22.02.2013

EHTIYOT BO`LING, III JAHON URUSHI! SABAB: “MOVIY OLTIN”!


Bilamizki, bo`lib o`tgan ikki jahon urushi butun insoniyatning yaqin tarixida o`zining daxshatli izini qoldirdi. Bizning kunimizga kelib uchinchi jahon urushi haqida vahimalar avj olmoqda. Sovuq Urush davrida o`zining cho`qqisiga chiqqan bu kabi ovozalar, asosan, Sobiq Ittifoq va AQSH o`rtasida bo`lishi mumkin bo`lgan hamda dunyoni ostin-ustin qilib yuboradigan “buyuk urush” haqida edi. SSSR qulagandan so`ng ikki gigant davlat jangi turli davlatlar o`rtasida kelib chiqadigan yadro urushlariga ko`chdi. Keyinchalik uchinchi jahon urushi sabablaridan biri deya neft tilga olina boshlandi. Lekin tabiatning eng oliy ne`mati, butun kurrai zamin mavjudiyati tayanchi bo`lgan suv doimo masalaning ikkinchi tomoni bo`lib keldi. Hozirgi kundagi ziddiyatlarning  asosi sifatida yonilg`i-energetika zahiralari uchun kurash, xalqaro terrorizm, regional qarama-qarshiliklar va boshqalar ko`rib kelindi. Bu ziddiyatlarni bariga yechim topish mumkin. Energetika zahiralari tanqisligini muqobil yo`llar, terrorizmni qurol bilan, davlatlararo kelishmovchiliklarni diplomatiya orqali xal etish mumkin. Lekin navbat suvga kelganda insoniyat hali beri uning tanqisligini bartaraf etishga ojiz ko`rinadi. Keling, birgalikda suv geosiyosatda qanday o`rin tutishini tahlil qilib ko`ramiz. 
             



Yerda H2Oninng cheklangan va o`zgarmas miqdori mavjud. Sayyoramiz 70 % suvdan tashkil topgan, lekin juda kam qismigina foydalanishga yaroqli. Bu gaplarni hammamiz bolaligimizdan eshitib kelamiz.  Suv uchun talab so`nggi yuz yillikda keskin ortib ketdi. Atigi bir asr ichida yer yuzi aholisi 1,65 milliarddan 6 milliardga ko`paydi.  

Biroq bunga nomuvofiq tarzda suv zahiralari kamayib bormoqda. Global isish, abadiy muzliklarning erishi, daryo, ko`llarning qurishi buning asosiy sababi bo`lib qolmoqda. Chad ko`li so`nggi 50 yil ichida 95 %ga qisqardi, Markaziy Osiyodagi Orol dengizi deyarli yo`q bo`lib ketdi, Las Vegasning suv ta`minotchisi Mide ko`li yaqin o`n yillikda butunlay qurib qlish arafasida turibdi, Xitoydagi Sariq daryo esa okeangacha yetib bora olmayapti. 

Statistik ma`lumotlarga qaraganda, 2030-yilga borib dunyoning 47 % aholisi suv o`ta tanqis hududlarda yashashiga to`g`ri keladi. Bunday hududlarda joylashgan davlatlar o`rtasida suv zahiralari tufayli faqatgina diplomatik sovuqchilik emas, balki urushlar ham kelib chiqishi hech gap emas.

Xo`sh, chanqoqdan holdan toygan armiyalar “moviy oltin” uchun bir-birlariga qarshi qurol ko`tarishlari haqiqatga qanchalik yaqin? Bu borasida allaqachon ikki xujjatli film: “Moviy Oltin: Jahon Suv Urushlari” va “Vodiydagi so`nggi tunov” omma e`tiboriga xavola qilinib, kelajakda bo`lish ehtimoli yuqori bo`lgan suv urushlaridan ogoh etilgan. 

