30.01.2013

Isroil va Turkiya munosabatlari - Ajralish yoki Diplomatik o'yin?

Yaqin Sharqda Isroil davlati yaratilgandan so'ng Turkiya musulmon mamlakatlari orasida birinchilardan bo'lib uni suveren davlat sifatida tan olgan (1949). Ikki davlat orasidagi munosabatlar butun sovuq urushi va 90-yillar davomida o'zgaruvchan bo'lib, lekin o'tgan davrda ko'proq boshqa musulmon mamlakatlariga nisbatan Turkiya-Isroil aloqalari ancha yaqinligini ko'rishimiz mumkin. Bu yaqinlik deyarli barcha sohalarni qamrab olgan edi, harbiy texnikalarni yetkazishdan tortib turizmgacha. Hatto shu darajaga borib yetadiki Misrdagi Musulmon birodarlarning gazetasi bo'lmish Al-Dawada Turkiya "Ikkinchi Isroil" deb ko'rsatilib, u ham Isroil bilan bir qatorda Musulmon va Arab dunyosini dushmani deb qaralishi, yer yuzidan supirib tashlashi lozimligi ta'kidlanadi.

Lekin 2000-yillardan boshlab mamlakatlar orasidagi aloqalar taranglasha boshladi, ayniqsa 2002-yilda Adolat va Taraqqiyot Partiyasining (AKP) Turkiya hukumati tepasiga kelishi va Yaqin Sharqdagi geopolitik vaziyatni o'zgacha tus olishi oqibatida ikki davlat orasidagi aloqalar butunlay uzildi.


Turkiya va Isroil munosabatlarining yomonlashuviga atalgan karikatura. 


Tarixga nazar

Usmoniylar Imperiyasi Yevropadagi Xristianlarning repressiyasidan aziyat chekkan Yahudiylar uchun boshpana edi, ayniqsa Ispaniya va Portugaliyada yuz bergan bir nechta qirg'inlardan Yahudiylarni shu davlat qutqarib qolgan edi. Usmoniylarning millat tizimi (Islomiy bo'lmagan dinlarning a'zolari guruhini soliq evaziga havfsizligini ta'minlash) Yahudiylarni imperiyada erkin yashashlariga imkon berar edi. XIX-asrning o'rtalarida dunyoning barcha xududlaridan Falastin hududiga qarab Sionist yahudiylar yoprilib kela boshlaydi.

Usmoniylar sultonlari yahudiylarning bu immigratsiyasini har doimgidek kutib olishadi, lekin bu ko'chishga yangi yahudiy ideologiyasi bo'lmish Sionizm sabab ekanligini turk sultonlari bilishar edi, faqat imperiyaning kuchsizlashgani va markazdan uzoq hududlardagi nazoratning susaygani tufayli ular bu holatga tomoshabin bo'lib o'tirishdan boshqa chora topisha olmaydi. Bu yoppasiga ko'chishlar 1-jaxon urushigacha davom etadi. 
1-Jaxon urushidan so'ng Sevr Tinchlik shartnomasiga ko'ra, Usmoniylar Imperiyasi butunlay bo'linib tashlanishi va hozirgi Turkiya hududida mustaqil Kurdiston, Armaniston va Sharqiy Frakiya tashkil qilinib turklar uchun hozirgi Turkiyaning markazidagi hudud tegishi lozim edi. Lekin Mustafo Kamol Otaturk boshchiligida boshlangan harbiy harakatlar bu shartnoma shartlarini bajarishga imkon bermaydi. 1923-yilda yangi zamonaviy Turkiya davlati qurilib unda din davlatdan butunlay ajratiladi. 


Sevr Tinchlik shartnomasiga ko'ra Usmoniylar Imperiyasining Turkiya qismining bo'linishi

Na fuqarolar urushi davomida, na yangi Turkiyaning tashkil qilinishi yahudiylar jamoasining tinchligiga tahdid solgani yo'q. Hatto 2-jaxon urushi davomida Turkiya o'zini neytral deb e'lon qilganligi tufayli bu yerdagi yahudiylarning hayotiga tahdidlar bo'lmadi, aksincha Germaniya, Avstriya va Sharqiy Yevropadan minglab yahudiylar Turkiya hududidan boshpana topadilar. BMTning 1947-yil 29-noyabrdagi 181-rezolyutsiyasi bo'lmish - Falastin hududida ikkita Yahudiy va Arab mamlakatlarini yaratishga Turkiya qarshi ovoqz beradi. Shunga qaramasdan 1949-yil 28-mart kuni Turkiya Isroilni mustaqil suveren mamlakat sifatida tan oladi. Turkiyaning bunday tarozisimon qarorlari mana shu kundan beri hozirgcha davom etib kelmoqda, bu qarorlarning qabul qilinishiga esa asosan Turkiyaning xalqaro va regional manfaatlari sababdir. 

