So`nggi
paytlarda jahonning sanoat markaziga deyarli aylanib ulgurgan Xitoyning
kelajagi haqida bir qancha xavotirlar o`rtaga chiqmoqda. Bular qatorida “Bir
oilaga bir farzand” siyosati tufayli yuzaga kelayotgan demografik inqiroz,
faqat eksportga asoslangan iqtisodiy siyosat tufayli mamlakat aholisi o`rtasida
qashshoqlikni ortishi va norozilikni kuchayishi, tashqi kuchlar bilan
geosiyosiy ziddiyatlarni yuzaga kelishi (masalan, Yaponiya bilan mavjud orollar
muammosi) kabilarni sanab o`tish mumkin. Yana shunday omillar borki, ular
Xitoyni yaqin o`n yilliklar ichida parchalab tashlashga qodir. Bular – uzoq
yillardan beri o`z yechimini topolmayotgan ichki geosiyosiy ziddiyatlar, ya`ni
Shinjon Uyg`ur Avtonom Rayoni, Xitoy Respublikasi, ya`ni Tayvan va Tibetdir.
Bugun siz bilan Tibet muammosining asl sabablari va unga yechimlarni izlab
ko`rishga harakat qilamiz.
Tibetlik isyonkor o`smir
Tibet
Xitoyning g`arbiy tomoni, Himolay platosida joylashgan hududdir. Ba`zi
geosiyosatchilar tomonidan Markaziy Osiyoning bir qismi deya ko`riladigan bu
hudud tabiatan resurslarga boyligi bilan asrlar davomida regiondagi turli
kuchlarni o`ziga jalb etib kelgan. Aholisi asosan qishloq xo`jaligi,
chorvachilik bilan shug`ullanadigan Tibet o`ziga xos madaniyati bilan ajralib
turadi. Diniy qarashlar va diniy rahnamolar ta`siri katta kuchga ega bo`lgan Tibet
doim o`zini mustaqil va alohida hudud sifatida sanab kelgan. Biroq Xitoyning
kommunistik hukumati bu da`voni mana 60 yildan ziyod vaqtki, tan olmayotir. Xo`sh, Tibet haqiqatda Xitoyning bir qismimi
yoki alohida hudud? Bu savolga hattoki tarixga murojaat qilib ham javob topish o`ta
mushkul. Shunday bo`lsada, muammoning narixiga nazar solib ko`ramiz.
Chin
davlati va Tibet o`rtasidagi ilk aloqalar milodiy 7 asrda boshlangani haqida
dalillar mavjud. Boshqa manbaalarga ko`ra, bu aloqalar undanda ko`hnadir. Lekin
bu Tibet o`sha davrdanoq Xitoyga tobe bo`lganini bildirmaydi. Tarixan, Tibet
hududi ustidan nazorat o`ta chigal bo`lgan. Asrlar davomida sanoqsiz kuchlar
Tibet uzra xukmronlik qilishgan, lekin xech qachon markaziy hokimiyat mavjud
bo`lmagan. Mahalliy sulolalar bir-biri bilan tinimsiz kurashda bo`lib, bu hol
Tibetda kuchlarning tarqoq bo`lishiga sabab bo`lgan. Bunday manzara 1271-yil
mo`g`ul xoni Hubilayxon Xitoyni zabt etib, Yuan sulolasiga asos solgunga qadar
davom etadi. Yuanlar qo`l ostida Xitoyning katta qismi, jumladan Tibet ham kuch
bilan markaziy hokimiyatga bo`ysundiriladi. Biroq bu Tibet Xitoyning bir
qismiga aylangan degan ma`noni anglatmaydi. Sababi Xitoyning o`zi ham
mo`g`ullar davlatining vassal edi va shu jihatdan Xitoy hamda Tibetning
darajasi deyarli teng bo`lgan.
14 asrda
mo`g`ullardan hokimiyatni tortib olgan Minlar davrida Tibet ilk bor rasman
xitoylar boshqaruvi ostida qoladi. Ammo bu hol uzoqqa cho`zilmaydi. Zaif bo`lgan
Min sulolasi davrida Xitoyda parokandalik yuzaga keladi, mamlakat parchalana
boshlaydi. Shu o`rinda Tibetda ham real boshqaruv mahalliy sulolalar qo`liga
o`tadi, lekin baribir Tibetda markaziy hokimiyat yuzaga kelmaydi.