Jahon siyosiy tarixida davlatlararo suv uchun urushlar yangilik emas. Tarixiy xujjatlarga ko`ra, miloddan avvalgi 2450-yilda Shumer davlatlari bo`lmish Umma va Lagash Tigrit-Yevfrat daryolari suvini talashib, bir-birlariga qarshi qonli janglar olib borganlar. 1989-yili Senegal va Mavritaniya o`rtasida Senegal daryosi suvidan foydalanish borasida chiqqan ihtilofda yuzlab odamlar xalok bo`lgan, 250,000 odam esa qochoqqa aylangan. Tinchlik Instituti insoniyatning zamonaviy tarixida bo`lib o`tgan suv urushlarining xronikasi va xaritasini yaratgan bo`lib, undan jami 225 ta suv urushlari joy olgan. 

Garchan suv zahiralaridan foydalanish tufayli kelib chiqqan urushlar hozirgi kungacha katta talafotlarga sabab bo`lmagan bo`lsada, kelajakda bu tabiat ne`mati uchun kurashlar butun dunyo siyosiy tartibini butkul izdan chiqarib yuborishi xech gap emas. Ayni damda sayyorada yaqin o`n yilliklarda suv uchun yuzaga kelgan jang maydonlariga aylanish ehtimoli yuqori bo`lgan to`qqiz “qaqroq” hudud mavjud. Ular bilan quyida tanishib chiqamiz:


Janubiy Yaman-Shimoliy Yaman

– Gidrologlarning bashorat qilishicha, mamlakat poytaxti Sana va uning yondosh hududlari 2025-yilgacha butkul suvsiz qolishi mumkin. Yaman beqaror hududlardan biri bo`lib, uning hududi al-Qoidaning mintaqaviy hamkori Somali qaroqchilari uchun narkotik yetishtiriladigan ‘tomorqa” vazifasini o`taydi. Suv zahirasini kamayishi esa, terrochilar, mahalliy guruhlar va hukumat o`rtasida qaqshatqich janglarga sabab bo`lishi mumkin. 

Yaman poytaxti Sana shahri. Mamlakat tez orada "qurib" qolishi mumkin

Misr-Efiopiya

- Nil daryosi 83 million aholiga ega Misrning jon tomiri  hisoblanadi. Biroq uning suvi aslida kimga tegishli? Nil 6000 kmdan ortiq masofaga cho`zilgan bo`lib, uning suvi Misrga kelguncha to`qqiz millat hududidan oqib o`tadi. Misrning ikki sobiq rahbari Anvar Sadat va Husni Muborak ham Efiopiya rejalashtirgan to`g`on lohiyasiga qarshi tahdidomuz bayonotlar bilan chiqishgan edi. Ikki o`rtadagi ziddiyatlar 2011-yili Efiopiya o`zining “Buyuk Ming Yillik To`g`oni” loyihasini e`lon qilishi ortidan yana jiddiylashdi. Ayni paytda ikki oradagi sovuq munosabat tarangligicha saqlanib qolmoqda.

Nil suvi kimniki?

Hindiston-Xitoy

– Xitoy allaqachon Brahmaputra daryosi bo`ylab 10 ta to`g`on qurishga ulgurgan, yana 18 tasi esa hozirda jdal sur`atlarda qurilmoqda. Bu to`g`onlar tufayli Shimoli-Sharqiy Hindiston va Bangladeshdagi ahvol o`ta jiddiylashishi mumkin. Xitoy, shuningdek, o`z hududidan oqib o`tuvchi boshqa trans-chegaraviy daryolarni ham bo`g`ishni rejalashtirmoqda. Bundan asosiy maqsad esa, 2030-yilgacha 25 % suv tanqisligi bilan yuzma-yuz kelishi kutilayotgan markaziy va sharqiy provinsilarni suv bilan ta`minlash bo`lib qolmoqda. Ayni damda Xitoydagi 6000 katta-kichik ko`llar butunlay qurib qolgan. Sariq daryoning shimoliy havzasi 30 %gacha kamayib ketgan. Xitoy hukumatining Brahmaputradan o`zboshimchalik bilan foydalanishi Dehliga yoqmasligi turgan gap.  

