03.05.2013

BOSTON VOQEASI “JIHOD”MI?

So`nggi 15 kun ichida Internet orqali tarqatilgan ma`lumotlarga razm solar ekanman, Boston portlashlari va aka-uka Sarnaevlar haqida yozmagan faqat biz qolibmiz. Biroq Biz bugun birdaniga mashxur bo`lib ketgan ikkovlon yoki Boston portlashlarini kim amalga oshirilgani haqida suhbatlashmaymiz. Biz uchun Boston voqeasining deyarli ahamiyati yo`q.

Balki aka-ukalar "soqolsiz jihod"ni boshlab berishgandir?


Islomiy jihod va uning geosiyosatga ta`siri haqida turkum maqolalarimizda atroflicha ma`lumot berishga harakat qildik. Bugun mavzu esa hamisha e`tibordan chetda qolib ketadigan jihodchilardir.

Jihodchilar kimligi hammaga yaxshi ma`lum – jihodni amalga oshirishdagi asosiy ishtirokchilar. Hozirgi kun jihodchilairni uch turkumga ajratish mumkin: 1) al-Qoida a`zolari, 2) hududiy jihodchi tashkilotlar a`zolari va 3) biror tashkilotga a`zo bo`lmagan, biroq ma`lum kuchlar ta`sirida radikallashgan mustaqil jihodchilar.

Bu uch turkumni faoliyatiga qarab yana ikki turga bo`lish mumkin: professional va havaskor. Al-Qoida yoki biror tashkilot a`zoligida bo`lgan jihodchilar odatda tajribali bo`ladilar. Ular qudratli homiylarning ko`magiga tayanadilar, eng so`nggi uskunalar bilan ta`minladilar va, asosiysi, professional jihodchilarning asosiy maqsadi odatda Islomni himoya qilish yoki shahidlikka erishish bo`lmaydi. Terrorchilik aktlarini amalga oshirish ularning asosiy turmush kechirish manbaasiga aylanadi. Shu sababli tajribali jihodchilar ko`p hollarda qurbon bo`lmaydilar. Ular o`z ishlarini amalga oshiradilar va hizmat haqlarini oladilar.

Xudkushlik amallari, ya`ni o`z-o`zini qurbon qilish orqali “kofirlar”ni yo`q qilish va shahidlikka erishish, odatda, havaskor va o`ta darajada radikallashgan jihodchilar tomonidan sodir etiladi. Bu toifadagi jihodchilar muqaddas Islom dinini himoya qilishni o`zlari uchun burch sifatida qabul qiladilar va buy yo`lda jonlaridan ham kechishga tayyordirlar. Havaskor jihodchilar mustaqil harakat qilganlarida deyarli xavf tug`dirishmaydi, chunki o`z nomi bilan ular havaskor. Ular strategiya va taktikasiz harakat qiladilar va shu sababli ko`p xollarda xavzsizlik kuchlari ularni payqab qoladi. Ular aqlga emas, xissiyotga tayanib ish ko`rishni xush ko`radilar. Shu tomon bilan ular ancha zaifdirlar. Garchi havaskor jihodchilar odatda biror tashkilot yoki guruh a`zosi sanalmasalarda, ba`zi hollarda yollanishlari mumkin. Ana shunda ular o`ta xavfli kuchga aylanadilar. Havaskor jihodchini yollab, shundoq ham radikal bo`lgan qarashlarini yanada radikallashtirib, ozgina ta`lim berib (ya`ni jihodiy ta`lim), moddiy va tehnikaviy tomondan ta`minlab, uni daxshatli o`lim mashinasiga aylantirish juda ham oson. Yollangan havaskor jihodchi professional “hamkasb”i amalga oshirolmagan har qanday ishni bajarishi mumkin. U xech narsadan qaytmaydi. Unga boylik, rohat, o`z joni, o`zgalar jonining zarracha qizig`i yo`q.

