Shimoliy Afrika
va O`rta Sharq jang maydonlarida tajriba orttirgan jangarilarning Yevropaga
kirib kelish ehtimoli so`nggi vaqtlarda YIdagi immigratsiya va integratsiya
borasidagi bahslarni ortishiga hamda ksenofobiya-millatchilik elementlarini
kuchayishiga sabab bo`lmoqda. Bundan tashqari yevropaliklarning bu hududlarga
jihodga borish hollari ham sezilarli
ko`paygan. Albatta, bu yangilik emas. So`nggi bir yil ichida Liviya va Suriyada
oq irq vakillarining soni o`sgani qator davlatlar xavfsizlik hizmatlari
tomonidan ma`lum qilingan edi.
Fransiyaga jihodiy tahdidlardan biri / rt.com
Vaziyat o`zgarar
ekan, Ittifoq hukumatlari ehtimoliy xujumlarni bartaraf etish uchun xavfsizlik
choralarini kuchaytirishi tabiiy. Biroq mintaqadagi musulmon aholisining
ko`payib borishi, mamlakatlararo ko`chib yurishda deyarli to`siqlarning
yo`qligi ehtimoliy xujumlarning oldini olishni ancha mushkullashtiradi.
Joriy yilning
aprel oyida Yevropa Ittifoqi Terrorizmga Qarshi Kurashish Xizmati koordinatori
Jilye de Kerchov Suriyada tahminan 500 nafar atrofidagi yevropalik jang
qilayotgani va ular asosan, Buyuk Britaniya, Fransiya va Irlandiya fuqarolari
ekanligini ma`lum qilgan edi. Londondagi Qirollik Kollejining Radikalizmni
O`rganish Xalqaro Markazi o`tkazgan so`rovnomaga ko`ra, mintaqaning 14
davlatidan bo`lgan 600 dan ortiq fuqaro 2011-yildan buyon Suriyadagi janglarda
qatnashib kelayotgani ma`lum bo`lgan. Yevropaliklar Suriyadagi muhojir
jihodchilarning 7 % dan 11 % gacha bo`lgan qismini tashkil etar ekan.
Tahminlarga qaraganda, yevropalik jihodchilarning katta qismi Buyuk Britaniyaga
tegishli bo`lib, ularning soni 28 dan 134 nafargacha bo`lishi mumkin. Albatta,
bu hisob-kitoblarning hammasi tahminiydir.
Jihodchi guruhlar
tarkibida jang qilayotgan xorijliklarning aniq soni noma`lum bo`lsada, Liviya,
Yaman, Somali va Suriya kabi davlatlarda muhojir jihodchilar “shahid” bo`lgani
haqida xabarlar tez-tez tarqalib turadi. Masalan, mart oyida shved millatiga mansub
Abu Kamal as Shvediy va Daniyalik Abdul Malik al-Dinmarkiy laqabli shaxslar
Suriyadagi xudkushlik amallaridan birida “shahid” bo`lishgani haqida jahon
mediasi xabar tarqatgan edi.
Vashingtonda
joylashgan Yaqin Sharqni O`rganish Instituti va Flashpoint Global Partners hamkorligida
o`tkazilgan amaliyotda 2012-yil iyulidan 2013-yil martigacha bo`lgan vaqt
oralig`ida Suriyada xalok bo`lgan xorijiy jihodchilarning 280 nafari milliy
kelib chiqish bo`yicha tahlil qilindi. Natijalarga ko`ra, ularning 60 nafari
Liviyadan, 47 nafari Tunis va 44 nafari Saudiya Arabistonidan ekanligi ma`lum
bo`ldi. Shuningdek, “shahidlar” orasida Daniya, Fransiya, O`zbekiston,
Irlandiya, Marokash, Turkiya, Buyuk Britaniya va Qo`shma Shtatlar fuqarolari
ham mavjud.
