03.10.2012

Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan xudud?

Buyuk O'yin
              Hammamiz bu geostrategik hodisa haqida oz muncha bo'lsa ham eshitgan bo'lgan bo'lsak kerak. Chunki "Buyuk O'yin" aynan biz yashab turgan xududlarni egallash uchun o'z vaqtining buyuk imperiyalari bo'lmish Rossiya va Buyuk Britaniya orasida bo'lib o'tgan geopolitik raqobatdir. Bu holatning kelib chiqishi uzoq tarixga va bosqichlarga ega, uning oqibatlari esa nafaqat O'rta Osiyo balki butun dunyoning siyosiy tuzilishiga katta ta'sir ko'rsatgan. Hatto hozir ham bu geostrategik o'yin "Yangi Buyuk O'yin" nomi bilan davom etmoqda, tarikiy aktyorlar va kuchlar nisbati o'zgargan bo'lsa ham, ko'z ostiga olingan xudud hali ham o'sha o'shadir, ya'ni biz yashab turgan O'rta Osiyo xududlariga to'g'ri keladi. "Yangi Buyuk O'yin" haqida keyingi maqolamda to'liqroq ma'lumotlar berishga harakat qilaman, bugun esa O'rta Osiyoning geopolitik jihatidan kashf qilinishi va "Buyuk O'yin"ning boshlanishi haqida.
"Meni do'stlarimdan qutqaringlar" - "Buyuk O'yin" davridagi karikatura: Afg'oniston Amiri Sher-Ali Rus imperiyasi (ayiq) va Buyuk Britaniya (Sher) orasida.
            Buyuk O'yinning boshlanishiga asosan dunyoning ikki buyuk imperiyasining o'z mustamlakalari ustidan nazorat o'rnatishga harakati asosiy sabab bo'lgan bo'lsa ham, o'tgan maqolamda aytib o'tganimdek Makkinderning "Heartland" nazariyasi ingliz imperiyasining Yevrosiyoning markazini mustamlakalashtirish ishtiyoqini yanada kuchaytirgan. Napoleon Bonapartning yuksalishi, AQSH mustaqilligining e'lon qilinishi kabi Buyuk Britaniyaning og'ir yo'qotishlari uning dengiz dunyosida hukmronlik qilishning o'zi yetarli emasligini yaqqol ko'rsatib berdi. Natijada AQSH mustaqilligidan so'ng Buyuk Britaniya imperiyasi o'zining mustamlakachilik tizimiga katta o'zgartirishlar kiritdi. Agar ilgari inglizlar mustamlakalardan faqat resurslarni ishg'ol qilishda foydalanishgan bo'lsa, shu voqeadan keyin mustamlakalar ichida ham rivojlanishni, inglizlashtirishni kuchaytirdilar. Ayni paytda esa dunyoni bo'lib olishda buyuk imperiyalar orasida ayovsiz raqobat bormoqda edi.

           Bir tomonda g'arb dunyosi dengiz orqali Amerika, Afrika va Osiyoning janubiy qismlarini mustamlakaga aylantirishayotgan bir paytda, sharqda Rus davlati kuchaydi va asta sekinlik bilan o'zining yuksalishini deyarli kuchli raqobatchilarsiz davom ettirdi. Rossiya podshohlari Sibir va O'rto Osiyoga bir nechta bor ekspeditsiyalar yuborib, asta sekinlik bilan slavyan dexqonlarini shu joylarga ko'chirib dunyoning eng ulkan davlatiga asos sola boshladilar. Bunday yuksalishga rus imperatori Pyotr I o'zining eng katta hissasini qo'shgan desak adashmagan bo'lamiz. XVIII-asr boshidagi "Uzoq Rus-Shved urushi" natijasida Shvetsiya mag'lubiyatga uchrab chekinadi, bu esa Rus imperiyasiga nihoyat Boltiq dengiziga yo'l ochdi. Pyotr I tezda imperiya poytaxtini Sankt-Peterburg shaxriga o'zgartirib Rus imperiyasini Yevropa mamlakati ekanligini ta'kidlashga harakat qiladi. Lekin Yevropaning qudratli davlatlari uchun Rossiyaning kuchayishi faqatgina havf olib kelishi mumkin edi. Bundan tashqari Rus imperiyasi Yevropa davlati bo'la olmas edi, geografik jihatidan ham, tarixiy bosib o'tilgan bosqichlar ham Rossiyaning Yevrosiyo davlatiligini ko'rsatib beradi. Rus imperiyasining Yevropa davlati bo'la olmasligiga yana bir muhim tarihiy sabab bordir. Hammamizga ma'lumki qadimgi Rim davlatining zaiflanib ikkiga bo'linishi natijasida qadimgi G'arbiy Rim va Vizantiya davlatlari paydo bo'lgan. 1472-yil 12 noyabrida rus shaxzodasi Ivan III ning Vizantiya imperishasi malikasi Sofiyaga uylanishi, keyinchalik esa Vizantiya Imperiyasining butunlay yo'q bo'lib ketishi oqibatida Rus shoxlari o'zlarining Vizantiya imperiyasining davomchilari sifatida "Sezar" degan unvon bilan atay boshlashgan. Garchi Mo'g'ul-Tatar xalqlarining Rossiyani ishg'ol qilishlari natijasida bu unvon vaqtinchalik ular tomonidan unvon sifatida ishlatilgan bo'lsa ham, keyinchalik Rus davlatining qayta qurilishi bilan Rus shoxlari o'zlarini "Sezar", "Tsar" deb atashda davom etishgan. Bundan tashqari Rus imperiyasi Xristian dinining provaslav mazhabida, g'arbiy yevropa mamlakatlarining esa katolik mazhabiga mansubligi ham ularning tashqi siyosatiga juda katta ta'sir ko'rsatgan, shu davrlardagi cherkovning davlat apparatiga ta'siri haqida eslashning o'zi bunga kifoya.

