04.04.2013

SOVUQ URUSHDAN KEYINGI DUNYO: YANGI DAVR


Ma`lumki, Amerika Qo`shma Shtatlari va Sobiq Sovet Ittifoqi o`rtasida bo`lib o`tgan Sovuq Urush  deb atalmish davr 1991-yil 31-dekabr kuni SSSRning parchalanishi ortidan o`z nihoyasiga yetdi. Bu davr Ikkinchi Jahon Urushi tugagandan so`ng, AQSH va SSSR Yevropani bo`lib olishlari bilan boshlangan edi. Sovuq Urush Yevropa imperial tizimining tugatilishi, yangi davlatlarning paydo bo`lishi, ikki qutb qudratlari o`rtasida nazorat va ta`sir borasidagi qarama-qarshiliklar bilan e`tiborga molik davrdir. Albatta, Sovuq Urushning boshqa tomonlari va bosqichlari ham bor, lekin qisqa qilib aytganda bu davr Yevropaning zaiflashishi ustiga qurilgan qarama-qarshiliklardan iborat edi. 
Yangi dunyo tartibi borasida fantaziyalarga asoslanib chizilgan xaritalardan biri

Sovuq Urush tugashi bilan xalqaro tizimda ko`pgina o`zgarishlar kuzatildi. Ayniqsa 1991-yilning o`zi favqulodda holatlarga boy bo`ldi: Yapon iqtisodiy mo`jizasi yakuniga yetdi; Tiyananmen maydoni fojeasi ortidan xalqaro hamjamiyat tomonidan siqib qo`yilgan Xitoy jadallik bilan Yaponiya o`rnini egallay boshladi, Xitoy Kommunistik Partiyasi kuchayib bordi; Maastrixt Shartnomasi imzolanib, Yevropa Itiifoqiga tamal toshi qurildi; Qo`shma Shtatlar boshchiligidagi kuchlar Iroq qo`shinini Quvaytdan xaydab chiqarish uchun intervensiya uyushtirdi.  

Sovuq Urushdan keyingi dunyoni uch narsa belgilab beradi: AQSHning jahondagi yagona qudratga aylanishi, Xitoyning arzon ishchi kuchi sharofati bilan xalqaro sanoat markaziga aylanishi va Yevropaning qayta uyg`onishi.
Bu vaqtda esa Sobiq Ittifoqning asosiy qismi bo`lgan Rossiya ichki muammolar girdobiga tushib qolgan, bir vaqtlar iqtisodiyotda jahon durdonasi sanalgan Yaponiya esa tushunib bo`lmas iqtisodiy yo`lga o`ta boshlagan edi.
Sovuq Urushdan keyingi ikki bosqichga bo`linadi. Birinchisi, 1991-yil 31-dekabrdan 2001-yil 11-sentyabrgacha bo`lib o`tgan bo`lsa, ikkinchisi 2001-yil 11-sentyabrdan hozirga qadar davom etib kelmoqda.
Birinchi bosqichda AQSH dunyoning harbiy va siyosiy ustuni maqomini qo`ldan boy bermadi, biroq bu ikki qudrat o`rnini boshqa bir narsa egallay boshladi – iqtisodiy ustunlik.
Ikkinchi bosqichda ham, asosan, Qo`shma Shtatlar, Xitoy va Yevropa ishtiroki kuzatildi. Biroq ularning harakatlari bir-biridan farqli bo`ldi. AQSH harbiy kuch yordamida Islom Dunyosidagi muvozanatni o`zgartirishga uringan bir vaqtda, Xitoy va Yevropa asosiy e`tiborni iqtisodiyotga qaratishdi.

Xalqaro tizimning uch ustuni


Yangi davrda Yevropa siyosiy jihatdan bo`linib ketib, asosiy e`tiborni iqtisodiyotga qaratishda davom etmoqda. Maastrixt Shartnomasidagi birlashgan Yevropa g`oyasi deyarli barchaning yodidan ko`tarildi. Yapon iqtisodiy mo`jizasi o`rnini egallagan Xitoy iqtisodiy mo`jizasi ham harbiy soha tomon yo`rg`alamoqda. AQSH Islom Dunyosidan chekinib, global qudrat borasidagi taktikalarini qaytadan ko`zdan kechirib chiqmoqda. Ayni vaqtda 1991-yildagi dunyodan asar ham qolmagan.

