18.01.2013

QOZOG`ISTONDA HAQIQATAN ISLOMIY TAHDID MAVJUDMI?


2011-yilda Qozog`iston uchun o`ziga xos voqealarga boy bo`ldi: shu yili Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanib kelayotgan va ikki o`n yillik davomida osoyishtalikni saqlab qolishning uddasidan chiqa olgan mintaqaning eng tinch davlati o`zining mustaqil tarixida ilk marotaba islomiy ekstremizm xavfi bilan to`qnash keldi.






2011-yilda ro`y bergan sirli xujumlar seriyasi Qozog`istonda radikal islomiy kuchlar mavjudligi nazariyasini oldinga suradi . Voqealar silsilasi 2011-yil 17-mayda mamlakatning g`arbiy shahri Aktobada 25 yoshlar atrofidagi noma`lum shaxs milliy xavfsizlik agentligi hisoblanmish KNBning mahalliy boshqarmasi yonida o`zini portlatib yuborgani ortidan boshlangan edi. Hukumat zudlik bilan xudkushning shaxsi aniqlangani, u uyushgan jinoyatchi guruh rahbari Raximjon Maxatov bo`lib, o`zi qo`l urgan jinoyatlarga ma`suliyatni bo`ynidan soqit qilish maqsadida joniga qasd qilganligini ma`lum qildi. Keyinchalik Maxatov haqiqatda mahalliy mafiya rahbari bo`lgani, biroq so`ngi yillarda konservativ ruhdagi diniy guruhlarga aralashib qolib, shariat asosida xayot kechirganligi aniqlandi. Bu esa Qozog`istonda islomiy ekstremizm vujudga kelganligi borasidagi ilk tahminlar edi. 

Bir haftadan so`ng Almati shahrida yana KNB offisi yonginasida bomba o`rnatilgan mashina portladi. Hukumat rasmiylari mashina ichida xalok bo`lgan ikki jinoyatchini “yevropa millatidan” ekanligini aytib, yana bir bor islomiy radikalizmning mamlakatda mavjudligini rad etdi. 

Biroq hukumat diniy ekstremizm mavjudiyatini rad etishga harchand urinmasin, amalda Nazarbayev rejimi yuqoridagi ikki holat radikal dindorlar tomonidan amalga oshirilganligiga o`zi ishonishi mamlakatda bo`layotgan tezkor o`zgarishlaridan ma`lum edi. Masalan, voqealardan so`ng hukumat Aktobadagi islomiy muassasalar rahbarlarini o`zgartirdi va kutilmaganda Afg`onistonga shaxsiy tarkib jo`natish yuzasidan NATOga berilgan taklifni bekor qildi. 

Aktobadagi xujumdan bir qancha vaqt oldin Tolibon Qozog`iston hukumatining Afg`onistonga qo`shin yuborish rejasi yuzasidan ogohlantiruv bayonoti e`lon qilgan edi, unda “Qozog`iston musulmonlari bu noto`g`ri siyosatga qarshi turishlari va o`zlarining iymonli farzandlarini dindosh birodarlarining qonini to`kishga jo`natmasliklari lozimligi” uqtirilgandi. Bu bayonot va keyinchalik hukumatning Afg`onistonga askar jo`natish rejasini bekor qilishi Qozog`istonda diniy radikalizm mavjudligi atrofidagi mish-mishlarni yanada avj olishiga olib keldi. Ko`pchilik tahlilchilarning fikricha qozoq hukumati askar jo`natish rejasini terrorizm nishonga olgan davlatlardan biriga aylanib qolishdan saqlanish uchun bekor qilgan. 

2011-yil avgustida Aktobada yuz bergan politsiyachilarga qarshi qurolli xujumlarni hukumat “quvurlardan neft o`g`irlash bilan shug`ullanuvchi mahalliy jinoyatchi to`dalarning o`zboshimchaligi” deb baholab, yana bir bor diniy ekstremizm mavjudligi borasidagi gap-so`zlarga chek qo`ygandek bo`ldi,  xujum uyushtiruvchilarning aksariyati islomiy guruhlarga aloqadorligi borasidagi savollarga “bu - islomni niqob qilib olish” qabilada javob qaytardi.