            "Buyuk O'yin" garchi asosan iqtisodiy va geopolitik manfaatlarni ko'zlash oqibatida kelib chiqqan raqobat bo'lsa ham, bu davlatlar o'zlarining dini va tarixi bilan bu to'qnashuvlarni oqlashga harakat qilganlar. Bu geopolitik hodisani 20-asrdagi "Sovuq Urush"ga taqqoslasak adashmaymiz. Hatto "Sovuq Urush" aynan shu to'qnashuvlar oqibatida kelib chiqqan ikki sivilizatsiyaning uzoqlashishining oqibati deb qo'rqmasdan ta'kidlashimiz mumkin. Garchi "Buyuk O'yin"da asosiy raqobatchilar Rus imperiyasi va Buyuk Britaniya bo'lgan bo'lsa ham, boshqa qudratli davlatlarning ham bu geostrategik o'yindagi roli ham katta bo'lgan. Jumladan Fransiya, Usmoniylar imperiyasi, Eron, Xitoy va Yaponiya geopolitik muvozanatga kuchli ta'sir ko'rsatganlar.
           O'sha davrning siyosiy xaritasi juda ham murakkabdir. Bir tomondan Usmoniylar imperiyasi yemirilishni boshlagan bo'lsa, boshqa tomondan Angliya va Fransiya butun dunyoni egallashga bel bog'lashgan, ayni paytda esa ular bir biriga dushman. Rus imperiyasi esa ham Usmoniylardan, ham Napoleon qo'shinlaridan, ham Angliyaning O'rta Osiyoga kirib kelishidan havfsiragan holda o'zining tashqi siyosatini yakka holatda davom ettiradi. Napoleon Misr va Suriyani bosib olgandan so'ng u Xindistonga yurish boshlamoqchi ekanligi haqida mish mishlar tarqaladi. Natijada bundan havfsiragan Rossiya o'zining  janubiy hududlarini, jumladan Qora dengiz bo'ylaridagi kuchlarini mustahkamlaydi. 1812-yilda Napoleon Bonapartning Rus qo'shinlari tomonidan mag'lubiyatga uchrashi Buyuk Britaniyaning iqtisodiy blokadadan chiqishga yordam berdi, lekin Rus-Ingliz munosabatlari sovuqligicha qoldi. Shunday qilib Napoleon Bonapartning mag'lubiyatidan so'ng dunyoda eng kuchli davlatlar orasida Rus va Britaniya imperiyalari alohida ajralib chiqishdi. Qolgan imperiyalar hali inqirozga yuz tutmagan bo'lishsa ham, ularning bosib olishlik siyosati ancha susaygan edi. Shimoldan Ruslar O'rta Osiyoga kirib kelishni boshlashgan bir paytda Buyuk Britaniya qo'shinlari Xind yarimorolining shimoliy qismlarida o'z qarorgohlarini qura boshladilar.

Rus imperiyasi janubda Eron xududiga, g'arbda Usmoniylarga tegishli bo'lgan Bolqon mamlakatlariga Xristianlarini ozod qilish shiori ostida va O'rta Osiyoga yurishlar qilib o'z hududini kengaytirishda davom etadi. Bu voqealarni Britaniya imperiyasi havfsirab kuzatib turadi va nihoyat 1838-yilda Angliya o'zining 30ming kishilik qo'shini bilan Afg'onistonga bostirib kirib Qobulni o'ziga bo'ysundiradi. Lekin bu okkupatsiya ko'p davom etmaydi, uch yildan so'ng ya'ni 1841-yilda Afg'onistonda inglizlarga qarshi qo'zg'olon ko'tariladi. Ko'p ingliz amaldorlari vahshiylarcha o'ldiriladi, qolagnlari mamlakatni tark etadi, asir tushganlar esa katta miqdorda boj evaziga ozod qilinadi. Bu qo'zg'olonning tashkil etlilishida Rus imperiyasining qo'li borligi ba'zi tarixiy ma'lumotlarda aytib o'tiladi.
Eron, Rus va Britaniya imperiyalari ta'siri ostida.
             
1853-yilda Rus imperiyasi va Usmoniylar imperiyasi orasida muqaddas hududlar baxonasida, bosfor qo'ltig'i va O'rta yer dengizidagi strategik nuqtalarni egallash maqsadida "Krim urushi" boshlanadi. Garchi Angliya va Fransiya Usmoniylar imperiyasining shimoliy Afrikadagi yerlarini ishg'ol qilib unga nisbatan dushmanlik munosabatida bo'lishgan bo'lsa ham bu urushda ular Usmoniylar bilan koalitsiya tuzib Rus imperiyasiga qarshi urushga kiradilar. 1856-yilda "Krim urushi" ruslarning mag'lubiyati bilan tugaydi. Lekin 1877-1878 yillarda "Rus-Turk urushi" aynan "Krim urushi" oqibatida yo'qotilgan mavqeini qaytarib olish maqsadida ruslar tomonidan boshlandi. Bu safar Usmoniylar imperiyasi mag'lubiyatga uchraydi. Bu mag'lubiyat oqibatida Rossiya nafaqat Krim yarimoroli va Qora dengiz balki Bolqon mamlakatlari orasida ham katta obro' qozondi. Bu esa Angliya uchun juda ham havfli holat keltirib chiqardi. Avstriya-Vengriya, Prussiya va Rus imperiyalari Angliyaning dunyodagi gegemoniyasiga qattiq ta'sir ko'rsatishlari mumkin edi. 1878-yilning o'zidayoq Angliya ikkinchi marta Afg'onistonga o'zining 39 ming kishilik qo'shini bilan kirib uni ishg'ol qiladi. Lekin bu safar ham ingliz qo'shinlariga qarshi qo'zg'olon ko'tarilib ular mamlakatdan haydab chiqariladi. 1885-yilda rus qo'shinlari Afg'onistonning shimoliy qismlariga hujum qilishadi, Angliya hujumni to'htatishni qat'iy talab qiladi, lekin Rus qo'shinlari bu yerlarning Turkman qabilalariga qarashli ekanligini sabab qilib ko'rsatgan holda o'z harakatida davom etadi. Angliya Afg'onistondan Rossiyaga qarshi chiqishni talab etadi, Rus-Afg'on qo'shinlari Kushka shaxri yaqinida to'qnashadilar. Afg'on qo'shinlarining mag'lubiyatidan so'ng Rossiya va Angliya o'rtasida sulh tuzilib, Kushka shaxri va Pomir Rus imperiyasi hududi deb tan olinib, Afg'oniston ikki ulkan imperiya orasidagi ochiq zona sifatida qoldirilishga kelishildi. Ayni shu yili Rus imperiyasi O'rta Osiyoning ohirgi bo'ysundirilmagan davlati Xiva xonligini bosib oladi va hozirgi O'rta Osiyo butunlay rus mustamlakasiga aylanadi.
           Afg'oniston va O'rta Osiyo ruslar hisobiga bir yoqli bo'lgandan keyin ikki imperiya o'rtasidagi raqobat XX-asrning boshlarida boshqa xududlarda, jumladan Eronda, Qoshg'ar va Tibet provinsiyalarida davom etadi. Eron ikki uch qisimga bo'linib, shimolda ruslar, janubda inglizlar o'rtada esa neytral xudud joriy qilindi. 1904-1905-yillarda bo'lib o'tga Rus-Yapon urushida Angliya Yaponiyani qo'llab quvvatlab Rossiya mag'lubiyatga uchraydi, bu esa uning uzoq sharqdagi mavqeioni kuchsizlantiradi. Natijada Tibet va Qoshg'ar viloyatlari Xitoy qaramog'ida qoldiriladi. Keyinchalik Germaniyaning kuchayishi, 1-jaxon urushi va Rus imperiyasidagi Oktyabr revolyutsiyalari natijasida "Buyuk O'yin" ikki davlat tashqi siyosatining kun tartibidan olib tashlanadi.
          Albatta o'quvchi bu maqolani o'qib biror joyda ham Farg'ona so'zini ko'rmay mavzu bilan aloqasini topolmay hayron bo'lishi aniq. Lekin yuqoridagi voqea va hodisalar O'rta Osiyoning taqdirida juda katta rol o'ynagan, Farg'ona vodiysi esa O'rta Osiyoga ta'sir etish uchun qo'l keladigan xududdir. Keyingi mavzularimiz orqali tarixni keyingi bosqichlarini va qanday qiloib O'rta Osiyoning hozirgi ahvolga kelgani haqida yoritishga harakat qilamiz.

Комментариев нет:

Отправить комментарий