Yevropa davlatlarining birlashishi va birgalikda taraqqiyot uchun harakat qilishini ko`zda tutgan Yevropa Ittifoqi a`zolar o`rtasidagi integratsiya muammosi bilan yuzma-yuz turibdi. Turli davlatlar birdamligi namunasi bo`lgan Yevropa Ittifoqi asta-sekinlik bilan parchalanib bormoqda. Davlatlar o`rtasida o`zaro ishonch darajasi pasayib ketgan va iqtisodiy inqiroz butun ittifoqni qamrab olgan.

Iqtisodiy manfaatlarni himoya qilish va parchalanish ortidan yuzaga keluvchi siyosiy inqirozni bartaraf etish niyatida Germaniya Yevropa Ittifoqini saqlab qolishga zo`r berib  urinmoqda. Biroq bir vaqtda Ittifoqni nazoratiga olishni ham xohlayapti. Bu esa a`zo davlatlarga yoqmasligi turgan gap. Xuddi shu – bir davlatning boshqalar ustidan xukmronlik qlishga urinishi Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarning sovushi va o`zaro ishonchsizlikning asosiy omilidir.

Ayni damda qarzga botgan Kipr inqirozi Ittifoq parchalanish jarayoni boshlanganidan darak beradi. Kipr inqirozi ortidan Yevropa davlatlarining mas`uliyatsizligi, kuchli davlatlarni kuchsizlari ustidan nazorat o`tkazishi va byudjet borasidagi adolatsizliklarni ko`rish mumkin.  

Uzoq vaqt davomida Yevropa Ittifoqi davlatlari Kiprning Ittifoqqa qabul qilinishi xato bo`lganligini ta`kidlab kelishdi. Lekin hozirgi vaqtda Ittifoqdagi har bir davlat haqida shunday deyish mumkin. Yevropaning oldingi qudrati deyarli qolmadi va har bir davlat faqat o`zi uchun javob berishni xohlamoqda. Kipr hodisasi esa ojiz davlat qachondir baribir uloqtirilib tashlanilishini isbotladi. Bu isbot boshqa kuchsiz Yevropa davlatlarini integratsiyani kuchaytirishga undaydi. Sababi ojiz davlat uchun o`zaro birlikning bahosi doim baland bo`lgan, ular ayri holda yashay olishmaydi, o`zlarini o`zlari ta`min eta olishmaydi. Boshqa ko`z bilan qaralganda esa, Yevropa davlatlarining har biri qaysidir jihatdan ojiz.

Bunday sharoitda suverenitet har bir davlat uchun o`ta muhim narsaga aylanadi. Har bir davlat o`zini saqlab qolish, navbatdagi Kiprga aylanmaslik uchun zo`r berib harakat qiladi. Ittifoqdoshlariga ortiq ishonchi qolmagan davlatlar o`zini torta boshlaydi, umidi faqat o`zidan bo`ladi. Qisqa qilib aytganda, ko`hna Yevropadagi avtoritar natsionalizmi qayta dunyoga keladi va natijada Ittifoq parchalanib ketadi.
Geosiyosiy tahlilchilar anchadan buyon Xitoyning shiddat bilan rivojlanayotgan iqtisodiyoti bir xil darajada davom etmasligini ta`kidlab kelishardi. Buning sababi sifatida eksportga asoslangan iqtisodiyot ichki talabni qondirmasligi, oxir-oqibat bu talab inqilobiy bilan yo`l bilan qondirilishi bilan izohlandi. Xitoy hukumati doim shu narsadan cho`chib keldi. Endilikda esa Pekin eksportdan kelayotgan foydani ichki hayotga yo`naltirishga majbur bo`lmoqda. Shu sababli bundan buyog`iga Xitoyning iqtisodiy yuksalishida turg`unlikni kuzatishimiz mumkin. Xuddi shunday holat bir vaqtlar Yaponiya bilan ham sodir bo`lgan va u abadiy davom etadi deb ishonilgan Yapon iqtisodiy mo`jizasini yakun topishidagi asosiy omil edi. Yapon hukumati ichki barqarorlikni saqlash maqsadida milliy kompaniyalarga homiylik qilgan va odamlarning maoshlarini oshirgan, biroq bu pullar yana davlatga qaytib kelmagan. Natijada davlat ulkan kamomad iskanjasida qolgan edi. Ammo Yaponiya bilan Xitoyni bu borada solishtirib bo`lmaydi. Chunki 1980-yillarning oxiri va 1990-yillarning boshlarida bo`lib o`tgan Yapon iqtisodiy inqirozi davrida Yaponiyada Xitoydagidek milliard qashshoq odam mavjud emas edi. Shu sababli Yaponiya o`z mavjudligi va qudratini saqlab qoldi. Agar Xitoy iqtisodiy inqiroz bilan yuzlashgudek bo`lsa, o`z mavjudligini saqlab qolishi amri mahol bo`ladi. Davlat kuchsizlanishi bilan mamlakat tarkibidagi muammoli hududlar chiqib ketish yo`lidagi harakatlarini jadallashtirishadi.

