07.02.2013

SURIYAGA XORIJIY INTERVENSIYA UYUSHTIRILADIMI?


Ayni vaqtdagi Fransiya Qurolli Kuchlarining Mali shimolidan islomiy jangarilarni haydab chiqarish operatsiyasi va ikki haftacha oldin Jazoirda yuz bergan gaz fabrikasini garovga olinishi Liviyada polkovnik Kaddafiyning hokimiyatdan ag`darilishiga sabab bo`lgan xorijiy intervensiya natijasi ekanligi ko`pchilikka sir emas. Shuningdek, bu voqealar va 2012-yil martidagi Mali davlat to`ntarishi o`rtasida o`zaro bog`liqlik mavjud. Oldingi maqolalarimizda ma`lum qilganimizdek, Muammar Kaddafiyga xizmat qilgan va uning o`limidan so`ng Mali shimoliga qaytib kelgan, polkovnik omborlaridan qurollangan minglab tuareglar bu hududni islomiy jihodchi guruh-Ansoriddin bilan bosib olgan edi. Mali armiyasi hukumatni bee`tiborlikda ayblab, to`ntarish uyushtirdi. Bu to`ntarish aslida intervensiya bo`lib, isyonchi xarbiylar G`arb va AQSH qudratlari tomonidan dastaklangan edi. Ular Mali xarbiylari qo`li bilan ekstremistlar va tuareglarni “tinchitmoqchi” bo`lishdi, biroq xarbiylar ishonchni oqlolmadilar. Natijada, G`arbning o`zi joriy yilning boshlanishida Shimoliy Afrikada navbatdagi “salb yurishi”ni boshlashga majbur bo`ldi.


Shimoliy Afrika bu holatda turar ekan, Suriyada xorijiy intervensiyani boshqa turi sodir bo`lmoqda. Liviya va hozirgi Mali intervensiyasidan farqli o`laroq G`arb va O`rta Sharqning ba`zi davlatlari Suriyada o`zgacha xarbiy intervensiya olib borishmoqda. Ular to`g`ridan-to`g`ri intervensiyaning o`rniga Suriya ichidagi isyonchi guruhlarni yashirincha dastaklab kelishmoqda.

G`arb Liviyaga kirishini oldindan ma`lum qildi, Mali intervensiyasini boshqalar qo`li bilan amalga oshirmoqchi bo`ldi, bulardan xulosa qilinsa tez orada Suriya intervensiyasi haqida ham gap-so`zlar tarqalsa ajab emas. Bu qay darajada amalga oshishi mumkin? Keling, quyida shuni birgalikda tahlil qilishga harakat qilamiz:

SURIYAGA SUQILIB KIRISH



Bir yildan oshiqroq vaqt mobaynida AQSH, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar va qator Yevropa davlatlari o`z manfaatlariga mos bo`lgan Suriyadagi turli isyonchi guruhlarni dastaklab kelishdi. Ko`makning aksariyati davlatlar tomonidan insonparvarlik yordami niqobi ostida kiritildi, isyonchilar noharbiy, masalan, aloqa vositalari va kiyim-kechaklar bilan ta`minlandi. Biroq hukumat va isyonchilar o`rtasidagi jang avj olar ekan, isyonchilar katta miqdorda harbiy yordam olishayotgani ko`zga yaqqol tashlanyapti.

Suriyaga kiritilgan insonparvarlik yordami. Bu yordam nimadan tashkil topganligi haqida aniq ma`lumotlar yo`q 

Masalan, internet tarmoqlarida tarqalgan qator video yozuvlarda Suriya isyonchilari qo`lida M79 raketalari, RPG-22 grantamyoti, M-60 avtomati va RBG-6 kabi qurollar ko`zga tashlanadi. Qolaversa hukumat tomonidan tarqatilgan video yozuvlarda ham isyonchilardan tortib olingan boshqa zamonaviy qurollarni ko`rish mumkin. Qiziq tomoni shuki, bunday qurollar fuqarolar urushiga qadar Suriya armiyasida mavjud bo`lmagan. Suratlar va videolarda isyonchilar qo`lidagi Avstriyaning Steyr Aug avtomatlari va Shvetsiyaning qo`l granatalari odamni yana o`ylantirib qo`yadi. Shvetsiya hukumati qo`l granatalariga izoh berar ekan, ular asosan Birlashgan Arab Amirliklariga sotilganligini ma`lum qildi. Bu esa mavjud vaziyat chigallashib ketganligidan darak beradi.