1952-yilda ikki mamlakat bir birni hududida birinchi elchixonalarni ochadilar. Bunday yaqinlashishga Turkiyaning "Sovuq Urush" arafasida G'arb davlatlari tomonida turib siyosat olib borishi sabab bo'lgan edi. Keyinchalik bu pozitsiya uning NATOga a'zoligi bilan yanada mustahkamlanadi. Lekin ayrim mutahassislar bu yaqinlashishni Turkiyani Arab dunyosidan olgan qasosi deb ham hisoblaydilar. Chunki Usmoniylar imperiyasining bo'linishida va uning 1-jaxon urushidagi mag'lubiyatida Arab dunyosi G'arb dunyosi bilan ittifoqchilik qilib ohirgi xalifalikning eng ojiz tomonidan hujum qilgan edi.  Lekin ko'p o'tmay 1955-yilda Turkiyaning Bag'dod shartnomasiga imzo chekishi ikki davlatni bir biridan uzoqlashtirdi. Bu shartnoma Sovet Ittifoqining regionda ta'sirini cheklashga qaratilgan bo'lsada, Yaqin Sharqda Arab millatchiligi va Musulmon davlatlarining G'arbning qudratli davlatlari bilan yaqinlashtirgani tufayli Isroilga to'g'ridan to'g'ri havf tug'dirar edi. O'sha davrda (hozirgi kunda ham shunday holat) Turkiya regiondagi yangi geopolitik o'zgarishlardan foydalanib o'zining siyosiy pozitsiyalarini mustahkamlab olishni ko'zda tutgan edi.

Isroilning Suvaysh kanaliga hujumi davrida Turkiya o'zining Tel-Avivdagi elchisini favqulodda holatda ushlab turadi, Isroil ham o'z navbatida Anqaradagi elchihonasini har qanday holatga tayyor bo'lishi lozimligi haqida ogohlantiradi. Lekin  ikki davlat orasidagi munosabatlar voqealarning rivoji bilan yahshilanib boradi. 1958-yildagi Iroqdagi inqilob, shu yildagi Suriya, Misr tomonidan Anti-Amerikanizmga asoslangan Birlashgan Arab Respublikasining tashkil qilinishi va nihoyat Suriyaning Bog'dod shartnomasini tarqatib yuborishi regiondagi geostrategik vaziyatni tubdan o'zgartirib yuboradi. Panarabizmni kuchayishi Arab mamlakatlari chegarasida joylashgan mamlakatlarni (Turkiya, Isroil, Eron va Efiopiya) manfaatlariga zid edi. Natijada bu mamlakatlar tashqi siyosatida yaqinlashish kuzatiladi, ayniqsa Isroil va Turkiya munosabatlari shu davrda diplomatik, havsizlik, savdo-sotiq va qishloq xo'jaligi sohalarida o'zining tarixiy cho'qqisiga yetadi.

6-kunlik urush va Kiprdagi to'qnashuvlar natijasida ikki davlat orasidagi munosabatlar yana boshqa tomonga o'zgardi. 1967-yilga kelib ahvol juda ham taranglashadi, savdo aloqalari butunlay uzilib, harbiy sohadagi ikki davlat orasidagi kelishuvlar to'htatiladi. 1967-yilda Turkiya o'zining hududida Isroilga madad berish vazifasini o'tayotgan AQSH harbiy bazalarini yopadi. Keyinchalik uning bu pozitsiyasi tufayli 1973-1974 yillarda bo'lib o'tgan Neft krizislarida Arab mamlakatlari Turkiyaga katta zarar keltirmaydilar. 1975-yilda Anqara BMTning Sionizmni rasizmni ko'rinishi deb e'lon qilishga qaratilgan rezolyutsiyasini qo'llab quvvatlaydi.

