2011-yil oktyabrining boshida ko`pgina matbuot sahifalarida Rossiya bosh vaziri Vladimir Putinning keyinchalik shov-shuvlarga sabab bo`lgan “Yevroosiyo integratsiyasining yangi loyihasi: Kelajak bugun tug`iladi” maqolasi paydo bo`ldi. Bu saylovoldi kampaniyasining bir qismi (Yagona Rossiya partiyasidan Medvedev emas, balki Putin prezidentlik kursisi uchun kurash olib borishi usha paytdayoq hammaga ma`lum edi) bo`lib, “rus paxlavoni”, o`zini nuqtayi nazari bo`yicha, a`zo bo`ladigan davlatlarga “global o`sishda liderga aylanish , sivilizatsiyaviy jarayonlarda ulkan muvaffaqiyat va boylikka erishish” imkonini beruvchi, Yevroosiyo deya ataladigan qudratli iqtisodiy blok yaratish taklifini ilgari surdi. Post-Sovet hududidagi yaratilajak bu blok faqatgina MDHning emas, balki xuddi shu yo`nalishda yutuqlarga erishgan Yevroosiyo Iqtisodiy Jamiyati (2000) va Rossiya, Qozog`iston hamda Belarussiya o`rtasida 2010-yilda tashkil qilingan Bojxona Ittifoqi tajribalariga asoslanishini ham ta`kidlab o`tdi.
Qiziq tomoni, Yevroosiyo Ittifoqini tashkil qilish taklifi Putin janoblaridan oldin, ya`ni 1994-yilda Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboyev tomonidan kun tartibiga qo`yilgan edi. O`z vaqtida qozoq rahbari post-Sovet davlatlarining beshtasi: Rossiya, Qozog`iston, Belarussiya, Qirg`iziston va Tojikiston ittifoqning doimiy a`zolari deya e`tirof etish fikrini qat`iy himoya qilgan edi. Shuningdek, Nazarboyev, keyinchalik Ukraina, Ozarbayjon, Armaniston va, hattoki, Gruziya tarkibidagi avtonom respublikalar: Janubiy Osetiya hamda Abhaziya Ittifoqning to`laqonli a`zolari bo`lishlari mumkinligini aytgandi. Biroq, o`sha paytdagi Rossiyaning G`arb bilan oshiq-ma`shuq o`yinlari, ulkan iqtisodiy qiyinchiliklar, ustiga ustak Boris Yelsinning MDH davlatlari bilan munosabatlarga hafsalasizligi Nazarboyev taklifini voqelikka aylanishini chippakka chiqardi va yillar davomida bu loyiha boshqa masalalar soyasida qolib ketdi.
Yaqinda, Xitoyning Yaponiyani quvib o`tib, dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiga aylangani xalqaro bozor va zahiralar uchun kurash o`zining yuqori cho`qqisiga chiqqanidan darak beradi. AQSH va Yevropa Ittifoqi iqtisodiy turg`unlikdan azob chekib, undan qanday qutulishni bilmay boshi gang bo`lib turgan bir paytda, Moskva qulay fursatdan unumli foydalanib qolish maqsadida bir vaqtlar G`arb bilan og`iz-burun o`pishib yotgan paytda unutib qo`yayozgan sobiq “xamtovoqlari” bilan yaqinlashish istagida ekanligini ochiq namoyish etdi. Bundan kelib chiqib hulosa qilish mumkinki, Belarussiya va Qozog`iston, shuningdek, o`zi unchalik suymaydigan Ukraina hamda Qirg`iziston bilan aloqalarni mustahkamlashga urinayotgan Rossiya regiondagi strategik maqsadlarini muhofaza qilish, bu davlatlarning ichki bozorlarida erkin faoliyat yuritish imkoniyatini kuchaytirishga umiq qilmoqda. Aslida esa, bu harakatlar zamirida Rossiyaning regionda gegemonlik qilishga tashnaligi turganligini ko`rish qiyin emas. Zero, Sobiq Ittifoq qulashidan keyin o`tkan 20 yildan oshiqroq vaqt davomida Rossiya doimo shu maqsad bilan yashab keldi desak mubolag`a bo`lmaydi.
