13.01.2013

Anklavlar, Eksklavlar – Markaziy Osiyoning “Olovli Nuqtalar”i (mi?)


  2013-yilni umuman boshqa mavzudagi maqola bilan boshlash niyatida edik, biroq mamlakatimizda yuz bergan favqulodda vaziyat rejalarimizni butkul o`zgartirib yubordi. 

  Ma`lumki, o`tkan hafta O`zbekistonning So`x eksklavida istiqomat qiluvchi aholi bilan Qirg`iziston Respublikasi fuqarolari o`rtasida nizo kelib chiqdi. Shubha yo`qki, bu ziddiyat yuzasidan tafsilotlarni o`quvchilarimiz allaqachon boshqa xabar manbaalaridan o`qib bo`lishgan. Shu sababli biz voqealarga to`xtalib o`tirmaymiz. 

  Xo`sh, So`x o`zi qanaqa hudud, u qay tarzda paydo bo`lgan? So`x - So`x daryosini o`z ichiga olgan holda 350 kv kmni tashkil etuvchi O`zbekistonning eksklavidir. Bu hudud to`laligicha Qirg`izistonning Botken viloyati tomonidan o`rab olingan. O`zbekiston va Qirg`iziston o`rtasida ko`plab ziddiyatlarga sabab bo`ladigan bu tumanda 60,000 ga yaqin odam istiqomat qiladi. Aholisining aksariyati, 90 % dan ziyodrog`i tojik millatiga mansub.

So`x




  Eksklav 1955-yilda siyosiy xaritada paydo bo`lgan. Uning paydo bo`lish sababi borasida aniq ma`lumot mavjud emas, faqatgina mish-mishlar. Ba`zi manbaalarga ko`ra hudud qirg`iz va o`zbek Kommunistik Partiyasi rasmiylari o`rtasidagi qimor o`yinida qirg`iz rasmiysi tomonidan yutqazib qo`yilgan. Boshqalariga ko`ra esa kommunistlarning bu hududni o`zbeklarga berish sababi quyidagicha: hududning asosiy yo`llari Qirg`izistonda joylashganiga qaramay O`zbekiston bilan bog`langan, chunki qirg`iz tomoni asosan tog`lardan iborat. 

  So`x ziddiyati Sovet davridan so`ng ham davom etdi. 1991-yilda davlatlar mustaqillikka erishganidan ko`p o`tmay, O`zbekiston-Qirg`iziston o`rtasida o`zbek tomoniga eksklavga qirg`iz hududidan o`tuvchi yo`llar orqali borishga ruhsat etuvchi kelishuv imzolandi. 

  1999-yilda o`zbek hukumati O`zbekiston Islomiy Harakati terrostik guruhi o`zining har ikki davlatga qarshi operatsiyalarida So`x hududidan baza sifatida foydalanayotgani da`vosi bilan eksklavdagi xarbiy mavjudligini keskin oshirib, chegaralarni minalay boshladi. Shundan beri Qirg`iziston minalar o`z hududiga o`rnatilgani va o`zbek askarlari vaqti-vaqti bilan mahalliy aholiga zug`um o`tkazishidan arz qiladi. 

  2001-yil yanvarida O`zbekiston quvurlar zararlangani vaji bilan Qirg`izistonga gaz uzatishni to`xtatib qo`ydi. Bishkek bunga So`xni O`zbekiston bilan bevosita bog`lash imkonini beruvchi 20 kv kmlik hudud ustidagi muzokaralarda ijobiy natijaga erishish uchun bosim deya baholadi. 

   2001-yil fevralida davlatlar So`x chegaralarini aniqlashtirib beruvchi va So`xni Ozbekiston bilan bog`lovchi hudud borasidagi memorandumga imzo chekishdi. Rasmiy Toshkent bu hudud o`rniga boshqa hudud berishni taklif qilgan edi. Biroq, keyinchalik, kelishuv Qirg`izistonda ommaga havola etilgandan so`ng qirg`izlar orasida “qirg`iz yerini O`zbekistonga qo`shqo`llab topshirish milliy manfaatlarga nisbatan xoinlikdir” mazmunidagi noroziliklar avj olib ketdi. Shu sababli Bishkek kelishuvni rad etishga majbur bo`ldi va muzokaralar haliga qadar davom etmoqda. 

  Shundan beri so`xliklar eksklavga kirib chiqish uchun har ikki mamlakatning bir qancha chegara punktlaridan o`tishga majburlar. O`z navbatida qirg`iz fuqarolari ham mamlakatning sharqiy va g`arbiy qismlariga o`tish uchun So`x hamda minalangan hududlarni bosib o`tishlariga to`g`ri keladi. 

  Bu kabi qiyinchiliklar shunday ham qashshoq bo`lgan So`x va Botkenning iqtisodiy ahvoliga jiddiy ta`sir ko`rsatadi. Ishsizlik darajasi yuqori bo`lib, aholi asosan qishloq xo`jaligi bilan shug`ullanadi. Yoshlarning ko`pchiligi ish izlab xorijga ketishga majbur. 

  Yuqorida ko`p bora tilga olganimiz “anklav” hamda “eksklav” geosiyosiy atamalari aslida nimani anglatadi? Keling, quyida ularning farqini va ma`nosini ko`rib chiqamiz:

  Chapda: C hudud  B davlat uchun eksklav, A davlat uchun anklav;

  O`ngda: D hudud B davlat uchun eksklav, lekin A davlat uchun anklav emas.

  Demak So`x O`zbekiston uchun eksklav, Qirg`iziston uchun anklav hudud hisoblanadi. 


Xo`sh, Markaziy Osiyoda So`x kabi hududlar yana mavjudmi?