Minlarning zaifligi
1644-yilda Xitoyning boshqa bir tashqi xavf – manjurlar tahdidi bilan ro`baro`
qiladi. Xuddi shu yili manjurlar Xitoyni bosib oladilar va Manjurlar davri (1644-1912)
boshlanadi. Tibet ikkinchi bor markaziy hokimiyatga tobe qilinadi.
Ahamiyatlisi
shundaki, shu o`tgan davr mobaynida, na mo`g`ullar, na minlar va na manjurlar
Tibetda xitoycha qonunlar, xitoycha soliq tizimi, xitoycha ta`limni joriy
etishga, xitoy tili, madaniyati va siyosiy ta`sirini yoyishga harakat
qilishadi. Tibet nomiga Xitoyning vassali bo`lib qoladi. Amaldagi hokimiyat
esa, boshqaruv va murosaga noloyiq bo`lgan mahalliy sulolalardan diniy
rahnamolar qo`liga o`tib bo`lgan edi. Doimiy qashshoqlik, ijtimoiy-iqtisodiy
qiyinchiliklar tibetliklarda diniy qarashlarni kuchaytirib yuboradi va 14 asrda
najotkor sifatida yuzaga kelgan Dalai Lamalar 17 asrdan Tibetdagi hokimiyatni
deyarli egallab olishadi. Ammo Dalai Lamalar amalda xech qachon Tibetni
ma`muriy jihatdan markazlashtirishmaydi va ularning hokimiyati ibodatxonadan
tashqariga chiqmaydi. Shunday bo`lsada, Dalai Lama tibetliklar uchun ma`naviy
yo`lboshchiga aylanib, Tibet tarixida aholini xech bo`lmaganda ma`naviy
jihatdan birlashtirgan yagona kuch bo`lib qoladi.
Xitoy va
Tibet munosabatlari 18 asrga qadar ittifoqdosh ko`rinishida davom etadi. Dalai
Lama manjurlar hokimiyatini tan oladi, o`z navbatida imperator xavf tug`ilgan
paytda Tibetni harbiy jihatdan muhofaza etib turadi. 18 asrdan esa Xitoyning
o`zi imperialistik kuchlar ta`siriga tushib, amalda qaram davlatga aylanib
boradi. Bu hol 1800-yillarda o`z cho`qqisiga ko`tarilib, Tibet va Xitoy
munosabatlari amalda butunlay uziladi. Xitoy endilikda yevropaliklarning
ta`siri ostida edi.
Imperialistlarning
bosimlariga dosh bera olmagan Manjurlar sulolasi 1912-yilda qulaydi va,
nihoyat, Tibet o`z tarixida ilk bor mustaqilligini e`lon qiladi. Biroq bu
mustaqillik xaqiqiy emas edi. Buyuk Britaniya yordamida hokimiyatni egallagan
Dalai Lama Tibet bo`ylab diniy boshqaruv joriy etadi. Ikkinchi Jahon Urushiga
qadar Tibetda holat o`zgarmaydi. Urush davomida Tibet Xitoyning boshqa
hududlari qatorida yaponlar bosqiniga uchraydi. Urushdan keyin Xitoyda
boshlangan fuqarolar urushi va 1949-yilda Mao Szedun boshchiligidagi
kommunistlarning g`olib bo`lishi Tibet taqdirini uzil-kesil hal qilgan edi. Diniy
qarashlarga nisbatan toqatsiz bo`lgan kommunistlarning Ozodlik Armiyasi “Xitoyning
bir bo`lagi bo`lgan Tibetni vaxshiyona teokratik (diniy) rejim changalidan”
1951-yilda “ozod etadi”. Xitoy oldida o`ta ojiz bo`lgan Dalai Lama shu yili
“17
Modda Shartnomasi”ni imzolashga majbur bo`ladi va Tibet rasman Xitoy tarkibiga
olinadi.
Shu yerda
savol tug`iladi: Xitoy Tibetni o`zining bir qismi deb atashi qanchalik asosga
ega? Yuqoridagi Tibetning qisqa tarixidan ko`rib turibsizki, na Xitoy, na Dalai
Lama Tibet hokimiyatiga da`vogarlik qila oladilar. Sababi Tibet xech qachon asl
Chin davlatining bir qismi bo`lmagan. U mo`g`ullar va manjurlar qo`l ostida
bo`lgan. Bu ikki sulola ham bosqinchilar bo`lib, ular davrida Xitoyning o`zi
amalda vassal davlat hisoblangan.