Jihodchi kim o`zi? Bu savolga yana qaytishimizga to`g`ri keladi. Jihodchi faqatgina beliga bomba bog`lab yoki bomba qo`yilgan mashinani “kofirlar to`dasi” ichiga qo`yib ketadigan shaxsmi? Yo`q. Biz jihodchi deganda faqat amalga oshiruvchilarni emas, balki tashkilotchilar, reja tuzuvchilar, moliyaviy va texnikaviy ta`minotchilar, kuryerlar, haydovchilar, kuzatuvchilar, xabarchilar, bomba tayyorlovchilar va yana ko`pchilikni tasavvur qilishimiz lozim. Jihodchi filmdagi bosh qahramon bo`lsa, kadr ortidagi “zahmatkashlar”ni ham yoddan chiqarmasligimiz lozim. Biroq bunday katta jamoa, odatda, professional jihodga taalluqli. Yollanmagan havaskor jihodchilar yoki shu toifadagi jihodchilarning kichik guruhi yolg`iz va keng imkoniyatlarsiz ishlashga majburdirlar. Lekin bu ularning qo`lidan xech narsa kelmaydi degani emas. Bundaylar odatda yolg`iz harakat qilishni afzal biladigan, o`ta professional bo`ladilar.

Yana biror tashkilot bilan aloqador, lekin uning a`zosi bo`lmagan mustaqil jihodchilar toifasi ham mavjud. Bunday jihodchilar terrorchi guruhlar bilan hamkorlikda ularning harbiy lagerlarida tayyorgarlikdan o`tadilar, lekin guruhga a`zo bo`lmaydilar, qasamyod qilmaydilar, tashkilot rahbarlarining buyruqlariga itoat qilmaydilar.

Al-Qoida kabi terrorchi tashkilotlar Sudan, Afg`oniston va Pokiston kabi davlatlarda har yili diniy radikalizm ta`sirini yoyish uchun har yili o`n minglab mustaqil jihodchilarni “beminnat” tayyorgarlikdan o`tkazadi, tayyorgarlikdan so`ng ularga tashkilot rahbarlari “oq fotiha” berishadi. Shu bilan jihodchilar va tashkilot o`rtasidagi aloqalar yakunlanadi. Faqat ba`zi “o`ta iqtidorli talabalar”gina tashkilot tarkibiga qo`shilishga taklif qilinadi. Ularning “iqtidorlari”ga qarab qurollar kontrabandachisi, bomba tayyorlovchi, josus, aloqachi va soxta xujjat tayyorlovchi kabi “lavozimlar” beriladi. Biroq juda kam mustaqil jihodchilar bu tariqa tashkilot tarkibiga kirishlari mumkin.

Tayyorgarliklardan so`ng ko`pgina jihodchilar uylariga qaytishib, odatiy turmush tarzlarini davom ettirishadi va ularga umrlarini so`ngiga qadar birorta “muqaddas yumush”ni amalga oshirish nasib etmaydi . Ba`zilarigina o`z xohishlari bilan Yaman, Aljir, Liviya, Iroq va Suriya kabi notinch hududlarga borib, faoliyat yuritishlari mumkin.

Diniy radikalizm ta`siriga tushib qolib, o`zini jihodchi sanaydiganlar toifasi ham mavjud. Garchi hozircha diniy radikalizm amali ekanligi isbotlanmagan bo`lmasada, qo`lga olingan gumonlanuvchi va portlashlardagi bir qancha o`zaro bog`liqliklarni ko`rish mumkin. Aka-uka Sarnaevlar ommaga tanilguncha o`tkazgan hayot tarzi, terrorristik akt rejasi va Johar Sarnaevning bergan ko`rsatmalari portlash diniy ekstremizm ta`siri ekanligiga ko`proq ishora qilmoqda.

