Ma`lumki, Tojikiston o`zining zamonaviy tarixida qonli fuqarolar urushiga guvoh bo`ldi. 1992-1997-yillarda bo`lib o`tgan bu mudhish davr haqida negadir ma`lumot topish qiyin. Tojik hukumati fuqarolar urushidan keyingi avlodni nima sababdandir urush tafsilotlaridan bexabar o`stirishga urinmoqda. Tarix kitoblarida ham bu davr haqida to`rt enlik gapdan boshqa narsani topolmaysiz. Xo`sh, bu davrda nima bo`lgan o`zi? Nima sababdan yaxlit bir millat 5 yildan oshiqroq vaqt mobaynida qonini to`kdi? Bunga nima turtki bergan edi? Biz bu savollarga fuqarolar urushi boshlanishidan oldingi davrdan javob topib ko`rishga harakat qilamiz.
20 asr dekolonizatsiya (kolonizatsiyaning parchalanishi)
jarayonining ikki bosqichiga guvoh bo`ldi: Ikkinchi Jahon Urushi yakunlangandan
keyin va ikkinchisi 1990-yillarda Sovuq Urush tugagandan so`ng. Har ikki bosqichda ham kolonial kuchlar
ketgandan so`ng uchinchi dunyo mamlakatlarida etnik urushlar yuz berishi odat
tusiga kirib qoldi. Tojikiston ham bundan mustasno emas.
Nega ba`zi vaqtlarda va hududlarda etnik o`zini anglash
boshqalariga qaraganda kuchliroq bo`ladi degan savol doimo bahslarga sabab
bo`lib kelgan. Ko`pchilik siyosatshunos va jamiyatshunos olimlar bu savolga
tarixiy-ijtimoiy, masalan, sanoatlashtirish hamda modernizatsiya jarayoni
tufayli deb javob beradilar. Sovuq Urush nihoyasiga yetar ekan ko`plab
hududlarda etnik o`zini anglash jarayoni avj olib ketdi. Xuddi shunday
o`z-o`zini anglash konsepsiyasi Birinchi Jahon Urushi yakunlangandan so`ng
jahon siyosiy xaritasida yangi milliy davlatlar paydo bo`lishiga zamin yaratgan
edi.
Tojikiston o`z mustaqilligini SSSR parchalanishi
arafasida, 1991-yil 8-sentyabr kuni qo`lga kiritgan edi. Bu Tojikiston
tarixidagi ilk o`zini mustaqil boshqaruvchi davlat bo`ldi. Biroq mustaqillikdan
ko`p o`tmay Tojikiston yangi davlatning mo`rt ijtimoiy-iqtisodiy siyosati va
tashqi kuchlar ta`siri tufayli noroziliklar to`lqini ostida qolib ketdi.
Fuqarolar urushining tamal toshi 1989-yildayoq qo`yib
bo`lingan edi. O`sha yilning may oyida Tojikistonga armanlarning kelgani va
ularga yangi uylar ajratilgani haqida mish-mishlar tarqaldi. 1989-yil
yanvardagi kuchli zilzila natijasida Hisor tumanidagi minglab odamlar
boshpanasiz qolishgan va tojik hukumati bu tabiiy ofat asoratlarini bartaraf
etishda yetarlicha imkon topolmay qiynalayotgan edi. Tumanning Sharara qishlog`i
17 metrli tuproq bilan ko`milib qoldi, qishloqning butun 600 aholisi xalok
bo`ldi. Ayni yilda Armanistonda ham 25,000 kishining umriga zomin bo`lgan
zilzila ro`y bergan edi. Moskva minglab uysiz qolgan armanlarni boshpana bilan
ta`minlash maqsadida ularni butun Sovet Ittifoqi bo`ylab tarqatib tashlash
harakatiga tushib qoldi. Shu qatorida, ko`plab
armanlar Tojikistonga ham evakuatsiya qilindi.
Non yetishmasligi, shahar transportining to`xatab
qolganligi, kamiga armanlarni ko`chirilishi Dushanbe va boshqa shaharlarda
isyonkor kayfiyatga sabab bo`ldi. Ishsiz, norozi yoshlar ko`cha bezorilariga
aylana boshladilar, ular hukumat binolariga toshlar bilan xujum qilib turishni
odat qildilar. Tumanlardan ham ishsiz aholi oqib kela boshladi. Ishchilar va
askarlardan tuzilgan himoya guruhlari hukumatga bezorilarga qarshi kurashda
yordam bera boshlashdi. Bezorilar Tojikiston Markaziy Qo`mitasini mamlakat
boshqaruvi va iqtisodiyotni eplolmaslikda ayblardilar.