Isroil bilan uzoqlashish hisobiga Arab dunyosi tomonga og'ish Turkiyaga kutgan natijani bermaydi, ya'ni Kipr muammosidagi Turkiya talablari hech qaysi Arab mamlakati tomonidan qo'llab quvvatlanmaydi. 70-yillar ohiridagi Suriyadan 4500 yahudiyni Yevropa va AQSH tomonga evakuvatsiya qilishda Turkiyaning qo'llab quvvatlashi mutahassislar tomonidan Arab dunyosining Turkiyaga yetarlicha ittifoqdosh bo'lmaganligi tufayli yuz berdi deya tushuntiriladi. 1980-yilda Turkiyada bo'lib o'tgan harbiy davlat to'ntarish hukumat tepasiga Turgut O'zalni uzoq davomida o'rnashib olishiga olib keladi. 1983-1989 yillarda bosh vazir, keyin esa 1993-yilgacha prezident vazifasini o'tab Turkiyani tashqi siyosatifa keskin o'zgarishlar amalga oshirilmaydi. Uning siyosatining mag'zi asosan AQSH va G'arb dunyosi bilan yaqinlashish edi. Shunga qaramasdan Isroil bilan yaqinlashish juda asta sekinlik bilan amalga oshdi va bunga ko'proq Turkiyaning yaqinlashish istagi yo'qligimas, balki Isroilning tashqi siyosati sababdir. 1981 va 1982 yillar orasida Isroil Iroqning Osirak yadroviy reaktorini yo'q qiladi, Quddusni birlashgan poytaxt deb e'lon qilib Golan platosini o'ziga qo'shib oladi va nihoyat o'zining shimolida joylashgan Livan davlatini harbiy jihatdan bir qismini egallab oladi, shu jumladan mamlakat poytaxti bo'lmish Beyrutni ham. Bunday nozik geopolitik vaziyatlarda Turkiyaning Isroil bilan yaqinlashishi haqida so'z bo'lishi ham mumkin emas edi, shu sababli Turkiya Isroilda joylashgan turk elchixonasini yopishga buyruq beradi, lekin shunga qaramasdan Turkiya Isroilning bunday agressiv tashqi siyosatini bosiqqonlik bilan kuzatib tura oldi.

1980-yillar o'rtalariga kelib yangidan ikki mamlakat orasida iliq munosabatlar shakllana boshladi, dastlab AQSH va Yevropa yordamida, keyinchalik to'g'ridan to'g'ri davlatlar orasida. Isroil diplomatlari AQSH kongressiga bosim o'tkazib 24-aprel kunini 1915-yildagi Turkiyadagi Arman genotsidini qayta yodlash kuni deb e'lon qilinishiga qaratilgan qarorni bekor qilishga muvaffaq bo'ladilar.

 1991-yilda Madridda Yaqin Sharq muammosini yechishga qaratilgan xalqaro konferensiya ikki davlatning yanada yaqinlashishiga katta ta'sir qildi. Isroil va qo'shni arab mamlakatlaridagi harbiy qurollarni qisqartirishga qaratilgan shartnomada turk diplomatlari faol qatnashadilar, Isroil ham o'z navbatida Turkiya taklif qilgan shartlarni bajarishga va'da qiladi. Bunday iliq munosabatlar Tel-Avivga turk elchixonasini qaytarish orqali yanada mustahkamlanadi.

1993-yildagi Oslo kelishuvlari, keyinchalik 1994-yildagi Isroil-Iordaniya tinchlik shartnomalari turk-isroil aloqalarni yahshilashni osonlashtiradi. Hindiston va Xitoy o'z navbatida Isroil bilan to'la huquqli ravishda diplomatik aloqalarni o'rnatadilar. Sovet Ittifoqining qulashi oqibatida Isroilning davlat sifatidagi maqomi xalqaro maydonda ancha o'zgardi. Endilikda Arab dunyosini qo'llab quvvatlovchi qudratli davlat yo'qligi Turkiyaga tashqi siyosatidagi tanlovni birmuncha osonlashtiradi. Boshqa tomondan AQSH va Yevropa Turkiya bilan yaqinlashishida Inson huquqlarining buzilishi va mamlakatdagi korrupsiyaning kuchliligi halaqit berar edi, kritikadan cho'chigan g'arb davlatlari Turkiya bilan masofa saqlagan holda munosabat o'rnatishni ma'qul ko'radilar. Oqibatda: Turk hukumati uchun Isroil tabiiy sherikka aylanadi. Shu tufayli 1990-yillardan 2000-yillar o'rtalariga qadar ikki mamlakat o'rtasida davlatlararo harbiy shartnomalar tuziladi, shu sohadagi aloqalar juda ham rivojlanadi. Bu kelishuvlar Turkiya armiyasini Isroil tomonidan yetkazib bergan yangi texnologiyalar, moslamalar va boshqa harbiy anjomlar bilan ta'minlashga, uni zamonaviylashtirishga yordam beradi. Isroil dronlari Turkiyadagi Kurd separatistlariga qarshi kurashishda eng muhim texnologiyalardan biri hisoblanadi. 

