2010-yildan beri Markaziy Osiyo anchagina beqaror bo`lib qoldi, islomiy ekstremizmda o`sish kuzatildi. Ha, haqiqattan 2010-yildan beri jangarilik harakati kuchaydi, lekin ekstremistlar Markaziy Osiyoning ayni vaqtdagi beqarorligining asosiy sababchilari degan qarash ham kalta o`ylash bo`ladi, chunki bunday nazariya hududda bo`layotgan boshqa siyosiy, harbiy va iqtisodiy dinamikalarni butkul inkor etib qo`yadi.
Biroq, huddi shu dinamikalar, masalan, AQSHning 2014-yilgacha Afg`onistondan chiqib ketishi islomiy radikal kuchlarga qo`l kelishi va Markaziy Osiyoni yaqin kelajakda Islom ekstremizmidek katta xavf bilan yuzlashtirishi mumkin. Bunga qo`shimcha ravishda yaqin orada kutilayotgan qator Markaziy Osiyo davlatlaridagi kuchlar almashinuvi shundoq ham chigal vaziyatda turgan hududning harbiy holatini yanada mushkullashtirishi mumkin.
Markaziy Osiyo 1990-yillarning oxiri 2000-yillarning boshlarida islomiy ekstremizm uchun muhim ahamiyat kasb etar edi. Sobiq Sovet davrida boshqa dinlar singari ta`qib ostiga olinishiga qaramay, hududda Islomning mavqe`i ustun edi. Sovetlar dunyoviylikni zo`r berib targ`ib qilishdi, ko`pgina diniy guruhlar yo yashirin yoda hokimiyatning nazorati ostida ochiq faoliyat olib borishdi. Bunday guruhlar, asosan, Markaziy Osiyoning demografik ildizi bo`lgan va O`zbekiston, Tojikiston, Qirg`izistonni o`z ichiga qamrab olgan Farg`ona vodiysida to`plangan edilar. Ekstremizm, ayniqsa, bir qancha muhim din va madaniyat markazlariga ega Buxoro, Samarqand kabi shaharlarga ega O`zbekistonda keng tarqalgan edilar.
1990-yillarda Markaziy Osiyo davlatlari birin-ketin mustaqillikka erishishi bilan din bilan shug`ullanish biroz osonlashdi va diniy unsurlar jamiyatning turli qatlamlariga erkin kirib borish imkoniyatiga ega bo`lishdi. Bu hol islomiy muhitning kuchayishiga, o`z navbatida, Markaziy Osiyo yangi rejimlarining islomiy harakatlar ustidan bo`lgan boshqaruvini zaiflashuviga olib keldi..Natijada, ba`zi islomiy guruhlarning shariat qoidalari asosida boshqariladigan hududiy halifalikni qurishga chaqiriqlari baralla yangray boshladi .
Bunday guruhlar orasida 1979-1989-yillarda Sobiq Ittifoqqa qarshi kurashgan mujohidlar faoliyatidan ruhlangan O`zbekiston Islomiy Harakati (O`IH) va Hizb ut-Tahrir ham bor edi. Bu ikki guruh o`rtasida ma`lum o`xshashliklar (Prezident Islom Karimovni hokimiyatdan yulib tashlash) bo`lishiga qaramay, yo`nalishlari turlicha edi: O`IH o`z umrini uzaytirish maqsadida zo`ravonlikdan foydalangan bir paytda, Hizb ut-Tahrir bunday yo`l tutishni yoqlamas edi. Keyinchalik Akromiyaga o`xshash diniy-radikal guruhlar Hizb ut-Tahrir g`oyalarini targ`ib qilishda O`IHning zo`ravonlikdan foydalanish usulini o`zlashtirib oldilar.
Karimov 1990-yilarning o`rtalariga kelib bu guruhlarni ta`qib qilishni kuchaytirdi, biroq O`IH 1992-1997-yillardagi fuqarolik urushida vayron bo`lgan Tojikistondan boshpana topishga muvaffaq bo`ldi . Yuqorida ta`kidlangan Karimov bosimi, Afg`oniston bilan chegaraning qarovsizligi tufayli Tojikiston O`IH operatsiyalari uchun asosiy qarorgohga aylandi. 1990-yillarning oxiri 2000-yillarning boshlarida guruh Tojikistondan turib Farg`ona vodiysi, O`zbekiston va Qirg`izistonning janubiy hududlariga qator hujumlar uyushtirdi.
2001-yilda AQSHning Afg`onistonga kirishi ortidan ultra-konservativ Tolibon rejimidan Markaziy Osiyodagi jihodiy harakatlar uchun ham moddiy, ham ma`naviy yordam olayotgan islomiy guruhlarga jiddiy zarba berildi. AQSHning harbiy ko`magi bilan O`IH Markaziy Osiyodan uloqtirib tashlandi va guruh Afg`oniston-Pokiston chegarasidagi nazoratsiz hududdan o`ziga yangi boshpana topishga majbur bo`ldi. Shu bilan birga Hizb ut-Tahrir faoliyatiga chek qo`yildi.