Keyinroq, saylovlardan bir necha kun oldin, ya`ni 1990-yil
11-14-fevral kunlari Dushanbe turli to`qnashuvlar, mayda bezoriliklar va
o`g`riliklar guvohiga aylandi. Tojik
Davlat Universiteti rektori Dodajon Ismailov, “Tojiklarni doimo xushmuomala va
mehmondo`st xalq sifatida bilib kelishgan. Bu g`alayonlar Kavkazdan kelgan bir
xovuch qochoqlar tufayli ko`tarilayotganligiga ishonish qiyin,” degan edi. Keyinroq
u : “Olomon ortida qandaydir kuchlar turibdi va ular barcha harakatlarni
boshqarishmoqda. Shubha yo`qki, bu shaxslar hokimiyatga shu yo`l bilan
kelishmoqchi. Bu to`s-to`polonlar ayni Respublika Oliy Sovetiga saylovlar
arafasida boshlangani esa fikrimni tasdiqlab turibdi. Ular qonuniy saylov
jarayoniga halal berishmoqchi. Armanlar voqeasi shunchaki o`zlarini oqlash
uchun o`ylab topilgan. Shahar Partiya Qo`mitasi Birinchi Kotibi D. Karimov
bilan suhbatlashganimda, u, dushanbeliklar Armanistondagi zilzila tufayli
ko`chirilgan qochoqlarni milliy mehmondo`stlik an`analariga monanad tarzda
kutib olishgani hamda ularga boshpanalar berishganini tasdiqlagan edi,” deya
o`z fikrini davom ettirgan edi.
Boshqa bir manbaada keltirilishicha, keyinchalik
vatanlariga qaytgan arman qochoqlari Tojikistonda ro`y berayotgan voqealar
Sumgait va Boku hodisalari bilan deyarli bir hil ssenariyda ekanligini ma`lum
qilishgan. Qochoqlar, shuningdek, tojiklar armanlarga nisbatan doimo
xushmuomala bo`lishgani va o`sha mash`um kunlarda ularni ekstremistlardan
himoya qilishganini ta`kidlab o`tgandilar. Yana bu manbaada Ozarbayjon Xalq
Fronti (OXF) vakillari fuqarolar urushi boshlanishi arafasida Tojikistonga
kelib, xalq orasida anti-arman tashviqotlarini o`tkazganliklari borasida ham
faktlar keltiriladi. OXF vakillari yoshlar o`rtasida pul va narkotik moddalar
tarqatib, ularni millatchilikka (avvalo armanlarga qarshi) hamda Islomiy davlat
qurishga da`vat qilishgan.
Yakov Royi shunday yozadi: “To`palonlar ortida
ko`pchilikni tashkil qilgan o`rta qatlamdan foydalanib, hokimiyatga kelishni
ko`zlagan kuchlar turishgan edi. Korrupsiya va jinoiy unsurlar millatchi guruh
liderlari va radikal diniy rahnamolar bilan hamkorlikda harakat qilishdi. Shak-shubhasiz,
anti-sotsialist, diniy-ekstremist va millatchi kayfiyatlar tojik jamiyatining
eng katta kushandasi bo`ldi. O`sha paytdagi vaziyat o`ziga dushman deb bilgan Sovet
aholisi orasida nifoq urug`ini sochishga harakat qiluvchi qurollangan afg`on
muholifati aralashuvi tufayli yanada murakkablashib ketgan edi.”
Tojikistondagi ziddiyat ildizlari ham ichki va ham tashqi
omillarga borib taqaladi. 28-aprel 1992-yilda Afg`onistondagi hokimiyat
mujohiddinlar qo`liga o`tdi va atigi bir necha kundan so`ng, ya`ni 5-may kuni
Tojikistonda fuqarolar urushi boshlanishiga ishora bergan ilk o`qlar otildi. Prezident
Gvardiyasi a`zolari shu kuni Dushanbedan 20 km uzoqlikdagi Yavan va Leniniskiy
qishloqlarida prezidentni qo`llash uchun Ko`lobdan Dushanbe tomon yo`l olgan
tarafdorlar yo`lini to`sish uchun chiqqan mahalliy namoyishchilarga qarshi o`t
ochishdi. Muholifatchilar, o`z navbatida prezident saroyi va televideniye
nazoratini qo`lga olishdi. Ular qon to`kishni bas qilish va Leniniskiy-Yavanda prezident
soqchilari tomonidan otilgan tinch namoyishchilar jasadlari muhrlangan video
yozuvlarni milliy televideniye orqali xalqqa namoyish etib, adolatni tiklashni
talab qilishdi. Tez orada Dushanbe bo`ylab muholifat va hukumat tarafdorlari
o`rtasida ko`cha janglari boshlanib ketdi.
Muholifat liderlari Nabiyev va Kenjayevlar o`g`irlanib, Milliy
Xavfsizlik Qo`mitasi binosiga yashirib qo`yiolgani to`g`risida xabarlar
tarqaldi. Muholifat prezident soqchilarini xarbiy kiyimda, tez yordam
mashinasiga mingan holda, shahar bo`ylab terroristik aktlarni amalga
oshirayotganlikda aybladi. Shu kuni tunda Dushanbega zirhli xarbiy texnika
kiritildi va 5 yilga cho`zilgan fuqarolar urushi boshlanib ketdi.
Respekt oshna maqola haq gaplar...
ОтветитьУдалить