2011-yilning 31-oktyabrida esa G`arbiy Kaspiy sohiliga yaqin Atirau shahrida ikki xudkushlik amali sodir etildi. Qozoq hukumati bu terroristik akt ham islomiy radikallar tomonidan amalga oshirilmagan deya e`lon qilmasidan oldin, kutilmaganda, shu paytgacha nomi biror joyda ma`lum bo`lmagan Jund al-Halifa (Halifat askarlari) jihodiy guruhi portlashlar bo`yicha ma`suliyatni o`z bo`yniga olgani to`g`risida bayonot tarqatdi.
Jihodiy guruh bayonoti video yozuv shaklida bo`lib, internet tarmog`iga qo`yilgan bu videoning shakli so`zlovchining qora niqobdaligi va qo`lida qurol tutib turganligi bilan al-Qoida video-bayonotlariga o`xshab ketardi.

Video-bayonot rus tilida, arabcha tagyozuvlarda bo`lib, unda “dinga erkin e`tiqodni cheklagan, 20 yil mobaynida begunoh dindorlarni zindonband etib kelayotgan” qozoq hukumati ayblangan va bu aktlar Nazarbayev hukumati uchun ogohlantiruv ekanligi ma`lum qilingandi. 

Bu Tolibon bayonotidan so`ng Qozog`iston uchun ikkinchi tahdid bo`ldi. Nihoyat hukumat Atirau voqealarida islomiy radikallarning qo`li borligi ehtimolini e`tirof etishga majbur bo`ldi.

Biroq keyinchalik aniqlanishicha Jund al-Halifa tomonidan tarqatilgan video-bayonot Qozog`iston hududida tasvirga tushirilmagan, ehtimoliy tasvir maydoni sifatida Pokiston-Afg`oniston chegarasidagi tog`li hududlar borasidagi tahminlar paydo bo`ldi. Sababi shu paytgacha guruh haqida videodan boshqa biror narsa ma`lum bo`lmay, na uning yo`lboshchilari, na yo`nalishi to`g`risida xech kim xech narsa bilmas edi.

Bu esa o`z-o`zidan Jund al-Halifa haqiqatda mavjudmi degan savolga olib kelardi. Chunki terrostik guruhlar, odatda, o`z mavjudliklarini tashkil etilishlari bilan ma`lum qilishga harakat qilishar, atroflariga ko`proq odam yig`ish maqsadida borliklarini doimo namoyon qilish payida bo`lishardi.

Yuqoridagi bir-biriga qarshi fikrlar odamni o`ylantirib qo`yadi. Xo`sh, Qozog`istonda haqiqatan islomiy tahdid mavjudmi? Agar mavjud bo`lsa nega 2011-yilgacha biror terroristik akt sodir etilmagandi? Agar mavjud bo`lmasa nega shuncha xujumlar amalga oshirildi?

 Qozog`iston hukumatining yopiq ichki siyosati tufayli 2011-yil voqealari to`g`risida bizning oldimizda xuddi shunday javoblari noaniq savollar paydo bo`lmoqda. Biz bu savollarga aniqlik kiritish uchun mamlakatdagi asl vaziyat haqida bir qancha farazlarga murojaat etishga majburmiz:

Birinchi faraz: 2011-yil voqealari haqiqatan islomiy radikallar tomonidan sodir etilgan va Qozog`iztonda islomiy tahdid mavjudligi rost. Nega ular aynan 2011-yilgagina kelib xarakat boshlashdi degan savolga shunday javob berish mumkin: mamlakatda ekstremistlar anchadan beri mavjud emas, balki ular shu yaqin yillarda janubiy hududlar orqali kirib kelgan Afg`oniston va Pokistonda tayyorgarlikdan o`tgan O`zbekiston Islomiy Harakati va unga aloqador guruh a`zolaridir. Hukumat esa ularning mavjudligini mamlakat taraqqiyotining asosi bo`lgan xorijiy investorlarni cho`chitib yubormaslik uchun  rad etib kelgan. 2012-yilda deyarli bunday aktlar sodir etilmaganligi shundan dalolat beradiki, Nazarbayevning qudratli xavfsizlik xizmati to`satdan mamlakatga kirib kelgan islomiy xurujni bartaraf etishning uddasidan chiqa olgan. 