Isroilning Heron droni, Turkiya harbiy kuchlari tomonidan Kurd separatistlariga qarshi kurashda ishlatilgan.

Lekin davlatlararo aloqalar faqat harbiy sohada to'htab qolmaydi. Isroil hukumati raislari Turkiyaga bir necha bor rasmiy tashriflar uyushtiradilar. O'z navbatida Turkiya prezidenti Suleyman Demirel 1996-1999 yillarda Isroilga rasmiy tashrif uyushtiradi. 1996-yilda ikki mamlakat o'rtasida erkin savdo almashinuviga imzo chekiladi, bu kelishuv Isroil hukumati uchun iqtisodiydan ko'ra ko'proq siyosiy ahamiyatga ega bo'ladi. Haqiqatdan ham bu kelishuvga imzo chekilgandan beri savdo balansi ochiqchasiga Turkiya hisobiga og'ganini guvohi bo'lishimiz mumkin. Masalan 2010-yilda Turkiyadan Isroilga 1.8 mlrd AQSH dollari miqdorda eksport bo'lgan bo'lsa, 1.3 mlrd AQSH dollari miqdorida import, bu holat 2011-yilda ham qaytarilgan, Turkiya Isroilga 2.7 mlrd dollarlik eksportni amalga oshirgan. 

AKPning turk hukumati tepasiga kelishidan ham oldinroq ikki davlat munosabatlari yomonlasha boshlagani sezilayotgan edi. 2000-yildagi Isroil-Falastin munozaralarining boshi berk ko'chaga kirib qolishi oqibatida yuzaga kelgan Ikkinchi intifadaga qarshi Isroilning keskin qarshi hujumi Turkiya tomonidan sovuq qarshi olindi. Turkiya doim o'zini Isroil va Falastin o'rtasidagi muvozanatni ushlab turuvchi mamlakat deb hisoblab Isroilning uning yo'riqlarisiz kutilmagan harakatlaridan hayratga tushgan edi, bu o'z navbatida Isroilning o'z tashqi siyosatida Turkiya bilan hisoblashmasligini yaqqol ko'rsatib berdi.

2001 yil 11-sentyabr voqealaridan keyin Vashingitonning Afg'onistonga hujumi musulmonlar tomonidan Islom dunyosiga qilingan agressiya kabi kutib olindi. Ko'pchilik musulmonlar, shu hisobda Turkiyada ham, Islom va G'arb dunyosi o'rtasidagi Sivilizatsiyalar To'qnashuvi mavjudligi yana bir bora isbotlanganday tasavvur hosil qiladilar. Osiyodagi G'arb dunyosiga tegishli mamlakat esa Isroil edi. 2003-yilning boshlarida AKP tomonidan boshqarilayotgan turk hukumati Xalqaro koalitsiyaga Iroqqa hujum qilishi uchun o'z havo harbiy bazalarini ochib berishdan bosh tortadi, shu jumladan turk havo hududi ham chet el harbiy havo kuchlariga yopiq deb e'lon qilinadi. Lekin Musulmon dunyosidagi bunday anti-g'arb kayfiyati Isroil-Turkiya munosabatlariga putur yetkazmaydi. Xalqaro koalitsiyaning Iroqqa hujumiga Turkiyaning qarshiligi Yaqin Sharqni g'arb dunyosi tomonidan egallanishi tufayli emas, balki Iroqda tartibsizliklarni boshlanishi oqibatida Kurdiston davlati masalasini qayta yuzaga olib chiqilishidan havotirining natijasi edi. Shunga qaramasdan Isroil Turkiya bilan munosabatlarga juda ham ehtiyotkorlik bilan yondashishga harakat qiladi. Undan tashqari Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo'shilish maqsadi G'arb tomonidan juda kuchli tanqid ostiga olindi va uning bu ittifoqqa teng huquqli a'zo bo'lish masalasi katta shubha ostida qoldi.