Yuqorida ta`kidlangandek, Xitoy va Yevropa Sovuq Urushdan keyin deyarli bir yo`nalishdan ketishdi. Ular iqtisodan baquvvat qudrat ichki va tashqi geosiyosiy masalalarni osonlik bilan hal eta oladi, deb noto`g`ri o`ylashdi. Faqatgina iqtisodiyotga urg`u berishdi. Ularning gullab-yashnagan davri 1991-2008-yillarga to`g`ri keldi va bu ular tarixidagi o`ziga xos bir davr edi. Endilikda ularning ravnaqi o`z nihoyasiga yetmoqda.
Bir vaqtning o`zida ham Ittifoq va ham suverenitet xohlagan Yevropa yakdillik yo`qligi sababli siyosiy inqirozga yuz tutmoqda. Ittifoq tuzilishidan oldin har bir davlatning o`ziga yarasha manfaati borligi va manfaatlat o`zaro mos emasligi hisobga olinmagan edi.
 Kommunistik rejim sharoitida erkin bozorni yaratishga uringan Xitoy ham bu rejim erkin iqtisodiyot talablari bilan mos emasligini e`tibordan qochirgan edi. erkin iqtisodiyot davlatning aralashuvini hazm qilolmaydi, Xitoy hukamati esa uni qattiqqo`llik bilan nazorat qilishni istadi. Sababi nazorat qilinmaydigan erkin iqtisodiyot muhitida kommunistik rejim yashab qololmaydi.
Sovuq Urushdan so`ng ham Qo`shma Shtatlar dunyo nazoratchisi maqomini saqlab qolish maqsadida harbiy intervensiyalardan voz kechishni istamadi. U ko`proq harbiy kuchga urg`u berdi. Biroq AQSh dunyo endilikda yangi davrga qadam qo`yganligini yodidan chiqardi. Biror davlatni kuch bilan osonlikcha bosib olish mumkin, lekin o`zga jamiyatlarni amerikacha dunyoqarash bilan o`zgartirishning deyarli iloji yo`q. AQSH shu narsani e`tibordan qochirdi. Jahon Sovuq Urush davridagidek emas edi. Endilikda oldingidek hamma narsani harbiy kuch bilan hal qilishning imkoni yo`q. Shu sababli ham Qo`shma Shtatlar o`z imperialistik qarashlarini o`zgartirishga majbur bo`lmoqda. Amerika jahonni harbiy kuch bilan emas, balki kuchlar muvozanatini o`z foydasiga manipulyatsiya qilish orqali boshqarish yo`liga o`tmoqda.

Tan olish kerak, AQSH hanuz xalqaro tizimdagi uch ustun qudratning eng kuchlisidir. U haliga qadar jahonning eng qudratli iqtisodiyoti maqomini boy bermagan, iqtisodiy muammolari ham qolgan ikkitasiga qaraganda anchayin kamroq. Harbiy sohada ham eng qudratli davlat. Shu sababli unda yana bir jahon nazoratini o`z qo`liga olish imkoniyati mavjud.

