28.10.2012

Markaziy Osiyoda suv mojarolari

  Qirg`iziston va Tojikiston dengiz chiqish imkoniyati yo`q davlatlar bo`lib, hududlarining 75-90% tog`lardan tashkil topgan. Ushbu davlatlarning tog`lari esa Markaziy Osiyodagi ikki yirik daryoning asosiy manbaasi hisoblanadi. Boshqa tabiiy resurslarning yetishmasligi rasmiy Dushanbe va rasmiy Bishkekni yagona boylik-suvdan unumli foydalanish, ya`ni elektr energiyasi olish uchun qudratli elektr stansiyalarini qurishga undamoqda. Dushanbe Amudaryoga quyiluvchi Vaxsh daryosida 335 metrli to`g`on qurishni ko`zlayapti. Ushbu to`g`on qurilishi yakunlangandan so`ng u dunyodagi eng baland to`g`onga aylanadi. Ayni vaqtda Qirg`iziston ham Rossiyaning homiyligi ostida Sirdaryoga borib quyiluvchi Norin daryosida 275 metrli to`g`on qurmoqda.




  Ikki davlat ham o`z hududlarida elektr stansiyalarini bunyod etishni va buning ortidan hech qanday g`avg`o chiqmasligini istashadi. Biroq mintaqaning asosiy suv manbaasi bo`lgan ikki daryo suvlari to`g`onlar bitgandan so`ng O`zbekiston va Qozoqistongacha yetib borishi savol ostida qolar ekan, qurilishni yakunlash oson bo`lmasligi o`z-o`zidan oydinlashadi. O`zbek va qozoq prezidentlarini suv daryoning yuqori oqimidagi to`g`onlar ortida qolib ketib, quyi oqimdagi dalalargacha yetib kelmaslik ehtimoli qattiq tashvishga solmoqda. Ular o`z xavotirlarini bir necha yillardan beri bildirib kelishadi. Yaqinda ikki kunlik tashrif bilan Qozoqiston poytaxti Astanada bo`lgan o`zbek prezidenti: “Davlatlarning nomlarini ochiq aytmayman, lekin qurayotgan to`g`onlar mintaqada faqatgina ziddiyatlar emas, hattoki, urush kelib chiqishiga sabab bo`lishi mumkin,” deya ogohlantirgan edi.

  Albatta, Prezidentning tashvishlari tushunarli. Dunyoda paxta yetishtirish bo`yicha 6-o`rinda bo`lgan O`zbekistonning paxta dalalari uchun suv xayot-mamot masalasi hisoblanadi. Qirg`iziston va Tojikiston o`z rejalari bilan mintaqaning boshqa davlatlarida suv uchun xavotirlar uyg`otar ekan, o`zbek prezidentining ikki qashshoq qo`shnisiga nisbatan bunday gaplarni ochiq aytishga majbur bo`lganligi tabiiy xoldir.
Ushbu ziddiyatga yanada jiddiy tus bergan narsa bu Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Qirg`izistonga tashrifi bo`ldi. Davlat rahbarlari Qambar Ota GES (quvvati 1,500 MW)i va Verkn-Norin kaskadini qurish hamda undan foydalanish to`g`risidagi qator bitimlarni imzoladilar. Agar bu qurilishlar yakunlansa quyi davlatlarga boradigan suv miqdori keskin kamayadi. Natijada uzoq vaqtdan beri o`zbek gaziga qaram bo`lib kelayotgan Bishkek gaz narxlari bo`yicha muzokalarda bosim o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ladi. Shuningdek, Qirg`iziston chegara bilan bog`liq muammolarda ham shunday imkoniyat egasiga aylanadi.

Rossiya yana katta "og`alik"ni xohlamoqda

  GES masalasi Putinning Qirg`izistonga safari chog`ida xal qilmoqchi bo`lgan yagona muammo emas edi. Rossiya uchun Markaziy Osiyodagi eng muhim narsa bu Qirg`izistondagi rus harbiy bazasi hisoblanadi. 600 rus harbiylari hozirda Bishkekdan atigi 20 km uzoqlikdagi bazada SU-25 qiruvchi samalyotlari va Mi-8 vertolyotlari bilan xizmat qilishmoqda. Bu bazaning muhimligi shundaki, 2014-yilning oxirigacha AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Afg`onistondan chiqib ketgandan so`ng u Rossiyaga mintaqada harbiy dominatlik qilish imkonini yaratib berishi mumkin. Putin va Atambayev baza muddatini yana 15 yilga uzaytirish, qirg`iz harbiylarini rus mutaxassislari tomonidan tayyorlash va Qirg`iz Armiyasiga qurollar yetkazib berish to`g`risidagi bitimlarni imzolagandan so`ng ushbu qarash xaqiqatga ancha yaqin ekanligi oydinlashdi.

  “Suv Urushlari” haqida ogohlantirgan o`zbek prezidenti Putinning Qirg`iziston, keyinroq Tojikistonga tashrifidan so`ng bu ikki davlatni aql bilan ish yuritishga da`vat qildi. Lekin president Atambayevning ochiqdan-ochiq: “Rossiya Qirg`izistonga nisbatan biror davlat tomonidan yoki terrostik tahdid bo`ladimi, xar qanday holatda bizni himoya qiladi,” deya o`z mamlakati mudofaa potensialini to`la ruslar ixtiyoriga topshirib qo`ydi. Uning bu so`zlari O`bekistonga qaratilganini bilib olish qiyin emas. Chunki Qirg`izistonning to`rt qo`shnisidan faqat O`zbekistongina Atambayevning ta`biri bilan aytganda “tajovuzkor harakat” qilishi mumkin. Buning sabablari esa quyidagicha: Xitoy poytaxti SHXTning terrozimga qarshi kurash markazlaridan biri bo`lgan Qirg`izistondek kichik va kuchsiz davlatga tahdid qilishda o`ziga xech qanaqa manfaat ko`rmaydi; Tojikiston qirg`izlar bilan bir kemada; Qozoqiston Rossiyaning eng yaqin qo`shnisi bo`lib, ham siysosiy ham, iqtisodiy rishtalarda u bilan mushtarak.

  Masalaning boshqa tomoniga nazar tashlanadigan bo`lsa, Qirg`izton va Tojikiston Rossiya himoyasini nafaqat istashadi, balki unga muhtojdirlar ham. Qambar Ota ishga tushgan so`ng Qirg`iziston doimiy energiya taqchilligida yashab kelayotgan aholisini elektr energiyasi bilan ta`minlash qobiliyatiga ega bo`ladi. Bishkek, shuningdek, sobiq Babanov hukumati bilan elektr energiyasini eksport qilish borasida ham bir qancha muzokaralar o`tkazgan edi. Bundan tashqari elektr tabiiy gazni kompensatsiya qilish imkonini yaratib, o`zbek gazi qaramligiga ham chek qo`yishi mumkin. Tojikiston ham Rog`un GESini qurib, xuddi shunday imkoniyatlarga umid qilmoqda. Beqaror Afg`onistonga chegaradosh bo`lgan Tojikiston AQSH Davlat Departamenti taklif qilayotgan Yangi Ipak Yo`li Loyihasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu loyihaga ko`ra Markaziy Osiyodan tovarlar Afg`oniston orqali Janubiy-Sharqiy Osiyoga yetkaziladi. Loyihaning qirg`iz qismi 6-8 mlrd dollar, Rog`un qismi esa 4-6 mlrd hisoblanadi. Rossiya esa Rog`un qismi uchun kredit ajratishini oldinroq ma`lum qilgan edi. Shu sababli Tojikiston ham, Qirg`iston ham mintaqada ziddiyatlarga sabab bo`layotgan o`z qurilishlarini yakunlab, katta iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlarni ko`zlashmoqda.

  2012-yilning iyunida O`zbekistonning KXSHTdan chiqishi ko`plab bahslarga sabab bo`ldi. Ushbu qarorga sabab NATO va AQSHning ikki yil ichida Afg`onistondan chiqib ketishi ekanligi haqida ko`plab fikrlar bildirildi. Pokiston bilan aloqalari sovuqlashgan koalitsiyaning Shimoliy Ta`minot Tarmog`iga qaramligi keskin ortdi. O`zbekiston esa bu tarmoqning muhim qismida joylashgan. Bir paytlar SSSR qo`shinlari O`zbekiston orqali osonlik bilan Afg`onistonga kirgan va chiqib ketgan edi. NATO bilan tranzit siyosatida erkinroq bo`lish uchun Toshkentning KXSHTdan chiqib ketganligi haqidagi fikr xaqiqatga yaqinroqdir.
Bunga nisbatan Kreml keskin javob qaytarmaganligiga qaramay, ruslarning g`azabi ortganligini bilish mushkul emas. Tojikistondagi 201-Diviziya muddatini uzaytirish haqida muzokaralar ketayotgan ekan, Rossiya mintaqada o`z harbiy dominantligini kuchaytirishga harakat qilmoqda. Dushanbe bilan Rog`un, Bishkek bilan Qambar Ota bo`yicha hamkorlik qilayotgan Rossiya Markaziy Osiyoni qismma-qism “bosib olish”ga urinmoqda. NATOning chiqib ketishi, Xitoyni ko`proq iqtisodiyot qiziqtirishi va mintaqa davlatlari o`rtasida hamjihatlik xavas qiladigan darajada emasligi hisobga olinsa Rossiyaning bu rejasi yaqin kelajakda amalga oshish ehtimolini ko`paytiradi. “Suv Mojarolari” esa faqatgina buning boshlanishidir.

Комментариев нет:

Отправить комментарий