Turk xalqini o'ziga qaratish maqsadida Turkiya siyosatchilari ommaviy axborot vositalarida xalqchil (populist) intervyularni berishda davom etadilar. Jumladan 2004-yilning 6-iyunida Isroilning kundalik gazetalarining biri Turk bosh vaziri Tayyip Erdogan bilan suhbatida u Isroilni ikkinchi intifadaga qarshi harakatlarini "Terrorist davlat"ga hos deya nomlaydi. "Bugun -tushuntiradi u - jabrlanuvchilar Falastinliklar. Baxtga qarshi Isroilliklar Falastinliklarni bundan besh yuz yil oldin Yahudiylarni qanday repressiya qilgan bo'lgan bo'lishsa shunday repressiya qilishmoqda. Isroil aholini bombardimon qilib, tinch aholini vertoletlardan o'qqa tutmoqda. Jabrlanuvchilar orasida bolalar, ayollar va qariyalar borligi hisobga olinmayapti. Ularning uylari esa buldozerlar bilan yanchib tashlanmoqda"

Bunday Isroilga qarshi faol va qiziqqon tanqid Turkiyaga shu yilning o'zidayoq Israel Aerospace Industriesdan oltita Heron dronini sotib olishiga halaqit bermadi va Israel Military Industrie Turkiyadagi M60 tanklarini faollashtirishdagi texnik yordamlarini ko'rsatishda davom etdi. Bunday parda ortidagi yaqinlik 2010-yildagi Mavi Marmara siyosiy krizisigacha davom etdi. 2000-2010 yillar orasidagi Turkiya va Isroil orasida tuzilgan harbiy shartnomalar 4.5 mlrd AQSH dollari miqdoridan oshib ketgan edi.

Bugungi vaziyat 

Mavi Marmara siyosiy krizisi Turkiya-Isroil aloqalarini yana turg'un vaziyatga olib kirishga sabab bo'lgan asosiy hodisa deb o'ylashimiz tabiiy hol. Lekin ikki mamlakat ham o'z tashqi siyosatida ikkiyuzlamachilik qilib kelishmoqda edi va ikki mamlakat o'rtasida hech qachon bir biriga chuqur ishonch bo'lmagan.

Masalan Turkiyaning Eronning Hezbolla guruhiga qurol yarog'larni yetkazib berishiga ko'z yumishi. Isroil va AQSH maxfiy hizmatlari tomonidan aniqlanishicha Turkiya o'z hududidan o'tuvchi Eron qurol tashuvchi samoletlarini bir yoki ikkitasini urib tushurib qolgan katta ko'pchilik qismini o'tkazib yuborishi holatlari ko'p kuzatilgan. Bundan tashqari Isroil-Turk kelishuvlariga ko'ra Turkiya o'z havo hududlarini Isroil harbiy havo kuchlariga mashq qilish uchun ruxsat bergan, Eron va Isroil harbiy havo kuchlari uchrashib qolgandagi har qanday to'qnashuvi esa ikki davlat o'rtasidagi ayovsiz urushni keltirib chiqargan bo'lar edi.  Bu esa Turkiyaning Isroilni kuchayib ketmasligi uchun doimiy beqarorlik kayfiyatini ushlab turishga intilishini bildiradi. Isroil ham o'z navbatida Turkiyaning Gretsiya bilan hal bo'lmagan hududiy tortishuvlarida umuman qo'llab quvvatlamaydi.

Isroil-Turkiya munosabatlaridan tarixiy inoqlik yoki umumiy mafkuralar izlash befoyda, ikki mamlakatning ohirgi 60-yil ichidagi uzluksiz yaqinlashish va uzoqlashish siyosatlari faqat va faqatgina ularning manfaatlaridan kelib chiqqan. Ikki mamlakat ham Yaqin Sharqda umumiy manfaatlarga ega. Turkiya uchun Arab dunyosining kuchayib ketishi o'zining geostrategik o'rnini yo'qotish havfini tug'dirsa Isroil uchun Arab dunyosining birlashishi uning yo'qlikka yuz tutishi bilan barobar. Boshqa tomondan ikkita mamlakatni ham "G'arb jamoasida" deb atasak xato bo'lmaydi. Ikkala mamlakat ham Eronning kuchayib ketishiga yo'l qo'ymaslikka harakat qilishadi. Lekin ohirgi 10 yillikda yuz bergan geopolitik hodisalar Turkiya uchun regionda yanada ham kuchliroq pozitsiyalarga ega bo'lish imkoniyatini tug'dirmoqda. Yevropa Ittifoqiga nomzodligi rad qilinganligi Turkiyani o'zini  regionda yakkalanib qolmaslik uchun yangi "jamoa" tuzishga undadi. "Arab bahori" va Suriyadagi tartibsizliklar Turkiyani yangi "og'a" mamlakatiga aylanishi uchun katta imkoniyatdir. Bu yo'lda esa o'ziga Isroilni sherik qilib tanlash uni barcha Arab va musulmon davlatlari tomonidan itqitib tashlanishiga sabab bo'lishi turgan gap.

