18.12.2013

AROSATDAGI UKRAINA

O‘tgan oyning oxirgi kunlarida boshlanib ketgan Ukrainadagi namoyishlar deyarli 20 kundirki, jahon afkor ommasining e’tiborida qolmoqda. Namoyishlarning sababi, Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va Rossiya kabi qudratli mintaqaviy kuchlar iskanjasida qolib ketgani, har kunlik namoyishlardan jonli lavhalar butun dunyo OAVida aylanmoqda. Shu sababli biz ham Ukrainadagi voqealarga tahliliy nazar tashlashga qaror qildik. Lekin, o‘z uslubimizdan chekinmagan holda, asosiy e’tiborni namoyishlarga emas, balki Ukrainaning siyosiy tarixi va inqirozning ildizlarini izlab ko‘rishga qaratamiz.



Manbalarga ishonilsa, “Ukraina” so’zi “chegara hudud”, “chegara viloyat” ma’nosini anglatadi. O‘z ma’nosiga mos ravishda, Ukraina asrlar davomida turli qudratli davlatlar o‘rtasidagi chegara hudud, buffer zona vazifasini o‘tab kelgan. 17-18-asrlarda Rossiya, Polsha va Usmoniylar Imperiyasi o‘rtasida bo‘lib olinadi. 19-asrga kelib esa, Rossiya va Avstro-Vengriya imperiyalari Ukrainani o‘zaro taqsimlab oladi. Birinchi Jahon Urushigacha davom etgan qisqa vaqtli mustaqillikdan so‘ng, Ukraina Sovet Ittifoqi tarkibiga qo‘shib olinadi.  

Ittifoq tarkibidagi Ukrainada turli millatlar: ukrainlar, ruslar, vengerlar, polyaklar, slovaklar, ruminlar va yahudiylarning darbadarligi boshlanadi. Stalin boshchiligida boshlangan “ocharchilik siyosati” tufayli Ukrainadagi millionlab aholining yostig‘i quriydi. Ocharchilik asoratlari hali arimasdan nemis armiyasi Sovet Ittifoqiga hujum qiladi. Rossiya hududiga kirib borish esa, albatta, Ukraina hududi orqali amalga oshiriladi. 1944-yil, rus armiyasi fashistlarni Ukrainadan xaydab chiqarguncha, 10 milliondan oshiq Ukrain xalqi qirilib ketadi.

Ko‘rinib turgandek, Ukraina tarixi murakkab, bu tarix davomida ko‘plab kuchlarning manfaatlari to‘qnash kelib, Ukraina G‘arbiy Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi darvozaga aylanib qoladi. Ukrain davlatchiligining tarixi esa, bundan-da murakkabdir.

Tarixning ko‘pchilik tarixchilar tomonidan e’tirof etilgan verisyasiga ko‘ra, Ukrain davlatchiligiga shimoldan kelgan skandinaviyaliklar asos solgan. Ukrainadagi mahalliy qabilalar o‘zlarining boshqaruvda ojizliklarini his qilib, shimoliy qabilalardan o‘zlariga yo‘lboshchi jo‘natishlarini so‘rab, elchi yuborgan. Skandinavlar bu so‘rovni mamnuniyat bilan qabul qilib, o‘z vakillarini jo‘natgan.  Shimolliklar vakillari bosqinchilar kabi qo‘shin bilan emas, balki savdogarlar kabi kichik karvon bilan kelishadi. Ular Dnepr daryosi bo‘yida Kiyev Rusiga asos solishadi.

Aksariyat tarixchilar tarixning bu versiyasini shubha ostiga oladilar. Chunki davlatlar tarixida tashqi kuchlarni boshqaruv uchun chaqirish hollari kamyob hodisa. Lekin o‘sha paytda Ukraina hududida yashagan qabilalarning bir biriga dushmanligi, markaziy hokimiyatning mavjud emasligini hisobga olsak, yuqorida keltirilgan vaziyat bo‘lganligi ehtimoli haqiqatga yaqindir. Qaysidir qabila yoki qabilalar ittifoqi o‘z manfaatidan kelib chiqib, skandinavlarni chaqirgan, keyinchalik, davlat tashkil topgandan so‘ng boshqa hududlar bo‘ysundirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin buning unchalik ahamiyati katta emas. Ahamiyatlisi Kiyev Rusi asosida hozirgi Ukraina, Rossiya va Belarussiya paydo bo‘lganidir.

Uzoq davrlardan beri ukrain va rus xalqining millatchi tarixchilari tarixning shu versiyasi ustida tinmay tortishib kelishadi. Ukrainlar o‘z ajdodlari Rossiyaga asos solganini da’vo qilsa, ruslar buni qat’iyan inkor qiladi. Lekin buning ham bizga ahamiyati katta emas, muhimi bu davlatlar birga paydo bo‘lib, birga rivojlanishgan.
Afsonalarga ko‘ra, Kiyev Rusining buyuk knyazi – Vladimir davlat uchun yangi din kerakligini anglab yetadi.

