30.01.2013

TOJIKISTONNING UNUTILGAN FUQAROLAR URUSHI: SABABLAR (2-qism)


Jahondagi xech bir ziddiyat o`z-o`zidan yuzaga kelib qolmaydi. Albatta, har bir muammoning tag zamirida bir qancha sabablar yotadi. Zamonamizda biror ziddiyatga sabab deb kimligi noma`lum "uchinchi tomon" yoki "qora kuchlar" ayblash odat tusiga kirib qolgan, aslida esa har bir muammoga sababni ichkaridan qidirish lozim. Biror davlatdagi qarama-qarshiliklar daraxt tanasidagi qurtga o`xshaydi, ular davlatni ich-ichidan yemiradi, pirovardida butun mamlakatni qulatadi. Tojikistondagi milliy fojeaning asl ildizlari deb quyidagilarni keltirish mumkin: 




 Etno-hududiy guruhlararo tarixiy aloqalar



Etnik tarixni o`rganish davomida mamlakat topografiyasini sinchiklab ko`rib chiqish talab etiladi. Asosan tog`lardan iborat Tojikistonning topografiyasi esa mamlakatning turli hududlarida istiqomat qilayotgan odamlarning o`zaro integratsiyasiga xalal beradi. Shu sababli Tojikistonda mahalliy aholisi bir-biridan farq qiluvchi to`rt alohida hudud shakllanib qolgan: So`g`d regioni, Qorategin va Hisor vodiysi, Xatlon hamda Tog`li Badaxshon avtonom viloyati. Bu regionlarni baland tog` tizmalari ajratib turgani uchun ularda yashayotgan aholi deyarli o`zaro qalin munosabatlarga ega emas. Mavjud vaziyat o`z navbatida har bir regionda o`ziga xos etnik birliklar shakllanishiga sabab bo`lgan. Qo`shimcha tarzda regionlardagi aholi va resurslarni noteng taqsimlanganligi ham alohidalikni yanada kuchaytirib yubordi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy mahalliychilik yoki tojiklar tili bilan aytganda “mahalgeriya” mamlakatda yahlit, kuchli tojik millati shakllanishi yo`lidagi asosiy g`ov bo`ldi.

Tojikistondagi turmush modeli ham jamiyatda mahalliychilik qay darajada ildiz otganligini ko`rsatadi. Masalan, Ismoiliylar faqat diniy alohidaligi emas, balki boshqa bir tilda so`zlashganlari uchun ham quad-andachilik aloqalarida o`z jamiyatlaridan tashqariga chiqmaydilar. O`zbek qizlari, odatda, tojiklarga turmushga chiqishmaydi.

Ruslar doimo o`zlarini oliy irqqa mansub deb hisoblab kelganlar. Tojikistonda tug`ilib o`sganlari tufayli Rossiya ruslaridan ko`ra tojiklarga yaqinliklariga qaramay, Tojikiston ruslari hamda tub aholi orasidagi munosabat xech qachon iliq bo`lmagan.

Garm va qorateginliklar diniy aqidalarga ko`proq berilganliklari bilan ajralib turgan bir paytda, So`g`d va Badaxshonning janubiy-sharqidagi qirg`izlar xech kimga qo`shilmaydigan alohida etnik guruhliklaricha qolib ketishaverdi. Badaxshonliklarning o`zida esa butun tojik jamiyatini boshqarishga ishtiyoqmand Pomiriy kayfiyat xukmron edi.
           
 Tojikistondagi etnik guruhlar

Yuqorida sanab o`tilgan omillar tufayli fuqarolar urushi boshlanishi bilan butun boshli tojik millati turli guruhlarga ajralib, bir-birining qonini to`ka boshladi. Aslida esa, tojik jamiyati allaqachon guruhlarga parchalanib ketgandi.