Qozog`iston va Belarussiya azaldan Rossiyaning yaqin hamkorlari bo`lib kelishgan. Mutaxassislar 2009-yilda Rossiya tashqi siyosatini tahlil qilib ko`rishganda, bu ikki davlat Kremlning regiondagi “ishongan tog`lari” ekanligi ma`lum bo`ldi, vaholanki, Gruziya eng katta dushman ekan. Yuqorida ta`kidlangan ikki davlat bilan rishtalarni mustahkamlashda, Kreml, boshqa qo`shni davlatlar, masalan, Yevropadagi Moldova, Ukraina; Markaziy Osiyodagi O`zbekiston va Qirg`izistonga geostrategik ta`sirlarni kuchaytirish imkoniyatini ko`radi. Qozog`iston ham, Belarussiya ham 2002-yilda hududiy xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash maqsadida tashkil qilingan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT)ning faol a`zosi hisoblanishadi. Shuningdek, bu ikki mamlakat, Rossiyaning harbiy qurol-yarog`lari va uskunalari asosiy xaridorlari bo`lib, Rossiya bilan minglab iqtisodiy shartnomalarga egalar. Bu esa regionda yana bir bor “katta og`a”lik tituliga erishishga harakat qilayotgan Rossiya ular bilan xar qanday yaqinlikdan manfaatdor ekanligini bildiradi.
1992-yildan beri Rossiya va Belarussiya mustahkam ittifoq yaratishga tinimsiz urinib kelishmoqda. 1997-yil aprel oyida ular Rossiya-Belarussiya Ittifoqini tashkil qilishdi. Bu ittifoq 2000-yildan Birlashgan Davlat deya atala boshlandi. Ta`kidlab o`tish kerakki, Belarussiya prezidenti Aleksandr Lukashenkoga mamlakatning siyosiy hayotida nodemokratik faoliyat yuritayotgani uchun xalqaro inson xuquqlarini himoya qilish tashkilotlari va qator g`arb hukumatlaridin tanqidlar yog`ilganda hamda bosimlar ortganda, Minskning yagona suyungan tog`i Moskva bo`ldi, unga iqtisodiy qaramligi keskin ortdi. Bu hol, ayniqsa, energetika sohasida yaqqol ko`zga tashlanadi, sababi Belarussiya o`z ichki sanoatini energiya bilan ta`minlash uchun tashqi yordamga muhtoj. Lekin Rossiya Jahon Savdo Tashkilotini to`laqonli a`zosiga aylanish uchun sudralayotgan bir paytda, o`zining tashqi hamkorlariga yaratilgan qator imtiyozlardan bosqichma-bosqich voz kechishga majbur bo`ldi, shu qatori Belarussiyaga ajratiladigan ko`makdan ham. Moddiy ko`mak o`rniga Rossiya katta miqdordagi yo`naltirilgan subsidiyalar bilan ta`nimlashni ko`paytirdi. 2011-yilning boshida Vladimr Putin Belarus hukumatiga 4 milliard dollar miqdorida yo`naltirilgan subsidiya berishni va`da qildi, bu esa rasmiy Minskning Moskvaga iqtisodiy mute`ligi yanada oshishini anglatar edi. Belarussiyani o`z etagiga o`rab olgan Rossiya undan tashqi siyosatidagi maqsadlariga erishishda buyum sifatida foydalanishi ko`rinib turgan xoldir.
Qozog`iston masalasi esa umuman boshqa bo`lib, Rossiyaning bu Markaziy Osiyo davlati bilan olib boradigan siyosati anchagina nozikdir. O`zining energetik zahiralari bo`yicha ikkinchi Saudiya Arabistoni deya atalmish Qozog`iston, shubhasiz, Markaziy Osiyodagi siyosiy jihatdan eng barqaror va iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan mamlakat hisoblanadi. Aholisining soni bor-yog`I 16.6 million (O`zbekistonnikiga solishtirganda deyarli ikki baravar kam) bo`lishiga qaramay, Qozog`iston, Yevropa va Osiyo o`rtasida tranzitda qulay imkoniyatlarga ega, geosiyosiy til bilan aytganda, Qozog`iston “Yevroosiyoning yuragi” hisoblanadi. Qozog`iston bilan aloqalarni yaxshilash Rossiya uchun faqatgina uning ulkan hududi va qulay geografik joylashuvidan foydalanish uchun emas, balki O`rta Sharq hamda Fors Ko`rfazi davlatlari bilan iqtisodiy-strategik rishtalarni mustahkamlash yo`lida ko`prik sifatida foydalanish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu qatorida ta`kidlab o`tish kerakki, Qozog`iston faqatgina nefti va gazi bilan Moskvani o`ziga jalb qilmasdan, Rossiyaning janubiy chegaralari tinchligining kafolatchisi ham hisoblanadi. Shu sababdan Kreml bu mamlakat bilan aloqalarni doimo iliq qilishga harakat qilib keladi.