Shundan so‘ng Islom haqida o‘ylab ko‘radi, lekin sharob ichishni sevgani uchun bu tanlovdan voz kechadi. So‘ngra Rimning Katolik cherkovi ta’limotlariga to‘xtaladi, lekin xaramida sanoqsiz kanizaklari borligi va aysh-ishratni jonidan ortiq ko‘rgani uchun buni ham inkor qiladi. Nihoyat Vizantiyaning Provaslav cherkovini tanlaydi. Chunki bu mazhab boshqalariga qaraganda “yumshoqroq” edi. Albatta, bu bir afsona. Aslida, Vladimir masofaviy omil sababli Islomni rad etgan. Rimga bog‘lanib qolmaslik va katolik mazhabini tanlagan qo‘shni raqibi – polyaklardan ajralib turish uchun Papa cherkovini ham inkor qilgan. U nisbatan keng tarqalmagan, qudratli davlatlarning bosim o‘tkazish quroliga aylanib ulgurmagan provaslav mazhabini davlat dini sifatida tanlashga qaror qilib, Sharqiy Yevropada alohida kuchlar muvozanatini yaratishga harakat qilgan.

“Chegara hudud”

Hozirgi kunda Ukraina o‘z nomiga mos ravishda yana bir bor chegara hududga aylanib qoldi. Ko‘rib turganimizdek, Rossiya va Yevropa Ittifoqi Ukrainani o‘z tomoniga og‘dirish uchun zo‘r berib harakat qilishmoqda.

Ko‘pchilikning nazdida, Rossiya faqatgina o‘z ta’sirini saqlab qolish uchun Ukrainani boy berib qo‘yishni istamayapti. Lekin masala ko‘ringandan-da jiddiy: Ukraina Rossiya uchun millat xavfsizligi darajasiga ega muhim geostrategik davlatdir. Agar Ukraina G‘arb ta’siriga tushib qolgudek bo‘lsa, unda uzoq vaqtdan beri G‘arbning Rossiyani sekin-asta holdan toydirib, qudratini pasaytirib borishga doir strategiyasiga qulay yo‘l ochiladi. Albatta, bu bilan G‘arb Rossiyaga ochiqdan-ochiq raqib deyish fikridan yiroqmiz,lekin G‘arbda rasmiy Moskvaning xalqaro maydondagi qudratining pasayishidan manfaatdor kuchlar talaygina.

Xaritaga nazar tashlansa, Ukraina Rossiya uchun Yevropaga yagona kirish yo‘li ekanligini ko‘rish mumkin. Polsha allaqachon Rossiya ta‘sir doirasidan chiqib ketib, g‘arbparast siyosat yuritmoqda. Boltiqbo‘yi davlatlarida esa anti-rus kayfiyat yuqori.


Putin Rossiyasi tomonidan olib borilayotgan “Yevropani gaz quvurlari bilan shturm qilish” siyosati uchun yagona ko‘prik – o‘tish yo‘li – Ukrainadir. Shu sababli rasmiy Kiyevda rossiyaparast hukumat qudratda bo‘lishi Rossiya uchun o‘ta muhim hisoblanadi.

Bundan tashqari Ukrainaning Odessa va Sevastopol portlari Rossiyaga Qora dengiz, u orqali O‘rta Yer dengiziga chiqish imkonini berib, ham harbiy ham iqtisodiy ahamiyatga egadir. Agar bu portlar qo‘ldan boy berilsa, Rossiya Arab davlatlari va Shimoliy Afrika, Misrdagi Suvaysh kanali orqali Qizil dengiz, Arab dengizi va Hind okeani, Gibraltar orqali Atlantika okeaniga chiqish kabi o‘ta muhim imkoniyatlardan mahrum bo‘ladi.
Bu imkoniyatlarni kesish orqali Rossiyani holdan toydirish, rasmiy Moskvaning Ukraina hududi orqali amalga oshiradigan “gaz hujumlari”ni to‘xtatib qolish G‘arb uchun muhim hisoblanadi.


2004-yildagi Norinj Inqilobida ham Ukraina ikki qudratli kuch o‘rtasida talash bo‘lgan edi. Rossiyaparast, deb ayblangan Viktor Yanukovichning o‘sha yildagi saylovlarda g‘alaba qozonishi ortidan keskin namoyishlar boshlanib ketgan edi. Muholifat saylov natijalari soxtalashtirilganligini da’vo qildi, natijada Yanukovich hokimiyatni topshirishga majbur bo‘ldi. Putin Ukrainada rossiyaparast hukumat yaratishga 6 yil urindi. Nihoyat, 2010-yildagi saylovlarda Viktor Yanukovich yana bir bor hokimiyatga kelishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu saylovni esa Rossiya bilan qalin aloqalarga ega bo‘lgan ukrain oligarxlari moliyalagan edi.  Moskva bilan nisbatan sovuq aloqalarda bo‘lgan bosh vazir Yuliya Timoshchenko turli ayblovlar bilan qudratdan olib tashlandi.