Shu o`rinda
ayni Tibet hokimiyatiga da`vogar kuchlarni ham nomunosib sanash mumkin. Chunki
Tibetda real, markaziy hokimiyat umuman mavjud bo`lmagan. Biror asl tibetlik
kuch regionni birlashtirishga urinib ham ko`rmagan. Asrlar davomida katta
imkoniyat va sharoit bo`lgan bo`lsada, Tibetda davlatning asosiy belgilari:
hudud, markaziy hokimiyat va qurolli kuchlar shakllantirilmagan. Dalai Lamalar
esa faqat bosh rohib hisoblanib, ular biror siyosiy boshqaruvni amalga
oshirishmagan. Ko`rib turganingizdek, Tibet muammosini tushunish va hal etish o`ta mushkul masaladir.
Nega endi
asrlar davomida Tibetni o`z ta`siriga olishga harakat qilmagan xitoyliklar 20
asrning o`rtasiga kelib o`zgacha yo`l tuta boshladilar? Javob topish uchun
kommunizm mafkurasiga murojaat qilmoq lozim. Xitoyni qo`lga olgan kommunistlar
shundoqqina biqinlarida turgan diniy rejimga toqat qilmaganliklari ajablanarli hol
emas. Ular yuqorida keltirilgandek o`z hududlarini “teokratiya balosi”dan ozod
qilishganini aytishgan edi.
Lekin masalaning ko`rinmas tomoni ham bor. Bu urushdan
so`ng boshlangan kommunizm va G`arb kurashidir. Ittifoqdosh kuchlar Yaponiyani
mag`lub etib, uning qo`l ostida bo`lgan Xitoy hududlari, jumladan, Tibetni ham
ozod etishadi. Xitoydagi fuqarolar urushi davomida esa Tibet deyarli AQSH va
boshqa G`arb davlatlari ta`siriga tushib ulgurgan edi. SSSR bilan yaqin aloqada
bo`lgan Mao Szedun qulay imkoniyat paydo bo`lishi bilan Tibetni bosib oladi. Hudud
egallangandan so`ng kommunistlar eng avvalo diniy cheklovlar joriy etishadi,
etnik va madaniy repressiyalar boshlanadi. Minglab yillar tashqi dunyodan
uzilib, faqat o`z dunyoqarashi bilan yashab kelgan yarim-yovvoyi tibetliklarda
bu harakatlar katta norozilikni uyg`otib yuboradi. AQSH, o`z navbatida qulay
vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qilib, 1959-yilda Markaziy Razvedka
Boshqarmasi (MRB) yordami bilan Dalai Lama aholini qo`zg`olonga olib chiqishga
muvaffaq bo`ladi. Biroq Xitoy hukumati norozilikni o`ta shafqatsizlik bilan
bostiradi. Natijada ilojsiz qolgan Dalai Lama MRB agentlari yordamida
Hindistonga o`tib ketadi. Shundan buyon Dalai Lama Hindistonda surgundagi Tibet
hukumatiga boshchilik qilmoqda. Bu hukumat Xitoy tomonidan xech qachon tan
olinmagan.
So`nggi 50
yil davomida Xitoy hukumati tibetliklarni xitoyliklar bilan assimilyatsiya
qilishga ko`p bor urinib keldi. Dinga qarshi cheklovlarni kuchaytirdi yoki
biroz yumshatdi. Biroq bu harakatlar haliga qadar o`z samarasini bermayotir.
O`z
navbatida tibetliklar ham Xitoy hukumatiga qarshi bir necha bor norozilik
namoyishlari uyushtirishdi. Shulardan eng so`nggisi va qonlisi 2008-yilda
bo`lib o`tdi. So`nggi yillarda esa norozilik akti sifatida tibetlik
rohiblarning o`ziga o`t qo`yish holatlari ko`p kuzatilmoqda.
Nega Xitoy Tibetni istaydi?
Tibet hududi
yetarlicha katta bo`lsada, asosan Himolay tog`laridan iborat bo`lgani uchun
harakatlanish va foydalanishga o`ta noqulay hisoblanadi. Bundan tashqari
dunyodagi dengiz sathidan eng balandda joylashgan bu davlat yerlari ham unumdor
emas. Lekin Xitoy 60 yildan buyon o`z ichki xavfsizligini bir chetga surib
bo`lsa ham, bu hududni nazorat etishga nega tirishmoqda?