Diniy radikallar mavjudligi borasidagi yana bir taxmin esa quyidagicha: Qozog`iston muholifati doimo hukumatni erkinliklar, ayniqsa, diniy erkinliklarni bo`g`ishda ayblab keladi. Muholifatga ko`ra 20 yil davomida Nazarbayev rejimi ostida ezilgan xalq islom dinidan taskin olishga urinmoqda. Hukumatning noinsoniy siyosati tufayli junbushga kelgan odamlar kichik diniy guruhlarga bo`linib, o`z noroziligini xudkushlik amallari orqali ko`rsatishga harakat qildi. Lekin bu hol diniy ekstremizmdan ko`ra ko`proq Arab Bahori ssenariysiga o`xshab ketardi.

Ikkinchi faraz: Qozog`istonda islomiy tahdid mavjud emas. Sababi Qozog`iston aholisi Markaziy Osiyo davlatlari ichida diniy e`tiqodga e`tibor bo`yicha eng oxirgi o`rinda turadi, ya`ni mamlakatda islomning roli katta emas.

Bo`lib o`tgan terroristik aktlariga e`tibor qilsak, ular, asosan, mamlakatning g`arbiy hududlariga to`g`ri keladi. G`arbiy Qozog`iston boshqa hududlarga qaraganda ko`proq diniylashgan bo`lishiga qaramay, shu paytgacha bu yerda deyarli biror radikal harakat sezilmagan. 1991-yildan so`ng Nazarbayev hukumati butun mamlakat nazoratini to`la qo`lga olganini hisobga olsak, Qozog`iston hududida biror radikal harakatning paydo bo`lishi amri mahol ekanligini anglab yetamiz. Qozoq hukumati shu kungacha ortiqcha harakat qilgan har qanday diniy harakatni bosim ostida saqlab kelgan. Mamlakatda mavjud mayda radikal guruhlar esa hali bunday aktlarni sodir etishga ojizlik qiladi.

Xujumlar masalasiga kelsak, yuqorida aytib o`tganimiz aktlar g`arbiy hududda sodir etilgan, ya`ni Qozog`istonning neftga boy qismida. G`arbiy Qozog`iston hayoti asosan neft sanoati bilan bog`liq bo`lib, aholi anchadan buyon neftchilarning sababsiz ishdan bo`shatilishi va maoshlarning asossiz pasaytirilishidan norozi bo`lib kelayotgan edi. Xudkushlik amallarini esa g`arbliklar hukumatga norozilik sifatida qo`llab-quvvatlashdi. Nihoyat, 2011-yilning dekabrida g`arbiy viloyat Mang`istauning Janao`zen shahrida neftchilarning ommaviy namoyishi bo`lib o`tdi. Namoyish keyinchalik ommaviy to`polonlarga aylanib, hukumat kuchlari bilan to`qnashuvlar kelib chiqdi. Bu voqealar esa Qozog`istondagi xurujlar islomiy ekstremizmdan ko`ra ko`proq ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga bog`liqligi borasidagi tahminlarni ilgari suradi. 

Uchinchi faraz: Xujumlar hukumat tomonidan ehtiyotkorlik bilan sahnalashtirilgan “tomosha”dan boshqa narsa emas. Mamlakat navbatdagi prezidentlik saylovlariga yaqinlashar ekan hukumat ichida hokimiyat uchun kurash avj ola boshlaganligini tahmin qilish qiyinchilik tug`dirmaydi. Amaldagi hukumat mamlakatda sun`iy favqulotda vaziyatni yaratib, so`ng uni o`zi “tinchitib”,  “faqatgina hozirgi hukumat mamlakatni boshqarish qudratiga ega, agar hokimiyat boshqa kuchlarning qo`liga o`tsa, Qozog`iston 20 yillik osoyishtaligini yo`qotib, ana shunday mudhish voqealar girdobiga tushib qoladi” deya o`zi uchun saylovlarda “tuz qarta” yaratishga uringanligi ehtimoldan yiroq emas. Butun 2011-yil davomida ketma-ket sodir etilgan xurujlar, turli shaxs va guruhlar tomonidan sodir etilgan bo`lsada, ular g`ayritabiiy ravishda bir-biriga bog`liq hamda o`xshash edi. Bu esa ular bir markazlashgan kuch tomonidan boshqarilganligiga ishoradir. Tarix bunday siyosiy ko`zbo`yamachiliklarga ko`p marta guvoh bo`lgan. 


Комментариев нет:

Отправить комментарий