Hozirda Isroil bu voqealar rivojiga kuzatuvchi bo'lib turishdan boshqa iloj topa olmayapti. Mavi Marmara siyosiy krizisidan so'ng Turkiya rasmiy ravishda Isroil elchisini o'z hududidan haydab chiqaradi va Isroil bilan tuzilgan barcha harbiy shartnomalarni bekor qiladi. Ohirgi marta yuz bergan Isroil-Gaza to'qnashuvlari Turk-Isroil aloqalariga batamom chek qo'ydi desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ikki davlat orasidagi ajralish iqtisodiy jihatdan ikki davlatga ham katta yo'qotishdir. Turkiya iqtisodiy qudrati jihatidan dunyodagi 15-o'rinni egallashiga qaramasdan uning isroil bozoriga muhtojligi ko'rinib turgan holatdir Ayniqsa yangi texnologiyalar va Turkiya armiyasini zamonaviylashtirishda turkiya hozirda yakkalanib qoldi. Garchi Isroil bilan uzoqlashish Turkiyaga Musulmon, jumladan yangi Arab (Arab bahoridan so'ng) dunyosiga namuna davlat tizimi sifatida o'z ta'sirini o'tkazishga imkon bersada, bu o'yin G'arb dunyosi bilan uzilish hisobiga Turkiya uchun juda havfli bo'lishi mumkin. Chunki agar ertaga Turkiyani G'arb dunyosi bilan munosabatlarini muzlatib Arab va Musulmon dunyosiga "og'alik" qilish rolini qo'lga olgan taqdirda ham, uning na iqtisodiy va na siyosiy holati bu mamlakatlarni birlashtirib turish uchun yetarli imkoniyat tug'drimaydi. Aksincha Arab dunyosining ayrim mamlakatlari (jumladan Arabiston yarim oroli mamlakatlari) bunday birlashishdan foydalanib "katta og'a"lik rolini Turkiyadan tortib olishlari mumkin.

Isroil uchun bu uzoqlashish Turkiyaga qaraganda ko'proq zarar keltirgani turgan gap. Turkiya uning 6-iqtisodiy sherigi bo'lishidan tashqari u Isroil uchun yagona Musulmon tayanch mamlakati edi. Harbiy aloqalar Isroilga ham moliyaviy va ham texnologiyalarni rivojlantirish uchun imkoniyat edi, undan tashqari Turkiya havo hududlarida uning erkin mashg'ulotlarini o'tkazish imkoni eng muhim jihatlardan biri edi. Hozirda Isroil havo kuchlari Gretsiya va Ruminiya Havo hududlarida mashg'ulotlarini o'tkazishga to'g'ri kelmoqda, bu esa moliyaviy jihatdan ham, geografik jihatdan ham Isroilga kam foyda keltiradi. Undan tashqari "Arab bahori" Isroil uchun arablar ichidagi tinchlik kafolati bo'lmish Misrni ro'yhatdan o'chirdi. endilikda barcha Arab bahori tufayli hukumat o'zgargan mamlakatlarda birin ketin diniy (Islomiy) partiyalar hukumatga chiqib olishi Isroilni kelajakda mashaqqatli geopolitik vaziyat kutib turganidan dalolatdir. Suriyadagi ahvol esa qaysi tomonga o'zgarishi hozircha noaniq bo'lib turibdi, lekin Bashar Al-Asaadni hukumatdan ketishi uni qolishidan ko'ra Isroilga havfliroq bo'lishi mumkin. Bu borada hozircha Isroil hech qanday bayonot bermagan, lekin Turkiyaning Suriya muholifatini qa'tiy qo'llab quvvatlashi yana bir bor Isroilga Turkiya bilan aloqalarni yahshilash lozimligini ko'rsatib bermoqda.


Комментариев нет:

Отправить комментарий