21.11.2012

G`azo inqirozi Iordaniya va G`arbiy Qirg`oqda ham aks-sado bermoqda


  17-noyabr kuni G`arbiy Qirg`oqda Isroilning G`azo Sektoridagi xarbiy harakatlariga qarshi namoyishlar paytida og`ir jarohatlangan falastinlik yigit 19-noyabr kuni vafot etdi deya xabar berdi kuni kecha Falastinning Ma`an axborot agentligi. G`arbiy Qirg`oq uzoq vaqtdan beri tinch edi, lekin Hamasning sekular kayfiyatdagi raqibi Fatah tomonidan nazorat qilinadigan Falastinning bu sharqiy hududi Isroilning Mudofaa Ustuni Operatsiyasiga qarshi bosh ko`tardi. Namoyishchining o`limi esa yonib turgan olovga moy quygandek bo`ldi.



  Hamas-Isroil mojarosi G`arbiy Qirg`oqdagi falastinliklarni Hamas uchun birlashishiga sabab bo`ldi. Hududda anti-Isroil kayfiyatdagi yoshlar to`dalari Isroil xavfsizlik kuchlariga qarata tosh va Molotov kokteyllarini uloqtirmoqdalar. Namoyishlar, hozircha past darajada bo`lsa ham, Falastin Prezidenti Mahmud Abbos hokimiyatini mushkul ahvolga solib qo`ydi.

   Arab Bahori Hamasga o`z qudratini oshirish uchun imkoniyat yaratib bergan bir paytda, Fatahning shundoq ham qiyin vaziyatini yanada og`irlashtirdi. Guruh yetakchilar yo`qligi, ichki bo`linishlar, G`arbiy Qirg`oqning og`ir iqtisodiy ahvoli, korrupsiyadan uzoq vaqtdan beri aziyat chekib kelmoqda. Shu sababli Hamasga qarshi dushmanona kayfiyatiga qaramay, o`z raqibini qo`llayotgani va u bilan Isroilga qarshi birlashishga urinayotgani ajablanarli hol emas.

   G`arbiy Qirg`oqdagi g`alayonlar siyosiy betartibliklarga qarshi kurashish uchun zo`r berayotgan Qirol Abdulloh II boshqaruvidagi Iordaniyada ham o`z ta`sirini ko`rsatyapti. Betartibliklarni kuchayishi Falastinga qo`shni hududda joylashgan va aholisining ko`p qismini falastinliklar tashkil qiladigan Iordaniyani tashvishga solayotganligi turgan gap.

Iordaniyaning muammolari


   Arab Bahori Iordaniyaga sezilarli ta`sir o`tkazmagan bo`lsada, qirollikdagi vaziyatni barqaror deb aytish qiyin. 2011-yilda boshlangan mintaqaviy namoyishlar davridan beri Qirol Abdulloh II betartibliklarga qarshi kurashish maqsadida uch marta bosh vazirni o`zgartirdi. Hoshimiylar ayni paytda uzoq davr sulola uchun hizmat qilgan qabilalarning noroziligi bilan yuzma-yuz turibdi. Ayni bir vaqtda mamlakatdagi eng katta siyosiy harakat hisoblanmish Musulmonlar Birodarligi o`zining “itoatgo`y” muholifatchi rolidan voz kechib, parlament bilan hokimiyatni bo`lishishga harakat qilyapti.

   Shu bilan birga mamlakatning iqtisodiy ahvoli ham xavas qilgudek darajada emas. Shu oyning boshida hukumat yonilg`iga bo`lgan subsidiyalarni qisqartirish to`g`risidagi rejasi tufayli qattiq qarshilikka duch keldi. Omma orasida ham energiya narxlarini o`sishiga qarshi norozi kayfiyat keskin o`sib ketdi.

  Biroq, hozircha na qishloqdagi qabilar na shahardagi Birodarlikning monarxiyani ag`darishga harakat qilishi sezilmayapti. Tahminlarga ko`ra bu ikki katta muholif kuch noroziliklar anarxiyaga aylanib ketishidan cho`chishmoqda.

   Uzoq vaqtdan beri qirollikni Isroil bilan aloqalarni uzishga da`vat qilib kelayotgan Birodarlik Isroil-Hamas mojarosidan so`ng yana bir bor bosh ko`tardi. Ilgari bunday chaqiriqlar biror kuch tomonidan dastaklanmagandi. Biroq avvaliga Arab Bahori, hozirda G`azo mojarosi Birodarlikka o`z da`vatlarining quvvatlanishiga imkoniyat yaratib bermoqda. Qirol Abdulloh II allaqachon Birodarlikka muholif harakatlarni to`xtatib, parlament saylovlarida ishtirok etishni taklif qildi.

   Hozircha Birodarlikning qirol hukumati bilan aloqalarini yaxshilashini oldindan aytish qiyin. Agar bu guruh mamlakat milliy siyosatidan joy olsa, unda qirol Isroil bilan har qanday: hoh yashirin, hoh oshkora bo`lsin, aloqalarni uzishiga to`g`ri keladi. Iordaniya mintaqadagi boshqa musulmon davlatlaridan farqli o`laroq Isroil bilan uzoq vaqtdan beri yashirin aloqalar qilib keladi. Iordaniyalik falastinliklarning Isroilga qarshi g`azabi oshib borayotganligi hisobga olinsa, Abdulloh II qanchalik qiyin vaziyatda turganligini anglab yetish qiyin emas. Hoshimiylar davlatidagi ayni damda har qanday o`ylamay bosilgan qadam faqat parokandalikka olib boradi. Agar Iordaniyada vaziyat izdan chiqsa, u holda, unga yondosh bo`lgan Falastin Milliy Muhtoriyati boshqaruvi ostidagi G`arbiy Qirg`oq ham xuddi G`azo singari vayronalar girdobiga g`arq bo`lishi turgan gap.



1 комментарий:

  1. maqola yaxshi yoritilgan, iltimos yaqin sharq haqida 2 jahon urushidan keyingi vaqtlarni ham yoritib malumot bersangizlar oldindan rahmat

    ОтветитьУдалить