Rossiyaning geopolitik maqsadlari faqatgina Qozog`iston va Belarussiya bilan cheklanib qolgan emas. 2011-yil aprelida Kreml rus gasi importi uchun Ukraina yillik to`lovlarini deyarli 8 milliard dollarga qisqartirish imkoniyati mavjudligiga sha`ma qilgandan so`ng bu davlat Moskva yetakchilik qiladigan Bojxona Ittifoqi bilan muzokaralar olib borish istagi borligini bildirdi. Ukraina bilan deyarli bir vaqtda qirg`iz hukumati ham Bojxona Ittifoqining to`laqonli a`zo bo`lish huquqiga erishish maqsadida muzokaralar stoliga o`tirdi.
Ukraina uzoq vaqtdan beri Rossiyaga “boshog`riq” bo`lib kelgan. Ayniqsa, Ukrainaning ikkinchi prezidenti Leonid Kuchma (1994-2005) davrida (Kuchma Rossiyaning NATO bilan munosabatlari ayni taranglashgan vaqtda tashkilotga kirish istagi borligini xalqaro maydonga ma`lum qilgan edi) bu hol o`zining yuqori cho`qqisiga chiqdi. Rossiyani Ukraina bilan ikki manfaat birlashtirib turadi. Birinchisi, Qrim yarimorolidagi 2010-yilda Putin va Yanukovich o`rtasida (garchi ikki o`rtada yechimini topmagan gaz muammosi bor bo`lsa ham) imzolangan maxsus bitimga ko`ra muddati uzaytirilgan rus dengiz bazasidir. Bu baza Rossiyaning janubiy-sharqiy chegaralarini xavfsizligini ta`minaydi va “iliq dengiz davlatlari”ga geosiyosiy ta`sirni oshirish imkoniyatini beradi. Ikkinchi manfaat esa Ukraina Yevropaga darvoza vazifasini o`tashi mumkinligidir. Bunday vazifani o`tay o`ladigan Polsha va Boltiqbo`yi davlatlari esa tarixiy sabablarga ko`ra Rossiya bilan iliq munosabatlarda emas, shu sababdan ham Rossiya Yevropaga kirish uchun Ukrainaga muhtoj. Bundan tashqari Ukraina Rossiya tovarlari uchun 45 million kishilik ist`molchiga ham ega.
Qirg`izistonga kelganda, bu davlatni qo`shni Qozogiston bilan solishtirib bo`lmaydi. Uning iqtisodi rivojlanmagan (samarasiz qishloq xo`jaligi, taqchil energetic resurslar, yaxshi shakllanmagan infratuzilma), qolaversa siyosiy hayoti ham beqaror (5 yil ichida ikki mashxur inqilob bo`lib o`tdi, ikkalasiga ham chuqur ildiz otgan korrupsiya va elitaning o`zboshimchaligi sabab bo`lgan edi). Shuningdek, Qirg`izistonning Markaziy Osiyoda joylashgan geografik o`rni Afg`onistonga o`xshashligi bilan ham o`ziga xosdir. 2001-yilda NATOning Tolibonga qarshi xarbiy harakatlari boshlanishi ortidan Qirg`iziston Vashingtonning yaqin strategik hamkoriga aylandi va haligacha AQSH xarbiy kuchlari Manasdagi xarbiy bazada turibdi. Qirg`iziston, shuningdek, Rossiyaga ham xarbiy-havo bazasi (Kant) uchun boshpana bergan. Yuqoridagi sabablarga ko`ra Qirg`izistonning Bojxona Ittifoqi, hattoki, shakllanishi savol ostida qolayotgan Yevroosiyo Itiifoqidagi ishtiroki ham to`la siyosiy asoslarga ega.
Rossiya va G`arb munosabatlari xech qachon oddiy bo`lmagan. 2011-yil dekabrida Rossiya yaqinda o`tkazilgan parlament saylovlari natijalarini bekor qilishni talab qilgan ko`cha yurishlaridan larzaga kelgan bir paytda ikki oradagi aloqa yomonlashdi. Bu hol, ayniqsa, 2012-yil martida Vladimir Putinning prezidentlik lavozimiga saylanganidan keyin o`zining yuqori cho`qqisiga chiqdi. Odamlar yana saylovlar natijalari soxtalashtirilganini da`vo qilib namoyishga chiqdilar. Rus hukumati mediasi norozilik yurishlari AQSH Davlat Departamenti tomonidan moliyalashtirilgan va ijrosi yaqinda AQSHning Rossiyadagi elchisi etib tayinlangan Maykl MakFol tomonidan amalgan oshirilgan deya dunyoga jar solayotgan bir paytda, Vashington Sharqiy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini yaratish loyihasini davom ettirishi haqida ma`lum qilib yonib turgan olovga moy quygandek bo`ldi. Bundan tashqari Brussel Moskvani inson huquqlarini tahqirlash va siyosiy muholifatga qarshi ayovsiz bosim o`tkazishda tinimsiz ayblar ekan, Rossiya va Yevropa Ittifoqi munosabatlarini ham ortiq ijobiy deb bo`lmaydi.