Agar Sarnaevlar haqiqatda portlashni amalga oshirishgan bo`lsa, u holda aka-ukalarni eng so`nggi jihodchilar toifasiga kiritish mumkin. Ya`nib u toifadagi jihodchilar, xatto, havaskorlardan ham uquvsiz bo`lishadi. Boston voqeasida ishlatilgan bombalar o`ta sodda bo`lib, FQB (Federal Qidiruv Byurosi)ga ko`ra, bu turdagi bombalarni internetdagi ko`rsatmalarga ko`ra osongina yasash mumkin.

Portlash rejasi juda sodda bo`lib, deyarli biror natija bermadi. 20,000 dan oshiq tumonat ichida portlagan bombadan atigi 3 kishi o`lishi – bu har qanday o`zini jihodchi sanaydigan uchun “isnod”dir. Shu sababdan aka-uka Sarnaevlarni o`ta havaskor va uquvsiz jihodchilar, deb atash mumkin.

Savol tug`iladi: bunday havaskor jihodchilar qay tariqa paydo bo`ladi? Shunchalik uquvsiz ekan, jihodni da`vo qilishidan nima naf? Javob oddiy: tashqi ta`sir. Ma`lumki professional va terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslarning AQSH va Yevropaning ichki hududlariga yetib borishlari oson kechmaydi. Sababi xavfsizlik kuchlari doimo “xavfli hududlar”dan keluvchi har bir odamni sinchiklab tekshiradi va kuzatadi.

Mobodo professional jihodchi ichkari hududlarga kirib olishga muvaffaq bo`lsa ham, bomba yasash va tayyorgarlik ko`rish jarayoni oson kechmaydi. Chunki har bir burchakni davlat kuchlari nazorat qilib turishadi. Shu sababli al-Qoida kabi yirik tashkilotlar mamlakatlar ichkarisidagi diniy radikalizmga moyilligi bor insonlarni tuzoqqa tushirish ishlarini so`nggi yillarda takomillashtirib, kuchaytirmoqda. Bu harakatda internet, varaqalar, kitoblar va qo`llanmalar kabi inson ongiga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir etuvchi vositalardan keng miqyosda foydalanilmoqda. Endilikda jihodga chorlash uchun targ`ibotchilar orqali odamlarni ongini zaharlashning zarurati qolmadi. Internetdagi jihodni tarannum etuvchi ma`lumotlarning o`zi “qurbon”ni osongina topib oladi.

Al-Qoidaning jihodni targ`ib qiluvchi manbaalaridan biri 2009-yilda maxfiy xizmat tomonidan ro`yxatga olingan arab tilidagi Sada al-Malahim jurnalidir. Bu jurnal ilk bor Arab yarimorolida tarqatila boshlangan. 2010-yil may oyida esa Adam Gadan nomli jihodiy videolarni internetda tarqatuvchi xizmat ishga tushirildi.

2010-yil iyunida esa jihodiy targ`ibotda katta qadam tashlandi. Ilhom nomli ingliz tilidagi jurnal Arab yarimoroli bo`ylab yoyila boshladi. Harbiy to`qnashuvlarda xoldan toygan terroristlar endilikda bor kuchlarini jihodni targ`ib qilishga sarflay boshlashdi. Ilhomning asoschisi va muharriri Samir Xon Yamanda AQSH uchuvchisiz droni vositasida yo`q qilinishiga qaramay, jurnal faoliyati to`xtab qolmadi. Jihodiy “virus”ni tarqatish borasida Samir Xon Ilhomning 3-sonida shunday yozgan edi: “Amerikani yakson qilish uchun katta janglar olib borishimiz shart emas. Xavfsizlik choralari yuqori darajada kuchaytirilgan bir paytda kichik ichki xujumlar bilan mudofaa tizimini xoldan toydirish maqsadga muvofiqdir. Kichik, lekin minglab xujumlar dushmanni yer tishlatishi aniq.”