Bir qarashda
odam yashashi qiyin va tashlandiq joyga o`xshab ko`ringan Tibet yaxshilab
o`rganib ko`rilsa, muhim geostrategik hudud eganligi ma`lum bo`ladi. Uzoq vaqt
davomida xitoyliklar nazaridan chetda qolgan bu hududning ahamiyati 20 asrda
kuchaygan davlatlarning geosiyosiy raqobati sababli ortib ketdi. Avvaliga kommunizmning
“dushmanlari” hisoblangan teokratiya va G`arb mafkurasini yakson qilish, ularni
Xitoy hududiga kirib kelmasligini ta`minlash maqsadida bosib olingan Tibetning “asl qadri” keyinroq ma`lum bo`ldi. Mana ulardan
ba`zilari:
1.) Harbiy
pozitsiya. Butan, Birma, Hindiston va Xitoy o`rtasida joylashgan bu hudud
Markaziy Osiyoga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir ko`rsatishga imkon beradi. 19 asrda
Chor Rossiyasi va Britaniyaning manfaatlari aynan Markaziy Osiyo, ayniqsa,
Afg`onistonda to`qnash kelgan va Sharqiy Osiyo tomondan bu hududga bevosita
ta`sir o`tkazishga Tibet qulay hudud hisoblangani uchun Britaniya Dalai Lama rejimini
mustaqil bo`lishiga yordam berib, uni o`z ta`siri o`stida saqlashga harakat
qilgan edi. Bugungi kunga kelib Tibetga joylashtirilgan har qanday harbiy baza
nafaqat Markaziy Osiyo, balki Hindistonga ham ta`sir o`tkazishda ulkan
imkoniyatlar yaratadi.
Bir qarashdayoq Tibetning geosiyosiy ahamiyatini anglash qiyin emas
2.) Tabiiy zahiralar. Tibet
tabiiy boyliklarning ulkan manbaasiga ega. Bundan tashqari asrlar mobaynida bu
boyliklarga deyarli xech kim tegmagan va shu jihatdan Tibet dunyoning sanoqli
hududlaridan hisoblanadi. Shuningdek, Tibetda uranning dunyodagi eng katta
zahirlaridan biri mavjud. E`tiborlisi bu uran manbaasi yer yuziga yaqin
joylashgan bo`lib, qazib olishda ortiqcha mehnat va mablag` talab etmaydi.
Ma`lumotlarga
ko`ra, Tibetda 10 mln tonna mis, 6 mln tonna ko`mir, 27 mln tonna rux va
qo`rg`oshin mavjud. Bu faqat tahmin qilingan raqamlar xolos, asl miqdor
bundanda ko`p ekanligi turgan gap. 21 asrda esa bunday resurslar
harbir-strategik joylashuvdan ko`ra muhimroq ahamiyat kasb etadi.
3.) Siyosiy sabab.Xitoy
Xalq Demokratik Respublikasi tashkil etilganda Tibet bilan bir paytda
Uyg`uriston, Ichki Mo`g`uliston va Tayvan ham yangi davlat tarkibiga majburan
qo`shib olinadi. Hozirgi kungacha bu hududlar yoki avtonom respublika yoki
umuman Xitoy tarkibidan chiqib ketib, mustaqil bo`lish uchun tinmay harakat
qilib kelishadi. Tibetga
beriladigan biror erkinlik mamlakat ichidagi ziddiyatli hududlar muammosini
keskinlashtirib, respublikani parchalanib ketishiga sharoit yaratib beradi. Shu
sababli ham Xitoy hukumati nainki Tibet, balki qolgan hududlar ustidagi
nazoratni biroz bo`lsada susaytirmaslikka harakat qiladi.
Ko`rinib turibdiki, Xitoy
Tibetni qo`ldan chiqarmasligi uchun yetarlicha sabablar bor. Bu toki Xitoy
Tibetdan voz kechmas ekan, muammo yanada chigallashaveradi deganidir. Xo`sh,
ziddiyatni hal etish, xech bo`lmaganda yumshatish uchun yechimlar mavjudmi?