Sovetlar merosi



Har bir koloniya o`zining sobiq boshqaruvchisidan yaxshi va yomon narsalarni meros qilib oladi. Shubha yo`qki, Sovet boshqaruvi ostida Tojikiston jamiyati ijtimoiy va iqtisodiy tomondan o`zining yuqori cho`qqisiga o`rladi. Ayni hozirgi kundagi tojik jamiyatining siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatlari Sobiq Ittifoq davrida shakllangan edi. Kommunistlar tomonidan olib borilgan siyosat natijasida tojiklar o`zlarining madaniy markazlari bo`lmish Samarqand va Buxorodan ajrab qoldilar, Tojikiston demografiyasi keskin o`zgarishga uchradi, rus tili davlat hamda ta`lim tili sifatida millat ongiga majburlab tiqishtirildi. Kreml klanchilik ko`rinishiga ega milliy boshqaruv tizimini qo`llab, milliy davlat qurishga bo`lgan har qanday intilishni yo`qqa chiqardi.

Tojik elitalari faqatgina Moskvadan kelgan buyruqlarni bajarishdan nariga o`tmasdilar. Tojikiston davlatining ijtimoiy, iqtisodiy hayotdagi, boshqaruvchilik, ma`orif sohalaridagi siyosati to`g`ridan to`g`ri Kremldan nazorat qilinar va tojiklar faqatgina ijrochi vazifasini o`tashardi.  Xuddi shu sababli SSSR parchalanishi arafasida, Ittifoqning boshqa respublikalarida bo`lganidek, Tojikistonda birorta mustaqil fikrli, professional siyosatchi mavjud emasdi. Tajribali siyosatchi liderlar yetishmasligi fuqarolar urushining va undan keying fojealarning asosiy sabablaridan biriga aylanib qoldi.

Region uzra nazoratni saqlab qolish maqsadida kommunistlar Britaniya Imperiyasi kabi “Bo`lib tashla, xukmronlik qil!” siyosatini qo`llashdi va bu siyosatda ruslarning o`zi muvozanatni saqlovchi rolini o`tadi. Shu tariqa, shundoq ham tabiiy sabablar tufayli asrlar davomida alohidalikda yashab kelayotgan tojik millati aro mahalliychilik yanada avj oldi. Sovetlar ta`siri ostida tarixchi va etnograf olimlar tojik millati azaldan mayda guruhlarga bo`linib yashaganligi haqida asarlar yozdilar, bu asarlar maktablarda qo`llanma sifatida o`qitilib, yosh tojik avlodi ongiga mahalliychilik mafkurasi singdirib borildi. Bu ko`rinishdagi propogandalarning yirik namoyondalaridan biri tojik tarixchi olimi Bobojon G`ofurov bo`lib, u tomonidan yozilgan “Tojik” tarixiy kitoblar to`plami 1960-yillarda maktablardagi standard qo`llanma hisoblanardi. Bunday etnik kampaniya, albatta, sovet hokimiyati tomonidan ehtiyotkorlik bilan boshqarib borilardi. Milliy o`zlikni anglashga bo`lgan har qanday urinish yo`q qilinardi. “Milliy o`zlikni anglash” kampaniyasi bilan bir qatorda “ruslashtirish” siyosati ham olib borildi: rus tili maktablarda asosiy o`qitish tiliga aylantirildi, siyosiy hayotda norasmiy til darajasiga chiqdi.  Mixail Gorbachevning oshkoralik siyosati tojik xalqining milliy o`zligini anglash jarayoniga kuchli turtki berdi. Tojik intellegensiyasi o`zlarini Eron va Afg`onistondagi forslarga bog`liqliklarini va tojik milliy mafkurasi Sovetlarnikidan ustunligini isbotlashga tushib ketishdi. Milliy-madaniy tashkilotlar o`zlarining fors va musulmon o`zliklarini tan oldirish uchun ateistik kommunistlar bilan jiddiy raqobatga kirishdilar. Biroq o`zini boshqalardan ustun qo`yish harakati aks ta`sir ko`rsatdi. Mamlakat hayoti deyarli Sovet Ittifoqi va qo`shni davlatlarga qaram bo`lib, o`zini qobiq ichiga o`rab olgan tojiklarning rivojlanish uchun biror ish qilishlari amri mahol edi. Bu tez orada siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy bo`hronga olib keldi hamda tojik qavmlariaro ziddiyatlarga sabab bo`ldi.