Ularning qo`liga zamonaviy qurollar qayerdan kelib qoldi?


Avval boshiga hukumat arsenalidan qo`lga kiritilgan “ikkinchi qo`l ” qurollar va o`zlari yasagan artileriya bilan jang qilgan isyonchilar qo`lida to`satdan zamonaviy qurollarning paydo bo`lib qolishi bir qarashdayoq ularning tashqi yordam olayotganidan darak beradi.

Zero isyonchilar avvaliga mana bunday qo`lbola minomyotlardan foydalanishardi, xolos...


Bundan xulosa qilish mumkinki, Suriyadagi mavjud tashqi intervensiya SSSRning Afg`onistonga qilgan intervensiyasi darajasiga yetib ulgurgan, yagona farq-Suriyadagi intervensiya oshkora emas. Manfaatdor davlatlar isyonchilarni tayyorgarlik, maxfiy hizmat va qurollar bilan ta`minlashda tobora ochiq harakat qilmoqda. Yana bir ajablanarli jihat: Afg`onistondagi kabi ikki asosiy tashqi dastakchi-Vashington va ar-Riyod Suriyada Turkiya, Iordaniya, Qatar va BAA kabi davlatlar bilan birga harakat qilishmoqda.

Afg`onistonda saudiyaliklar va amerikaliklar Pokiston Razvedka Xizmatidagi hamkorlariga qaysi guruhlarga ko`mak berishni o`zlari xal qilishlariga qo`yib berishgan edi. Natija esa quyidagicha bo`ldi: pokistonliklar, avvalo, Sovet Ittifoqi chiqib ketgandan so`ng sodiq xizmat qilishiga ko`zlari yetgan guruhlarni qurol bilan ta`minlashdi. So`ngra esa, Gulbiddin Hikmatyor va Jaloliddin Haqqoniyning guruhlari kabi jang maydonida o`zini ko`rsata olgan, “kofirlar”ga qarshi jang qilishni o`zlariga yuksak sharaf deb bilgan jangari to`dalar Pokiston orqali AQSH hamda Saudiya yordamini olishga “musharraf bo`lishdi”.  

O`xshash jarayon ikki yildan buyon Suriyada ham yuz bermoqda. Jabhat al-Nusra kabi Iroqda koalitsiya kuchlariga qarshi jang qilib toblangan va tobora jihodiy guruhlarga aylanib borayotgan radikal kuchlar Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirligi tomonidan hukumatga qarshi qurollantirib kelinmoqda. Ayni paytda Suriya jihodiy guruhlar uchun xaqiqiy “jannat”ga aylanib qoldi. Nega aynan bunday guruhlar tashqi davlatlarni e`tiborini tortmoqda, degan savol tug`iladi. Buning asosiy sababi Suriya muholifati birlashmagan bo`lib, ular ko`p jabhalarda zid qarashlarga ega. Parokanda muholifatni ta`minlab, uning qo`li bilan mavjud rejimni ag`darib bo`lmaydi. Jihodchilar esa bunga juda mos keladi, chunki ularni birlashtirib turadigan yagona maqsad mavjud. Ular ancha uyushqoqdirlar. Shu sababli musulmon dunyosidagi qudratlar Assadni hokimiyatdan ag`darishda bu kabi guruhlardan foydalanishga yoki muholifatni o`zlarining radikal islomiy mafkuralari bilan jihodchilarga aylantirishga urinib kelishmoqda.  

Lekin bu Suriya isyonchilarining radikallashivudagi asosiy omil emas. Birinchi sabab urushning davomiyligi, oxiri ko`rinmasligidir. Sovuq Urush davrini yodga olsak, bu davr mobaynida ruslar amerikaliklar, amerikaliklar ruslar haqida eshitgan lahzada “tepa sochi tikka bo`lar”, uzoq muddatli ziddiyat ikki tomonning bir-biridan o`ta darajada nafratlanishiga sabab bo`lgan edi. Yugoslaviyaning parchalanishiga olib kelgan Bolqondagi uzoq muddatli etnik qarama-qarshiliklarda ham tomonlarning radikallashuvi kuzatilgan edi. Ayni holat Suriyada yuz berayotgan bo`lib, dunyoviy qarashga ega musulmonlar tobora ekstremistlarga aylanib bormoqda. Ikkinchi sabab esa G`arb tomonidan boshchilik qilinadigan intervensiyaga umid qolmaganidir.