Vaziyatdan kelib
chiqib uchta muqobil yo`lni taklif etish mumkin:
1) Xitoy Tibetni tibetliklarga
berib, hududni butunlay tashlab chiqishi kerak;
2) Tibetda
to`g`ridan-to`g`ri emas, balki alohida ma`muriy boshqaruv shakli (masalan,
Gong-Kong va Tayvan kabi) joriy etish lozim;
3) tibetliklar
o`rtasida referendum tashkil etib, qaror qabul qilishni o`zlariga qo`yib berish
kerak.
Birinchi yo`lni G`arb
va aksariyat tibetliklar yoqlasada, Xitoy xech qachon rozi bo`lmasligi turgan
gap.
Ikkinchi yo`l nisbatan
haqiqatga yaqinroqdir. Xitoy boshqaruvni mahalliy kuchlarga berib, ular orqali
hududni nazorat etishi mumkin. Agar bu ish amalga oshirilsa, Tibetdagi
noroziliklar to`lqini anchayin pasaygan bo`lar edi. Biroq hozirda Xitoydan xech
bo`lmaganda avtonomiya talab qilayotgan Dalai Lama hukumati Tibetni
boshqarishga noloyiq. Sababi Dalai Lama siyosiy jihatdan davlatni xech qachon
boshqarolmaydi va Xitoy uni xech qachon qabul qilmaydi. Mobodo Tibetda ichida sekular
qarashdagi kuchlar shakllansa, Xitoy o`ylab ko`rishi mumkin. Yoki Xitoyning
o`zi bunday kuchlarni shakllantirib, hokimiyatga olib kelishi ham mumkin.
Uchinchi yo`l ancha
bahsli, sababi tibetliklarning hammasi ham mustaqillikni yoqlamaydi. Ko`pchilik
tibetliklar Xitoysiz yashay olishlariga ko`zlari yetmaydi va qaysidir jihatdan
ular xaqdirlar. Sababi mamlakatda hali sanoat, tadbirkorlik deyarli paydo bo`lmagan.
Shu sababli Tibet aholisi mustaqillik borasida ikki qarama-qarshi tomonga
bo`linib ketganlar. Mustaqillikni, asosan, Dalai Lama ta`siri ostida bo`lgan
dindorlar istashadi. Referendum o`tkazilgan taqdirda ham uning natijalari
bahsli va hattoki ikki tomon tarafdorlari o`rtasidagi to`qnashuvlar bilan
tugashi mumkin.
Ko`rinib turgandek,
yechimlarning eng maqbuli va hayotga yaqini – bu Tibetda mahalliy-ma`muriy
tizim, boshqacha aytganda avtonomiyani joriy etilishidir. Buning uchun dinni
bayroq qilib olgan Dalai Lama hokimiyatga da`vosi va tibetliklarga diniy ta`sir
o`tkazishga urinishlaridan voz kechishi, Xitoy mahalliy hukumatni
shakllantirish ishlarida o`zi bosh-qosh bo`lishi lozim. Balki shunda o`nlab
yillar davomida to`kilayotgan qonlar to`xtab, Tibetga osoyishtalik shamoli
kirib kelar…
Mmm,deyarli hamma maqolani uqib ciqdim,ajoyib sayt.Eng muhimi judayam qoilmaqom uylab topilgan,ko'proq amerkaparastlik kucli maqolalar mavjud.To'gri bugun AQSH kuclidir,ammo bu degani u dunyoda yana anca hukmronlik qiladi diganimas.
ОтветитьУдалитьKeyin muallif Temur Alimov siz uzizni talaba deb ko'p joyda iqtibos keltirib ta'kidlagansiz.Aslida siz bu sayt faoliyatini xalqaro yordam asosida olib boriyotgan kurinas.Cunki kecadan buyon barca maqolizni uqib ciqdim.Dunyodagi umumiy muammolarni yoritgansiz,barcasida waxsiy xulosamas balki,mavjud fikrlar.Keyin hamma maqola oxirida savol ko'p.
E'tiborli jihati,har maqolizda yawirin norozili ufirib turibdi.
Uylimanki bu fikrlarimi ma'nosini tuwunib yettiz,bugungi globalizm zamonda eng xavfli duwman mafkuraviy kuraw degani bejizmasligini bugun guvohi buldim.Siz xuddi uwani maqsad qilib sirtdan kurinmas dastak ila harakat qilayotgan siyosiy tuzumning axborot tizimiga xos askarisiz.
Bilasmi man tarixda bub utgan barca hodisaladan wuni bildimki,davlatlarni duwmani tawqimas,balki icidagi fuqarosidir.