Buning natijasi o`laroq Markaziy Osiyo rahbarlari, ayniqsa, Karimov hududda juda oz saqlanib qolgan ekestremistik kuchlarni yanchib tashlash imkoniyatiga ega bo`ldi. Keyingi o`n yillikda islomiy tahdidlar sezilarli darajada kamaydi.
Biroq 2010-yil iyun oyidagi Qirg`iziston janubida ro`y bergan etnik mojarodan so`ng jangarilar hududda yana foallashdi. Natijada, Qirg`iz hukumati ekstremizm bahonasida, asosan, o`zbek millatidagi shaxslar orasida yashirin tozalovlar olib bordi.
Aslida, bu tozalovlar etnik o`zbeklarga qaratilgan edi. Ko`plab qirg`izlar O`sh va Jalolobod viloyatlari aholisining asosini tashkil qiluvchi etnik o`zbeklarga shubha bilan qarashardi. Binobarin, bu tozalovlar zamirida islomiy ekstremizm emas, balki o`zbeklar va qirg`izlar o`rtasidagi siyosiy va etnik mojarolar yotibdi. Haqiqatda, bunday mojarolar Sobiq Ittifoq qulaganidan keyin bir necha marta yuzaga chiqdi.
Huddi shunday holga Tojikistonda ham guvoh bo`lish mumkin. Fuqarolar urushidan so`ng Tojikiston Islomiy Uyg`onish Partiyasi kabi islomiy guruhlar hukumat bilan murosaga kirishib, uning tarkibiga kirdi, O`IH va va boshqa jihodiy unsurlar ta`qibga uchradi. 2000-yillarning boshida zo`ravonlik o`zining yuqori cho`qqisiga chiqqan bo`lsa ham, joriy o`n yillikda nisbiy tinchlik ta`minlandi. Biroq, 2010-yilning avgustida Dushanbe qamoqxonasidan mahbuslarning ommaviy qochishi bu tinchlikni buzdi. 24 nafar O`IHning sobiq a`zolari deya tahmin qilingan mahbuslar Tojikiston sharqidagi Rasht vodiysiga qochib, yashirinishdi. Rashtda zudlik bilan xavfsizlik harakatlari boshlandi.
Bu jangarilar jihodchi ekstremistlardan ko`ra fuqarolar urushidan beri faoliyat yuritayotgan muholifat kuchlariga yaqinligi tahmin qilinardi (chunki ular qochib o`tgan sharqiy provinsiyalar: Garm va Tog`li Badaxshonda amaldagi hukumat asosini tashkil qilgan g`arbiy provinsiyalar: Xo`jand va Ko`loblik amaldorlarga qarshi shaxslarning mavqe`i baland edi). Muhtasar qilib aytganda, Rasht voqeasi jihadchilarning qayta uyg`onishi emas, balki mustaqillikning ilk yillarida oddiy holga aylangan Tojik klanlari o`rtasidagi hokimiyat uchun kurashning bir ko`rinishi edi, xolos.
Shuningdek, yaqinda bo`lib o`tgan Tog`li Badaxshonda bo`lib o`tgan xarbiy harakatlarni ham shunday qabul qilish mumkin. Mahalliy qo`mondon va sobiq muholifat rahbari Tolib Ayyombekov Xavfsizlik Qo`mitasi boshlig`ining o`limida ayblangandan so`ng hududga qo`shin kiritildi. Agar Ayyombekov qotillikka qo`l urgan taqdirda ham bunga diniy sabablarni asos qilib olmagan bo`lardi. Hududiy kontrabanda, Emomali Rahmon rejimiga qarshilik va Xavfsizlik Qo`mitasi boshlig`ining o`limi, pirovardida xarbiy harakatlarga sabab bo`ldi. Ko`rinib turibdiki, Qirg`izistondagi kabi Tojikistondagi ekstremistik harakatlarning asosiy sababi-bu diniy emas, balki siyosiy va etnik qarama-qarshiliklardir.
Shuningdek, keying vaqtda Qozog`istonda islomiy radikalizm ancha faollashdi. Farg`ona vodiysidan alohidaligi va jamiyatida diniy e`tiqodning nisbatan pastligi tufayli Qozog`iston 1990-2000-yillarda islomiy ekstremizmni deyarli boshdan kechirmadi. Biroq, 2011-yili Qozog`iston yangi tarixida ilk bor diniy ekstremistik akt kuzatildi. Hujumlar butun mamlakat bo`ylab(Olma-Ota, Atirau va Taroz shaharlarida) turli taktikalar bilan olib borilgan bo`lsa ham, g`ayritabiiy ravishda bir-biriga bog`liq edi.