Savol tug‘iladi: nega namoyishlar aynan hozir bo‘lmoqda? Javob topish uchun Norinj Inqilobidagi vaziyatga nazar tashlash lozim. 9 yil oldin sodir bo‘lgan namoyishlarni tashkil etishda Vladimir Putin G‘arb maxsus hizmatlari va nodavlat tashkilotlarini ayblagan edi. Albatta, uning ayblovlarida asos yetarlicha. Hozirgi vaziyatda ham tashqi kuchlarning aralashuvi yaqqol ko‘rinib turibdi. AQShlik senator Jon MakKeynning Ukrainaga tashrifidan G‘arbning anti-rossiya kuchlarni ochiq-ochiq qo‘llayotganini ta’kidlash shart bo‘lmasa kerak.

AQSh yangi asrning birinchi o‘n yilligida Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar bilan band bo‘ldi. Bu vaqt ichida Rossiya bilan munosabatlarda ziddiyat paydo bo‘lishidan rasmiy Vashington manfaatdor emas edi. Yevropaga esa 2008-yilda boshlangan moliyaviy inqiroz kuchli zarba berdi. Inqiroz davomida ayrim Yevropa davlatlari, ayniqsa, Germaniya Rossiya bilan yaqinlashishga majbur bo‘ldi. Endilikda G‘arb davlatlari Rossiyani siquvga olishga yana bir bor tayyorlar.

Joriy vaziyat yuzasidan ukrain xalqi ham ikki lagerga ajrab ketgan. Mos ravishda G‘arbiy Ukraina aholisi Yevropa Ittifoqiga kirish tarafdori, Sharqiy Ukraina aholisi esa Rossiya bilan yaqin aloqada qolishni istaydi. Ukrainaning asosiy eksporti Rossiyaga yo‘naltirilgan. Bu eksportdan manfaatdor oligarxlar va aholining o‘ziga to‘q qatlami sharqda yashaydi. G‘arbda esa, asosan, Yevropa tomonidan moliyalanadigan zavod-fabrikalar joylashgan. Ular G‘arb bilan aloqalarning yomonlashishi natijasida o‘z tirikchilik manbalaridan ajralib qolishni istashmaydi. Mamlakatning ikkiga ajralib qolganligi 2010-yilgi saylovlarda ham yaqqol ko‘zga tashlangan edi. O‘shanda Viktor Yanukovichni asosan sharqiy hudud, Timoshchenkoni esa g‘arbiy hudud aholisi qo‘llab quvvatlagan.


Ukrain hukumati hozirda ham tashqi ham ichki tomondan ikki o‘t orasiga tushib qolgan. Ukraina uchun hozirda aniq bir tanlov mavjud emas. Voqealar rivoji bizga qanday natijalarni namoyon qilishini esa faqat vaqt ko‘rsatadi.

4 комментария:

  1. Manimcha Putin hech qachon Ukrainani Yevropa berib qo'ymaydi. Bu yerda Yevropa tushunchasi nisbiy, Ukrainani Yevrozonaga qo'shishdan eng katta manfaatdor davlat bu- AQSH. Ukraina Rossiyaga qarshi harbiy baza uchun juda qulay hudud. Muallifga katta raxmat maqola uchun. Ammo iltimos maqolalarni tez tez yangilab tursansiz

    ОтветитьУдалить
  2. Макола жудаям холис езилган гап йук!!!

    ОтветитьУдалить
  3. qachon yangi maqolani chop qlasla , tez tezda yanglap turila har kuni kiraman yangi maqoladan darak yoq.

    ОтветитьУдалить
  4. Ukrainani Evropa tomonga burilishga tosqinlik qilayaotgan narsa, ukrain sanoatidagi standartlar EInga mos kelmasligi EIda yuqori talab va standartlar asosida mahsulot chiqariladi, hozirgi ukrain sifat standartlarida ishlab chiqarilgan mahsulotni EI hududida sotolmiydi. Albatta Ukraina uchun Yevropa maqulroq kelajak uchun ham,boshida qiyin bolishi mumkin lekin kelajakdagi dividentlar yuqori. Yevropaga intilayotganlarni asosini ukrain yoshlari tashkil qiladi, asosiy tosiq oligarxlar,sharqiy ukrainaliklar va rossia

    ОтветитьУдалить