2010-yil Adam Gadan video-servisi orqali tarqatilgan “Qurolga chorlov” nomli murojaatda jahon jihodchilariga bir qancha maslahatlar beriladi. Murojaatga ko`ra, jihodchilar nishonni tanlashda uch narsaga e`tibor qilmoqlari lozim. Ya`ni, ular nishon bilan yaxshi tanish bo`lishlari (shaxs yoki joy), nishon zarba berish uchun qulay bo`lishi va zarba kichik, lekin qudratli bo`lishi kerak. Aka-uka Sarnaevlar Bostonda uchala maslahatga ham amal qilishdi.

Terroristlarning bunday tar`gibotlari butun dunyo bo`ylab jihodni yuqumli kasallikdek tarqashiga sabab bo`ldi. Video-darslarni internet orqali ko`rgan minglab yoshlar o`zini Islomning buyuk himoyachisi deya xis etib, jihodchi, degan nomni da`vo qila boshlashdi. Islomiy jihod tarixida shu paytgacha hali bunchalik pala-partishlik kuzatilmagan edi. Tarixda ilk bor yakka holda harakat qiluvchi jihodchilar uyushganlaridan ko`ra faolroq harakat qila boshladilar. Targ`ibotlar ta`siriga tushib qolgan shaxslar o`z imkoniyatidan ko`ra kattaroq ish qilishga oshiqa boshlashdi. Butun Yevropa, Amerika, ayniqsa, musulmon mamlakatlarini uquvsiz jihodchilar tomonidan yasalgan, o`yinchoqdan farqi yo`q “oshxonada yasalgan bombalar” bosib ketdi.

Bunday jihodchilarning ko`pchiligi kattaroq ish qilish umidida, internet orqali targ`ibotchilarning o`zi bilan aloqa o`rnatishga urinishdi va osonlik bilan xavzsizlik xizmati nazariga tushib qolishdi. Bu jihoddan ko`ra, ko`proq vasvasaga o`xshar edi. Quyida amalga oshmay qolgan va havaskor jihodchilar tomonidan rejalashtirilgan bir qancha terraktlardan namunalar keltiramiz:

2012-yil, 29-noyabr: Floridada yashovchi aka-uka Raiz Qozi va Alam Qozilar Nyu-Yorkda bir nechta bomba xujumlarini amalga oshirishga uringani uchun xibsga olindi;

2012-yil, 17-oktyabr: Bangladeshlik Quazi Nafis Nyu-Yorkdagi Federal Reserve Bank binosida yonida mashinaga o`rnatilgan bombani harakatga keltirishga urinayotgan chog`da FQB tomonidan xibsga olindi;

2012-yil, 15-sentyabr: Adel Doud Chikagodagi barlardan birining yonida o`zining Jeep Cherokee rusumli avtomashinasiga o`rnatilga bombani harakatga keltira olmadi va bir o`z o`tib xavfsizlik kuchlari tomonidan qo`lga olindi.

Bu ro`yxatni minglab nomlar bilan davom ettirsa bo`ladi. Achinarlisi, terraktlarni amalga oshirishga uringan shaxslarning aksariyati yoshlar va ular oldingi hayotlarida sekulyar qarashlarga ega bo`lishgan. Ular xuddi zaharlanib qolib, o`zini nazorat qilolmaydigan zombilar to`lqiniga o`xshashadi.

Biz yuqorida Sarnaevlarni katta ish qila olmaganlikda aybladik. Biroq so`nggi uch yil ichida minglab muvaffaqiyatsiz yakunlangan amallar bor ekan, aka-ukalarni omadli deyish mumkin. Garchi ko`p miqdorda “kofirlar”ni yo`q qilishning uddasidan chiqa olmagan bo`lsalarda, har holda ularning bombalari portladi.

Boston xuruji so`nggi yillardagi havaskor jihodchilar tarafidan amalga oshirilgan yagona muvaffaqiyatli harakat bo`ldi. Bu esa qolgan yoshlarga “ilhom parisi” vazifasini o`tashi turgan gap. Demak dunyo yanada xushyor turmog`i shart.