Tojikiston SSSR bayrog`i

Qo`shimcha ravishda BMT Bosh Kotibining 1993-yildagi hisobotini keltiramiz: “Tojikiston inqirozi nazorat etilmaydigan qurollar tufayli ham avj olmoqda. Afg`onistondan Tojikiston orqali chiqib ketgan Sobiq Ittifoq qo`shinlari tomonidan mamlakatda katta miqdorda qurol qoldirib ketilgan. Bundan tashqari Sovet Ittifoqi parchalangandan so`ng qarovsiz qolgan 1,387 kmli Tojik-Afg`on  chegarasidan ham noqonuniy qurollar kirishi ortib bormoqda.”

Shunga ahamiyat berish kerakki, fuqarolar urushi davridagi qurollar tomonlarga sotilmagan, balkiI Saudiya Arabistoni, AQSH va Eron homiyligida Afg`oniston orqali Pokistondan olib kelinib, tarqatilgan.


Islomiy ekstremizmning o`sishi



Post-Sovet Tojikistoni davrida musulmon elitalari turli kategoriyalar ostida tashkil etildi. Birinchisi, Hizb ut-Tahrir kabi fundamentalist-ekstremistlar bo`lib, ular demokratik qadriyatlar va g`arb madaniyatini tamomila rad etardilar. Ekstremistlar qonun sifatida shariatni,  ahloq sifatida islomiy normalarni birinchi o`ringa qo`yish tarafdori edilar. Ikkinchisi, mullalar va Tojikiston Islomiy Uyg`onish Partiyasining ba`zi a`zolari bo`lmish konservativlar bo`lib, ular qattiq tartibli ijtimoiy tartib o`rnatish taraddudida edilar. Konservatorlar dunyoviylashuv va zamonaviylashuvning har qanday ko`rinishini rad etardilar. Uchinchisi, modernistlar hisoblanib, demokratiya va islom uyg`unlashuviga erishish uchun harakat qilishdi. Nihoyat so`nggi kategoriya sekularistlar bo`lib, buning ichiga Tojikiston Xalq Demokratik Partiyasi a`zolari, kommunistlar, sotsialistlar va demokratlar kirardi. Ular dinni siyosatdan ajratish tarafdori edilar. Shu bilan birga sekularistlar milliyatchilik va boshqa islomiy davlatlar bilan tashqi aloqani mustahkamlash uchun islomdan foydalanishga urinishdi.

 O`sha paytlarda ommaviy Qur`on darslarini o`tish odat tusiga kirib qolgan edi

Bu qarama-qarshi guruhlar ateistik kommunistlarga zimdan qarshi bo`lgan Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston kabi davlatlardan Afg`oniston orqali ko`mak olib turdi. Dastaklovchilar asosan ikki narsani maqsad qilib qo`ygandilar: ekstremistik islomni yoyish va mintaqaga joylashib olish.


Mintaqaviy elitalarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy ustunligi



Azaldan Tojikistonda O`zbekiston va Rossiya ko`magiga tayangan Xo`jand elitasining ta`siri kuchli bo`lgan. Sovet Ittifoqi parchalangandan so`ng mamlakatda xavfsizlik masalasi mo`rtlashdi. Mamlakatdagi hududiy elitalar bosh ko`tarib, yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qilishdi. Muholifat Xo`jandning iqtisodiy muhimligini anglagan holda, bu hudud elitasining kuchsizlanishini istamadi. Lekin Xo`jandliklar hali hokimiyat uchun tayyor emasdilar. Xo`jand elitasi o`zining siyosatda noqobilligini xis qilib, Tojikiston ichki ishlariga O`zbekiston va Rossiyani zimdan jalb qila boshladi. Xo`jand elitasining yetakchilaridan biri prezident Nabiyevning bu siyosati, aksariyat tahlilchilarning fikricha, Tojik inqirozining asosiy sabablaridan biri bo`lgan.