Yangi davr boshlanmoqda


Davrlarning boshlanishi yoki tugashini oldindan aytish yoki sezish qiyin masala. Masalan, Sovuq Urush davri bir qancha bosqichlardan iborat bo`lgan. O`sha davrda Karib Inqirozi yoki Vyetnam Urushining tugashi Sovuq Urushning yakunlanganiga signal deya qabul qilingan. Biroq, bilamizki, Sovuq Urush deyarli xech kimning hayoliga kelmagan bir vaqtda yakun topdi. Hozirgi zamon esa Sovuq Urushdan anchayin farq qiladi. Bizning dunyomizda keskin hodisalar deyarli ko`zga tashlanmaydi. Shuning uchun bemalol insoniyat yangi bir davrga qadam qo`ymoqda, deb aytish mumkin. Quyida yangi davrning bir nechta alomatlarini ko`rib chiqamiz:
Birinchisi, AQSH global dominat davlat sifatida saqlanib qolar ekan, endilikda u o`z strategiyasini o`zgartirib, ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga o`tadi. Bundan keyin AQSH tomonidan uyushtiriladigan intervensiyalarni kuzatish amri mahol. U allaqachon parda ortida harakat qilishga o`tdi. Bu esa harbiy bosqindan ham xavfliroqdir, uning harakatlarini oldindan bashorat qilish o`ta mushkul holga aylanadi. Undan har narsani kutsa bo`ladi.
Ikkinchisi, Yevropa o`zining oldingi – raqobatdosh davlatlar holatiga qaytmoqda. Germaniya kabi davlatlar Ittifoqni o`z manfaati yo`lida saqlab qolishga uringan bir paytda, boshqa a`zo davlatlar Kipr hodisasidan saboq olib, o`z suverenitetlaridan ayrilib qolmaslik uchun Ittifoqdan chetlana boshlaydilar.
Uchinchisi, Rossiya 20 yillik ichki muammolaridan so`ng yana jahon geosiyosiy sahnasiga qaytmoqda. Ruslar atrofdagi mamlakatlarni yana bir nazorat ostiga olish uchun qo`llaridan kelgan har qanday ishni qilishadi. Rossiya bu harakatni allaqachon boshlagan: u ko`plab davlatlarni tabiiy gaz bilan ta`minlamoqda, Vengriya va Polshada metallurgiya kombinatlarini, Slovakiyada esa temiryo`llarni sotib olmoqda. Bu harakatlar deyarli iqtisodiy ahamiyatga ega emas. Rossiyaning yagona maqsadi davlatlarni iqtisodiy tomondan qarzdorga aylantirib, evaziga ularni siyosiy jihatdan nazorat qilishdir.

To`rtinchisi, Xitoy iqtisodiy oqsash jarayoniga o`tmoqda. Gullab-yashnamagan iqtisodiyotsiz kommunistik rejim xech narsa deganidir.
Beshinchisi, uchinchi dunyo mamlakatlari geosiyosiy va iqtisodiy markazlarga aylanmoqda. Butun dunyo iqtisodiy inqirozga cho`mib borar ekan, bu davlatlar, masalan, Lotin Amerikasi, Afrika va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari arzon ishchi kuchi bilan jahon qudratlari e`tiborini o`zlariga jalb qilishmoqda.

Kuchlar muvozanatidagi nisbiylik



Kuchlar muvozanatida paradoks mavjud. Qo`shma Shtatlar yo`l qo`ygan qator xatolar, Yevropaning parchalanuvi va Xitoyning ojizlashuvi – barchasi nisbiydir. Yangi davrda kuchlar muvozanatida kim dominantlik qiladi, degan savol o`rtaga chiqishi tabiiy. Agar obyektiv fikrlaydigan bo`lsak, AQSH bundan keyin ham jahondagi asosiy qudrat bo`lib qolishini anglab yetishimiz mumkin. Sababi Xitoy va Yevropa bor e`tiborni iqtisodiyotga qaratishdi. Qo`shma Shtatlar esa iqtisod, siyosat va harbiy kuchni o`zaro birlashtirdi, xech birini boshqasidan ustun qo`ymadi. Shu sababli ham dunyoda moliyaviy inqiroz boshlanganda AQSH o`zini tutib qola oldi. Yevropa esa birinchi bosqichdayoq deyarli bor nazoratni qo`ldan chiqardi.
Yevropa ichki muammolar girdobiga tushib qolgan bir paytda, Xitoy AQSHning asosiy raqobatchisi bo`lib qolmoqda. Xitoyliklar barcha kuch iqtisodiyotda emasligini anglab yetishdi, endilikda ular harbiy sohaga ham e`tiborni oshirishmoqda. Biroq harbiy jihatdan global qudratga aylanish oson ish emas, ayniqsa Xitoy kabi iqtisodiy turg`unlik bilan yuzlashayotgan bir mamlakat sharoitida.
AQSH nafaqat dunyo, balki ichki kuchlar muvozanatini ushlab qolganligi sababli ham Sovuq Urushda g`olib chiqdi. Uning global dominantlikdagi ikki asosiy raqibi o`z muammolari bilan band ekan, jahon siyosiy sahnasiga dominatlikni da`vo qiluvchi boshqa kuchlar ham chiqib kelishi mumkin. Demak, biz haqiqatan ham yangi davrga qadam qo`ymoqdamiz.  

Комментариев нет:

Отправить комментарий