Havaskor jihod professionalidan ko`ra ancha xavflidir. Biz xech qachon havakor jihodchini tanib ololmaymiz. U jamiyatimizdagi xohlagan bir shaxs bo`lishi mumkin. Havaskorlar ilgarigidek xujralarga darsga qatnashmaydi. Ular har bir g`oyani asosan internet orqali olishadi. Har bir shaxsning internetdagi harakatini kuzatish esa imkonsizdir.

Diniy radikalizmga qarshi kurashishning yagona chorasi – bu qudratli xavfsizlik tizimi yoki o`ta zamonaviy kuzatuv uskunalari emas, balki sergak fuqarolardir. Har bir fuqaro jamiyat ichidagi harakatlardan ogoh bo`lib turishi lozim. Radikalizmdan saqlanishning eng maqbul chorasi esa yoshlarni diniy emas, balki dunyoviy bilim olishga yo`naltirish, ularga o`z ongini va dunyoqarashini o`zi shakllantirishiga imkon berishdir. Ana shundagina nafaqat jamiyat, balki butun dunyo xavotirlarsiz, tinch orom oladi.

11 комментариев:

  1. охирида езилган фикрингизни каранг а???
    умуман олганда шу жиход тугрисидаги маколалар бугунги кунда хамманинг кунглини айнитадиган даражага бориб етди,куйинг сизнинг маколангизсиз хам гарб фикрини кулловчилар тулиб етибди
    илтимос шу жиход пиходлар хакида бошка езманглар (ТашМи) 2чи курс талабалари номидан утиниб сураймиз:'(

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Student, san vrach bo'ladigan odamsan, har xil narsala ko'rasan o'qishinda shundan ko'nglin aynigan bo'lishi mumkin, dunyoda musulmonla nafrat kuchayib borvotti tabiiyki bunaqa maqolalayam ko'payadi. Sanga bitta zo'r maslaxatim sanga yoqmagan narsani o'qima, kimga qiziq bo'sa o'sha o'qiydi

      Удалить
  2. Илгари АҚШ ўзининг турли волентиер юришларига СССР ва совуқ урушни бахона қиларди. Аслида мақсад дунё бойликларини назорат қилиш, эгалик қилиш. Душман йўқолгач, энди Ислом терроризми дегани чиқди. АҚШга бўлган нафрат айниқса мусулмонларда бор, бу табиий, асослар етарли. Жиходчилар ҳаракатида холис, ўзини қасоскор ёки жаннати бўлишига умид қиладиганлар ҳам етарли, буни ҳам инкор этиш қийин. Аммо буларнинг барчаси АҚШ ва Европа тарафидан ўйлаб топилган ўйин. Мақола ёқмади. ҳар кину телефизорда кўрадиган фикрлар, хулосалар. Жуда саёз.

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Inson shunaqa yaratilgan, doim xukmronlikga intiladi, faqat amerikamas dunyodigi har bir mamlakatga qudrat bering shunda boshqalani boshqarishga o'tadi, SSSR xam AQSH dan kam ish qimagan, qancha odam o'ldirdi va xammasi dunyoda yagona qudratli mamlakat bo'lish uchun, agar ertaga O'zbekiston qudratli mamlakat bo'sa oldin butun o'rta osiyo va sekin sekin mintaqaga ta'sirini ko'rsata boshlidi va keginchalik dunyoni boshqa qismlarigayam, bu xaqiqatdan uzoq albatta man shunchaki misol uchun etdim. AQSH uchun bo'sa musulmonlayam qoganlayam bir, shunchaki o'lja qilib musulmonlani tanlashdi.