Avvvaliga ko`pgina isyonchilar NATOga umid bog`lagandilar. Biroq G`arb to`g`ridan-to`g`ri yordamni rad etdi. Endilikda mana bunday gaplar isyonchilar orasida tez-tez quloqqa chalinmoqda: “G`arb biz uchun nima qildi? Biz faqat Yaratganga suyanishimiz mumkin, xolos…” 

Suriya radikal jihodchilari

Bu omillar o`zaro qo`shilganda esa kishini o`ylantiradigan manzara hosil bo`ladi: yaxshi qurollangan hukumat kuchlaridan yolg`iz omon qolishga imkoni bo`lmagan isyonchilar tashqi yordamga ko`z tikmoqdalar va dastakchilari istagan kuchlarga aylanishga majbur bo`lmoqdalar yoki ikki yillik urush tufayli hukumatga bo`lgan nafrat ularni tabiiy ravishda islomiy ekstremistlarga aylantirib qo`yyapti. Shuningdek, tashqaridan kirib kelayotgan jihodiy kuchlarni ham yoddan chiqarmaslik lozim. Bu guruhlar esa Suriya ziddiyati, balki butun Suriya kelajagini yanada izdan chiqarib yuborishi xech gap emas.


SAUDIYA GAMBITI


Afg`onistonda dunyoviy kuchlarga qarshi jihodchilarni tayyorlashda tajriba orttirgan ar-Riyod Suriyada ham aniq maqsadlarni amalga oshirishni ko`zlamoqda. Birinchisi, Erondan tortib Iroq, Suriya va Livangacha cho`zilib ketgan shia qudratlarini yakson qilishdir. Saddam Husayyn hokimiyatdan qulatilishi bilan Eronning shia hukumatiga qarshi yana bir kuch tugatildi, uning o`rniga Iroqda Eron bilan do`stona aloqalarni o`rnatishni uddasidan chiqqan shialar kelishdi. Suriyadagi parokandalikdan, saudiyaliklar, bo`ysinuvchan sunniy rejim o`rnatib olishda foydalanib qolishmoqchi.

Suriyadagi jihodni qo`llash saudiyaliklarga Eronning mintaqadagi ta`siriga qaqshatqich zarba berishga imkon beradi.

Saudiya Suriya isyonchilarini radikallashtirishdan tashqari, allaqachon radikallashib bo`lgan yoshlarni Suriyaga olib kirishni rejalashtirmoqda. Mavjud manbaalarga ko`ra, ayni paytda, Saudiya Arabistoni va Yamanlik yoshlar Turkiyadagi lagerlarga tayyorgarlikdan o`tish uchun olib ketilmoqda. Manbaada aytilishicha, bu yoshlarga tekin transport xizmati ko`rsatilib, ular mablag` bilan ta`minlanyapti.

Suriya inqirozi abadiy davom etmaydi, u bir kun kelib hal etiladi. Lekin savol tug`iladi: ziddiyatga barham berilgandan so`ng unda ishtirok etgan bu yoshlarni taqdiri qanday kechadi? Ular yoki keraksiz matohdek “ko`chaga uloqtiriladi” yo yana yangi hududlarga olib ketiladi.

Lekin bu bilan masala hal bo`lib qolmaydi. Suriya jihodchilari keyinchalik nazoratdan chiqib ketib, Afg`on mujohiddinlari kabi hokimiyat uchun da`vogar bo`lishlari ham ehtimoldan holi emas. Bu esa haqiqiy fojea bo`ladi.

Ayni damda ko`rib turganimizdek, Liviya jihodchilari nafaqat Liviya hukumatiga, balki butun Shimoliy Afrika mintaqasiga katta xavf solmoqda. Mali va Jazoir voqealari buni tasdiqlab turibdi. Suriyada radikallashuv jarayoni tobora kuchayib borar ekan, bu jarayon musulmon dunyosiga G`arb tomonidan yana bir oshkora  “salb yurishi” uyushtirilishiga sabab bo`lishi xech gap emas. Bunisini endi faqat vaqt ko`rsatadi…

Комментариев нет:

Отправить комментарий