Qozoq hukumati bunda qator islomiy guruhlarni aybladi va mamlakatda diniy tashviqot boshlandi. Biroq, hujumlar o`ziga hos bir davrda, ya`ni Nursulton Nazarboyevning uzoq yillik rejimiga qarshi yashirin siyosiy kurash boshlangan paytda bo`lib o`tdi. Qozog`istonning 20 yillik tarixida islomiy kuchlarning o`ta passiv bo`lgani bu aktlarning diniy radikalizmga aloqadorligi haqidagi qarshlarni shubha ostiga qo`yar va ko`proq Nazarboyev kursisini egallash uchun turli o`yinchilar o`rtasida kurash boshlanganiga ishora qilar edi.
E`tiborlisi, o`zini Xalifalik Askarlari deb atagan jihodiy guruh 2011-yil oktyabridagi Atirau shahrida bo`lgan portlashlar va ba`zi boshqa hujumlar uchun javobgarlikni o`z bo`yniga oldi. Bu hol Qozog`istonda islomiy radikal guruh mavjudligiga ishora qilar edi. Biroq, bu guruh haqida 2011-yilgacha xech kim bilmas edi va hozirgacha ham uning a`zolari va rahbarlari haqida deyarli xech qanday ma`lumot yo`q.
Oxirgi paytlarda O`zbekiston va Turkmanistonda deyarli ekstremistik aktlar qayd etilmadi. Bu esa har ikkala davlat ichki holatining barqarorli va hukumatlarda o`z qing`irliklarini oqlash uchun islomiy guruhlarni qoralashga unchalik ehtiyoj yo`qligini ko`rsatadi.
Bu holat Turkmanistonga to`liq mos kelishi mumkin, lekin O`zbekistonga kelganda biroz shubha tug`iladi. Sababi O`zbekiston 2011-yil noyabrida Tojik chegarasi yaqinidagi temir yo`lda portlashga guvoh bo`ldi. Hukumat hodisani terroristik akt deya atadi. Portlash sodir bo`lgan hudud strategik jihatdan muhim ahamiyat kasb etmasa ham, O`zbek hukumati o`zaro aloqalarga sovuqchilik tushgan Tojikistonga temir yo`l orqali yuklarning o`tishiga to`sqinlik qilish maqsadida portlashni o`zi uyushtirgan deya tahmin qilinadi.
Shu bilan birga O`zbekiston ayni vaqtda hokimiyat uchun yashirin kurashlarni boshdan kechirmoqda. Haqiqatda, 2005-yildagi Andijon voqeasida yuzlab namoyishchilar o`ldirildi va hukumat yana bir bor bunda O`IH hamda boshqa islomiy guruhlarni aybladi. Biroq, bu ko`proq Qirg`iziston va Tojikistondagi kabi hokimiyat uchun yashirin kurashga o`xshar edi.
Ko`rinib turibdiki, Markaziy Osiyo mamlakatlarida har qanday jangarilik harakatiga diniy tus berish odat tusiga kirib qolgan. Bu ko`pincha siyosiy o`yinlarni niqoblashga yordam beradi.
Albatta, hududda jihodiy guruhlar hali ham mavjud, lekin jiddiy kuchga ega emas, asosiy guruhlar xalqaro kuchlar tomonidan yo`q qilingan yoki Afg`on-Pokiston chegarasiga xaydab chiqarilgan. Biroq, AQSHning Afg`onistondan ketishi jihodiy guruhlarning qayta jonlanuviga olib kelishi mumkin. AQSH va xalqaro tinchlikparvar kuchlar tomonidan yaratilgan xavfsizlik tizimi Afg`onistondagi mavjud kuchlar tomonidan parchalab tashlanishi mumkin.
Markaziy Osiyo va Afg`oniston o`rtasidagi mutanosiblik va Tojik-Afg`on chegarasining nazorat ostida emasligi tufayli radikal kuchlarning jonlashuvi hamda beqarorlikning avj oish ehtimoli yuqoridir. Eng tashvishlanarlisi Afg`on-Pokiston chegarasida Markaziy Osiyoda xalifalik tuzumini o`rnatish da`vo qiluvchi, g`arb bilan janglarda chiniqqan jangarilarning hali ham mavjudligidir. Biroq, 2012-yil 4-avgust kuni Pokistonda O`IH rahbari Abu Usmon Odil AQSH uchuvchisiz samolyoti tomonidan o`ldirilganligi hisobga olinsa, O`IH shunchaki jon saqlash uchun kurashayotgan bo`lishi ham mumkin.
Daaa, hukumatlar doim o'z ishlarini dindorlar bo'yniga yuklashga harakat qiladi. Lekin hammasini Olloh ko'rib turibdi.
ОтветитьУдалить