      Удалить
  3. ХУРМАТЛИ АДМИН МАРХАМАТ КИЛИБ АЙТИНГЧИ : МАНА ИРОК ВА АФГОНИСТОНДА ХАР КУНИ ПОРТЛАШ ЮЗ БЕРАДИ КАНЧАДАН КАНЧА ОДАМ ВА НОРАСИДА БОЛАЛАР ХАР КУНИ УЛЯПТИ,АКШнинг УЗИ ХАТТОКИ ГИТЛЕРЧИ ФАШИСТЛАР КИЛМАГАН ИШЛАРНИ КИЛЯПТИ 10 ЕШЛИ БОЛАКАЙНИ ОТИБ УЛДИРИШ,ИРОК ШАХАРЛАРИГА КИМЕВИЙ ФОСФОР КУРОЛЛАРНИ ТАШЛАБ АЕЛЛАРДАН ТОРТИБ БОЛАЛАРГАЧА КАСДДАН ОММАВИЙ УЛДИРИШ АКШдан БОШКА КИМНИ КУЛИДАН КЕЛАРДИ ГАЗО СЕКТОРИДА ИСРОИЛ ТОМОНИДАН УЛДИРИЛАЕТГАН ОДАМЛАР ВА НОРАСИДА ГУДАКЛАР ХАКИДАГИ МАКОЛАНГИЗ КАНИ???НИМА УЧУН СИЗ ШУЛАРНИ ЕЗМАЙСИЗУ АКШ МАРАФОНИДА УЛГАН УЧ ДОНА ХУДОБЕХАБАР ОДАМНИ УЛИМИ ХАКИДАГИ ГАПНИ ЕЗИБ ОТНИ КАЛЛАСИДАЙ ВАХИМА БИЛАН САХИФАНГИЗНИ БАНД КИЛАСИЗ БУНИ УСТИГА БУ ВОКЕАГА 20КУН БУЛДИКУ

    ДУНЕ ТИНЧГИНА ОРОМ ОЛИШИ ХАКИДАГИ ЧУПЧАКЛАРИНГИЗГА КИМ ИШОНАДИ??? ДУНЕ ТИНЧ ЯШАШИ УЧУН АКШни СУВ ОЛИШИ ВА КУРЪОНДА ЕЗИЛГАНИДЕК ИСРОИЛНИ ЕР ЮТИШИ КЕРАК
    СИЗ ЕМОНИНИ ЯШИРИБ ЯХШИСИНИ ОШИРАЕТГАН АКШда МИНГЛАБ КУРЪОНЛАРНИ ЕКИШЯПТИ,ИСРОИЛДА КУРЪОН КИТОБИ ХОЖАТХОНАДА ИШЛАТИЛЯПТИ,СИЗ ЭСА ГАРБ ТОМОНИДАН МОЛИЯЛАШТИРИЛГАН ШУ САХИФАНГИЗ ВА БУЙНИНГИЗГА ЮКЛАТИЛГАН "узбек халкида гарбга нисбатан иликлик уйготиш, ушалар килаетган ишларни тугри дея олкишлашга даъват килиш" КАБИ ВАЗИФАНГИЗ БИЛАН УШАЛАРГА ХИЗМАТ КИЛЯПСИЗ
    ИСРОИЛДА 5та ИНСТИТУТ ВА АКШдаги PRINSTON УНИВЕРСИТЕТЛАРИ ИСЛОМ ДИНИНИ ЙУКОТИШ УСТИДА БОШ КОТИРИШЯПТИ БУНИСИГА МУНОСАБАТИНГИЗ КАНДАЙ???
    БУ САФАР БИЗ БУТУН БИР (ТашМИ) НОМИДАН ЖАВОБИНГИЗНИ КУТАМИЗ ФАКАТ "АНОНИМНЫЙ" БУЛИБ ЖАВОБ ЕЗМАСДАН УЗИЗИ НОМИЗДАН ЕЗИНГ БИЗ ИНТИКЛИК БИЛАН КУТАМИЗ ХАЙР!!!