Etnik o`zlikni anglash



Tojikiston mustaqilligi boshqa Sobiq SSSR davlatlari kabi kurashilmagan, favqulodda imkoniyat kelib qolgan mustaqillik edi. Tojikistonda mustaqillik uchun intilish, kurashish u darajada kuchli bo`lmay, bunday mustaqillik milliy davlat qurish uchun asos bo`la olmas edi.

Davlatlar mustaqilligidan so`ng sobiq ittifoqchilar orasida milliy til va madaniyatni birinchi o`ringa qo`yish uchun to`satdan kurash boshlandi. Siyosatshunos K. Varikuga ko`ra: “Markaziy Osiyo bo`ylab tashkil qilingan yangi siyosiy partiya va harakatlar nafaqat mahalliy aholining fuqaroviy, diniy va siyosiy talablarini ilgari surishmoqda, balki anti-rus kampaniyasini ham targ`ib qilishmoqda.” Tojikistonda bu kabi kampaniya Rastoxez Milliy Harakati tomonidan olib borildi. Ayniqsa Arman Voqeasi paytida Tojikiston ko`chalari millatchilikni tar`gib qiladigan milliy shiorlar va plakatlarga to`lib-toshgan edi.


Bunday millatchi harakatlar tojiklarni muhim narsalardan chalg`itdi, milliy davlat barpo etish, mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish lozim bo`lgan bir vaqtda, tojiklar, shovinistik mafkura bilan o`ralashib qoldilar.


Etnik saylovlar va tanlovlar



Rahmon Nabiyev 1991-yil noyabridagi saylovlarda rasman prezident etib saylangandan so`ng butun mamlakat boshqaruvi Xo`jand va Ko`lobning sobiq kommunistlari qo`liga o`tib qoldi.

1992-yil 2-dekabridagi Xo`jandda bo`lib o`tgan Oliy Sovetning navbatdagi sessiyasida yangi kabinet tanishtirilganda hukumat a`zolarining deyarli barchasi Tojikiston Kommunistik Partiyasidan, partiya a`zolari esa Xo`jand va Ko`lobdanligini ko`rish mumkin edi. Ko`lob klani liderlaridan biri Sangak Safarovning o`limidan ko`p o`tmay butun hokimiyat ko`lobliklar qo`liga o`tdi. Muhim hukumat organlari va boshqaruv institutlari Ko`lob klani nazorati ostida edi. Ko`loblik vazir va boshqa amaldorlarni aksariyati esa boshqaruvga nomunosib yoki jinoiy ishlarga aralashib qolgandi.

 Sangak Safarov

Asosiy a`zolari ko`loblik bo`lgan Xalq Fronti milliy qo`shindagi tartibni o`zgartirdi. Natijada muntazam armiyadagi oliy mansablarni faqat Ko`lob elitasi egallaydigan bo`ldi.


Hukumat siyosati



Hukumatning muholifatga nisbatan yuritgan siyosati ham fuqarolar urushining muhim sabablaridan biri. 1993-yil yanvarida Oliy Sovet Raisiga aylangan Imomali Rahmon muholifat yetakchilariga qarata agressiv siyosat yurita boshladi. Tojik musulmonlari ma`naviy yo`lboshchisi Hoji Akbar To`rajonzoda, Tojikiston Islomiy Uyg`onish Partiyasi yetakchilaridan biri Muhammad Sharif Himatzoda, Rastoxez Xalq Harakatidan Tohir Abdurjabbor, Lali Badaxshondan Atobek va Shodmon Yusuf, Tojikiston Demokratik Partiyasi rahbari va sobiq deputat Davlat Usmonlar shular jumlasidandir. Ularga 1992-yil may voqealarini tashkillashtirish, qonuniy saylangan hukumatni ag`darib, hukumatni egallab olishga urinish, noqonuniy qurolli guruhlar tashkil qilish va ular yordamida mamlakatni urush markaziga aylantirish, davlat iqtisodiyotini izdan chiqarib tashlash ayblari qo`yildi. Hukumat muholifatga qarshi repression siyosat olib bordi, butun hukumat mediasi muholifatga qarshi targ`ibotlar bilan to`lib toshdi. Nihoyat, Tojikiston Oliy Sudi Tojikiston Demokratik Partiyasi, Tojikiston Islomiy Uyg`onish Partiyasi, Lali Badaxshon Jamiyati va Rastoxez Xalq Harakati kabi muholif qarashda bo`lgan ommaviy tashkilotlarning faoliyatini taqiqlab qo`ydi. Inson huquqlarini oyoqosti qilish, muholifat va o`zgacha fikrlovchilar mavjudligini tan olmaslik, ularni tinglab ko`rishga intilmaslik, agressiv avtoritar rejim mamlakatdagi vaziyatni butkul izdan chiqarib yubordi.