Musulmon jamoalari
asrlar davomida Yevropa mamlakatlarida mavjud bo`lib kelgan. 20-asrning
ikkinchi yarmida davlatlar o`rtasidagi ishchi kuchi ayirboshlash bo`yicha
kelishuvlar va yengillashtirilgan immigratsiya siyosati kambag`al musulmon
davlatlaridan keluvchi muhojirlarning yangi to`lqinini hosil qildi. Turkiyadan Germaniyaga,
Aljirdan Fransiyaga va Pokistondan Buyuk Britaniyaga keluvchi immigrantlarning
soni keskin oshib ketdi. Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida chegarani osongina
kesib o`tish imkoniyati muhojirlarni boshqa davlatlarga tez tarqashiga sabab
bo`ldi. Yevropa hukumatlari radikal reaksiyalarga sabab bo`lmasligi uchun
ularni musulmonlarga ortiqcha bosim o`tkazmaslikka harakat qilishdi.
Endilikda musulmon
dunyosidagi jang maydonlarida chiniqqan yevropalik jangarilarning mintaqaga
qaytib kelish masalasi amaldagi immigratsiya siyosatini savol ostiga olishga
majbur qilmoqda. YI davlatlari va ularning fuqarolari terroristik hujumlardan
havotirga tushib qolishgan. Quyida yaqin yillar ichida bo`lib o`tgan terroristik
aktlari esa havotirlar o`rinli ekanligini isbotlaydi:
2013-yil, mart: Belgiya politsiyasining terrorizmga qarshi
kurash bo`limi xodimlari shubhadagi mashinani to`xtatishganda, mashina
xaydovchisi ularga qarata o`t ochishni boshladi va otishmada xalok bo`ldi. Shaxsi
aniqlangan, asl kelib chiqishi jazoirlik, Fransiya fuqarosi Hakim Benladghem
ismli bu shaxsning uyi tintilganda turli kalibrdagi o`tochar qurollar hamda
portlovchi qurilmalar topildi. Belgiya rasmiylari Benladghem terrorchilik
xurujini amalga oshirishga tayyorgarlik ko`rganini rasman ma`lum qilishdi;
2012-yil, avgust: Ispaniya va Fransiya xavfsizlik kuchlari
Eldar Magamedov, Muhammad Ankari Adamov va Chengiz Yalchinlarning terrorchilik
rejalarini fosh qilishdi. Bu ikki Checheniston va Turkiya fuqarolari London
Olimpiadasi o`tayotgan bir vaqtda Ispaniya hamda Fransiyada qator portlashlarni
rejalashtirgani ma`lum bo`ldi. Keyinchalik ularning uchchalasi ham al-Qoidaning
Pokistondagi lagerlarida tayyorgarlikdan o`tganligi ayon bo`ldi;
2012-yil, iyul: Kelib chiqishi livanlik, Shvetsiya
fuqarosi Abu Abduraham London Olimpiadasi chog`ida AQSHning yo`lovchi
samalyotini portlatishga uringan bir paytda qo`lga olindi. Ma`lumotlarga
qaraganda, Abduraham 2008-yilda islomni qabul qilgan va Yamandagi jangarilar
lagerida tayyorgarlikdan o`tgan;
2012-yil, mart: Kelib chiqishi aljirlik, Fransiya
fuqarosi Muhammad Merah Tuluzadagi yahudiy maktablaridan birida bir rabbi (yahudiy
ruhoniysi) va uch nafar o`quvchini otib o`ldirdi. Bir hafta oldin esa Merah bir
guruh fransuz askarlarini nishonga olib, to`rt nafarini xalok qilgan edi. Uning
hayoti o`rganilganda, Afg`onistondagi jangari guruhlar tarkibida jang qilgani
oshkor bo`ldi.
Fransiya va Buyuk Britaniyada islomofobiya ijtimoiy masalaga
aylanib, Suriyadagi isyonchilarga harbiy ko`mak berish yuzasidan anchadan buyon
munozaralar davom etyapti. Bundan tashqari har ikki mamlakatda ham mintaqada
musulmonlar rolining o`sishi immigrantlarni o`ziga jalb qilishi borasida ommaviy
fikrlar shakllanib ulgurgan. Ularning fikricha musulmon kommunalari va
diasporalari diniy radikalizm uchun qulay muhit yaratadi.
Arab Bahoridan natijasida boshlangan Shimoliy Afrika va O`rta
Sharqdagi beqaror vaziyat yevropaliklarni ancha sergaklantirdi. Buning ta`siri
o`laroq, faqatgina G`arbiy Yevropada emas, xatto anchayin mo`tadil hisoblanmish
Skandinaviya mamlakatlarida ham islomofobiya sezilarli darajada kuchaydi. Aholi
hukumatlardan musulmonlarga nisbatan ichki va immigratsiya siyosatini qaytadan
ko`rib chiqishni talab qilyapti.
Joriy yilning avgustida Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg,
Germaniya, Polsha, Italiya, Buyuk Britaniya va Shvetsiya YI Parlamentidan
Ittifoqqa xavo yo`li orqali kirib-chiquvchilarni nazorat qiluvchi ma`lumot
markazi tashkil qilishni so`rashgan edi. Bunday markazlar Ittifoqning aksariyat
davlatlarida amalda bo`lsada, Ittifoq Parlamenti shu paytagacha shaxsiy huquq
va erkinliklar vajidan ularni butunittifoq darajasida qo`llashni yoqlamasdan
kelardi.
Terrorchilik xurujlarini oldini olish uchun ko`plab Yevropa Ittifoqi davlatlari davlatlararo chegaralardagi nazoratni kuchaytirish kerak, degan fikrda. Boshqalar fikricha, bu yevropaliklarning davlatlararo ko`chib yurishini qiyinlashtiradi va noroziliklarga sabab bo`ladi. Shu sababli ular nazoratni mintaqa ichida emas, balki Bolqon davlatlari kabi Ittifoq tarkibida bo`lmagan mamlakatlar bilan chegaralarda kuchaytirish lozimligini ta`kidlashmoqda. Boshqa tarafning ta`kidlashicha, chegaralardagi nazoratni qattiqlashtirish bilan muammo hal bo`lmaydi. Ularning fikricha, xavfsizlik tizimi salohiyatini ham jismoniy ham texnik jihatdan oshirish lozim.
Yevropadagi ishsizlikning ortishi ortidan muhojir jamoalar
allaqachon jamiyat e`tiboriga tushib ulgurgan. Fransiyadagi Milliy Front va
Niderlandiyadagi Ozodlik Partiyasi kabi o`ng-qanot harakatlari esa
islomofobiyani bo`rttirish orqali jamiyatning katta qismini o`zlariga jalb
qilib, qo`llov olmoqdalar. Musulmon jamoalarining mahalliy xalq bilan
integratsiyaga xohishsizligi, buning natijasida yevropaliklarning ularga nisbatan
begona ko`z bilan qarashi; yuqori darajadagi ishsizlik; jihodchilarning
mintaqaga kirib kelishi borasidagi xavotirlar va bu xavotirlarning millatchi
partiyalar tomonidan bo`rttirilishi Yevropada islomofobiyaning ommaviy tus
olishi hamda hukumatlar siyosatini boshqa o`zanga solib yuborishi mumkin.
xolislik xolislik deysizlarku lekin g'irt ateistik qarashda yozilgan maqola xech bo'lmasa shunga tiqishtirmanglar ateistik g'oyalaringni
ОтветитьУдалитьKechirasiz, lekin maqolaga diniy motivlar aralashmagan. Bu yerda tasvirlangan holat ayni vaqtda Yevropada mavjud. Iltimos, ateistik qarash deya da`vo qilayotgan jumlalarni keltirib o`tsangiz. Rahmat.
ОтветитьУдалить