Xitoy Brahmaputrani shunday to`g`onlar bilan bo`g`ib tashlamoqda. Natijada Hindiston va Bangladesh suvsiz qolishi mumkin

Burkina Faso-Gana

– Volta daryosi Burkina Fasodan boshlanib Gana tomon oqadi. Uning suvi tufayli esa ikki davlat jiqqa-musht. Gananing Akosombo to`g`oni uchun bu daryoning suvi juda zarur. Akosombo mamlakatning 80 % elektr energiyasiga bo`lgan talabini qondiradi. Gananing manfaatlariga zid tarzda Burkina Faso Sahelning cho`llanishiga qarshi kurash maqsadida Voltaning yuqorimi oqimida to`g`on qurmoqda. Sahel aholisi suvsizlik tufayli daxshatli ochlik sharoitida hayot kechirmoqda. Sahelliklarning 31 %i kuniga atigi 1 $ bilan yashaydi. Yana ham daxshatlisi Voltabo`yi aholisi keying 25 yil ichida 80 %ga ko`payadi va ikki davlat o`rtasidagi suv mojarolari mintaqaviy tus olib ketish xavfi odamni tashvishga solidi.

Akosombo Gananing 80 % elektr bilan ta`minlaydi. Burkina Fasoning harakatlari tufayli Ganaliklar "chiroqsiz" qolishi mumkin

Tailand-Laos-Vyetnam-Kambodja-Xitoy

– Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari Xitoy tomonidan Mekong bo`ylab qurilgan yoki qurilayotgan to`g`onlar tufayli g`azab otiga mingan. Shuningdek, bunday ihtiloflar Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari orasida ham mavjud. Amerika Ovozining xabar berishicha, Laos Mekong daryosi bo`ylab 2015-yilgacha 41ta, 2030-yilgacha 71 ta to`g`on qurishni rejalashtirmoqda. Bu reja hozirdan davlataro sovuqchilikka sabab bo`lib ulgurgan.

Mekong tufayli Janubiy-Sharqiy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat izdan chiqib ketish ehtimoli yuqori

Hindiston-Pokiston

– Kashmir suvi mana necha o`n yillardirki ikki davlat orasida talash bo`lib keladi. 1960-yildagi Hind Suv Shartnomasiga ko`ra, ikki mamlakat hududlaridan o`tuvchi 6 daryo o`zaro taqsimlab olingan, ya`ni Hind, Jelum, Chenab Pokistonga, Sutlej, Bis va Ravi esa Hintistonga tegishli. Biroq Pokiston ko`p yillardan beri unga tegishli daryolar suvi Hindiston romonidan o`g`irlanayotganligini da`vo qilib keladi. Pokiston aholisi va iqtisodiyotining 92 %i nomlari yuqorida ko`rsatilgan daryolar suviga bog`lanib qolgan.

Hind Suv Shartnomasidagi daryolarning geografik joylashuvi

Turkiya-Eron-Iroq-Suriya

– Shumerlar davridan 4,500 yildan ziyodroq vaqt o`tgan bo`lsada, Tigrit va Yevfrat suvi hanuz mojarolarga sabab bo`lmoqda. Turkiya, Suriya va Erondagi dambalar, irrigatsiya tizimlari quyi oqimda joylashgan, hamda hududi tobora cho`llanib borayotgan Iroqni tashvishga solmoqda. Iroq daryo suvlaridan “Hosildor Yarimoy” yaratishda foydalanish uchun ko`p bor urindi, biroq bu urinishlar daryolarning yuqori oqimida joylashgan Turkiya va Suriya tomonidan chippakka chiqarildi. Iroq va Suriya o`rtasida 1975-yilda Suriya tomonidan Assad ko`lida at-Tavroh to`g`oni qurilishi ortidan qurolli to`qnashuv kelib chiqqan edi. Bu davlatlar ichida Turkiya doimo o`z xavotirini bildirib keladi. Unga ko`ra, agar mamlakatlar o`rtasida suv uchun urush kelib chiqqudek bo`lsa, asosiy jang uning hududi uchun bo`ladi. Sababi, Yevfratning 98 %i aynan Turkiya hududidan boshlanadi.