Rasmda Markaziy Osiyoda mavjud anklav/eksklavlar qizil yozuvda ko`rsatilgan


1.       Sarvan   (O`zbekistondagi tojik anklavi)

  Sarvan qishlog`i O`zbekiston hududida bo`lib, Farg`ona va Isfara vodiylari tutashgan nuqtada joylashgan. Anklavning hududi 8 kv kmni tashkil etadi. Bu hudud 1991-yilda SSSRning parchalanashi ortidan paydo bo`lgan. 

2.       Vorug`, G`arbiy Qalacha (Qirg`izistondagi tojik anklavlari)

  Ikki tojik anklavi Qirg`iziston hududida joylashgan. Bu anklavlar ham SSSR parchalangandan so`ng yangi siyosiy xaritada paydo bo`lgan.  

  Vorug` qishlog`i Oqtosh tog`ining janubida joylashgan. Hududi 130 kv kmni tashkil etib, aholisi soni 23,000-29,000 orasida. Aholisining 95 % tojik, qolgani qirg`iz millatiga mansub. 

  Qayrago`ch yoki G`arbiy Qalacha Tojikistonning Qirg`izistondagi ikkinchi eksklavi. Laylak tumanidagi Tojik-Qirg`iz chegara punktiga yaqin joylashgan bu manzilgoh juda kichik bo`lib, hududi tahminan 1 kv km dan kamroqni tashkilI etadi. 

  Hududlarning iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo`jaligiga asoslangan. Aholisining ko`pchiligi Rossiyada meva va sabzavotlar sotish bilan tirikchilik qiladi. Vorug`da 1989, 1993, va 1999-yillarda yer va suv tufayli etnik ziddiyatlar kelib chiqqan. 

Vorug`ning joylashuvi



3.       Shohimardon, Qalacha, Jangail va Tayan (Qirg`izistondagi o`zbek anklavlari)

  Tog`lar va jigal geosiyosat tufayli Qirg`iz-O`zbek chegaralari kuchli qo`riqlanadi va tez-tez yopilib turadi. 2000-yillardagi muzokaralar natijasida ikki chegara punktini olib tashlashga va Pulgon-Qadamjoy hamda Markazdan Oshga olib boradigan “yashil tranzit yo`li” ochilishiga erishildi. 2004-yilda O`zbekiston So`x va Shohimardonga yondosh mina maydonlari tozalanishini e`lon qildi. 

  Shohimardon Oloy tog`lariga yaqin hududda joylashgan. Anklavning maydoni 90 kv kmni tashkil etib, aholisi 10, 000 dan ortiq. 91 % i o`zbeklar, 9 % i qirg`iz millatiga mansub. 

  Qalacha So`xning shimoliy tomonida joylashgan juda kichik hudud. Anklav 1 kv kmdan kichikroq hududni egallab, deyarli aholiga ega emas.  

  Jangail Shohimardonning shimoliy-g`arbiy tomonidagi kichik hudud. Maydoni 1 kv kmdan kamroq. 

Kyrgyzstan Development Gateway veb-sahifasiga ko`ra qirg`iz hududida yana bir O`zbekistonning eksklavi mavjud. So`x anklavining janubida joylashgan 40 gektarlik bu hudud Qi`rg`izistonning Tayan qishlog`iga chegaradosh bo`lib, rasmiy nomi aniq emas.


4.       Barak   (O`zbekistondagi qirg`iz anklavi)

  Barak nomli kichik qirg`iz qishlog`i Farg`ona vodiysida joylashgan. Qishloq butunlay O`zbekiston hududi tomonidan o`rab olingan bo`lib, Marg`ilon va Farg`ona shaharlari orasida joylashgan. Barakni rasmiy xujjatlardan boshqa biror xaritadan topishning iloji yo`q. 

  Bu hudud ham SSSR parchalanuvi ortidan paydo bo`lgan.

  BBCning Qirg`iz Xizmati tomonidan berilgan ma`lumotga ko`ra, qishloq aholisi 627 nafar bo`lib, barchasini qirg`iz millati tashkil etadi. 

Barakning tahminiy joylashuvi qizil doirada ko`rsatilgan


  Savol tug`iladi: bu kichik hududlar Markaziy Osiyoda katta muammolarga sabab bo`lishi mumkinmi? Ular nima sababdan yuzaga kelgan? Hududchalarni kelishuvlar asosida yo`q qilishning iloji yo`qmi? Balki shundagina davlatlar va anklavklarda yashayotgan aholiga yaxshi bo`lar? Bir vaqtlar anklavlar "Stalinning Vaqt Bombalari" deb atalar edi. Ko`pchilikning fikriga ko`ra Stalin nazoratni doimiy o`z qo`lida saqlash uchun bir avtonom davlat ichida boshqa davlatning hududini atayin qoldirgan. Lekin Markaziy Osiyodagi anklavlarning siyosiy xaritada paydo bo`lish vaqtiga e`tibor qaratsak, ularga Stalin sabab bo`lmaganini tushunamiz, ya`ni ularning barchasi Stalin vafotidan so`ng paydo bo`lgan. Xo`sh, unda bu hududlardan kim yoki kimlar manfaatdor? Nega anklavlar muammosini bartaraf etish yo`lidagi harakatlar bunchalik sust? Qachongacha So`x kabi hududlar davlatlar va qardosh xalqlar orasiga nifoq soladi?

  Ha, savollar ko`p, lekin hukumatlar bu savollarga javob berishni xohlamaydigan ko`rinishadi. Vaqti kelib javoblar va yechimlar topilishiga umid qilishdan o`zga choramiz yo`q…




Комментариев нет:

Отправить комментарий