Rossiya doimo o`zini g`arb tomondan “dushman” xalqlar tomonidan o`rab deya hisoblar ekan, bu chegaralarini mustahkamlash maqsadida Ukraina va Belarussiya ustidan o`z ta`sirini oshirishga harakat qilib kelgan. Belarus prezidenti tinimsiz G`arb tanqidiga ostida ekan, u doimo Rossiyaning madadidan umidvor. Lekin Ukraina masalasi umuman boshqa. Yaqinda rus tiliga davlat tili maqomini berish borasida ukrain parlamentida keskin tortishuvlar, hattoki, mushtlashuvlarga sabab bo`lgan voqealar ikki davlat munosabatlari kelajagini oldindan tahmin qilish mushkulligini bildiradi.
Ayni paytda Rossiyani Xitoyning Markaziy Osiyodagi ta`sirining o`sishi xavotirga solmoqda, garchi ikki orada mushtarak iqtisodiy va siyosiy rishtalar bo`lsa ham (“Arab Bahori” va O`rta Sharqdagi boshqa mojarolarda bu ikki davlatning birga ekanligi hammaga ma`lum). Xitoy Qozog`iztonning birinchi raqamli hamkoriga aylanib, Rossiyani dog`da qoldirdi, zero Ostona va Pekin o`rtasidagi savdo aylanmasi 2010-yilda 20 milliard dollardan oshib ketdi. U, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan energetik aloqalarni mustahkamlashga muvaffaq bo`ldi, ya`ni 2009-yil dekabrida Turkmanisto-O`zbekiston-Qozog`iston-Xitoy neft quvuri o`z ishini boshladi. Allaqachon Rossiyaning Markaziy Osiyodagi hamkorlari Xitoy tomonga o`tib ketishdi, masalan, O`zbekiston va Turkmaniston tabiiy gaz sohasi bo`yicha Xitoyni iqtisodiy hamkor deya tanlashdi. Siyosiy tomondan esa Turkmaniston neytralligicha qolgan bo`lsada, 2012-yil iyunida O`zbekiston bir qancha siyosiy masalarni ro`kach qilib KXSHT tarkibidan chiqib ketdi, aslida esa bu Rossiyaning siyosiy boshqaruvidan xalos bo`lishga urinish edi. Shu sababli hozirda Rossiya Qozog`iston va Qirg`iziston bilan munosabatlarni yaxshilashga zo`r bermoqda, bundan asosiy maqsad esa o`zi uchun muhim geostrategik ahamiyatga ega bo`lgan o`lkani Xitoy ta`siridan himoya qilish ekanligi kunday ravshandir.
2011-yil oktyabr oyida “Izvestiya” gazetasida Putinning quyidagi so`zlari chop etildi: “Yevropaliklar Yevropa Po`lat va Ko`mir Birlashmasidan to Yevropa Ittifoqigacha 40 yil sarflashdi. Biz esa Bojxona Ittifoqi va Umumiy Iqtisodiy Hududni shakllantirishni shiddat bilan rivojlantiryapmiz, chunki bunda biz Yevropa Ittifoqi va boshqa tashkilotlarning tajribalaridan samarali foydalanyapmiz”. Yevroosiyo Ittifoqini tashkil qilish (Putin so`zlariga ko`ra bu ittifoq 2015-yilgacha tashkil qilinishi mumkin) g`oyasini ilgari surayotgan Rossiya qisqa vaqt ichida iqtisodiy va siyosiy qudratini oshirib olishni umid qilyapti. Lekin janob Putin shakllantirmoqchi bo`layotgan ittifoqining nusxasi olingan Yevro-zonadagi mavjud haqiqatga diqqat qilmayapti yoki diqqat qilishni xohlamayapti: iqtisodiy ko`rsatkichi va siyosiy madaniyati turli-xil bo`lgan davlatlarning birga yashashi judayam mushkuldir. Putinning maqsadi bitta: u faqatgina uning so`ziga quloq solinadigan va oldindan tayyorlab qo`ygan qarorlarni imzolashdan boshqa narsa qo`lidan kelmaydigan davlatlar yig`ilgan “siyosiy ittifoq” xohlamoqda. Muhtasar qilib aytganda esa, Yevroosiyo Ittifoqi-bu yangi Rus Imperiyasi demakdir.
Комментариев нет:
Отправить комментарий