5000 yildirki, bu ikki daryo O`rta Sharqdagi geosiyosiy vaziyatga katta ta`sir o`tkazib keladi

Qozog`iston-O`zbekiston-Qirg`iziston-Tojikiston-Turkmaniston

– Amudaryo va Sirdaryo suvi borasidagi kelishmovchiliklar bu davlat o`rtasida ular mustaqillikka erishgan 1991-yildan boshlangan. Qozog`iston, Turkmaniston va O`zbekiston uchun suv qishloq xo`jaligi, Tojikiston va Qirg`iziston uchun esa elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun zarur. Mintaqaning yuqori sur`atlarda o`sib borayotgan aholisi esa mavjud vaziyatni yanada og`irlashtirmoqda. Sababi ko`p aholi-ko`p ishlab chiqarish, ko`p ishlab chiqarish-ko`p suv demakdir.

Rog`un qurilishi davom etmoqda, Markaziy Osiyodagi sovuq munosabat ham...

Isroil-Falastin

– Isroil va G`arbiy Qirg`oq orasida joylashgan suv zahiralari falastinliklar uchun yagona manbaa hisoblanadi. Biroq bu suvlar Isroil nazorati ostidadir. Isroil bu suvlarning atigi 20 %ini G`arbiy Qirg`oq aholisiga ajratadi. Isroilning suv ustidan monopoliyasi esa kun kelib falastinliklarning sabr-kosasini to`ldirishi mumkin. Tahminlarga ko`ra, 1967-yildagi Isroil-Suriya inqirozi faqatgina xavfsizlik masalalari tufayli yuzaga kelmagan. Yahudiylar Suriyadan tortib olgan Golan tepaliklaridan boshlanuvchi suvlar ayni damda Isroilning suvga nisbatan ehtiyojini 15 %ga qondiradi. Xo`sh, 1967-yildagi inqirozning asl sababi nimada bo`lishi mumkin?  

6 kunlik urushning asosiy sabablaridan biri suvmidi?

Yuqoridagilardan qanday xulosa qilish mumkin? “Qaqragan tomoqlar” chanqog`ini qondirish uchun bir-birining qonini to`kish ehtimoli nechog`lik haqiqat? Bunday urushlar boshlangudek bo`lsa, unda qaysi tomonni ayblash kerak? Axir hammadayam “tomoq” bor, hamma yashagisi keladi va hamma yashash huquqiga ega. Insoniyat sayyora boshiga yaqinlashayotgan bu xavfdan qanday qutilishi mumkin? "Moviy Oltin" tufayli kelib chiqayotgan ziddiyatlarga yagona yechim qurolmi?

Xa, o`ylagan saringiz savollar tug`ilaveradi. Lekin bu savollarga qoniqarli javobni topolmasdan xunob bo`ladi kishi. Bizning fikrimizcha, suv muammosiga yagona yechim bu – diplomatiya. Qachonki davlatlar o`zaro kelishib, bahamjihatlikda harakat qilar ekanlar bunday ziddiyatlarga o`z-o`zidan o`rin qolmaydi. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar ham bashariyatning H2Oga bo`lgan ehtiyojini qondirishi mumkin. Biz esa faqat mamlakatlar hamjihatlikda ona tabiatning buyuk ne`matini saqlab qolishlariga umid qilib qolamiz… 

Комментариев нет:

Отправить комментарий