Sizni maqsadiz qanaqaligini biliwga harakat qilingan joylarida,ajoyib qilib odob-ahloq bilan cekiniwi uddalagansiz.Man xeckimi tarafdorimasmanu,ammo vatanimizda tincli buliwini istiman.Ilohim tincli va barqarorli nasib etsin.Siyosiy uyinlani iwtirokcisi bulib kelajak avlodni oldida xiyonat qiliwdan barcani Ollohi uzi asrasin.Uzr xafa qilgan bo'lsam,ammo siyosat qanaqa busada man wu vatan farzandiman.Ehtiyotkorli davr talabi,lek bu saytda yawirin targ'ibot bilinib turibdi,bowida qiziqdim,keyin esa xafsalam pir buldi.Maqsad bir tomonni maqtawmas debsizu,doim targib qilgansiz kucli davlatlarni.Uzr mulohazam ucun,wuncaki fikrimi bildirdim.
Avvalo e`tibor uchun rahmat! Uzr so`rashni xojati yo`q, maqtov bo`ladimi yoki tanqidmi, har qanaqa sharhni mamnuniyat ila qabul qilamiz. Bu biz uchun e`tibor mavjudligini dalilidir. Shu o`rinda loyihaning va bizning maqsadimiz haqida yana bir bor atroflicha ta`kidlab o`tmoqchiman: Geopolitika.UZ asosan, o`zbekzabon auditoriyaga mo`ljallangan bo`lib, geosiyosat sohasida o`zbek tilidagi manbaalar deyarli yo`qligi xisobga olingan xolda tashkil etilgan. GeopolitikaUz sayti o`z oldiga jahonda yuz bergan, berayotgan va berishi mumkin bo`lgan siyosiy voqealar ustidan chuqur tahlil o`tkazishni hamda tahliliy maqolalarni muntazam, xolisona ravishda chop etishni maqsad qilib qo`ygan. Va shu o`rinda alohida ta`kidlayman: BIZ HECH QANAQA MANBAADAN KO`MAK OLMAYMIZ VA HECH QANAQA G`OYANI ILGARI SURMAYMIZ. Biz faqat holislik tarafdorimiz. Biz odamlarda, o`zbek odamlarida geosiyosiy ong rivojlanishini istaymiz, xolos. Shu o`rinda to`g`ri xulosa bergansiz janob Anonim: Geopolitika.UZda faqat fikrlarga o`rin bor, hech qanaqangi shaxsiy xulosalar ilgari surilmaydi! Sababi har bir individ o`zga bir dunyo va har bir individ, to`g`ri-noto`g`ri bo`lsin, o`z shaxsiy fikr-xulosasiga ega bo`lishi lozim (shuningdek, biz ham har maqolada ilgari surilgan voqea-hodisalar, fikrlar yuzasidan o`z xulosamiz va qat`iy pozitsiyamizga egamiz)! Biz odamlarni fikrlar orqali o`ylantirishga majbur qilishni maqsad qilib qo`yganmiz. Biz oldingizga biror manzaraning fotosi, mo`yqalam va bo`yoqlarni keltirib qo`yamiz, siz esa o`z dunyoqarashingizdan kelib chiqib, bular yordamida o`z peyzajingizni yaratasiz. Albatta, har bir individning peyzaji oshqasinikidan o`ta farq qiladigan bo`ladi, garchi ish qurollari umumiy bo`lsada. bJamiyati fikrlay oladigan har qanday davlatda albatta o`sish bo`ladi. Asosiy maqsadlarimizdan biri ham odamlarimizni ongli qilish orqali VATAN TARAQQIYOTIga erishishdir. Endi buyuk qudratlar haqidagi fikrlaringizga kelsak: Agar jahonning hozirgi geosiyosiy manzarasiga obyektiv nazar bilan e`tibor beradigan bo`lsangiz, siz saytda ko`rsatilgan manzaraning guvohi bo`lasiz. Siz saytda o`qigan narsalar qudratli davlatlarga yon bosish emas, balki jahondagi mavjud reallikdir. Biz bu reallikdan yuz o`gira olmaymiz. Jahonnning asosiy tizginlari ularning qo`lida. Geopolitika.UZning boshqa bir maqsadlaridan biri haqiqiy manzarani ko`z oldingizda namoyon etib, imperializmning shafqatsiz tajovuzidan ogohlantirishdir.
ОтветитьУдалитьXurmat bilan,
Timur Amirov