimdagi davlatlarning aksariyatining iqtisodi va geografik joylashishi dengiz yo'llari bilan bog'langan bo'lsa, qolgan avtoritar rejimli davlatlar asosan tarixiy va geografik jihatdan quruqlik bilan bog'liq davlatlardir, albatta ular orasida siyosiy interventsiyalar oqibatida bu teoremadan mustasno davlatar ham yo'q emas, masalan Vetnam, Birma Kuba va hakozolar.



Xaritada demokratik davlatlar yashil va to'q yashil rangda berilgan demokratik indikatorlarning darajasiga bog'liq holda, Avtoritar rejimlar esa och sariq va to'q qizil ranglarda, mavjd rejimning avtoritarlik darajasiga bog'liq holda. 


Undan tashqari Makkinder ta'kidlab o'tgan davlatlarning kuchayishidagi geografik determinizm o'zini oqlab kelmoqda. Lekin dengiz sivilizatsiyalari bilan quruqlik sivilizatsiyalari bir biridan rivojlanishini ko'rinishi bilan faqr qilgani uchun quruqlikdagi rivojlanishlar ko'zga ko'rinmas ravishda yuz beradi. Masalan dengiz mamlakatlari Suvaysh kanalini qurish orqali dunyoda strategik manzarani o'zgartirishayotgan bir paytda O'rta Osiyoda temir yo'llar qurilishi bu hududdagi ichki rivojlanishni kuchaytirgan, albatta Suvaysh kanalini qurilishi ko'zga yaqqol tashlangani bilan uning O'rta Osiyodagi qurilgan temir yo'llar bilan ahamiyati deyarli bir hil.

Bu narsa Rossiya Imperiyasi yemirilib uni o'rnida Sovet Ittifoqi paydo bo'lishi va uning iqtisodiy krizis ahvolidan dunyoning eng qudratli davlatiga aylanishida yanada yaqqol ko'zga tashlanadi. Ikkinchi jaxon urushi Gitlerning Sovet Ittifoqi orqali dunyoni egallamoqchi bo'lishi, keyinchalik sovuq urushi davridagi harbiy bazalarning asosan Heartlandda va shu xududni mo'ljalga oluvchi hududlarda paydo bo'lishi, Sovet-Afg'on urushi, Eron Islomiy revolyutsiyasi, keyinchalik AQSHning Afg'oniston va Iroqga interventsiyasi, AQSH bilan Rossiya o'rtasidagi O'rta Osiya va Kavkaz hususidagi tortishuvlari va nihoyat Xitoyning dunyoning qudratli davlatlardan biriga aylanishi, O'rta Osiyoga iqtisodiy yo'l orqali ta'sir o'tkazishlari Heartland nazariyasini qanchalar geopolitik haqiqatga yaqinligini ko'rsatib kelmoqda. Agar Makkinderni 20-asr boshida yashab o'tganini hisobga olsak, uning bu nazariyasini zamonga moslab amalda qo'llash bu bizning vazifamizdir, chunki u 20-asrda bunday katta geopolitik jarayonlar yuz berishini oldindan ko'ra bila olmas edi.

Garchi geografik determinizm ko'pchilik olimlar tomonidan mutloq jarayonni belgilab beruvchi omil sifatida tan olinmasada, bizni kundalik hayotimizdagi tajribalarimiz insonni vaqt va makon bilan hisoblashishga majburligini ko'rsatib bormoqda. Davlatlar qanchalik qudratli bo'lmasin ular shu ikki omilni oldida ojizdirlar. 

Комментариев нет:

Отправить комментарий