    ОтветитьУдалить
  4. Iye 3ta odam.olganiga shuncha vaxima qildi amerikaliklar xamma musulmonlardi terarisst deb biladi bostindagi portlashdan keyin afgonistonda iroqda nechta odam olib keti mamimcha amerikadegi bu tahdid ohirgismas chunki u amerikaga bu bohona qurolarini sotish va sinash boshqa yerlarni bosvolish uchun aqsh ni siyosati shunday

    ОтветитьУдалить
  5. Hurmatli o`quvchilar! Hammangizning fikrlaringizni hurmat qilgan holda blogning nomiga diqqat bilan yana bir bor razm solishingizni so`rardim. Bu blog geosiyosatga bag`ishlangan. Geosiyosat uchun esa muqaddas kitoblar, dinlarning tub ma`nosi, jihod haqida ulamolar nima deyishi, hattoki odamlarning o`limi, ularning kimligi va hakozolarning ahamiyati deyarli mavjud emas. Geosiyosat har narsaga sovuqqonlik bilan qaraydi. Geosiyosatda xis-hayajon mavjud emas. Shuning uchun aksariyat maqolalarimiz sizni hayron qoldirishi tabiiy. Maqol boshida ta`kidlaganman: "BOSTON PORTLASHLARI VA AKA-UKA SARNAEVLAR HAQIDA YOZMAGAN FAQAT BIZ QOLIBMIZ. BIROQ BIZ BUGUN BIRDANIGA MASHXUR BO`LIB KETGAN IKKOVLON YOKI BOSTON PORTLASHLARINI KIM AMALGA OSHIRILGANI HAQIDA SUHBATLASHMAYMIZ. BIZ UCHUN BOSTON VOQEASINING DEYARLI AHAMIYATI YO`Q." Biz uchun faqat geosiyosiy o`zgarishlar muhim. Qayerdadir portlash bo`lsa - bu xavfsizlik kuchlarining tashvishi, qayerdadir begunoh odamlar o`ldirilayotgan bo`lsa - bu o`sha davlat, inson huquqlari vakillari va tegishli tashkilotlarning muammosi. Qo`pol qilib aytganda, geosiyosat vaxshiy maxluqqa o`xshaydi. U uchun faqat manfaat muhim. Shuni tushunishingizni xohlardim. Agar maqolalarimiz sizni asabiylashtirayotgan bo`lsa, marhamat, bu blogni o`z qora ro`yxatingizga qo`shib qo`yishingiz mumkin.

    Hurmat bilan,
    Timur Amirov

    ОтветитьУдалить
    Ответы
    1. Yozishdayam yozish borde brat, o'sha ishni Sarnavlar qilgani sporniy bo'p turganda siz ulani soqolsiz jihodchila dib turganiz bulaga antireaksiya bervotgandurde... Vorbert Smitda qasti bor ateist bomba portlatsayam jihodchi, islommi yaqiniga kemagan gomik qisayam jihodchi, amerikada qasti bor antiamerikans yevrerus protlatsayam jihodchi... soqolsiz johodchi, ko'zi ko'k jihodchi, ateist jihodchi, yahudiy jihodchi, baptist jihodchi... qisqasi ayibdor islomde, tak chto islomdan qo'rqiylar )))) tovba

      Удалить
  6. Islomafobiyani kuchaytirishmi maqsad

    ОтветитьУдалить
  7. kallanga eshshe tepsin kim shuni yozgan bo'sayam ssuka bemahal bebismillodan bo'gan

    ОтветитьУдалить
  8. Radikalizmdan saqlanishning eng maqbul chorasi esa yoshlarni diniy emas, balki dunyoviy
    bilim olishga yo`naltirish, ularga o`z ongini va
    dunyoqarashini o`zi shakllantirishiga imkon
    berishdir. Ana shundagina nafaqat jamiyat, balki
    butun dunyo xavotirlarsiz, tinch orom oladi.

    -manashu joyigacha bir maromda ketayotgan edi, lekin afsus hamma har xil o'ylaydida...

    ОтветитьУдалить