Hukumat muholifatni ruscha ism bo`lgan Vladimirdan olingan “Vofchik” laqabi bilan atardi. Bu “Vahhobiy” atamasini anglatardi. Javoban muholifat tomoni ham hukumatdagilarni ruscha Yuriy ismidan olingan “Yurchik” derdi. Shu tariqa bir millatning ikki siyosiy kuchi bir-birining ashaddiy dushmaniga aylandi. Uzoq vaqt davomida xech bir taraf murosani istamay keldi.

1997-yil tinchlik sulhidan keyin kuchga kirgan yangi konstitutsiyada ham muholifat haq-huquqlari inobatga olinmadi. Muholifatga parlamentdan atigi 30 % joy va Davlat Apparatidan arzimas o`rin ajratildi.


Davlat tuzumining kuchsizlanishi



Davlatning markazlashgan boshqaruvni qo`ldan boy berib qo`ygani butun mamlakat xavsizligini xavf ostiga qo`yib qo`ydi. Umumiy birlashgan milliy mafkuraning yo`qligi, etnik guruhlar orasidagi hokimiyat uchun kurash va sovet tuzumi gardaniga ag`darilgan, aslida esa hukumatning noto`g`ri siyosati tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy bo`hron ham davlatni parchalanib ketish darajasiga olib kelib qo`ydi. Natijada butun mamlakatda nazoratni qo`lga olomagan hukumatga qarshi bir qancha region liderlari bosh ko`tarishdi, ularning har biri hokimiyat uchun da`vogarga aylanishdi. Hukumat esa o`z mavjudligini saqlab qolish uchun konstitutsiyaga zid amallar qila boshladi, Tojikistonda avtoritar rejim o`rnatildi.


Xavfsizlikka tahdid



Xavfsizlik masalasi kuchsiz hukumat va kuchlar tizimining o`zgarishi tufayli edi. Safarali Kenjayev Xo`jand elitasining rahbariga aylangandan so`ng 1987-yildan buyon Ichki Ishlar Vaziri lavozimini egallab kelayotgan Navujonovni nishonga oldi. Bu suiqasd Dushanbedagi pomiriylarni oyoqqa turishiga sabab bo`ldi. Tojikiston shunday guruhiy qarama-qarshiliklar makoniga aylandi. Muholifat ham 1992-yilda president Nabiyev soqchilari tinch namoyishchilarni o`qqa tutishi ortidan Davlat Usmon va Shodmon Yusuflar rahbarligi ostida Nijati Milliy (Xalq Ozodligi uchun Front) deb atalmish qurolli guruh tuzgan edi. Muholifat jangchilari Afgo`niston va Pokistondagi lagerlarda tayyorgarlik o`tagan edi. Muholifatda qurolli kuchlarning paydo bo`lishi vaziyatni butkul izdan chiqarib yubordi. Mamlakatda anarxiya hukmronga aylandi. Hukumat esa muholifatga chetdan, asosan, Afg`onistondan kirib keladigan qurol va boshqa har qanday dastakni yo`lini to`sish uchun zo`r berib kurashardi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий