26.10.2012

Sinay yarimoroli: Misrning Vaziristonimi?


  2012-yilning sentyabri davomida Sinayda ko`plab qurolli harakatlar yuz berdi. Bu hurujlarda asosan Misr Armiyasi, mahallaiy politsiya, Halqaro Tinchlikparvar Kuchlar va Isroil Mudofaa Kuchlari nishonga olindi. 



  Bu kutilmagan hurujlar bilan Pokiston-Afg`oniston o`rtasidagi Vaziriston chegara rayoni va Meksikadagi qoradori urushi orasida bir qancha o`xshashliklar mavjud. Shunga qaramay, tahlillar va Sinaydagi konfliktlar oqibatlari ko`z oldimizda umuman boshqa manzarani namoyon qiladi. 

Sinaydagi xavfsizlik harakatlari


  Sinay ziddiyatlar va beqarorliklarni o`zida jam qilgan, siyosiy qiziqishlar va ta`sirlar amalgamasidir.
Avvalo aytish joizki, Sinay hamda Misrning boshqa hududlari orasida madaniy va etnik farqlar mavjud. Sinay Misrdagi yagona tub beduin aholisi yashaydigan regiondir . 1978-yilida imzolangan Kemp Devid Shartnomasiga muvofiq Sinay Misrga qaytarilgandan so`ng, Misr hukumati mamlakatning bu qismi bilan boshqa hududlar o`rtasida intefratsiya jarayonini jadallashtirmadi. Buning natijasida mamlakatning qolgan aholisi bilan iliq munosabatlarga kirisha olmagan mahalliy beduinlar o`zlarining muqobil iqtisodiy perspektivalari va o`ziga xos madaniy qarashlari doirasidan chiqolmay, tobora noqonuniy kontrabanda va odam savdosiga tortila boshlashdi.

  Misr hukumati qo`lida doimo bu hudud ustidan to`la nazorat bo`lmagan. 1978-yildagi shartnomaga ko`ra Sinay bir qancha demilitirizatsiya zonalariga bo`linishi haqida Isroil bilan kelishuv imzolangan edi va ushbu kelishuvga binoan hozirda Misr Armiyasining regionda operatsiyalar o`tkazish imkoniyatlari anchayin cheklab qo`yilgan. 2011-yildagi Arab Bahori, Misr Inqilobi va Liviya Isyoni hamda bu boshboshdoqliklar ortidan Shimoliy Afrika bo`ylab tarqab ketgan qurol-yarog`lar (ayniqsa, polkovnik Kaddafiy omborlaridan) shundoq ham nazorat sust bo`lgan hududdagi beqarorlikni kuchaytirib yubordi.

  Ayni vaqtda Sinayda jihodchilar, Salafiylar, al-Qoida va Falastin jangarilarining faollashganligi kuzatilmoqda. 2005-yilgacha ham Misrda bir qancha terroristik aktlar kuzatilgan, lekin xurujlarning aksariyati radikal islomiylar tomonidan uyushtirilib, asosan, Sinay janubidagi sayyohlik markazlariga qaratilgan edi. Mahalliy beduinlar ilgarilari o`zlarini radikal islomiy mafkuralardan uzoqroq tutishga harakat qilishardi. Lekin rasmiy Qohiraning regionga nisbatan beparvo siyosati tufayli beduinlar Misrdan begonalashishdi va 2007-yil G`azo sektorida o`rnatilgan Hamas hukumati bilan yashirin kontrabanda aloqalar radikal islomiy qarashlarni hududga sizib kirishiga sabab bo`ldi. Buning ortidan tabiiy ravishda, Sinayning tub aholisi o`rtasida islomiy mafkuralarga qiziqish kuchaydi.

Mursiy hukumati


  Isroil Armiyasi bilan otishmalar, bir qancha Misr askarlarining o`ldirilishi va El-Arish politsiya mahkamasiga hujumlar ortidan rasmiy Qohira 2011-yilning yozida Sinayga qo`shin jo`natishga majbur bo`lgan edi. Burgut deya nomlangan harbiy operatsiya qisqa muddatli berqarorlikni ta`minladi va Sinay ustidan nazoratni oshirdi, lekin hukumat radikal kuchlarni batamom yo`q qilishga hafsala qilmadi. Albatta, o`sha paytda markazlashgan hokimiyatning mavjud emasligi va o`zgaruvchan siyosiy vaziyat Qohiraga Sinay bilan jiddiy shug`ullanish uchun imkon bermagan edi. Shu yilning yozida yarimorolda Misr askarlarining o`ldirilishi, bir necha oydan beri davom etayotgan hurujlar islomiy radikallar yangitdan bosh ko`targani va Misrning yangi hukumati oldida jiddiy muammo paydo bo`lganidan darak bermoqda.

  Saylovlardan so`ng prezidentlik lavozimini egallashga muvaffaq bo`lgan Musulmon Birodarlari nomzodi Muhammad Mursiyga boshida ko`pchilik shubha ko`zi bilan qaragan edi. Misr tarixida birinchi marta siyosiy hokimiyatni egallagan Birodarlar to`g`risida turli fikrlar bildirilayotgan bir paytda Mursiy ko`plar kutgan narsalarni amalga oshira boshladi. U O`rta Sharq va Suriya inqirozi haqida ommaviy chiqishlar qildi, Eron bilan munosabatlar o`rnatdi hamda bir vaqtning o`zida Misrning region siyosiy haritasidagi o`rnini tiklash maqsadida G`arb bilan ham muzokaralarga kirishdi. Jamiyatda mavjud radikal islomiylarga qaratilgan ichki siyosat va Sinaydagi xunrezliklarga qarshi tezkor harbiy choralar o`rtasidagi muvozanatni saqlashga katta e`tibor qaratdi. 2012-yildagi Burgut 2 operatsiyasi davomida esa barchani hayratga solib, radikallarga qarshi og`ir qurollarni ishlatishga buyruq berdi.

  Isroil va Misr mahfiy hizmatlari oxirgi yillarda mushtarak manfaatlar tufayli o`zaro ma`lumotlar almashib kelishgan edi. Ayni jarayon Mursiy hukumati davrida ham davom etmoqda. Bunday hamkorlik davomida Mursiy qulay vaziyat yaratib, 1978-yildagi Isroil-Misr kelishuvidagi bir qancha paragraflarga o`z manfaatiga mos ravishda o`zgartrishlar (ayniqsa, Sinay bo`yicha harbiy cheklovlarga) kiritishga muvaffaq bo`lishi mumkin.

Isroil manfaaatlari


  Albatta, Sinaydagi ayni vaziyat isroilliklarni ham befarq qo`ymaydi. Agar xavfsizlik masalalari jiddiy tus olsa Eylatdagi sayyohlik sohasi izdan chiqadi va Negev sahrosi xarbiy zonaga aylanadi.

  Bundan tashqari yana bir qancha strategik masalalar ham Isroilni Sinay ziddiyatiga befarq bo`lmasligiga turtki beradi. Eron bilan munosabatlarni tobora sovuqlashishi va chuqurlshib borayotgan Suriya inqirozining mintaqaga ehtimoliy ta`siri Isroilni Misr bilan aloqalarni iloji boricha mo`tadil saqlashga majbur qilmoqda. Mintaqadagi kam sonli markazlashgan real hokimiyatga ega davlatlardan biri Misrning barqarorligiga Sinay voqealari tufayli putur yetishi Isroil manfaatlariga tamomila ziddir.

Tashqi omillar


  Isroilning iqtisodiy blokadalaridan keyin G`azo tom ma`noda yerosti savdosiga qaram bo`lib qoldi. Tahminlarga ko`ra hozirda 1,200 dan ortiq yashirin yerosti yo`llari G`azo bozorlarini noqonuniy mollar bilan ta`minlaydi. Bu yo`llardan, shuningdek, qurollar ham olib o`tiladi. Misr yangi hukumatining Rafah chegara shaharchasidagi shunday yashirin yo`llarning yo`q qilishga urinishi Hamasni g`azablantirsa ham, Sinaydagi mavjud vaziyatda G`azo hukumatining qo`li borligi unchalik to`g`ri fikr bo`lmaydi, Sinay jangarilari g`azoliklar bilan shunchaki oldi-sotdi qilishadi.

  Al-Qoidaning yangi rahbari Ayman al-Zavohirining Sinay jangarilarini dastaklayotgani haqidagi tahminlar esa ancha haqiqatga yaqindek tuyuladi. So`ngi razvedka ma`lumotlari Misrda tavallud topgan al-Zavohiri o`zining o`tmishdoshiga nisbatan Misrga ko`proq ahamiyat qaratayotganiga ishora qilmoqda. Sinayda yahlit bir guruh rasman aniqlanmagan bo`lsada, bir qancha kichik guruhlar al-Qoidaning hududiy tarmoqlari sifatida shubha ostiga olingan.

  Xulosa qilib aytganda, Sinaydagi vaziyat chuqur tahlil va Misr Qurolli Kuchlaridan xushyorlikni talab qiladi. Tashqi kuchlarning ta`siri Sinay mintaqaviy inqiroz darajasigacha chiqishiga sabab bo`lishi mumkinligi tufayli xavotirga sabab bo`ladi. Ba`zi guruhlar esa o`z manfaatlarini ko`zlagan holda Vaziristondagi kabi Sinay Evolyutsiyasini qilishga urinishlari bu xavotirni yanada kuchaytiradi.


1 комментарий:

  1. menimcha Eron-isroil urushi juda yaqin qoldi va bu 3-jaxon urushini keltirib chiqarishi mumkin

    ОтветитьУдалить